Oʻzbekiston hududi Kushon davlati tarkibida
Kushon podshohligi. Spitamen qoʻzgʻoloni magʻlubiyatga uchragandan soʻng mil.av. IV asr oxirlarida asli Oʻrta Osiyoda yashagan massaget-tohar qabilalarining katta bir qismi Sharqiy Turkistondan to Mugʻiliston chegaralarigacha boʻlgan hududlarga koʻchib oʻtganlar. Ana shu qabilalar tarixi bilan bogʻliq mil.av. IV asr oxirlari va milodning V asriga oid ma’lumotlar Xitoy manbalaridan olinganligi sababli qabila, urugʻ, shaxslar, joy va shahar nomlari xitoycha nomlar bilan berilgan. Oʻrta Osiyodan Sharqqa tomon koʻchib oʻtgan massaget-toharlar Xitoy manbalarida yue-chjelar nomi bilan atalganlar. Xitoyning shimolidagi katta hududlarda xunn qabilalari yashagan. Taqdir taqozosiga koʻra, xunnlar bilan yue-chjelar oʻrtasida ziddiyatlar kuchayadi. Natijada, xunnlar mil.av. 176- yili yue-chjelarni gʻarbga siqqib chiqaradi.
Fargʻona (Dovon) podshohligi hududlariga chekingan yue-chje qabilalari bu yerda shahar va qishloqlar barpo qiladilar. Hozirgi Namangan viloyati Kushon qishlogʻi va Kosonsoy tumani shular jumlasidandir. Ular mil.av. 140-130- yillarda Yunon-Baqtriyani ham oʻzlariga tobe qiladilar va “Katta Yue-chje” davlat uyushmasiga asos soladilar. Bu davlat uyushmasiga beshta hokimlik: Guyshuan, Xyumi, Shaunmi, Xise va Dumilar boʻysunar edi.
Bulardan biri Guyshuan (Kushon) hokimligi ancha kuchayib, boshqa hokimliklarni birlashtiradi va Guyshuan hokimi Kujula Kadfiz oʻzini yagona hokim deb e'lon qiladi. Natijada, yangi davlat – Kushon davlati paydo boʻladi va hozirgi Surxondaryo viloyatining Shurchi tumanidagi Dalvarzintepada joylashgan manzilgoh bu davlatning poytaxti boʻlib qoladi. Kujula Kadfiz davlat chegaralarini kengaytirib, qudratini oshiradi. Parfiya, hozirgi Afgʻoniston hududi va Kashmirni egallaydi. Kujula vafotidan keyin uning oʻgʻli Vima taxtga chiqadi va Hindistonning markaziy viloyatlarini oʻz davlati tarkibiga qoʻshib oladi.
Vima Kadfiz 30 yil hukmronlik qilgan. Undan soʻng Kanishka mamlakatni boshqaradi va u Hindistonning janubiy hududlarini zabt etadi. Natijada, Kushon davlati katta saltanatga aylanib, Xitoydagi Xan davlati hamda Rim imperayasi bilan raqobatlashish darajasiga koʻtariladi. Kushonda davlat tipi konfederativ podshohlik boʻlib, boshqaruv shakli monarxiya edi. Viloyatlar va shaharlar davlat tepasida turuvchi oliy hukmdor noiblari tomonidan boshqarilgan. Ular oliy hukmdorga soʻzsiz itoat etib, doimiy ravishda davlat xazinasiga oʻlponlar toʻlab turganlar.
Kushonlar davlatida zarb etilgan kumush, oltin tangalarning bir tomonida Budda xudolari, zardushtiylar xudolari Anaxita, Mitra rasmlari uchrasa, ikkinchi tomonida esa “shoh”, “shohlar shohi” atamasini koʻramiz. Buyuk ipak yoʻli tarmoqlarida joylashgan Kushon podshohligi gullab yashnadi. Koʻpdan-koʻp yangi shaharlar bunyod etildi. Bu davrda koʻplab sugʻorish inshootlari qurilib, yangi yerlar oʻzlashtirildi. Shaharlar qurilishida aniq binokorlik qoidalari amalga oshirilgan. Shaharlar toʻgʻri burchakli boʻlib, qalin devorlar bilan oʻralgan. Shahar tuzilishiga koʻra, u bir necha qismlarga boʻlingan: hokim saroyi (qal'a), hunarmandchilik ustaxonalari, guzarlar, alohida ibodatxonalar joylashgan qismi, savdo maydoni va boshqalar tartibli ravishda joylashgan edi.
Kushon podshohligi iqtisodiyotining asosini sugʻorma dehqonchilik, savdo va hunarmandchilik tashkil qilgan. Ular yuqori darajada rivojlangan. Hindiston, Xitoy va Rim saltanati bilan savdo va elchilik munosabatlari oʻrnatilgan edi. Savdo munosabatlarining rivojlanishida Buyuk ipak yoʻlining ahamiyati katta boʻlgan. Termizdan Rim tangalari xazinasi, oʻrta yer dengizi atrofi hududlarida esa kushon tangalari topilgan.
Kanishka davrida Hindistondan tarqalgan Budda dini davlat diniga aylandi. Oromiy va yunon yozuvlari bilan birga kushon yozuvi ham mavjud boʻlgan. Kushon saltanati davrida me'morchilik va tasviriy san'at yuksak darajada rivojlangan edi. Buni oʻlkamiz ning Ayritom, Koʻxna Termiz, Qoratepa budda ibodatxonalari Fayoztepa, Xolchayon, Dalvarzintepa va boshqa joylardan qazib olingan arxeologik topilmalardan koʻrishimiz mumkin.
Kushon saltanati inqirozi Xuvishka podshohligi davridan boshlanadi. Bu jarayon Erondagi Sosoniylar davlatining tarix sahnasiga chiquviga asosiy omil boʻldi. Xususan, sosoniy hukmdorlardan Shopur I ning (milodiy 242-243- yillar) va Shopur II ning (milodiy 309-379- yillar) Kushonlarga bergan zarbalari hal qiluvchi oʻrin tutdi. IV asrga kelib Kushon podshohligi asosiy hududlaridan mahrum boʻldi. Kushonlarning ayrim mulklari faqat Shimoliy Hindistonda ma’lum vaqtgacha saqlanib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |