Arablar bosib olgandan keyin Movarounnahr va Xurosondagi ijtimoiy-siyosiy
ahvol. Xalq harakatlari
Arablar O‘rta Osiyoni bosib olgach bu hududdagi hamma shaharlar va aholi joylarida
o‘z qo‘shinlarini joylashtirdilar. Bu harbiy kuchlar o‘z vaqtida mahalliy aholi ustidan nazorat
qilib turardi. Arab xalifaligining hukmronligi aholi uchun og‘ir yuk bo‘lib qoldi.
Istilochilar avval boshda Movarounnahrning hunarmandchilik va savdo shaharlari,
obod viloyatlariga bostirib kirib, ularni taladilar va katta o‘ljalarga ega bo‘ldilar. O‘lkalarni
bosib olish chog‘ida dehqonchilik vohalari oyoq osti qilinib, shahar va qishloqlar vayron
etildi. Suv inshootlari buzib tashlandi. Ko‘pgina joylarda qurg‘oqchilik yuz bera boshladi.
Shaharlardan katta miqdorda qimmatbaho o‘ljalar, Buxoro, Poykand va So‘g‘d
hukmdorlaridan esa katta miqdorda tovon olindi.
Arab qo‘shini tarkibiga mahalliy aholi ichidan ko‘plab erkaklar majburan safarbar
qilindi. Harbiy harakatlar natijasida aholining bir qismi halok bo‘ldi, bir qismi asirga olindi.
Barcha shahar va qishloqlarda o‘z harbiy garnizonlarini joylashtirishgan arablar, shu harbiy
kuchga tayanib aholidan turli soliqlar undirishar, ularni turli jamoat ishlariga safarbar
qilishar edi. Marv, Poykand, Buxoro, Samarqandda uylarning qoq yarmi arablar ixtiyoriga
topshirildi. Ba’zi istilochi zodagonlar dehqonchilik vohalaridagi eng unumdor yer maydonlar
va suv inshootlarini egallab ola boshladilar. Arab oilalari qishloq va shaharlarga kelib
o‘rnasha boshladilar. Ariq qazish, ko‘prik qurish, binolarni ta’mirlash va boshqa jamoa
ishlarida aholidan bepul foydalanar edilar. Shu bilan birga mahalliy aholi arab zodagonlari
79
va qo‘shinini ot-ulov, kiyim-kechak, oziq-ovqat, qullar va boshqa narsalar bilan ta’minlab
turishi kerak edi.
Iqtisodiy hayotni o‘z qo‘llaridan chiqarmaslik maqsadida arablar bu yerda sosoniylar
tartibidagi soliq tizimini joriy qildilar. Bu tizimga yer solig‘i-hiroj (hosilning o‘ndan bir
yoki o‘ndan ikki qismi miqdorida) chorva, hunarmandchilik, savdo-sotiqdan zakot (qirqdan
bir miqdorda) hamda islomni qabul qilmagan shaxslardan olinadigan juzya solig‘i ham
qo‘shildi.
Arablar o‘z hukmronligi siyosiy negizini mustahkamlash va uning barqarorligini
ta’minlashda islom dinini keng yoyishga va targ‘ib qilishga katta e’tibor berdilar. O‘rta
Osiyo aholisi ichida e’tiqod qilayotgan zardushtiylik, moniylik, buddizm, nasroniy va
boshqa dinlar soxta deb e’lon qilindi. Ayniqsa zardushtiylikka qarshi keskin kurash olib
borildi. Bosib olingan yerlarda bu dinning barcha ibodatxonalari yo‘q qilindi. Uning o‘rniga
masjidlar barpo qilina boshlandi. Zardushtiy adabiyotlar, xususan diniy kitoblar, so‘g‘d
tilidagi nomalar, xalq adabiyoti yo‘q qilinib yuborildi.
“Qutayba ibn Muslim Xorazm xattotlarini qatl ettirdi va din peshvolarini qirib tashlab,
ularning kitob va qo‘lyozmalarini yoqib yuborgandan keyin,-deb yozgan edi Beruniy,-
xorazmliklar savodsiz bo‘lib qoldilar, ularning faqat yodda saqlab qolgan xotiralarigina
qoldi, ammo vaqt o‘tishi bilan bu unutilib, faqat o‘zlari uchun mos bo‘lgan xotiralargina
saqlanib qoldi”.
So‘g‘d tilidagi dunyoviy adabiyotlar yo‘q qilib tashlandi. Islom dinini qabul qilgan,
musulmon bo‘lgan mahalliy aholi vakillari dastlabki yillarda xiroj va juzya soliqlaridan ozod
etilib, ularga anchagina imtiyozlar berildi. Namoz o‘qish uchun masjidlarga borgan
shaxslarga 2 dirhamdan pul ham berilar edi. Juzya solig‘ini o‘z vaqtida to‘lamagan kishilar
tutib olinib bo‘yinlariga “qarzdor” deb taxtachalar osib qo‘yilgan.
Qutaybaning o‘limidan so‘ng arab hokimiyatining Movarounnahrdagi mavqeyi biroz
zaiflasha bordi. Xurosonning yangi noibi Al-Jarroh (717-719) yangi musulmon aholisiga
islomga zid ravishda shafqatsiz munosabatda bo‘la boshlaydi. Sulaymon vafotidan so‘ng
taxtga o‘tirgan yangi xalifa Umar ibn Abdulaziz (717-719)-Umar II xorijiylar ta’limoti
tarafdori edi. Xorijiylar shialardan ajralib chiqqan guruh bo‘lib ilk islom ta’limoti tartiblarini
va umumiy tenglik g‘oyalarini ilgari surar edilar. Umar II Movarounnahrdagi murakkab
vaziyatni hisobga olib, bo‘ysundirilgan xalqlar bilan murosachilik siyosatini yurgiza
boshladi. U Movarounnahr aholisini islomni qabul qilishga chaqirib, katta ahamiyatli farmon
qabul qildi. Unga ko‘ra arablarga yangi yerlarni zabt etish man qilindi va moliyaviy
islohotlar o‘tkazish ko‘zda tutildi. Arablar bilan bir qatorda yangi musulmonlardan ham
juzya va xiroj solig‘i olish bekor qilindi. Umar II soliq yig‘uvchilardan va xalifalik
amaldorlaridan Qur’on va Hadislarga qat’iy amal qilishni buyurdi.
Arab feodal-zodagonlari turli yo‘llar bilan xiroj solig‘i yig‘a boshladilar. Xalifa
xazinasiga keladigan soliqlar esa kamayib keta boshladi. Xiroj yerlarini davlat solig‘i
sifatida saqlab qolish maqsadida Umar II arablarga o‘z yerlarini kengaytirishni man etdi va
hijriyning 100 yilidan (719 yil) keyin sotib olingan barcha xiroj yerlarini qaytib berishni
buyurdi. Shu paytgacha olingan yerlardan esa xiroj emas, ushr (o‘ndan bir qismi) soliq olish
ko‘zda tutildi.
Umar II islohotlaridan ruhlangan Samarqand ahli zodagonlari unga elchilar yuborib
Samarqand shahristonini qaytarib berishni so‘radilar. Umar II Samarqand hokimi Sulaymon
ibn-Abus-Sariyaga maktub yozib, qozi bu ishni hal qilib berishini so‘raydi. Samarqandliklar
shikoyati ko‘rib chiqilib, bu ish samarqandliklar foydasiga hal bo‘ldi. Qozi Samarqanddan
arab garnizoni olib chiqib ketilishi kerak deb hukm chiqardi. Bu esa urushni bildirar edi.
Arablar kuch-qudratini bilgan samarqandliklar o‘z da’volaridan yana voz kechdilar.
Mahalliy zodagonlar o‘zlarini musulmon hisoblab, g‘aznaga soliq to‘lamay qo‘ydilar.
Shundan so‘ng xalifalik barchadan soliqlarni olishni belgiladi. Natijada Movarounnahrda
80
norozilik kuchayib keta boshladi. Mahalliy zodagonlar bilan arab ma’muriyati orasida
ziddiyat keskinlasha bordi.
Do'stlaringiz bilan baham: |