Nutqning to‘g‘riligi. Nutqning to‘g‘ri bo‘lishi uning bosh kommunikativ xususiyati hisoblanadi. Nutqning to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi tomonlarning – so‘zlovchi va tinglovchining, yozuvchi va o‘quvchining bir-birlarini tez va oson tushunishlarini ta’minlaydi. Agar nutq to‘g‘ri bo‘lmasa, u aniq ham, maqsadga muvofiq ham, mantiqiy ham bo‘lmaydi. «To‘g‘rilik deganda, - deb yozadi rus tilshunosi V.G.Kostomarov, - nutq madaniyatining zarur va birinchi sharti sifatida adabiy tilning ma’lum paytda qabul qilingan me’yorining qat’iy va aniq muvofiq kelishini, uning talaffuz, orfografik, lug‘at va grammatik me’yorlarini egallashni tushunish lozim bo‘ladi» (Kostomarov V.G. Kultura rechi i stil. – M.,1960, s.24). Demak nutqning to‘g‘ri bo‘lishi dastlab uning adabiy til me’yorlariga muvofiq kelishi bo‘lib hisoblanadi.
Nutqning to‘g‘ri bo‘lishi asosan ikki me’yorga – urg‘u va grammatik me’yorga amal qilishni taqozo qiladi
Nutqning aniqligi. Aniqlik ham nutqning asosiy kommunikativ sifatlaridan biridir. Agar to‘g‘rilik nutqning yuzaga kelishida faqat til omili, zaruriy belgisi sifatida qaralsa, nutqning aniqligi deyilganda uning shakllanishiga xizmat qiladigan, tildan tashqaridan bo‘lgan omillarni ham nazarda tutish lozim bo‘ladi. Bunda dastlab til va tafakkur munosabati turadi. Chunki, tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar o‘rtasidagi mutanosiblik va uning nutqda aks etishi ana shu aniqlikning xuddi o‘zidir.
Shunday qilib, aniqlik – bu so‘zning o‘zi ifodalayotgan voqelikka mos va muvofiq kelishidir.
Nutqning mantiqiyligi. Nutqning mantiqiyligi uning asosiy sifatlari – to‘g‘rilik va aniqlik bilan chambarchas bog‘langandir. Chunki grammatik jihatdan to‘g‘ri tuzilmagan nutq ham, fikrni ifoda etish uchun muvaffaqiyatsiz tanlangan leksik birlik ham mantiqning buzilishiga olib kelishi tabiiydir. Mantiqiy izchillikning buzilishi tinglovchi va o‘quvchiga ifodalanayotgan fikrning to‘liq borib yetmasligiga, ba’zan umuman anglashilmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Nutqni shakllantirishdagi e’tiborsizlik oqibatida ba’zan mantiqsizlik ham yuz beradi. Quyidagi misolga diqqat qilaylik: Ferma jonkuyarlari olti oylik davlatga sut sotish planlarini muddatdan oldin bajardilar (gazetadan). Gapda so‘zlarning tartibi to‘g‘ri bo‘lmaganligi, olti oylik birikmasining davlat so‘zidan keyin kelmaganligi tufayli mantiqqa putur yetayapti, fikrni bayon qilishda xatolik yuz berayapti.
Nutqning mantiqiy bo‘lishi so‘zlovchi yoki yozuvchining tafakkur qobiliyati bilan bog‘liq. Shuning uchun mantiqiylik faqatgina til hodisasi sanalmasdan, tildan tashqarida bo‘lgan omil sifatida ham qaraladi. Ya’ni bunda notiqdan faqatgina tilni yaxshi bilish emas, o‘zi mulohaza yuritayotgan mavzu atrofida keng bilimga ega bo‘lish ham talab qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |