2.3. Jinoyat ishlarini hay’atda va yakka tartibda ko‘rib chiqish prinsipi
Jinoyat ishlarini ko‘rishda qonunda quyidagi sud tarkibi nazarda tutilgan (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
13-moddasi):
Birinchi instansiya bo‘yicha – hay’atda va yakka tartibda:
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudidan tashqari, barcha sudlarda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 15-moddasining ikkinchi-toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar (ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan1, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar2 va ogʻir3) to‘g‘risidagi ishlar sudya tomonidan yakka tartibda ko‘riladi (Agar sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi vaqtida Jinoyat kodeksi 15-moddasining beshinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, ishning ko‘rilishi uni yakka tartibda ko‘rib chiqishni boshlagan sudya tomonidan davom ettiriladi); qolgan ishlar hay’atda (sudya va ikki nafar xalq maslahatchisi) ko‘riladi;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudida ishlar uch nafar sudyadan iborat tarkibda ko‘riladi.
Apellyatsiya va kassatsiya tartibida:
– tegishli sud hay’atlarida jinoyat ishlari uch nafar sudyadan iborat tarkibda ko‘riladi;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining hukmlariga apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari (protestlari) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining tegishli sudlov hay’atlarida besh nafar sudyadan iborat tarkibda ko‘rib chiqiladi.
Nazorat tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudida jinoyat ishlari:
– jinoyat ishlari bo‘yicha sud hay’atida – uch nafar sudyadan iborat tarkibda;
– rayosatda – rayosat a’zolarining ko‘pchiligi hozir bo‘lgan taqdirda ko‘riladi.
2.4. Sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi prinsipi
Sudyalarning mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsip bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunida va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida (14-modda) o‘z ifodasini topgan.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Mazkur qoida O‘zbekiston Respublikasida to‘laqonli sud hokimiyati o‘z faoliyatini amalga oshirishining asosiy shartlaridan va kafolatlaridan biri bo‘lib, ko‘rib chiqilayotgan prinsipning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Sudya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudyalar Kengashi xulosasi olinmasdan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Sudya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudyalar Oliy Kengashining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |