O'ZBEKISTON DUNYO HAMJAMIYATIDA TUTGAN O'RNI
“Oʻzbekiston xalqaro jarayonlarga tobora faolroq kirib bormoqda, global va mintaqaviy kun tartibini shakllantirishda dadil qatnashib, oʻz salohiyatidan jahon hamjamiyatining koʻp tomonlama tuzilmasi doirasida maqsadli foydalanishga kirishdi. Shunday yondashuv tufayli Oʻzbekistonning obroʻsi va nufuzi ortib bormoqda”.
Ushbu iqtibos “Political Events” haftalik tahliliy jurnali bosh muharriri Muhammad Ismoil Xonga tegishli boʻlib, Oʻzbekiston rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi yuzasidan aytilgan va mamlakatimizning keyingi toʻrt yil ichida jahon hamjamiyatida egallagan mavqeini roʻyirost koʻrsatib turibdi. Hindistonlik hamkasbimizning soʻzlaridan anglashiladiki, bugun turli davlatlar rahbarlari hamda ekspertlar jamiyatining diqqat-eʼtibori Prezident Shavkat Mirziyoyevning puxta oʻylangan tashqi siyosati, asosli tashabbuslari va izchil islohotlari tufayli bizning mamlakatimizga qaratilgan.
Tabriklash uchun asos bor
Qatʼiy reglament bilan belgilangan chorak soat ichida nafaqat Oʻzbekistonni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan modernizatsiya qilishning ustuvor vazifalari, balki mintaqaviy hamda global miqyosdagi dolzarb masalalarni ham qamrab olish nihoyatda qiyin vazifa. U shunday bajarildiki, Bosh Assambleya sessiyasining siyosiy bahs-munozarasini kuzatib borayotganlar orasida birinchi boʻlib Parlamentlararo Ittifoqning bosh kotibi Martin Chungong samimiy fikr bildirdi:
— Men Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifi bilan tabriklayman, — dedi u.
Oʻzbekiston yetakchisining videomurojaatiga alohida qiziqish bildirgan “Marmara Grubu” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamgʻarmasi prezidenti doktor Akkan Suver buni mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi hal qiluvchi roli bilangina emas, balki demografik, iqtisodiy va umuman, geostrategik jihatdan tobora ortayotgan nufuzi bilan ham izohladi.
Turkiyalik ekspertning fikricha, bunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan “Yangi Oʻzbekiston”ni shakllantirish va mamlakatda uchinchi Renessansning boshlanishi haqidagi umummilliy shiorda prinsipial jihatdan yangicha mazmunga ega gʻoyalarning ilgari surilayotgani va roʻyobga chiqarilishi koʻzda tutilayotgani muhim ahamiyat kasb etadi. Shu tufayli Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning alohida ishtirokchisiga, ham mamlakat ichida, ham tashqarisida yangidan-yangi gʻoya va tashabbuslarni koʻtarib chiquvchi, islohotlar hamda tom maʼnodagi yangilanishlarga undaydigan quvvat va shijoat baxsh etuvchi bir manbaga aylanib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining nutqi oʻzbek tilida gaplashadigan 50 milliondan ziyod kishilarning qalbida faxr uygʻotgani, shubhasiz. Mamlakatimiz va undan tashqarida yashovchi bu insonlar birinchi marta shunday yuksak minbardan ulugʻ Alisher Navoiy tilida yangragan soʻzlardan qalblari junbushga keldi. Va bu ramziy maʼnoga ega boʻldi. Goʻyoki, ilm-fan va ijod gullab-yashnagan oʻsha Navoiy zamoni bilan ayni vaqtdagi uchinchi Uygʻonish davri oʻrtasida misoli bir koʻprik solindi.
BMTning yubiley sessiyasi muvaffaqiyatiga yangicha onlayn-format ham xalaqit bera olmadi. Oʻta muhim siyosiy tadbir ham epidemiologlarning talabiga boʻysunishga majbur boʻldi, shu bois u virtual forum tarzida oʻtkazildi. Bevosita minbarda turib gapiruvchi notiqlarda, albatta, imkoniyat katta. Ular tinglovchini nafaqat nutq mazmuni bilan, balki joʻshqinlik yordamida ham oʻziga jalb qila olishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |