Kombinatsiyalashtirilgan (birlashtirilgan) dars tabiatshunoslik darslarining eng keng tarqalgan tipidir. Unda bir nechta didaktik vazifalar, chunonchi o’tilganlarni takrorlash, uy vazifasini (ijodiy daftarlar va kuzatishlar kundaligidagi ishlarni) tekshirish, yangi bilimlarni o’rganish va mustahkamlash kabilar hal qilinadi. Bunda vazifalardan birortasi ham ustun kelmaydi, barchasi birgalikda (kompleks holda) hal qilinadi. Kombinatsiyalashtirilgan darsni o’tishda xilma-xil metod va uslublar: suhbat, o’qituvchi hikoyasi, tabiiy ob‘ekt va ko’rgazmali qurollar bilan ishlash, kino va diafilmlar ko’rish, maqolalar o’qish va ular mazmunini ishlab chiqish, daftarlarda yozuvlar qilish va rasmlar chizish qo’llaniladi. Kombinatsiyalashtirilgan tipdagi darsni o’tishda keng tarqalgan xato — barcha ishlarni ko’rgazmali qurollardan foydalanmasdan va maqoladagi tabiatshunoslik faktlarini tushuntirmasdan matnni (mashqni) o’qish va aytib berishdan iborat qilib quyishdir. Dars o’tishga shunday yondoshish ta‘limiy va tarbiyaviy vazifalarning bajarilishini ta‘minlamaydi. Tabiatshunoslik o’qituvchisi tabiat to’g’risidagi bilimlarning aoosiy manbai tabiat ob‘ektlari, darslik esa faqat bilimlarni mustahkamlash vositalaridan biri ekanligini bilishi kerak.
Yangi materialni o’rganish darsi. Darsning bu tipi toza ko’rinishda uchramaydi. Biroq o’quv materialining o’ziga xosligi va o’quvchilar diqqatining barqaror emasligini hisobga olib, yangi materialni o’rganish asosiy maqsad hisoblangan darslar o’tkazilishi mumkin. Bu ishga darsda vaqtning ko’p qismi ajratiladi, darsning boshqa qismlari unga bo’ysunadi. Yangi materialni o’tishda ilgari o’rganilganlar bilan vorislik o’rnatish va yangi materialni ilgari o’zlashtirilganlar sistemasiga kiritish uchun bolalarni Yangi materialni qabul qilib olishga tayyorlovchi bo’lim va savollarni takrorlaydilar. Bunday darsda o’rganiladigan materialni birlamchi mustahkamlash boradi.
Bu tipdagi dars tuzilishi shunday bo’ladi:
yangi bilimlarni ongli o’zlashtirilishi uchun zarur bo’lgan materialni takrorlash va kuzatishlar kundaligi bilan ishlash;
dars mavzusi va makxadini bildirish;
yangi materialni o’rganish (kiritish suhbati, amaliy ish, o’qituvchi hikoyasi);
amaliy ish mazmuni bo’yicha suhbat;
o’quvchilarning mustaqil ishlashi (daftarlar, darslik qiziqarli — idrokiy material, kontur va tabiiy xaritalar, dasturlashtirilgan kartochkalar va shu kabilar bilan);
o’quvchilarning o’rganilgan materialni tushunganliklarini tekshirish;
dars yakunini chiqarish;
uyga vazifa berish (qo’yilgan maqsadga qarab, u darsning xohlagan vaqtida berilishi mumkin).
Do'stlaringiz bilan baham: |