badaviylar deb yuritilgan. Vohalardagi aholi dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Dengiz
bo‘ylari, vohalarda, shaharlar qad rostlagan bo‘lib, ularda asosan savdo-sotiq va
hunarmandchilik bilan kun ko‘radigan aholi yashar edi.
74
VI asrning ikkinchi yarmi, VII asrning birinchi yarmidagi arab ijtimoiy hayoti juda
murakkab va rang-barang edi. Unda urug‘-aymoqchilik munosabatlari endigina kurtak ochib
kelayotgan feodal munosabatlar bilan chatishib ketgan edi. Asosiy savdo yo‘llarining bu
hududdan o‘tishidan arab zodagon-savdo ahli juda manfaatdor edi. Lekin mamlakatda bu
paytda siyosiy parokandalik hukm surar edi. O‘zaro qabilaviy urushlar natijasida
dehqonchilik va savdo-sotiq ishlariga katta zarar yetkazilar, xonavayronlik avj olgan edi. Bu
holat arab aslzoda guruhlari, zodagonlari manfaatiga zid bo‘lib, mamlakat iqtisodiy
yo‘nalishida yuqoridagi salbiy holatlar katta zarar yetkazar edi. Yuqoridagi vaziyat ham turli
tabaqa, toifa kishilarining o‘zaro hamjihatlikka yagona, kuchli davlat atrofiga birlashishga
chaqirar edi. Aholi ichida ko‘p xudolik-butparastlik urf edi (xususan Ka’bada 360 ta but
bo‘lib, ularning eng yiriklari Hubal va Lut bo‘lgan).
Shunday vaziyatda Islom to‘g‘ri va haq yo‘lni ko‘rsatuvchi din sifatida yuzaga keldi.
Islom-bu Alloh yagona deb e’tirof etib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalbi bilan unga ixlos
qilmoqlik va Alloh buyurgan diniy e’tiqodga iymon keltirmoqlik demakdir. Islom “itoat”,
“bo‘ysunish” ma’nolarini bildiradi. Bu dinning asoschisi Muhammad payg‘ambar (s.a.v.)
(570-632) makkalik Abdullohning o‘g‘li bo‘lgan. Uning bobosi Abumutallib quraysh
qabilasining boshlig‘i bo‘lgan.
Muhammad payg‘ambarning ta’limotiga ergashganlarni “muslim”, ya’ni “itoatkorlar”
deb yuritganlar. O‘z payg‘ambarlik faoliyatini Muhammad Makkada boshlagan. Makka
Arabiston yarim orolining g‘arbiy qismidagi Hijoz viloyatida joylashgan shahar bo‘lib, bu
yerda Ka’ba joylashgan edi. Diniy ta’limotga ko‘ra Ka’bani Odam Ato barpo qilgan bo‘lib,
uni Ibrohim payg‘ambar o‘z o‘g‘li Ismoil bilan birga qayta qurgan va birinchi Haj safarini
uyushtirgan. Ka’baning ichida muqaddas tosh “Hajar-ul-asvod” o‘rnatilgan. Har yili bu
muqaddas joyga millionlab musulmonlar ziyoratga keladilar.
Muhammad payg‘ambar muslim (musulmon)larning yagona Alloh oldida teng
ekanliklarini, Yaratganning o‘zi rizq-ro‘z ulashishini, jamiyatdagi adolatsizlikka qarshi jazo
muqarrar va har bir kishi bu dunyodagi ishlariga ko‘ra taqdirlanishi, inson Yaratgan, yolg‘iz
Allohgagina e’tiqod qilishini targ‘ib qiladi. Bu ta’limot aholining barcha qatlamlari
manfaatlariga mos bo‘lib, tez orada birinchi navbatda shahar ahli ichida tarqala boshlaydi.
Lekin yangi din tarafdorlarining ahvoli ularning e’tiqodlariga ko‘ra og‘irlashib borgandan
so‘ng bir qism musulmon aholi Habashistonga, ba’zilari shimolga qarab ketishga majbur
bo‘ldilar. Muhammad ham o‘ziga qarshi turgan quraysh qabilasi a’zolarining ta’qibi
kuchayib ketgan 622 yil 16 iyulda (ba’zi adabiyotlarda 15 iyul deyiladi) o‘zining eng yaqin
do‘sti va safdoshi Abu Bakr bilan Makkadan Madinaga ko‘chishga majbur bo‘ladi. Bu arab
tilida “hijrat” deb atalib, shu kundan boshlab musulmon olamida qabul qilingan hijriy yil
boshlanadi. (Hijriy yil hisobi 2 xil bo‘ladi: hijriy-qamariy, ya’ni oy hisobi bo‘yicha va hijriy-
shamsiy, quyosh hisobi bo‘yicha).
Madinada Muhammad o‘z ta’limotini davom ettiradi. Madinada shuhrat qozongan
makkaliklar butparastlik g‘oyalariga qarshi ham harbiy, ham siyosiy zarba bera boshlaydilar.
Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar vafot etgach (632 y), ketma-ket “Xulofoiy rashoddin” (haq
yo‘ldan borgan sahih xalifalar) nomlarini olgan Abu Bakr, Umar, Usmon va Alilar (661
yilgacha) payg‘ambar siyosatini davom ettirib, Arabiston yarim orolida markazlashgan-Arab
xalifaligi davlatiga asos soladilar. O‘zaro qabilalar birlashuvi, dini islomning yoyilishida
ilohiy muqaddas kitob Qur’onning o‘rni nihoyatda katta bo‘ldi.
VII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Xalifalik kengaya borib o‘z chegaralarini g‘arb
va sharq tomon kengaytirishga harakat qildi. Yaqin va O‘rta Sharqning boy viloyatlari
qo‘lga olinib, nihoyatda uyushgan va jangovar arab qo‘shini shiddat bilan harakatlarini
boshlab yuborgan edi. Bir vaqtning o‘zida arablar o‘z yurishlarini Vizantiya va Eronga
qarshi olib bordilar. Sosoniylarning so‘nggi vakili Eron shohi Yozdigard III (632-651)
arablarga qarshi turishga harakat qildi. Lekin Kadisiya (636 y.) va Nahavand (642 y.)dagi
janglarda arablar qo‘shini forslarga qaqshatqich zarba berib Sosoniylar sulolasiga barham
75
berdilar. Vizantiyaga qarshi qilingan harbiy harakatlar natijasida Falastin, Misr, Suriya, Iroq
egallandi. Xalifa Umar ibn al-Xattob (634-644) davrida ilk bora arab istilochilari Xuroson
chegaralarida paydo bo‘lgan edi. 643-644 yillarda arab sarkardasi Abdulloh ibn Varqa
Kirmonni egallab Xurosonning janubdagi darvozalari hisoblangan Tabas va Qureynga yurish
qiladi. Bu yerning aholisi o‘z zimmasiga yiliga 60000 dirham soliq to‘lash majburiyatini
oladilar.
Arablarning keyingi harbiy harakatlari 650-651 yillarga to‘g‘ri keladi. Shu yillarda
Basra noibi ibn Kurayza Xuroson bilan chegaradosh yerlarga yurish qiladi. 651 yilda Marv
shahri egallandi. Marv marzaboni (hokimi) Abraz (Baraz) sarkarda ibn Amirga 2 mln. 200
ming kumush dirham evaziga tinchlik bilan shaharni topshiradi
Arablar Amudaryodan (Jayxun) shimolda joylashgan yerlarga “Movarounnahr”, ya’ni,
“daryoning narigi tomonidagi yerlar” deb nom berishadi. Hozirgi Afg‘onistonning shimoli,
Eronning shimoli-sharqiy qismi hamda Janubiy Turkmanistondan to Amudaryogacha
bo‘lgan hududlar esa Xuroson deb yuritilgan. Avval boshda Xurosonning markaziy shahri
Marv, keyinchalik Hirot shahri bo‘lgan.
Arablarning Movarounnahrga qarshi harbiy yurishlari o‘z maqsad va rejalari bilan 2
davrga bo‘linadi. Birinchi davrda xalifalik istilo etishni emas, balki harbiy jihatdan
tayyorgarlik ko‘rish, mahalliy hukmdorlar kuch-qudratini sinab ko‘rish, mavjud geografik,
harbiy, iqtisodiy, siyosiy joylashuvini o‘rganish, kichik yurishlar orqali katta o‘ljalar orttirish
rejasini amalga oshiradi.
651-yili noib Abdulloh ibn Amir hukmronligi davrida arablar Xurosondagi Nishopur,
Obinahr, Tus, Jom, Obivard va boshqa katta-kichik qo‘rg‘on shaharlarni egalladilar.
Faqatgina 651-yilning o‘zida Xuroson noibi ibn Amir yangi egallangan yerlardan xalifa
xazinasiga 6 mln. 200 ming dirham to‘plagan soliqlarni yuboradi. Balx yaqinidagi hal
qiluvchi jangda (652-y.) arablar Balx shahrini egallashadi. O‘sha yili Amudaryodan o‘tib
Movarounnahrga hujum qilish rejasi arablar uchun muvaffaqiyatsiz tugaydi. Lekin shu bilan
birga, har holda Xuroson noibi Abdulloh ibn Amir 652-yil boshida Chag‘oniyonni
egallashga muvaffaq bo‘ladi. Bu esa ilk bor Movarounnahr yerlarini egallash edi. 654-yili
Sug‘ddagi Maymurg‘ qal’asiga arablarning birinchi hujumi bo‘ladi.
657-yili Chag‘oniyonga arablar qayta yurish qilib eftalitlarga qarshi qat’iy zarba
berdilar. Arablar keng miqyosdagi hujumlarga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan edilar. Xalifalik
ichidagi o‘zaro hokimiyat uchun ichki nizolarning kuchayishi natijasida arablarning
Movarounnahr yerlariga hujumlari bir oz to‘xtab qoladi. Hatto 658-659 yillarda noib Xulayd
Nishopur va Marv aholisidan arzimas soliqlar olish xususida shartnoma imzolab, bosib
olingan Xuroson yerlaridagi nazoratni ancha susaytiradi. 661 yili hokimiyat boshiga yangi
Ummaviylar (661-750) sulolasining kelishi harbiy harakatlarning faollashuviga sabab
bo‘ladi. 665-yili xalifa Muoviya (661-680) Ziyod ibn Abu Sufyonni Basra, Seyiston va
Xuroson noibi etib tayinlaydi. Xalifa unga jadal harbiy harakatlar qilish topshirig‘ini bergan
edi.
Narshaxiyning yozishicha, 673-yilning kuzida xalifa Muoviyaning farmoni bilan
Xuroson noibi Ubaydulloh ibn Ziyod Amudaryodan kechib o‘tib Buxoro viloyatiga bosib
kiradi, Poykand va Romitonni egallab, Buxoro shahrini qamal qiladi. Yordamga kelgan
turkiylar buxoroliklar bilan bir qator turib arablarga qarshi jangda qatnashadilar. Bu jangda
arablar g‘olib keladilar. O‘sha yili arablarning ar-Rabiy boshchiligidagi harbiy otryadi Amul,
Zemm va Xo‘jand atroflarigacha bo‘lgan yerlarga hujum qilib, katta o‘lja bilan orqaga
qaytishgan edi. 676-yili Xurosonning yangi noibi Sayid ibn Usmonning Buxoro va
Samarqandga yurishida Muhammad payg‘ambarning jiyani Qusam ibn Abbos ibn Abdul-
Mutallib ishtirok etadi. Samarqand yonidagi janglardan birida halok bo‘lib, so‘ng
keyinchalik Shohi Zinda (tirik shoh) nomini olgan qabristonga dafn etiladi.
Sayid ibn Usmonga qarshi Buxoro malikasi Xo‘takxotun So‘g‘d, Kesh, Nasafdan
yordamga kelgan 120000 kishilik harbiy qo‘shin bilan peshvoz chiqadi. Lekin so‘g‘dliklar
76
jang maydonini tashlab chiqib ketganlaridan so‘ng malika kattagina boj (300000 dirham)
to‘laydi.
Sayid ibn Usmon Buxorodan Samarqandga yo‘l oladi. Samarqand 1 oy davomida
qamal qilinadi. So‘g‘dliklar jasorat bilan qarshilik ko‘rsatadilar. Sayid ibn Usmon
so‘g‘dliklar bilan sulh tuzishga majbur bo‘ladi. U Samarqanddan 30000 kishini asirga olib,
orqaga qaytadi va yo‘l-yo‘lakay Termiz shahrini ham istilo etadi.
Xalifa Yazidning vafotidan (683 y.) so‘ng toju-taxt uchun kurash boshlanib ketadi.
Bunday vaziyatda arablar yana Movarounnahrga hujum qilishdan deyarli to‘xtab, o‘z ichki
nizolari bilan band bo‘lib qoladilar.
Xalifa Abdulmalik ibn Marvon (685-705) davrida ichki nizolarga chek qo‘yilgandan
so‘nggina arab siyosiy arboblari va zodagonlari Movarounnahrga haqiqiy yurish qilish vaqti
keldi deb topdilar. Yangi tayin etilgan Xuroson noibi Qutayba ibn Muslimga Iroq noibi al-
Hajjoj Movarounnahrni butkul egallashni va qat’iyat bilan harakat qilishni topshiradi. Arab
bosqinchiligining ikkinchi davri, ya’ni, Movarounnahr yerlarini xalifalikka butunlay qo‘shib
olish boshlanadi.
O‘rta Osiyodagi siyosiy parokandalik va kichik davlatlarning bir-birlari bilan tez-tez
nizolarga borib turishi Qutaybaga qo‘l keldi. O‘z harbiy yurishlarini Qutayba 705 yil Balx
viloyatini bosib olish bilan boshladi. Balxdan tashqari Qutaybaga Chag‘oniyon, Shuman va
O‘rta Osiyoning janubidagi kichik viloyatlar bo‘ysunadi. Chag‘oniyon hokimi Tish arablar
tomoniga o‘tib ketadi.
706-yil Qutayba katta qo‘shin bilan Movarounnahrga kirib keldi. Tabariyning
ma’lumotlariga ko‘ra, Qutayba eng obod va boy shaharlardan biri Poykand tomon harakat
qildi. Uning qo‘shini tarkibida arablar xizmatiga o‘tgan Balx va Chag‘oniyon hokimlarining
ham qo‘shinlari bor edi. Poykandning ko‘pchilik aholisi savdogarlar edi. Shaharda
qoldirilgan harbiy qo‘shinga turk sarkardasi bosh edi. So‘g‘d va boshqa viloyatlardan kelgan
kuchlar bilan poykandliklar arablarga qattiq turib qarshilik ko‘rsatdilar. Arablar sug‘dlar
tomonidan o‘rab olinib Qutaybaning barcha yo‘llari kesib qo‘yildi.
Lekin ichki ittifoqning yo‘qligi, o‘zaro nizolar natijasida Poykand himoyachilarining
kuchi zaiflasha bordi. Qutayba qal’aga birinchi safda borgan va shahid bo‘lgan kishilarning
oilalariga katta mukofot va’da qildi. Ketma-ket 15 kun davom etgan janglardan so‘ng arablar
qal’a devorini teshishga muvaffaq bo‘ldilar. Shahardagi og‘ir janglardan so‘ng Poykand
arablar qo‘liga o‘tdi.
Poykand fojeasidan so‘ng Qutayba boshliq kuchli raqibga zarba berib uni mag‘lub
etish maqsadida Sug‘d podshosi Tarxun, Buxoro hukmdori Xunukxudod, Shopurkom
hokimi Vardanxudod boshliq katta qo‘shin yig‘ildi. Ularga turklar yordamga kelib, jami
qo‘shinning miqdori 40000 kishi atrofida edi.
Ittifoqchilar qo‘shini Buxoro yaqinida Torob, Xunbun, Romiton oralig‘ida to‘plandi.
Qutayba qurshovda qoldi. Arablarning ahvoli nihoyatda og‘irlasha bordi. Shunda bu
ahvoldan qutulish uchun Qutayba makkorlik yo‘lini tutib, nayrang ishlatadi. Narshaxiyning
yozishiga ko‘ra, Qutayba Xayon-an-Nabatiy ismli o‘z kishisini ittifoqchilar ichida qudratli
bo‘lgan So‘g‘d podshosi Tarxunga maxfiy suratda vakil qilib yuboradi. Nabatiy Tarxunga
arablar havo sovushi bilan shundoq ham Marvga qaytib ketajaklarini, holbuki turkiylar
So‘g‘dni arablar ketganidan so‘ng butkul egallab olajaklari xususida soxta xabar yetkazadi.
Bu xabar ittifoqchilar ichida bo‘linishga sabab bo‘ladi. Tunda sarosimaga tushgan Tarxun
Qutayba lageriga sovg‘a-salomlar bilan 2 mln. dirham yuborib, evaziga sulh shartnomasi
matnini oladi.
Arablar ittifoqchilarni zaiflashtirib, ketma-ket ular yerlarini egallay boshlaydilar. 708-
709 yillar mobaynida Qutayba Buxoro va uning atrofiga bir necha bor hujum qilib,
Buxorxudod Tug‘shod qo‘shinlarini tor-mor etadi va unga amir etib o‘z yaqinlaridan birini
tayinlaydi. Amir Buxorxudod ustidan nazorat qilib turish, Buxoroda qoldirilgan harbiy
77
qismga askarboshilik qilish, aholidan soliq undirishi va uni o‘z vaqtida xalifalikka yetkazib
berish vazifasini ado etar edi.
Xorazmda boshlangan ichki ziddiyatlar Qutayba fikrini o‘zgartirdi. Xorazmda xalq
g‘alayoni boshlangan bo‘lib, unga Xorazmshoh Chag‘onning ukasi Xurzod boshchilik qilar
edi. Qutayba Xurzod boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilarni tor-mor keltiradi. 710-712 yillarda
Xorazmshoh Qutayba bilan tinchlik sulhini tuzib, unga 10000 qoramol miqdorida boj
to‘laydi. Xorazm shu bilan o‘z mustaqilligini yo‘qotib arablar hokimiyatini tan oladi.
Qutayba esa o‘z qo‘shini hamda Xorazmshoh va Buxorxudod qo‘shinlari bilan birgalikda
Samarqandga yo‘l oladi.
Shu paytda norozilik va qo‘zg‘olon natijasida shahar podshosi Tarxun taxtdan
ag‘darilgan edi. Sug‘d podshosi va Samarqand afshini sifatida Tarxunning ukasi G‘urak
(710-737) taxtga o‘tiradi. Tarxun esa hibsda o‘zini-o‘zi halok etadi.
G‘urak Qutaybaga qarshi chiqadi. Kattaqo‘rg‘on yaqinidagi Arbinjon mavzesida
shiddatli jang bo‘lib o‘tadi. Ammo G‘urakning kuchlari ozlik qilib Samarqandga
chekinishga majbur bo‘ladi. Arablar tomonidan Xorazm va Buxoro hokimlari qo‘shinining
qatnashuvi, sug‘diylarning yakkalanib qolishlari va atrofdan yordam ololmasliklariga sabab
bo‘ladi. Undan tashqari Samarqand zodagonlari ichida birlik ham yo‘qoladi. Tarxunning
o‘limidan so‘ng uning tarafdorlari ko‘proq arablarga yon bosa boshlashadi. Panjikent hokimi
Devashtich shu guruhga rahbarlik qila boshlaydi. Qutayba esa “Tarxun o‘limi uchun qasd
olaman” deb e’lon qiladi.
Qamalda qolgan G‘urak Shosh podshosi, Turkiy hoqon va Farg‘ona ixshidiga murojaat
qilib ulardan yordam so‘raydi. Turkiylar qo‘shini bu paytda Sug‘d chegarasi yaqinida bo‘lib
Farg‘ona va Shosh qo‘shinlari bilan birgalikda ittifoqchilar lashkarini vujudga keltiradi.
Ittifoqchilar qo‘shinining tepasiga lashkarboshi etib Turkiy hoqonning kichik o‘g‘li Inal
hoqon tayinlanadi. Qutayba darhol o‘z ukasi boshchiligida saralangan qo‘shin tuzib,
ittifoqchilar yo‘liga tuzoq qo‘yadi. Arablar ittifoqchilarni tor-mor etib, ularning mol-
mulklarini talaydilar.
Qutayba shundan so‘ng Samarqandga hujumni kuchaytiradi. Shahar ra’danroz (tosh
otg‘ich)lardan o‘qqa tutiladi. Bu janglarda ayniqsa buxoroliklar, xorazmliklar katta jonbozlik
ko‘rsata boshlaydilar. Bir oy davomida shahar mudofaachilari Samarqandni qahramonona
mudofaa qildilar. Arablar oxir oqibatda shahar devorlarini buzib shahristonga bostirib
kirdilar. Samarqand arablarga taslim bo‘ldi. G‘urak va Qutayba o‘rtasida sulh tuzildi.
Qutayba jo‘nab ketishi oldidan shaharda o‘z ukasi Abdurahmon ibn Muslim boshliq
yaxshi saralangan qo‘shinni qoldirib ketadi. Lekin matonatli Sug‘d aholisining qarshiligi bu
bilan tugamaydi. Al-Yaqubiyning yozishicha, 712-yil kuzida Samarqandda arab noibiga
qarshi qo‘zg‘olon ko‘tariladi. Ularga turklar yordam beradi. Faqatgina 713 yil bahorida
Qutaybaning yetib kelishi bilan shahardagi qo‘zg‘olon bostiriladi.
Mug‘ tog‘idan topilgan hujjatga ko‘ra Qutayba o‘zining keyingi yurishlarida Shosh,
Farg‘ona va Turkiy hoqonlik qo‘shinlaridan iborat yana bir harbiy ittifoqning qarshiligiga
duch keladi. Sug‘d, Choch, Farg‘ona ittifoqiga Panjikent hokimi Devashtich ham qo‘shiladi.
U Choch va boshqa yerlarga o‘z elchisi Fatufarnni yuboradi. Fatufarn nomani Choch
hukmdori Moxedu tudun (Bahodir tudun)ga topshiradi. Qolgan ikki maktubni Farg‘ona
elchisi orqali turkiylar hokimi va Farg‘ona ixshidiga berib yuborgan.
Qutayba bu o‘lkalarni tezda o‘ziga bo‘ysundirish harakatiga tushadi. Tabariyning
ma’lumotlariga ko‘ra, Qutayba 713-yil Buxoro, Kesh, Nasaf va Xorazm aholisidan 20000
askar to‘plab berishni talab qildi. O‘z qo‘shini bilan uni qo‘shib, qo‘shinni 2 ga bo‘lib
ajratadi. Kesh, Nasaf, Xorazmdan kelgan qo‘shin Choch viloyatiga, o‘zi esa asosiy kuch
bilan Ustrishona orqali Farg‘ona vodiysiga yo‘l oladi. Birinchi qo‘shin Choch qo‘shinini tor-
mor etib, Choch viloyatini egallaydi. Qutayba esa Ustrishonda hal qiluvchi jang olib borib
Xo‘jand va Kosonni zabt etadi.
78
714-yil Qutayba Turkiy hoqonlikdan harbiy yordam kelish yo‘lini to‘sish maqsadida
Choch vohasiga qayta bostirib kiradi. O‘sha yili asosiy yo‘ldagi Isfijob (Sayram)ni ishg‘ol
etadi. 715-yil boshida esa Farg‘ona podshosi qochib ketishga majbur bo‘ladi. Qutayba o‘sha
yili Qashqargacha bo‘lgan yerlarni istilo etadi. Hamma viloyatlarga arablardan bo‘lgan
amirlarni noib etib tayinlaydi. O‘sha yili arab xalifasi Volid vafot etadi. Xalifalik taxtiga
Sulaymon ibn Abdulmalik o‘tiradi. Qutayba Sulaymonga nisbatan g‘animlik munosabatida
bo‘lib, uni qo‘llamas edi. Qutayba uni taxtga chiqishidan norozi bo‘lib isyon ko‘taradi.
Natijada bu isyon muvaffaqiyatsiz tugab Qutaybaning o‘zi Farg‘onada o‘ldiriladi (715-y).
Shunday qilib, 10-yil davomida olib borilgan doimiy kurashlar natijasida
Movarounnahr xalifalik ixtiyoriga kirsa-da, ammo uning mag‘rur aholisi o‘zini butkul tobe
etilgan deb hisoblamaydi. Shuning uchun ham Qutayba har yili qishlash uchun Marvga
jo‘nab ketar, bahorda esa yangi kuchlar bilan Movarounnahrga hujum qilar edi. Shuning
uchun ham arablar Movarounnahrni egallashda muvaffaqiyat qozondilar. Buning asosiy
sabablari quyidagicha edi. Avvalo mamlakatda hukm surayotgan siyosiy tarqoqlik va kichik
hukmdorlarning o‘zaro kurashlari arablarga juda qo‘l kelgan edi.
Bu vaziyatdan ular ustalik bilan foydalanishar edi. Ular kichik davlatlarning o‘zaro
birlashuviga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildilar va buning uddasidan chiqdilar. Arablar
o‘zaro kurashayotgan hokimlarning biriga ikkinchisini yengishi uchun yordam ko‘rsatib,
keyin ularning har ikkisini ham birin-ketin bo‘ysundirdilar. So‘g‘dni zabt etishda Qutayba
arab qo‘shini bilan bir qatorda Xorazm, Buxoro va Nasafning kuchlaridan foydalangan edi.
Ayniqsa arablar ko‘chmanchi jangovar turkiylar bilan o‘troq dehqonchilik viloyatlari
aholisi o‘rtasida ba’zan yuzaga kelgan kelishmovchiliklardan foydalanib, ularni birini
ikkinchisiga qarshi qo‘ydilar va ittifoqchilarni ajratib yuborishga muvaffaq bo‘ldilar. Shu
bilan birga, xalifalik Movarounnahrdan harbiy qurol-aslahalar jihatidan unchalik ustun
bo‘lmasa ham, biroq qo‘shin saflarini to‘ldirib turish imkoniga ega edilar.
Arablar qo‘shiniga muntazam ravishda yangi harbiy kuchlar ichki viloyatlardan
safarbar qilib turilar edi. Undan tashqari keskin qarshilik kurashini olib borgan xalq,
mahalliy hukmdorlarning xoinona harakatlari, arablar bilan maxfiy til biriktirishlari tufayli
muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |