Ekspozitsiya (lotincha – bayon qilish, tushuntirish degani). U voqealar boshlanishidan oldin keladigan tasvir – muqaddimadir. Ekspozitsiya voqealar sodir bo’ladigan joyga aloqador muayyan manzara bilan ilk bor tanishtiradi, unda ishtirok etadigan qahramonlar haqida dastlabki ma’lumotlar beradi. Demak, asarda ziddiyat yuzaga kelgunga qadar qahramonlar qiyofasini shakllantirgan sharoit manzaralar tasviri ekspozitsiya deyiladi.
Ekspozitsiya ko’p holatlarda o’z o’rnida, ya’ni asarning boshida keladi. Bu holatda u to’g’ri ekspozitsiya bo’ladi. Masalan, «O’tgan kunlar», «Opa-singillar» romanlarida shunday tasvirni kuzatish mumkin. Ba’zan esa u asarning boshida emas, balki keyinroq kelishi mumkin. Masalan, «Qo’shchinor chiroqlari», «Mehrobdan chayon» kabi asarlarda shunday holatga duch kelamiz. Ekspozitsiyaning bu shakli asarda qo’llanilgan bo’lsa, u kechiktirilgan ekspozitsiya deyiladi. Shuningdek, badiiy asarda sodir bo’ladigan voqealar va faoliyat berilishi kerak bo’lgan ma’lumotlar syujetning turli joylarida berilishi ham mumkin. Masalan, «O’tgan kunlar »da Otabekning Marg’ilonga qachon kelgani, Yusufbek xojining bu erdagi savdogarlarning ba’zilari bilan tanishligi oldindan borligi va xokazo ma’lumotlar turli o’rinlarga sochib yuborilgan. Agar yozuvchi asarda bunday usulni qo’llagan bo’lsa, u holda sochma ekspozitsiya hodisasi vujudga keladi. Bulardan tashqari qahramon, shuningdek, joy va sharoit haqidagi ilk ma’lumotlar syujetning so’nggida ham kelishi mumkin. Masalan, N.V.Gogolning mashhur «O’lik jonlar» asarida shunday tasvirga duch kelamiz, ya’ni bosh qahramon Chichikov haqidagi ma’lumotlar asarning oxirida berilgan. Ekspozitsiyaning bu shakli teskari ekpozitsiya degan nom bilan ataladi.
Tugun. Bu asardagi voqealar rivojiga asos, turtki bo’lib xizmat qiladigan qarama-qarshiliklarning pinhona boshlanishi nuqtasidir. Demak, asardagi voqealar rivojiga asos bo’ladigan ziddiyatlarning yuzaga kelishini ko’rsatadigan nuqta tugun deb ataladi. Tugun ekspozitsiyadan o’sib chiqadi. Chunonchi, «O’tgan kunlar»dagi dastlabki suhbat lavhalari tasvirida Otabekning bo’ydoqligi, syevib uylanishi, ayollar haqidagi gap-so’zlar, shuningdek, so’nggi ikki masalaga turlicha nuqtai nazarlarinig borligi (Otabek – Rahmat – Homid) asarning tuguni vazifasini o’taydi. «Sinchalak»da Qalandarovning raykom kotibining oldiga kirib, Saidaning «Bo’ston»ga borayotganini bilganidan so’ng chiqishda unga aytgan gaplari asarning tugunidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |