114
8-mavzu. Mo‘g‘ullar istilosi va zulmiga qarshi kurash
Jaloliddin Manguberdi
Mo‘g‘ul davlatining tashkil topishi. Chingizxon va Xorazmshoh munosabatlari
Mo‘g‘ullar haqida juda ko‘plab ma’lumotlar mavjud bo‘lib, ular menu (menva) nomi
ostida Xitoyning Tan sulolasi (618-908) solnomasida ilk bora tilga olinadi. Mo‘g‘ul atamasi
haligacha o‘zining ilmiy isbotiga ega emas. Ular Oltoy va Janubiy Sibirdagi turkiy
qabilalarga yaqin va qondosh bo‘lganliklari ehtimoldan xoli emas. Bu xususda olimlar turli
fikrlarni bildiradilar. Mo‘g‘ul etnogenezi ham murakkab masala bo‘lib, har holda elat
sifatida ular XIII asrda yuzaga kelgan bo‘lishlari kerak. X-XI asrlarda esa asli Amur daryosi
bo‘ylarida yashagan 16 ta urug‘-aymoqlarga bo‘lingan tatan (tatar)larning tarkibiy qismi
sifatida ularning bir urug‘idan alohida, moxe (mo‘g‘ul) qabilasi vujudga kelgan deyiladi. Bu
qabila tezda kuchayib, 1135-39 yillari Xitoyga qator yurishlarni amalga oshirishadi. Hatto
Xitoy imperatorlari 1147 yili mo‘g‘ullar bilan ittifoq tuzishga ham majbur bo‘lishadi.
XII asr o‘rtalariga kelib Baykal ko‘li atrofi, hozirgi Mo‘g‘uliston hududlarida
yashovchi turkiy va tungus-manjur qabilalarining ko‘pchiligi mo‘g‘ullar rahnomasi Yesugay
bahodir ta’siriga o‘ta boshlaydilar. Lekin unga qarshi turgan tatar, markit qabilalarni
bo‘ysundirish osonlik bilan kechmaydi. Yesugayni tatarlar ziyofat paytida xiyonatkorona
o‘ldirishgandan so‘ng, uning o‘g‘li bo‘lmish Temuchinning ta’siri mo‘g‘ullar ichida
ko‘tarila boshlaydi. Temuchin (1155-1227) (mo‘g‘ulcha, temir ustasi)-kuchli va tadbirkor,
ayyor sarkarda bo‘lib, parokanda qabilalarni turli yo‘llar bilan o‘z qo‘li ostida mustahkam
birlashtirgan shaxs edi. 1186 yilda u boshqa bir mo‘g‘ul sarkardasi Jamuxa yordamida
o‘zining eski raqibi markitlarni bo‘ysundiradi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra bu g‘alabadan
so‘ng mo‘g‘ul no‘yon (harbiy boshliqlar)lari va navkarlari uni olqishlab, mo‘g‘ul hukmdori-
xon deb e’lon qilishgan. XIII asr boshida esa yana bir boshqa kuchli qabila tatarlar ustidan
ham g‘alaba qozoniladi. Temuchin 1203 yili kerayitlarning xoni O‘ngxonni mag‘lub etib,
qo‘ng‘irot va naymanlar ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatdi.
Mo‘g‘ullarni birlashtirish chog‘ida Temuchin kuchli harbiy tuzilmani tashkil etdi.
Unga ko‘ra mo‘g‘ul qabilalari mingliklarga bo‘lingan bo‘lib, u butun bir boshli harbiy okrug
vazifasiga to‘g‘ri kelar edi. Okruglar tepasiga sadoqatli kishilar qo‘yilar edi. Temuchin juda
intizomli, sadoqatli va o‘ta jangovar harbiy tuzilmalarni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Ularni
boshqarishni esa avvalo, o‘z o‘g‘illari-Jo‘chi, Chig‘atoy, O‘gedey, Tuli, xotini Burte-fujen,
safdoshlari Subutoy, Jebelarga topshirdi. O‘z hokimiyatini to‘liq mustahkamlab olgach
Temuchin 1206 yili mo‘g‘ullarning umum qurultoyi (qurultoy halq xohishi degan ma’noni
anglatgan)ni chaqiradi. Qurultoyda u oliy mo‘g‘ul hukmdori-xon deb tantanali e’lon qilinib,
unga bosh shaman Teb-Tangriy “Chingizxon” degan faxriy nom beradi. Chingiz so‘zi
tarixchi Rashididdinning yozishicha, kuchli, buyuk degan ma’noni anglatadi.
Qurultoyda odat bo‘yicha Chingizxon o‘z tug‘i-bayrog‘ini ko‘tardi, 10 ta lavozim
joriy etib uni o‘z yaqinlariga taqdim etadi. Sahrodagi Qoraqurum shahrini markaziy poytaxt
deb belgiladi. O‘z qo‘li ostidagi mansablarni esa 3 toifaga bo‘lib, ularga aniq vazifalarni
bo‘lib berdi. Ularga Boorgu, Muxali, Nayaa ma’sul bo‘ldilar. U o‘z qo‘shinlarini ham isloh
etdi. Butun Mo‘g‘uliston 95 ta harbiy-ma’muriy birlikka bo‘lindi. Yangi mo‘g‘ul davlati -
Eke Mo‘ng‘ul ulus (buyuk mo‘g‘ul davlati) deb atala boshlandi. Qurultoydan avvalroq 1203-
yildayoq hali bir tizimga ega bo‘lmagan qonunlar to‘plami vujudga kelib, u o‘z ichiga
yorliqlar (buyruqlar), yasoq (qonunlar), bilik (nasihat)larni olgan edi. “Yasoq“ bizgacha
to‘liq yetib kelmagan bo‘lib, u turli ko‘rinishlarda, manbalarda qayd etiladi. “Yasoq” o‘z
ichiga quyidagilarni kiritgan: xalqaro, shaxsiy, savdo va sud huquqlari. Chingizxon tayin
etgan davlat bosh hakami Shiki-Xutuxuga “Yasoq”qa qarab ish tutishni qat’iy belgilab
bergan edi. “Yasoq” qonunlari mo‘g‘ullarning qadimiy urf-odatlari, an’analari, mavjud
115
siyosiy tuzum mohiyatidan kelib chiqqan holda keskin va juda qattiq ohangda, patriarxal
harbiy tuzumni o‘zida aks ettirgan ravishda tuzilgan edi. “Yasoq” qonunlarining asosiy
yo‘nalishlari quyidagilardan bo‘lgan:
1. Hukmdor (xon) “Yasoq”qa qat’iy rioya etishi xususida qasamyod qilishi va unga amal
qilish, amal qilmagudek bo‘lsa, xonni umrbod qamash mumkin bo‘ladi;
2. Chingizxon mo‘g‘ullar orasida diniy adovat kelib chiqmasligi uchun barchaga to‘la diniy
erkinlik beradi. Ruhoniylar soliqdan ozod etiladi;
3. Ayollar naslni davom ettiruvchi bo‘lganliklari uchun ham, urush vaqtida ularning
gunohlari kechirilishi lozim;
4. Jazolash darajasi sifatida o‘lim jazosini eng ko‘p miqdorda qo‘llash;
5. Bosib olinayotgan mamlakatlar xalqlariga butkul rahm-shafqat qilmaslik.
Chingizxon shaxsiy gvardiyasi sonini (keshiktan) 9000 kishigacha yetkazdi. Ular har 3
kunda navbatchilik qilar, ularning ishini shaxsan xon nazorat qilar edi. 1204-yili uyg‘ur
alifbosi mo‘g‘ul yozuvi uchun qabul qilindi. Shuningdek, mustaqil davlat belgisi bo‘lgan
muhr (tamg‘a) hamda taqvim qabul qilindi. Chingizxon 1209 yilda tang‘utlarni, 1211-yilda
uyg‘urlarni, 1215-yilda esa shimoliy Xitoyni poytaxt Chjundu (Pekin) bilan birgalikda
o‘ziga tobe qilib oldi. Xitoydagi Sin sulolasi tugatilib, juda katta o‘lja olindi. Xitoy yurishi
vaqtida yuksak harbiy mahorat va urushning yangi usullari qo‘llanildi. Madaniy jihatdan
ancha qoloq mo‘g‘ullar ko‘p jihatdan uyg‘ur va musulmon ahli tajribasidan keng
foydalanishdi. Sharqiy uyg‘urlarning boshlig‘i Ediqut (Saodatbek) Chingizxonning do‘sti va
maslahatchisi, sobiq naymanlar xoni Tayanxonning muhrdori uyg‘ur Tatatunga esa
mo‘g‘ullarni savodga o‘rgatar edi. Musulmon savdogarlarini zehni, tadbirkorligiga
Chingizxon doimo yuqori baho bergan edi. Shu bilan birga ulardan ko‘pincha ayg‘oqchilar
sifatida ham foydalanar edi.
Xitoyni zabt etgan Chingizxon shu bilan kifoya etib qolmasligi aniq edi. Badavlat
Movarounnahr savdo ahli, o‘lkamiz behisob boyliklari, yuqori madaniyatli ajdodlarimiz
yaratgan ajoyib me’moriy binolar, qolaversa qadimiy yurtimizning fayz-u tarovati
mo‘g‘ullarni anchadan beri o‘ziga jalb qilayotganligi ma’lum edi. Musulmon
mamlakatlarining behisob boyliklari to‘g‘risidagi afsona-rivoyatlarni eshitib, tekin o‘lja va
boyish istagida bo‘lgan mo‘g‘ul harbiy zodagonlari Chingizxon boshchiligida zimdan harbiy
yurish qilish istagida turar edilar. Chingizxon davlati g‘arbda Qipchoq cho‘llari,
qoraxitoylarning ko‘chmanchi G‘arbiy Lyao (Si Lyao) va xorazmshoh-anushteginiylar
davlati bilan chegaradosh edi. Shubhasiz uning g‘arbdagi eng yirik va kuchli qo‘shnisi
hamda raqibi buyuk Xorazmshoh-anushteginiylar davlati (1097-1231) edi.
Sulton Qutbiddin Muhammad Oloviddin Xorazmshoh (Muhammad Xorazmshoh)
(1200-1220) davriga kelib mamlakatning hududlari behad kengaya boshladi. Sulton o‘z
onasi bo‘lmish «Xudovandayi-jahon, dunyo va din saxovatpeshvosi Ulug‘ Turkon- - ikki
dunyo ayollari malikasi (Ismat ad-dunyo va ad-din Ulug‘ Turkon)» unvonini unga pesh qilib
olgan qipchoq xoni Jonkishining qizi Turkonxotun harbiy ko‘magi hamda qo‘llab-
quvvatlashi natijasida o‘z hokimiyatini mustahkamlab olishga, zafarli yurishlar qilishga
muvaffaq bo‘ldi. U 1203-yili G‘ur davlatini, 1204-yili Hirotni, 1207-yili Buxoroni qo‘lga
kiritadi. Sulton Otsiz (1127-1156) davridan boshlab xorazmshohlar qoraxitoylarga o‘lpon
to‘lab turar, aks holda ko‘chmanchilar mamlakatga bostirib kirib, uni xonavayron qilishlari
turgan gap edi. Muhammad Xorazmshohning qoraxitoylar bilan birinchi janggi 1207 yili
muvaffaqiyatsiz yakun topgan edi. Sulton 1209 yili navbatdagi o‘lpon yig‘ish uchun kelgan
qoraxitoylar elchisi Tushi olib kelgan yorliqni namoyishkorona yirtib tashlab, uni o‘limga
mahkum etadi. 1210 yili sentabr oyida Sirdaryo bo‘yidagi Ilamish dashtida qoraxitoylar
bilan bo‘lgan hal qiluvchi jangda esa qoraxitoylar to‘liq mag‘lubiyatga uchrab, ularning
lashkarboshchisi Tayangu o‘ldiriladi. Movaraunnahr butkul Xorazmshoh qo‘liga o‘tib,
hamma joylarda sadoqatli kishilar hokim etib tayinlandilar. Qoraxoniylar xoni Usmonxon
xorazmshohlar vassaliga aylanib, Sultonning qizi Xon-Sultonga uylanadi. Xorazmshoh –
116
Anushteginiylar davlati Sharqning eng buyuk davlatiga aylanib, o‘z ichiga Movarounnahr,
Xuroson, Mozandaron, Kirmon, Iroqi Ajam, Ozarbayjon, Seiston, G‘azna, Balx, Qandahor
o‘lkalarini olgan edi.
Qoraxitoylar ustidan qozonilgan g‘alaba musulmonlarning «g‘ayridinlar» ustidan
«buyuk g‘alabasi» deb ta’riflanib, sulton farmoniga ko‘ra musulmon olamining hamma
o‘lkalariga bu xususda maxsus xitobnomalar tarqatildi. Mazkur g‘alabadan o‘ta ruhlangan
Sulton Muhammad Xorazmshoh o‘ziga «Iskandari Soniy (ikkinchi Iskandar)» va
saljuqiylarning buyuk sultoniga taqlid qilib «Sulton Sanjar» unvonlarini oladi. Davlat
muhriga esa «zil Allohi fil ard» (Ollohning yerdagi soyasi) deb «kamtarona» yozdirishni
buyuradi.
1212 yili xorazmlik noib Do‘stobaning zo‘ravonligiga qarshi Samarqandda
qoraxoniylar xoni Usmonxon boshchiligida isyon ko‘tardilar. Isyonni qattiqqo‘llik bilan
bostirgan xorazmshoh Muhammad Usmonxon va 10000 dan ziyod kishini qatl ettirib,
O‘zgangacha bo‘lgan hududda yashayotgan barcha qoraxoniylarni qirg‘in-barot qildiradi.
1215 yili Dashti qipchoq yurishida Xorazmshoh mo‘g‘ullarning Jo‘chi boshchiligidagi
harbiy qo‘shiniga duch keladi. Mo‘g‘ullar bu yerlarda Chingizxonning buyrug‘iga ko‘ra
markit qabilalariga zarba berish uchun yurish qilgan edilar. O‘zaro to‘qnashuvdan so‘ng
mo‘g‘ullar Chingizxondan Xorazmshohlar davlatiga nisbatan yurish qilish xususida hech
qanday ko‘rsatma olmaganliklari uchun orqaga chekindilar. Jurjoniyning yozishicha,
sultonni har vaqt undan Sharqda joylashgan davlatlar qiziqtirar va uning Xitoy tomoniga
harbiy yurish qilish niyati ham bo‘lganligi aniq edi. Lekin Xitoy Chingizxon tomonidan
o‘sha yili olinganligini eshitgan sulton bu holni tasdiqlatish va qolaversa Chingizxon davlati
xususida aniq ma’lumot olib kelish maqsadida sayidlar avlodidan bo‘lmish taniqli zot
Bahovuddin Roziyni o‘z elchisi sifatida xon huzuriga jo‘natadi.
Bahovuddin Roziy boshchiligidagi elchilik guruhini Chingizxon Pekinda qabul qilib,
ularga ijobiy munosabatda bo‘ladi. Xorazm davlati elchilariga Chingizxon o‘zaro ikki davlat
o‘rtasida tinchlik va do‘stlik hukmdorlik qilishi lozimligini uqtirib, o‘zini “Sharq hukmdori”,
Xorazmshoh Muhammadni “G‘arb yerlarning egasi” deb ta’kidlaydi. Xitoy yerlariga
endilikda yurish qilish nojoiz ekanligini anglagan Xorazmshoh o‘z diqqat-e’tiborini yana
janub hamda g‘arb yerlariga qaratadi.
1217-yili Bag‘dod xalifasi an-Nosir (1180-1225) sultonning Bag‘dodni unga
topshirishi va uning nomini xutbaga qo‘shib o‘qishini qat’iy rad etgach, Muhammad
Xorazmshoh 100 000 kishilik qo‘shin bilan abbosiylar xalifaligiga yurishni boshlab
yuboradi. Xorazmshohlar tangalari va xutbalardan xalifa nomi chiqarib tashlanadi. Sulton
farmoniga ko‘ra, termizlik shayx Olamulk at-Termiziy xalifa etib tayinlanadi. Sultonning
yuqoridagi hatti-harakatlari ko‘pchilik ulamolar, din peshvolari tomonidan ma’qullanmaydi.
Ular sultonga barcha musulmonlar diniy rahnamo xalifa ustiga yurish qilish, islom
dunyosida xorazmshohga nisbatan salbiy munosabat keltirib chiqarishini tushuntirmoqchi
bo‘ladilar. Ulamolar noroziligini hisobga olmagan Sulton ularning ko‘pchiligini jazoga
tortadi, hatto taniqli shayx Majididdin Bag‘dodiyni qatl ettiradi. Bu hol diniy ulamolar,
ruhoniylar, darveshlik guruhlari oldida sulton obro‘ e’tiborining pasayishiga va unga qarshi
muxolif kuchlar safining kengayishiga olib keladi. Bag‘dod yurishi tabiiy ofatlar tufayli
muvaffaqiyatsiz yakun topadi.
Abbosiylar xalifaligiga muvaffaqiyatsiz yurishdan so‘ng, 1218 yili Muhammad
Xorazmshoh o‘zining yangi poytaxti deb e’lon qilgan Samarqand shahriga kirib keldi va
xutba, tangalardan esa xalifa nomini chiqarib tashlash xususida farmon berdi. O‘sha yili
Muhammad Xorazmshoh Chingizxon huzuriga yana o‘z elchilarini yuboradi. Bunga javoban
Chingizxon kechiktirmasdan qimmatbaho sovg‘alar va mollar ortilgan katta karvon bilan o‘z
elchilarini xorazmshohlar sultoni huzuriga yuboradi. Sultonga mo‘ljallangan qimmatbaho
sovg‘alar ichida Chingizxon o‘lja olgan tuya o‘rkachidek keluvchi oltin bo‘lagi ham bor edi.
Elchilarga xorazmlik taniqli savdogar Mahmud Yalavoch (Mahmud al-Aromiy) rahbar etib
117
tayinlanib, yana 2 ta odam, buxorolik savdogar Alixo‘ja va o‘trorlik Yusuf qanqalar elchilik
rutbasiga ega edilar.
Sulton Muhammad bu elchilarni 1218-yil bahorida Buxoro shahrida qabul qiladi.
Elchilar Chingizxon sultonning zafarli yurishlaridan xabardor ekanliklari, uni qudratli
podshoh sifatida tan olib “o‘zining eng ardoqli o‘g‘illari qatorida” ko‘rishini bayon etishadi.
Chingizxon o‘z nomasida kuch-qudrati zafarini ko‘rsatish ma’nosida Xitoy va qo‘shni
mamlakatlarni qanday kuch bilan egallaganligini ham aytib o‘tadi. Elchilar nomasi
shubhasiz sultonga ma’qul bo‘lmaydi. Ayniqsa, mo‘g‘ul davlatining xonini, uni o‘zining
“o‘g‘li” qatorida ko‘rish, bu sharq ustamonligida qaram qilish yoki o‘z homiyligini olish
degan ma’noni anglatishni sulton yaxshi tushunadi. Elchilarga sulton javobi ma’lum emas,
lekin o‘sha tunda u o‘z yoniga Mahmud Yalavochni chorlab bor haqiqatni bayon etishni,
uning xizmatiga o‘tib, maxfiy josus bo‘lib xizmat qilishni buyuradi. O‘z hayotidan
xavfsiragan Mahmud Yalavoch, muarrix an-Nasaviyning yozishicha, “sulton eshitishni
xohlagan” ma’lumotni aytib, sulton taklifiga ko‘nadi. Xorazmshoh unga qimmatbaho javohir
sovg‘a qilib, Chingizxon bilan shartnoma tuzishga rozi ekanligini bildiradi.
Chingizxon Mahmud Yalavoch guruhi xizmatidan, to‘plangan ma’lumotlardan
mamnun bo‘ladi. Zero Yalavoch soxta “josus” rolini o‘ynab, bor haqiqatni Chingizxonga
yetkazgan edi. O‘sha yiliyoq, ya’ni 1218-yili, Chingizxon sulton Muhammadga o‘z
minnatdorchiligini izhor etish va o‘zaro shartnoma tuzish maqsadida katta savdo va elchilar
karvonini jo‘natadi. Ulkan savdo karvoni 450 ta musulmon savdogari va 500 ta tuyaga
ortilgan qimmatbaho mollardan iborat edi. O‘z davlati qudratini namoyon etish niyatida
Chingizxon Tang‘ut va boshqa davlatlardan o‘lja olingan, janubiy Sibir va Xitoydan talab
keltirilgan ajoyib, sara mollar bilan xurjunlarni to‘ldirgan edi. Karvon bilan, shuningdek,
Chingizxon elchisi, mo‘g‘ullardan bo‘lgan Uxuna ham bo‘lib, u Xorazmshohga Chingizxon
nomasini olib kelayotgan edi. Noma jahon fotihligiga da’vo qilayotgan Chingizxon nomidan
buyruqnamo ohangda yozilgan edi. Unda jumladan, “... biz bundan buyon davlatlar o‘rtasida
tinchlik o‘rnatilishini buyuramiz...” deyilgan edi. Noma Chingizxon ochiq-oydin jahon egasi
bo‘lishga ishtiyoqi baland ekanligidan dalolat berar edi.
Ushbu karvonda asli movarounnahrlik bo‘lmish Umarxo‘ja O‘troriy, hammol
Merokiy, Fahruddin Dizaqiy Buxoriy, Aminuddin Haraviy singari savdogarlar karvon
sarbonlari hamda o‘rda elchilari edilar. Karvon Urganch tomon yo‘l olgan edi. Lekin
xorazmshohlarning chegara viloyati O‘tror yerlariga kirib kelishi bilanoq bu karvon ushlab
qolindi. O‘tror hokimi Inalxon (Inolchiq, uning forsiy taxallusi G‘oyirxon edi) Turkon
xotunning yaqin qarindoshi, Xorazmshohga yaqin shaxs bo‘lgan. Inalxon, arab tarixchisi ibn
al-Asir, an-Nasaviylarning yozishicha, Xorazmshoh ijozati bilan bu karvonlarni talashga
buyruq berib, karvon a’zolarini josuslikda ayblaydi va ularni qirib tashlaydi. Talab olingan
mollar Samarqand va Buxoro savdogarlari o‘rtasida taqsimlanib, Xorazmshoh ushbu savdo
mollari pulini o‘ziga oladi. Ba’zi tarixiy manbalarda esa, Inalxon garchi karvonni to‘xtatish
buyrug‘ini olgan bo‘lsa ham, o‘z holicha uni qirib tashlagan deb ham aytiladi. Nima
bo‘lganda ham, Xorazmshohlar qo‘pol siyosiy xatoga yo‘l qo‘yib, elchilarni qirg‘in-barot
qildiradilar. O‘tror fojeasidan so‘ng Chingizxon Ibn Kafrojiy Bug‘roni ikki mulozim bilan
Xorazmshoh huzuriga elchi etib jo‘natdi. As-Subqiyning yozishicha, Chingizxon O‘tror
fojeasining aybdori Inalxonni tutib mo‘g‘ullar qo‘liga topshirishini, elchilar o‘limining
sabablarini keskin tarzda so‘raydi. Mo‘g‘ullar bilan munosabatlarni keskinlashtirmaslik
uchun O‘tror hokimini Chingizxon qo‘liga topshirish kerak degan taklifni ko‘targan
Jaloliddinning fikrini sulton rad etadi. Sulton buyrug‘i bilan elchi bo‘lmish Ibn Kafroj
Bug‘ro o‘ldirilib, ikki mulozimning soqol-mo‘ylovlari sharmandali tarzda qirib tashlanadi.
Xorazmshoh mo‘g‘ullar bilan ertami-kechmi, urush bo‘lishini yaxshi anglagan edi.
Qolaversa, mamlakatda mo‘g‘ullar bostirib kirishi xususida turli mish-mishlar ham avj olgan
edi. Nima bo‘lganda sulton ham Chingizxonga shu yo‘sinda dag‘dag‘ali javob berishga
qaror qildi. Tarixchi Rashiddin o‘zining «Jome at-Tavorix» asarida yozishicha
118
Xorazmshohning ushbu dag‘dag‘asi va qilmishi «Chingizxonning yuragiga shunday ta’sir
qildi-ki, unda ortiq chidam va toqat qolmadi. Nafrat o‘ti bilan yonib u bir o‘zi tepalikka
ko‘tarildi, bo‘yniga belbog‘ini tashlab, bosh yalang yerga yotib ibodat qildi. Uch kungacha
yig‘lab xudoga nola qilib yordam so‘radi…»
Chingizxon islom olamining dushmani bo‘lib qolmaslik uchun shunday yo‘l tutdi-ki,
urush boshlanishiga rasman Xorazmshoh sababchi bo‘lib qoldi. O‘zini esa “Olijanob
xaloskor” deb hisobladi. Aslida esa urush bo‘lishini u har jihatdan xohlar edi. Albatta
Xorazmshoh ham katta xatoga yo‘l qo‘ygan edi, lekin urushning sababchisi va boshlovchisi
u emas edi.
Mo‘g‘ullar Xorazmshoh ustiga harbiy yurish qilishdan avval, xonning buyrug‘iga
ko‘ra harbiy sarkarda Jebe Yettisuv va Qashg‘ar ustiga 1218 yil harbiy yurishlar qilib,
Kuchluk davlatini tor-mor keltirdi. Musulmonlarni doimo ta’qib etib kelgan Kuchlukka
qarshi bosh ko‘targan Sharqiy Turkiston islom ahli Jebeni naymanlar zulmidan ozod etuvchi
«xaloskor» deb qabul qildi. Zero, Jebe musulmonlar uchun din erkinligi kafolatlanishini
e’lon qilib, mo‘g‘ullar hukmronligini mustahkamlagan edi. Shunday qilib mo‘g‘ullar O‘rta
Osiyoga harbiy yurish qilishdan avval zahira kuchlarini mustahkamlab Talas vodiysigacha
bo‘lgan yerlarni o‘z imperiyalari tarkibiga qo‘shib oldilar. Shunday qilib ular bevosita
Xorazmshohlar bilan chegaradosh bo‘lib qoldilar.
XIII asr boshlaridan Xorazmshoh Anushteginiylar davlati yuqorida ta’kidlanganidek,
o‘z hududining kengligi, saltanat egasining nufuzi, xalqning salohiyatligi, madaniyatliligi,
xo‘jalik hayotining yuqori saviyaligi bilan musulmon olamida buyuk davlat sanalar edi.
O‘zining ko‘proq qang‘li-qipchoq hamda turkmanlardan iborat muntazam qo‘shiniga ega
edi. (Ma’lumotlarga ko‘ra umumiy qo‘shinning soni 400.000 ga qadar yetib, bu mo‘g‘ullar
qo‘shiniga nisbatan 2 barobar ortiq edi.) Davlat musulmon olamida qabul qilingan qonun
chiqaruvchi-dargoh hamda ijroiya-devonlar tizimida boshqarilar, davlat boshlig‘i sulton
hokimiyatining huquqlari hech bir qonun-qoida bilan chegaralanmagan edi. Saltanatni
hokimlar, noiblar, vazirlar, lashkar boshliqlaridan iborat kuchli harbiy aslzoda guruhlar,
mustavfiy (daftardor hisobchilar), qozilar, sadrlar va boshqa ko‘plab saroy mansablaridan
iborat ulkan arkoni davlat doirasi qurshab turar edi.
Hokimlar ko‘p holda o‘z bilganicha ish tutishar, soliqlar to‘plashning ham aniq tizimi
yo‘q edi. Hashar yo‘li bilan biron-bir yo‘l, ko‘prik, qal’a va boshqa inshootlarni qurish
(suhra giriftan) keng tarqalgan edi. Davlat ahvoli tang bo‘lganda ko‘p holda iqtodorlarga
ishonch qolmas edi. Ayrim viloyat hokimlari shaxsan Turkon xotunga bo‘ysunib, o‘z
bilganlaricha ish tutar edilar. Sulton Muhammadning volidasi Turkon xotunning qo‘shin oliy
sarkardalari bo‘lmish qipchoq sarkardalari bilan aloqasi mustahkam, o‘zi shu qabilaga
mansub bo‘lganligi uchun ularni hamisha qo‘llab-quvvatlab turar edi. Sarkardalar, qo‘shin
boshliqlari, vazirlar, hokimlar ko‘p holda uning ijozati va ko‘rsatmasi ila tayin etilar, ular
ham o‘z navbatida, Turkon xotunga avvalo bo‘ysunar edilar. Turkon xotun boshqa turkiy
qabiladan bo‘lmish kelini Oychechak va uning o‘g‘li, nabirasi Jaloliddinni yoqtirmas, bu
ikki ayol o‘rtasida davlatda ichki siyosiy ixtilof kuchli edi. Xorazmshoh “farzandlik mehri va
hokimiyatga olib kelgan shaxs” sifatida onasini so‘zini ikki qilmas, hamisha uning fikrlariga
xohlasa-xohlamasa qo‘shilar edi. Xorazmshohning onasi Turkon xotun aslida davlatdagi
birinchi darajali shaxs hisoblanar, uning shiori «e’tasamtu Billohi Vahda» (ya’ni, yolg‘iz
Ollohdan panoh so‘rayman) muhriga yozilgan bo‘lib, hukmdor farmoniga shu muhri bilan u
birinchi imzo qo‘ysa, uning farmoni vojib hisoblanar edi. Turkon xotun amri bilan taxt vorisi
etib o‘z qavmidan bo‘lgan nevarasi O‘zloqshoh tayin etilgan edi.
Muhammad Xorazmshoh o‘zining yon-atrofdagi (G‘ur, Xuroson, Movarounnahr,
Mozandaron, Ozarbayjon va boshqalar) uncha kuchli bo‘lmagan yerlarni tezlik bilan o‘z qo‘l
ostida birlashtirib, o‘z g‘alabalariga juda berilib ketgan edi. Qoraxitoylar ustidan qozonilgan
g‘alabadan (1210) so‘ng esa u o‘zini mutloq yengilmas (“Iskandari Soniy”, “Sulton Sanjar”,
“Ollohning yerdagi soyasi” va boshqa unvonlarga ega) deb hisoblab, islom olamiga egaligini
119
ham da’vo qila boshladi. Uning armiyasi soni garchi son jihatdan ko‘pchilikni tashkil etsada,
bu qo‘shin harbiy intizomi uncha mustahkam bo‘lmagan, salohiyati ancha past, ko‘proq
janubliklardan olingan yollanma qo‘shin edi. O‘z navbatida bu qo‘shin vatan mudofaasi
uchun emas, balki ko‘proq istilo, talon-taroj, o‘lja olish uchun mo‘ljallangan qo‘shin edi.
Haqiqatda Xorazmshoh kuchli, o‘ziga munosib keluvchi raqib bilan kurash olib borgani yo‘q
hisobi, bu esa yuqorida qayd etilganidek, o‘z harbiy mahoratiga ulkan ahamiyat berishiga
olib kelgan edi.
Joylarda noib va hokimlik lavozimidagi Xorazmdan bo‘lmish amaldorlar oddiy xalqqa
nisbatan ko‘pincha zo‘ravonlik, tayziq ila munosabatda bo‘lar, bu esa Xorazmshohlar
davlatiga nisbatan aholining noroziligiga sabab bo‘lar edi. Soliqlar miqdori bir me’yorda
turmas, mehnatkash ommaning ahvoli ancha og‘ir edi. Masalan, 1219-yili Xorazmshoh xiroj
solig‘ini bir yo‘la uch marotabagacha undirib olishga buyruq bergan edi. 1206, 1212-yillarda
Buxoro va Samarqanddagi xalq g‘alayonlar zo‘ravonlik va soliqlar oshib ketishiga qarshi
qaratilgan edi. Soliqlar va zo‘ravonlikdan ezilgan xalqning Sulton Muhammadga e’tiqodi va
ishonchi mo‘g‘ullar bosqini arafasida susayib ketdi. Shuningdek, sultonning Bag‘dod
xalifaligiga yurishi va o‘z holicha termizlik sayidlardan bo‘lmish Shayx Olamulk
Termiziyning xalifa deb e’lon qilinishi Movarounnahr ulamolari ichida haqli norozilikka
sabab bo‘ldi. Taniqli movarounnahrlik din arbobi Shayx Majididdin Bag‘dodiyning ta’qib
etilishi esa sulton bilan ruhoniylar orasida munosabatlarni mutloq keskinlashtirib yubordi.
Chingizxon o‘zining yaxshi tizimga asoslangan ayg‘oqchilar tarmog‘i orqali
Xorazmshohlar davlatidagi ushbu ahvoldan boxabar edi. Shuningdek, u ushbu qadimiy
madaniyat va yuqori salohiyatga ega Movarounnahr ahlini osonlikcha bo‘ysundirib
bo‘lmasligini ham yaxshi bilib, bo‘lajak mahorabaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. O‘tror
voqeasidan avvalroq Chingizxon qo‘shinlarining Yettisuvga qilgan harbiy yurishlari sulton
Muhammadni tashvishga solib qo‘ygan edi. Garchi Xorazmshoh katta qo‘shinga ega bo‘lsa-
da, o‘zaro ixtiloflar, sarkardalarga ishonchsizlik, o‘z hokimiyatidan xavfsirash Xorazmshoh
qo‘shinining zayiflashuvi, intizomning pasayishiga olib kelgan edi. Muhammad
Xorazmshoh mo‘g‘ullarga zarba berish xususida Urganchda harbiy kengash chaqiradi. Unda
ko‘zga ko‘ringan davlat arboblari, aslzodalar, harbiy sarkardalar ishtirok etadilar.
Asli xivalik mashhur fikhshunos hamda davlat arbobi Shahobiddin al-Xivaqiy bor
qo‘shinni Sirdaryo bo‘yiga to‘plab, uzoq yo‘l bosib kelayotgan mo‘g‘ul qo‘shiniga chegara
bo‘yidayoq hal qiluvchi zarba berish to‘g‘risida yagona va harbiy jihatdan haq fikrni bildirdi.
Shahzoda Jaloliddin ham aslida shu fikrga qo‘shilgan edi. Lekin Xorazmshoh o‘z
sarkardalariga, ayniqsa qipchoq harbiylariga ishonchsizlik bilan qarar, katta qo‘shinni bir
joyga to‘plashdan, qo‘shin yig‘ilganda esa o‘zini taxtdan ag‘darib tashlashlari mumkin
ekanligidan cho‘chir edi. Shuning uchun sulton va uning onasi tazyiqi bilan Kengash
mudofaa usuliga o‘tishni ma’qul deb topdi. Jami 450 taga yaqin shahar (qal’a) va
viloyatlardan iborat bo‘lmish davlatda qo‘shin katta jangga kirib vatan sharafini himoya
qilish o‘rniga shahar va qal’alarga bo‘lib tashlandi. Ba’zi markaziy shaharlar, jumladan
Buxoro va Samarqand mudofaasini mustahkamlash zarur degan fikrga kelindi, xolos. Ammo
bu mudofaa ham yaxshi tashkil etilmadi.
Chingizxon 1219-yili o‘z o‘g‘illari boshliq 200 mingga yaqin asosiy harbiy kuchlari
bilan anchadan beri puxta tayyorlangan Xorazmshoh-Anushteginiylar davlati ustiga harbiy
yurishni boshladi. Bu kuchlar yozni Irtish daryosi bo‘yida o‘tkazib, sentabr oyida
chegaradan o‘tadi. Chingizxonga uyg‘ur ediquti (xoni) Baurchak, qarluqlar xoni Arslonxon
va Olmaliq hukmdori Sig‘noqteginlar ham o‘z qo‘shini bilan kelib qo‘shildilar. Chegaradan
o‘tgan Chingizxon o‘z qo‘shini bilan janubiy qozoq cho‘llarining Sirdaryoga tutashgan
joyidagi O‘tror shahri yaqinida to‘plab uni 4 qismga bo‘ladi.
Chig‘atoy va O‘qtoy qo‘shinning bir qismi bilan O‘trorni qamal etib, egallash uchun
qoldirildi. Ikkinchi qism esa Jo‘chi boshchiligida Sirdaryoning yuqori oqimidagi Jand,
Yangikent, Borchig‘lig‘kent, Sig‘noq shaharlarni bosib olish uchun yuborildi. Uchinchi
120
qismidagi besh ming chog‘li qo‘shinga Uloq no‘yon va Suketu Cherbi bosh bo‘lib O‘trordan
janubga, Xo‘jand va Banokatni egallash vazifasi topshirildi. Chingizxon o‘zi bosh bo‘lgan
to‘rtinchi, asosiy qism (uning tarkibida taniqli sarkardalar Jebe va Subutoy ham bor edi)
Zarafshon vohasi tomon-Buxoro hamda Samarqandni istilo etish uchun yo‘l oldi.
Chegaradagi O‘tror mustahkam shahar qal’a bo‘lib, mo‘g‘ullarga olti oy davomida
mardonavor qarshilik ko‘rsatgan edi. O‘tror hokimi Inalxon (G‘oyirxon) qo‘lida 20.000
chog‘li suvoriy bo‘lib, Xorazmshoh unga yordam tariqasida 50.000 kishilik “lashkari
birun”ni ham yuborgan edi.
Qamal davomida qo‘shimcha tarzda yana Qoracha Hojib boshchiligidagi 10.000
kishilik qo‘shin ham yuborilgan edi. O‘tror hokimi jasur va mard sarkarda Inalxon unga
mahorat bilan boshchilik qilar edi. Ammo ayrim zotlarning xiyonatkorligi tufayli besh oylik
qamaldan so‘ng Inalxon deyarli bir oy davomida o‘z qo‘shini bilan shahar qal’asida
qarshilikni davom ettiradi. Oxir-oqibatda Inalxon deyarli bir o‘zi qolib, qal’a tomiga chiqib,
qo‘liga tushgan narsasi bilan mo‘g‘ullarga hujum qilgan. Mard sarkardani mo‘g‘ullar
tiriklayin qo‘lga tushirib, Samarqandga Chingizxon huzuriga yuborganlar. Chingizxon esa
manbalarning yozishiga ko‘ra, “kumushni eritib o‘z huzurida sarkardaning quloq va ko‘ziga
quyishni buyurgan”. Inalxon shu tariqa vahshiyona ravishda o‘ldirilgan. O‘tror shahri o‘z
jasorati evaziga mo‘g‘ullar tomonidan butkul buzib tashlandi. Buxoro yo‘nalishida
ketayotgan Chingizxonga esa Zarnuq (Zerinuh) va Nur qal’alari jangsiz taslim bo‘ladilar.
Chingizxon 1220-yilning fevral oyi boshlarida (ba’zi adabiyotlarda 7 fevralda
deyiladi) Sharqning qadimiy go‘zal shahri, Sharqdagi islom dini gumbazi, “butun musulmon
shaharlari onasi” nomini olgan “Islomiy ilmlar markazi” Buxoro yaqinida paydo bo‘ldi. Uch
kunlik shahar qamali boshlandi. Buxoroda bu paytda 12.000 lik shahar garnizoni va 20.000
kishilik “lashkari birun” mavjud edi. Lashkarlarga nufuzli sarkardalar Ixtiyoriddin Qo‘shlu,
Inanchxon Og‘ulhojib, Hamid Pura Qoraxitoy, Suyunchxon, mo‘g‘ullardan qochib o‘tgan
uyg‘ur sarkardasi Ko‘kxon (Go‘rxon) bosh edilar.
Sarkardalardan Inanchxon bazo‘r Amudaryodan o‘tib qutulishga muvaffaq bo‘ladi,
Hamid Pura Qoraxitoy mardonavor jangda halok bo‘ladi, qolgan-qutgan harbiylar Buxoroga
qaytib chekinishga majbur bo‘ladilar. Ahli Buxoro o‘z himoyachilaridan ayrilgandan so‘ng,
shahar ahli jonini salomat saqlab qolish niyatida shaharliklar maslahatlashib, Buxoro qozisi
Badriddin qozi boshchiligidagi bir guruh oqsoqollarni Chingizxon huzuriga yuboradilar. 10
fevral kuni Buxoroga mo‘g‘ullar kirib keladilar. Buxoroga kirib kelgan Chingizxonning
hatti-harakatlari xususida Rashididdin shunday deb yozgan edi: «Chingizxon otda masjidi
jome oldiga kelib to‘xtadi va shaharning kazo-kazolarini o‘z huzuriga chaqirtirdi. Mo‘g‘ullar
shahar omborxonalarini ochib, g‘allalarni tashib oldilar. Qur’on nusxalari saqlanadigan
sandiqlarni otlarga oxur qildilar, masjidlarga meshlarda sharob keltirib joylab qo‘ydilar,
shahar hofizlari va o‘yinchilarini chorlab, raqsga tushirdilar. Mo‘g‘ullar dol-guliga keltirib
o‘z ashulalarini aytar edilar. Oqsuyaklar, ulamolar va shayxlar otboqarlar o‘rnida otlarni
qo‘riqlash uchun otxonalarda turar va o‘sha qabila kelishlarini, amr-farmonlarini bajo
keltirish balan mashg‘ul edilar.» Buxoro talon-taroj xususida muarrix ibn Attor shunday
yozgan edi: «Ul kun haqiqatda dahshatli kun bo‘ldi. Bori manguga ketgan erlarining,
xotinlarning, bolalarning tovushlarigina eshitilib turdi. Vahshiylar xotinlarni. qizlarni ham
o‘zlarining birodarlari ko‘z oldida tahqirladilar. Bu taxqirlarga ularda ko‘z yoshlaridan o‘zga
qurol topilmadi. Ko‘plar dahshatli manzaralardan ko‘ra o‘limni ortiq ko‘rdilar. Qozi
Badriddin, Imom Rukniddin va uning o‘g‘li bu nomussizlik manzaralariga chiday olmay,
g‘azablanib, o‘zlari teng bo‘lmagan dushmanga hujum qilib, halokat topdilar.»
Aksariyat shaharliklar o‘z qarshiliklarini davom ettirdilar, tunda esa yashirincha
askarlarga yordam berib, mo‘g‘ul askarlariga qarshi hujumlar uyushtirdilar. Chingizxon
bunga javoban shaharni yoqib yuborishga buyruq berdi. Ko‘kxon boshchiligidagi 400 ta
mudofaachilar Buxoro arkida yana 12 kun qattiq qarshilik ko‘rsatdilar. Arkni egallash uchun
qilingan mo‘g‘ullar hatti-harakatlari zoe ketdi. Qal’adagi chuqurliklar odam va hayvon
121
o‘liklari bilan to‘lib ketdi. Ko‘kxon va u boshchiligidagi mudofaachilar qahramonona halok
bo‘lganlaridan so‘nggina ark egallandi. Buxoroliklar qarshiligi mo‘g‘ullarni qattiq
g‘azablantirdi. Bu jasorat evaziga mo‘g‘ullar shahar ahlidan 30000 chog‘li kishini qirib
tashladilar. Kelib chiqishidan qat’iy nazar qolgan aholi qullikka mahkum etildi. Ma’rifatli,
nozik ta’b, madaniyatli va ilmli Buxoro ahli sahroilar tomonidan zulm va tahqirlanish
girdobiga tortildi.
Buxorodan so‘ng Chingizxon Samarqand tomon yo‘l oldi. 1220 yil mart oyi boshida u
Samarqandga yetib kelib, yon-atrofdagi qishloqlarni yer bilan yakson qildi. Chingizxon
Samarqandni egallashga alohida ahamiyat berdi. Samarqandning Movarounnahr uchun,
Xorazmshohlar uchun ahamiyati beqiyos ekanligini Chingizxon yaxshi bilar edi. Shuning
uchun uni egallashga katta e’tibor bilan qaradi. Shaharda 110.000 kishilik harbiy garnizon
(undan 60.000 tasi turkiy, 50.000 tojiklar edi.), 20 ta harb ilmiga o‘rgatilgan fil ham mavjud
edi. Sulton Muhammadning tog‘asi To‘g‘ayxon shahar noibi bo‘lib, shahar mudofaaga
birmuncha tayyor ham edi.
Shahar oziq-ovqat zahirasi, mudofaa istehkomlarining puxtaligi jihatidan bir necha
yillik qamalga ham chidash mumkin edi. O‘z qarorgohini mo‘g‘ullar bosqini boshlanishi
bilanoq sarosimada Balxga ko‘chirgan Sulton Muhammad ham Samarqand mudofaasiga
umid ko‘zi bilan boqar edi.
Chingizxonning o‘zi shahar tashqarisidagi Ko‘ksaroy qo‘rg‘onidan turib shahar
qamaliga boshchilik qildi. 1220-yilning mart oyining boshlarida shahar qattiq qamal qilinib,
to‘xtovsiz hujum boshlandi. Qamalning 3-kunidan boshlab shahar qamaliga Chingizxonning
shaxsan o‘zi boshchilik qila boshlaydi. Qamalning beshinchi kuni ulamo, zodagon, shahar
harbiy boshliqlari keyingi qarshilik maqsadga muvofiq emas va ommaviy qirg‘in bo‘lishini
oldini olish kerak, degan maqsadda mo‘g‘ullarga taslim bo‘lishga qaror qiladilar. Shahar
qozisi va shayxulislom boshchiligida Chingizxon huzuriga Samarqand ahli nomidan elchilar
tashrif buyuradilar. Mo‘g‘ullar Samarqand bosh suv inshooti – «Jo‘yi arziz – «Qo‘rg‘oshli
novasi» ni buzib tashlab, shaharni tashnalik girdobiga giriftor qildilar. Shahar istehkomi
buzib tashlandi. 20 000 chog‘li shahar mudofaachilari suv toshqini bois taslim bo‘lishga
majbur bo‘ldilar. Taxminan 1000 nafarli mudofaachilar esa, sulton tomonidan 1211-1214
yillarda qurilgan Jome – masjidiga kirib, dushmanga zarba bera boshladilar. Mo‘g‘ullar
masjidiga o‘t qo‘yib, mudofaachilarni tirik o‘limga mahkum etdilar. Shahar qozisi va
shayxulislom vakolati bilan tashqariga olib chiqib ketilgan 50000 nafar kishidan boshqa
barcha aholi qatlamlari behad talon-taroj qilindi. 30000 nafar hunarmand ahli Chingizxon
qarindosh-urug‘lariga taqsim qilib berildi. Tirik qolgan shahar ahliga 200000 dinor o‘lpon
majburiyati yuklatildi. Samarqandda jami aholining faqat ¼ qismigina tirik qoldi. Mo‘g‘ullar
tomoniga xiyonatkorona o‘tib ketgan sobiq shahar noibi To‘g‘ayxon tez orada o‘zining
30000 kishisi bilan Chingizxon buyrug‘iga ko‘ra qirib tashlandi.
Taslim bo‘lgan shaharda mo‘g‘ullar qilgan talon-tarojliklar tufayli “sayqali ro‘yi
zamin ast” deb ulug‘langan, sharqning buyuk shaharlaridan biri hisoblangan, bir paytlar
gullab-yashnab turgan Movarounnahr poytaxti huvillab qoladi va yer bilan yakson qilinadi.
Hukmdorning subutsiz va ma’suliyatsizligi, harbiy boshliqlarning o‘zaro ittifoq
bo‘lmaganligi xalq, mamlakat taqdirini o‘z holiga tashlab qo‘yishi oqibatida bu dahshatli
voqea sodir bo‘lgan edi. Bu vaqtda Sulton Muhammad Xorazmshoh janubda, Balxdagi o‘z
qarorgohida turib, voqelikni befarq kuzatuvchi sifatida harakatsiz turar edi. Mo‘g‘ullar kirib
kelayotgan vaqtdayoq unga Iroqqa qarab chekinishni ba’zi amaldorlar maslahat berishgan
edi. Ko‘pgina sargardonliklardan so‘ng sulton Kaspiy dengizining janubidagi Ashuradi
oroliga borib o‘rnashadi. Ham jismoniy, ham ruhiy, ma’naviy ezilgan sobiq hukmdor bu
yerda plevrit (o‘pka qobig‘iga suv yig‘ilishi) kasaliga chalinib, o‘z o‘g‘illarini yoniga
chorlaydi. O‘z gunohlariga iqror bo‘lgan holda ushbu orolda xorlik va azob-uqubat bilan
1220-yilning dekabr oyida vafot etadi. Oradan birmuncha vaqt o‘tgandan so‘ng Jaloliddin
otasining murdasini tog‘liq Ardahi qal’asiga olib borib dafn etadi. Ardahi mo‘g‘ullar
122
tomonidan zabt etilgandan so‘ng, o‘z vaqtida sultonni tiriklayin qo‘lga tushira olmagan
alamzada mo‘g‘ullar uning murdasini kavlab olib, O‘gedeyga (O‘ktoy) yuborishgan.
O‘gedey esa uning murdasini yoqib yuborishni hamda kulini ko‘kka sovurishni buyurgan.
Shuningdek, xorazmshohlarning o‘z vaqtida sulton tomonidan Ardahiga yashirilgan eng
qimmatbaho 10 ta sandiqqa joylangan javohirlari ham mo‘g‘ullar qo‘liga o‘lja bo‘lib tushgan
edi.
Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘chi boshchiligidagi mo‘g‘ul bosqinchilari reja bo‘yicha
Sirdaryoning yuqori qismidagi yerlarni egallashi lozim edi. Bosqinchilar ma’lum
muddatdagi qamaldan so‘ng Sig‘noq va Borchilig‘kent shaharlarini egallaganidan so‘ng
mustahkam qal’a hisoblangan Xo‘jandga hujum boshlaydilar. Mo‘g‘ullar 20.000 nafar
qo‘shin va 50.000 ming chog‘li asirga tushgan hasharchilarni Xo‘jand atrofiga yig‘adilar.
Xo‘jand hokimi Temur Malik asli turkiy sarkardalardan bo‘lib, Xorazmshohlar davlatida
nom chiqargan, sulton va uning oilasiga tanish bo‘lgan shaxs edi. Mo‘g‘ullarga qarshi tura
olish mumkin emasligini sezgan Temur Malik (malik-hokim ma’nosida) taxminan 1000
nafar askari bilan Xo‘janddan bir kilometr naridagi Sirdaryoning mo`jazgina orolida
joylashib oladi. Qulay strategik ahamiyatga ega bo‘lgan orolga mo‘g‘ullar o‘qlari, palaxmon
toshlari yetib bormas edi. Temur Malik buyrug‘iga ko‘ra 12 ta qayiq yasatilib, o‘q
o‘tmasligi, yonib ketmasligi maqsadida bu qayiqlarning usti namat bilan qoplanib, sirka
bilan shimdirilgan loy bilan suvab chiqiladi. Temur Malik uzoq vaqt mudofaa uchun
endilikda orolchada turish maqsadga muvofiq emasligini tushunib, bor oziq-ovqat zahirasi
va askarlarini 70 ta kemaga joylab, tunda daryoning quyi oqimi bo‘ylab suzib ketadi.
Mo‘g‘ullar ikki sohil bo‘ylab Temur Malik kemalariga to‘xtovsiz hujumni uyushtirar edilar.
Hatto Banokat bo‘yida daryoning u sohilidan bu sohiliga zanjir ham tortib qo‘yadilar. Uzoq,
uzluksiz jang bilan ular Jandga qadar yetib keladilar. Mo‘g‘ul sarkardasi Ulus Idi
Borchilig‘kent va Jand yaqinida manjaniqlar (tosh otar zambaraklar) o‘rnatib, qayiqlarni bir-
biriga tutashtirib, jasur sarkarda yo‘lini to‘sadi. Uzoq janglardan so‘ng Temur Malik
Urganchga yetib keladi va Urganch himoyasida qatnashib, Jaloliddinning ozodlik kurashida
faol ishtirok etadi. Keyinroq, uzoq sargardonliklardan so‘ng sarkarda Temur Malik o‘z
yurtiga darvesh sifatida kelib, qahramonona ravishda mo‘g‘ul harbiylari qo‘lida halok
bo‘ladi. Chingizxon 1220 yilning yozini Movarounnahr janubida o‘tkazmoqchi bo‘ldi.
Chunki u janub shaharlarini egallashga shaxsan bosh qo‘shgan edi. Zero, janubda hali
bosqinchilar qadami yetmagan bir qator boy viloyat va shaharlar mavjud edi. Avval u
Nahshabga bostirib bordi. Shaharliklar mo‘g‘ullarning mislsiz zo‘ravonlik va bosqinidan
yaxshi xabardor edilar. Nahshab ahli dahshatga tushib, shaharni mo‘g‘ullarga ixtiyoriy
topshiradilar.
Chingizxon yozni Nahshabda o‘tkazib, 1220 yilning kuzida Termizga yurishni
boshlaydi. Termiz Hindiston va O‘rta Osiyo savdo yo‘llari tutashgan bir qulay yerda
joylashgan bo‘lib, uning Amudaryo sohiliga tutashgan qal’asi o‘z vaqtida mustahkam
ravishda barpo etilgan edi. Termiz hokimi Faxriddin habash mo‘g‘ullar bosqiniga
mardonavor turib javob berishga qaror qildi. Mudofaaning o‘n birinchi kuni shahar
egallandi. Shahar butkul talon-taroj qilinib, xonavayron etildi. Shahar ahli esa dashtga
haydab chiqilib qirib tashlandi. Movaraunnahrning asosiy qismlari-Sirdaryo havzasi,
Zarafshon, Qashqadaryo vodiylari, Buxoro vohasi, Shosh va Farg‘ona vodiysi egallangach,
Chingizxon endilikda o‘zining asosiy e’tiborini Xorazmshohlar davlatining markazi Xorazm
o‘lkasiga qaratdi. Bu yurishga o‘g‘illari Jo‘chi, Chig‘atoy, O‘ktoy (Ugedey)larni mas’ul
qildi. Ayniqsa, xon musulmon Sharqining eng katta shahri bo‘lmish, madaniyat, savdo
gullab yashnagan boy-badavlat qadimgi Urganch (Gurganj) istilosiga katta ahamiyat bilan
qaradi. Ushbu yurish 1221 yilning boshida boshlandi.
1221 yilning boshida sulton deb e’lon qilingan Jaloliddin va shahzodalar Oqshoh,
O‘zloqshohlar bilan Urganchga keladi. Lekin Urganchdagi siyosiy vaziyat, sobiq Jand noibi
Qutlug‘xonning unga qarshi suiqasdi, qipchoq sarkardalarining xoinona o‘zlarining
123
tutishlari, Jaloliddinni shahar mudofaasiga bosh bo‘lish fikridan qaytaradi. Qipchoqlar uni
hokimiyat tepasiga kelishini xohlamas edilar. Bunday vaziyatda mudofaani tashkil etib
bo‘lmasligi aniq bo‘lib qolgan edi. Ushbu voqealardan so‘ng Jaloliddin Temur Malik bilan
birgalikda 300 ta kishi bilan shaharni tark etib Xurosonga yo‘l oladi. Uning ortidan esa, tez
orada Oqshoh va O‘zloqshohlar ham yo‘l olishadi. Jaloliddinning faoliyatini alohida qayd
etib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘lgani uchun keyinroq bu buyuk shaxs faoliyati to‘g‘risida
batafsil to‘xtalinadi.
Urganchda esa shahardagi qipchoq sarkardalari-O‘g‘ul Hojib, Erbuqa pahlavon, Ali
Darug‘iyniy va boshqalar Turkon xotunning jiyani yosh Xumorteginni sulton deb e’lon
qiladilar. Turkon xotunning o‘zi Mozandarondagi Ilol qal’asiga kelib o‘rnashib, o‘z hayoti
va boyliklarini saqlash taraddudiga tushadi. Qal’ada suvsizlikdan sillasi qurilgan sobiq
malika mo‘g‘ullarga asirga tushib, xorazmshohlar xazinasini ular qo‘liga topshirdi.
Qoraqurumda cho‘ri bo‘lgan Turkon xotun 1233 yili xor-u-zorlikda vafot etadi. Xumortegin
layoqatsiz, o‘z fikriga ega bo‘lmagan, qo‘rqoq shaxs edi. Urganchga Chingizxonning
o‘g‘illari Jo‘chi, Chig‘atoy, O‘gedey, taniqli mo‘g‘ul sarkardalari Tulun cherbi, Ustun
no‘yon, Qozon no‘yon boshqalar o‘z harbiy kuchlari bilan yetib keladilar. Xorazm Jo‘chi
boshqaruvi ilkiga tushganligi uchun ham, Jo‘chi shaharni tinchlik bilan mo‘g‘ullarga
topshirishni talab etadi. Lekin nima bo‘lganda ham jasur shahar himoyachilari mudofaaga
qat’iy tayyorgarlik ko‘rib jonajon shaharlarini mo‘g‘ullarga berishdan qat’iy bosh tortdilar.
Poytaxt atrofini 100.000 dan ziyod mo‘g‘ullar qo‘shini bilan o‘rab olish boshlandi. Shahar
devorlarini buzish uchun manjaniqlar o‘rnatiladi. Mo‘g‘ullar shaharni katta kuch bilan zabt
etishga kirishdilar. Yangi “sulton” shahar mudofaasiga bosh bo‘la olmaydi. 1221 yili
boshidan boshlangan Urganch qamali deyarli 7 oy davom etadi. Shahar ahli mo‘g‘ullar
qurol-yarog‘i, palahmon toshlarni otuvchi manjaniqlar zambaraklardan cho‘chimay
mardonavor kurashga kiradilar. Nayza o‘qlaridan qo‘rqmay shahar devorlarining buzilgan
yerlarini qayta tiklay boshlaydilar. Bir guruh urganchlik harbiy navkarlar shahardan deyarli 1
farsah uzoqlikdagi Bog‘i-Xurram degan joyda mo‘g‘ullarga zarba berishga harakat qilib,
qahramonona jang qildilar. Lekin Juvayniyning yozishiga ko‘ra, jangda qo‘shin va qurol
jihatidan ustun mo‘g‘ullar shu yerlik tinch aholi jangchilar bilan birgalikda 100.000 dan
ziyod aholini qirib tashlaydilar. Sulton zobitlarining boshlig‘i Faridun G‘uriy o‘zining 500
kishilik harbiy otryadi bilan mardonavor shahar devorlari va darvozalari himoyasiga bosh
bo‘ladi. Lekin qo‘rqoq “sulton” Xumortegin shahar darvozasini ochib berib, o‘z hayotini
saqlab qolish maqsadida xiyonatkorona ravishda mo‘g‘ullarga taslim bo‘ladi. Istilochilar
shaharga bostirib kira boshlaydilar. Urganchda tarixchilardan an-Nasaviy, Juvayniylarning
yozishlariga ko‘ra, har bir ko‘cha, mavzeni jon-jahdlari bilan himoya qilganlar. Ko‘prik
ustidagi jangda shaharliklar 3000 nafardan ziyod mo‘g‘ul askarlarini qirib tashlashga ham
muvaffaq bo‘ladilar.
Shahardagi janglarda Xorazmlik mashhur alloma, faylasuf va olim, “Kubroviya”
tariqatining asoschisi Ahmad ibn Umar Abul Janob Najmiddin al-Kubro al-Xevaqiy (1145-
1221 yy.) ham faol qatnashdi. O‘ziga “Yo Vatan, yo sharofatli o‘lim” degan g‘oyani shior
qilib olgan bu 76 yoshdagi buyuk shayx mo‘g‘ullarning taslim bo‘lish haqidagi takliflarini
rad etib, o‘zining behisob shogird, do‘st-yoron, muxlis-safdoshlar bilan shahar ichki
mudofaasida ishtirok etadi. Uning jangovar chaqirig‘iga muvofiq har bir qarich yerni
shaharliklar qahramonona tarzda, bir tomchi qonlari qolguncha himoya qiladilar. Najmiddin
Kubro qahramonona tarzda jang qilib, o‘lim oldidan mo‘g‘ul navkariga tashlanib uni avval
halok qilib, shahid bo‘ladi. Shahar mudofaasi cho‘zilib, hatto Chingiz o‘g‘illari Jo‘chi va
Chig‘atoy o‘rtasida ham ixtilof chiqib, shaharni egallash boshqa bir o‘g‘il - Ugedeyga
topshirildi. Behisob qon daryo bo‘lib oqib, bundan so‘nggi himoya befoydaligini sezgan
shaharliklar qolganlarni jonini saqlab qolish maqsadida taslim bo‘lishdan o‘zga choralari
qolmaydi. 100000 dan ko‘proq hunarmandlar ajratib olinib, Mo‘g‘ulistonga jo‘natiladi.
Shahar ahli dashtga haydab chiqarilib, bolalar va ayollar bo‘lib olinadi. «Ortiqcha» asirlar
124
haqoratli o‘limga mubtalo etiladi. Juvayniyning yozishicha, har bir mo‘g‘ul askarga
shaharliklardan 24 ta o‘ldirilgan askar to‘g‘ri kelgan ekan. Qolgan barcha narsalar beayov
talon-taroj qilindi. Shahar qo‘lga olingandan uning asosiy qismi buzilgan, xonavayron
bo‘lgan edi. Shundan keyin ham mo‘g‘ullar Amudaryo to‘g‘onini buzib, shaharni suvga
bostiradilar.
Urganch qamali bilan bir vaqtda Chingizxon 1221 yilning bahorida o‘zining e’tiborini
Amudaryodan janubdagi yirik savdo yo‘llari ustida joylashgan boy madaniyat markazlari
bo‘lmish Balx, Hirot, G‘azna, Qandahor, Nishopur va boshqalarga qaratdi. Chingizxon
shaxsan Balx yurishiga boshchilik qilib, shaharni zabt etdi. Balx aholisini esa qirib tashladi.
Ba’zi bir janublik Xorazmshoh noiblari, jumladan Amin-al mulk ham mo‘g‘ullar tomoniga
xiyonatkorona o‘tib ketdilar.
Jaloliddinga qarshi kurash vaqtida qator qal’a, shaharlar qattiq janglar ila ishg‘ol
qilindi (Bamiyon, G‘azna, Qandahor, Gardiz, Valiyon va boshqalar.) Ularning janubdagi
oxirgi egallagan shahri Hindistonning shimoliy g‘arbidagi Mo‘lton bo‘lib qoldi.
Manbalarda “Jahon sultonlari poytaxti” va ”Insoniyat buyuk farzandlari beshigi”
nomini olgan Urganch, Sharqdagi “islom tayanchi” Buxoro, qadimiy Afrosiyob vatani
Samarqand, masjidlarning soni (1200 taga yetgan) bilan mashhur “qubbat-ul islom” Balx,
o‘z madrasalari bilan dong‘i ketgan Marv, o‘zining nozikta’b ilmli kishilari bilan ma’lum
Nishopur va ko‘plab ma’lum va mashhur shaharlar talon-taroj etilib vayron qilindi.
Mo‘g‘ullarning kuchli zarbasiga uchragan ba’zi shaharlar, masalan, O‘tror, Sig‘noq,
Borchilig‘kent va boshqalar umuman uzoq vaqtgacha dasht-biyobonlarga aylanib qoldi. Shu
davrda yashagan arab tarixchisi Ibn al-Asir (1160-1244) mo‘g‘ul bosqini xususida shunday
deb yozgan edi: “Ular (ya’ni mo‘g‘ullar) hech kimga shavqat qilmadilar, aksincha xotinlar,
bolalar, erkaklarni o‘ldirdilar, homilador ayollarning qorinlarini yorib, tug‘ilmagan
go‘daklarni nobud qildilar... Bu musibat to‘lqinlari turli tomonlarga tarqaldi va uning fojeasi
umumiy bo‘lib qoldi hamda u shamol bulutlarni turli tomonga haydagani kabi butun
viloyatlarga yoyildi. Xitoy chegaralaridan bir xalq chiqib Turkistondagi Qashg‘ar va
Bolasog‘un kabi viloyatlarni, Movaraunnahrdagi Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarini
vayron etib, qirg‘in qilib, talon-taroj qilib egalladi. Tatarlar hech qaysi shaharlarni omon
qoldirmadilar ketayotib hamma yerni vayron etdilar. Ular nimaniki yonidan o‘tgan bo‘lsalar
o‘zlariga yoqmagan barcha narsalarga o‘t qo‘ydilar”.
Do'stlaringiz bilan baham: |