Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasida “Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shart” deb belgilab qo‘yilgan.
Ayblanuvchi nafaqat sodir etgan jinoyatini, balki jinoyatni sodir etishga ko‘rgan tayyorgarligi, jinoyatning tashkilotchisi, dalolatchisi, jinoyat sodir etilishiga yordam bergan yordamchilari va boshqalar to‘g‘risida juda ko‘p ma’lumotga ega bo‘lgan shaxsdir.
Jinoyat-protsessual kodeksining 112-moddasiga binoan, “Gumon qilinuvchining u sodir etgan jinoyat haqidagi ko‘rsatuvlari va ayblanuvchining o‘z aybiga iqror bo‘lishi, bu iqror bo‘lish mavjud dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina, uni ayblash uchun asos qilib olinishi mumkin. Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining bergan ko‘rsatuvlari bilan aniqlangan holatlar, ayblanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lgan taqdirda ham, o‘zining aybdor ekanligini inkor qilgan taqdirda ham ishning hamma holatlari bilan bog‘langan holda boshqa dalillar kabi tekshirib chiqilishi va baholanishi lozim”.
Mavzu bo‘yicha xulosalar
Mazkur mavzuni o‘rganishda oʻquvchilar dalillar va ularga qo‘yilgan talablar, ularning tasniflanishi, isbot qilish predmeti va isbotlash doirasiga oid masalalarni ko‘rib chiqishlari, Oliy Sud Plenumining tegishli qarorlari va tarmoq qonunlarni qiyosiy-huquqiy tahlil qilib, jinoyat ishlarini yuritishda dalillarning rolini aniqlashlari lozim.
Muammoli savollar va kazuslar
1. Jinoyat ishi bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar qonunda aniq belgilangan. Jinoyat ishi bo‘yicha muhim deb hisoblangan har bir holat to‘la, har tomonlama, xolisona tekshirilishi lozim. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad haqiqatni aniqlashdir. Isbotlash jarayoni dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashdan iborat. Muayyan holat yuzasidan dalillarni guruhlarga tasniflang va o‘zaro qiyoslang. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari” to‘g‘risidagi 2018-yil 24-avgustdagi 24-son qaroriga asosan nomaqbul dalillar deb nimaga aytiladi?
2. Jinoyat protsessida dalil va isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar eng muhim masalalardan hisoblanib, jinoyatni ochish, ayblanuvchini fosh etish, jazoning muqarrarligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Isbotlash doirasi bilan isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Isbot qilish doirasi va predmetining o‘zaro nisbatini tahlil qiling.
Kazus
Yunusobod tumani 7-daha hududida 2018-yil 1-fevral kuni sodir qilingan JKning 97-moddasi 1-qismi bo‘yicha tergov qilinayotgan jinoyat ishida asosiy gumon qilinuvchi Usmonovning mazkur jinoyatga aloqadorligini isbotlash maqsadida tergovchi tomonidan Usmonovning so‘nggi 1 oy davomidagi barcha telefon qo‘ng‘iroqlarining pelengatsiyasi va detalizatsiyasi to‘g‘risida ma’lumot taqdim etish yuzasidan Ucell va Beeline aloqa kompaniyalariga so‘rovlar yuborildi. Аloqa kompaniyalari tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra jinoyat joyida u sodir qilingan vaqtda Usmonovning bo‘lganligi aniqlandi hamda tergovchi tomonidan Usmonovni ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma kiritish uchun makur ma’lumot asos bo‘ldi.
Mazkur qarorga Usmonovning himoyachisi tomonidan shikoyat bildirilib, JPKda telefon qo‘ng‘iroqlarining pelengatsiyasi va detalizatsiyasi to‘g‘risida ma’lumot olish tergov harakati mavjud emasligi, telefon qo‘ng‘iroqlari shaxsiy ma’lumot ekanligi va uni olish uchun prokuror sanksiyasi talab qilinishini, bundan tashqari jinoyat sodir qilingan hududda boshqa o‘nlab shaxslar bo‘lganligini bildirib mazkur qarorni bekor qilishni va iltimosnomani qaytarib olishni so‘radi.
Do'stlaringiz bilan baham: |