Tarbiya jarayonining mohiyati, uning o‘ziga xos xususiyatlari. Endi bevosita tarbiya jarayonining mazmun-mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlariga to‘xtalib o‘tamiz. Tarbiyaning ijtimoiy hayotda tutgan beqiyos ahamiyati haqida Sharq va G‘arb mutafakkirlari, ko‘plab pedagog-olimlar tomonidan ta’rif berilgan.
Tarbiya yosh avlodni ma’lum maqsad yo‘lida kamol toptirish, uning ongi va xulq-atvorini shakllantirish va rivojlantirish jarayonidir. Turli ta’riflarda tarbiya mazmuni turlicha talqin qilinsa ham, ularni bitta xususiyat-yosh avlodni kelgusi hayotga tayyorlashga yo‘naltirilganligi birlashtirib turadi. Turli jamiyatda, har-xil shart-sharoitda tarbiyaning maqsadi, mazmuni va amalga oshirish imkoniyatlari ham turlicha bo‘ladi. Tarbiya jarayoni aniq tarixiy sharoitda aynan o‘sha davr uchun dolzarb bo‘lgan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Ya’ni tarbiya – shaxs ongini muayyan jamiyatning maqsad va vazifalariga muvofiq ravishda tarkib toptirish va rivojlantirish jarayoni, kishilarni ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotda faol ishtirok etishga qaratilgan barcha ta’sirlar majmuidir.
Demak, tarbiyaning maqsadi, mazmuni va vositalari u amalga oshirilayotgan jamiyat hayoti bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Shu boisdan ham qadimdan axolinining chorvachilik, dehqonchilik yoki boshqa soha bilan shug‘ullanishidan kelib chiqqan holda tarbiya jarayoni ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan.
Tarbiyaning bugungi kunda global ahamiyat kasb etayotganligini xususida, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev quyidagicha fikr yuritadi; “Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etmoqda.
Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq.
Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz”.
Shaxs hayoti davomida juda ko‘p stixiyali va maqsadli ta’sirlarga duch keladi. Muhit, obyektiv borliqning ta’siri shaxs uchun, tarbiya uchun boshqarilmaydigan ta’sirlar sirasiga kirsa, Ota-onalar, tarbiyachilar, maktab o‘qituvchilarining ta’siri boshqariladigan ta’sirlar hisoblanadi. Ko‘pchilik tarbiyaviy ta’sirlar yig‘indisi shaxs darajasida maqsadli o‘zgarishlarni keltirib chiqara oladigan yagona tarbiya jarayoniga aylanadi.
Agar hayvonot dunyosida asosan instinktlar yordamida rivojlanadigan bo‘lsa, inson bolasi aynan tarbiya, ya’ni maqsadli tashkiliy – uslubiy ta’sirlar yordamida kamolga yetadi. Bu ta’sirlar oiladagi an’analar va urf – odatlarga tayanadigan bo‘lsa, ta’lim muassasalarida maxsus ma’lumotlarga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Shu boisdan, o‘zining kelajagini, ertangi kunini o‘ylaydigan davlat, jamiyat birinchi navbatda yosh avlodga, uning ta’lim-tarbiyasiga asosiy e’tiborni qaratadi. Yosh avlod taqdiriga befarq bo‘lgan jamiyatning ertangi kuni tanazzulga yuz tutadi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidanti Islom Karimov bu haqda shunday degan edi: “...ta’lim-tarbiya – ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojlanishini ham belgilaydigan, ya’ni xalq ma’naviyatini shakllantiradigan va boyitadigan eng muhim omildir. Binobarin, ta’lim-tarbiya tizimini va shu asosda ongni o‘zgartirmasdan turib, ma’naviyatni rivojlantirib bo‘lmaydi.
Shu boisdan bu sohaga yuzaki, rasmiy yondashuvlarga, puxta o‘ylanmagan ishlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi...
Shuni unutmasligimiz kerakki, kelajagimiz poydevori bilim dargohlarida yaratiladi, boshqacha aytganda, xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq”.
“Ta’lim-tarbiya o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan bir jarayonning – shaxsning shakllanishi va rivojlanishi jarayonining ikki tomonidir. Tarbiya o‘sib kelayotgan avlodni hayotga tayyorlash jarayonini, shu jumladan ta’lim va bilim olishni ham o‘z ichiga oladi. Bir butun tarbiya jarayonida uning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ikki qismi ajratiladi: hayotni bilish va unga munosabatni shakllantirish. Hayotni bilish asosan ta’limning vazifasi bo‘lsa, tarbiyaning vazifasi unga nisbatan munosabatni shakllantirishdan iborat”.
Darhaqiqat, tarbiya jarayonida tarbiyalanuvchining qarashlari, hayotiy pozitsiyasi uning turli vaziyatlardagi xulq-atvorni belgilab beradi. Shaxsning pozitsiyasi qanchalik aniq va barqaror bo‘lsa, hayot sharoitlarining salbiy ta’siri shunchalik kam bo‘ladi. Barqaror qarashlar va mustahkam e’tiqodga ega bo‘lgan shaxsning o‘zi atrofidagilarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tarbiya bir butun jarayon bo‘lib, uning turlarga bo‘linishi ham mazkur murakkab jarayonni chuqurroq tahlil qilish va o‘rganish maqsadida shartli ravishda amalga oshiriladi. Xohlagan o‘qituvchidan “O‘quvchilarni o‘qitish osonmi yoki ularni tartibga chaqirib, sinfni tinchlantirishmi?” – deb so‘rasangiz, bir ovozdan “Sinfda tartib bo‘lsa, o‘qitish juda oson”. – deb javob berishadi. O‘zimiz ham shunday javob bergan bo‘lardik. Buning boisi nimada?
Chunki, tarbiya o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan o‘ta murakkab jarayon. Bu xususiyatlar quyidagilardan iborat:
Tarbiyaning maqsadga yo‘nalgan jarayon ekanligi. Maqsad qay darajada aniq va tarbiyalanuvchiga yaqin bo‘lsa, bu jarayon shuncha samarali kechadi.
Tarbiyaning kompleksli amalga oshirilishi. Bu jarayonning maqsadi, vazifalari, mazmuni, shakl va metodlarining birligi shaxsni yaxlit holda tarbiyalash g‘oyasiga bo‘ysunganligini anglatadi. Shaxs sifatlari navbatma – navbat emas, bir vaqtning o‘zida kompleksli shakllanadi.
Tarbiya jarayonining ikki tomonlama jarayon ekanligi. Bu jarayonda tarbiyalanuvchining o‘zi ham faqat obyekt bo‘lmasdan, subyekt sifatida ham ishtirok etishini bildiradi. Bolaning xohish-istagi, qiziqish va imkoniyatlari ham inobatga olingan taqdirdagina tarbiya samarali kechishi mumkin.
Tarbiyaning ko‘p qirrali jarayon ekanligi. Uni amalga oshirishda oila, maktab, davlat va nodavlat tashkilotlari, sport, san’at, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, adabiyot va televideniya ham ishtirok etishini anglatadi.
Tarbiya jarayonining uzoq muddatliligi. Bola dunyoga kelishidan to umrining oxiriga qadar davom etishini bildiradi.
Tarbiya natijasini tezda aniqlab bo‘lmasligi. Ta’lim (dars) natijasini uy ishining bajarilishi sifatiga qarab, keyingi darsda tezda aniqlash mumkin bo‘lgani holda, tarbiyaning bolaga qanday ta’sir ko‘rsatishini yoki qachon o‘zining natijasini berishini oldindan aniqlab bo‘lmaydi. Chunki kishi hayoti davomida unga turli omillarning ta’siri kuchayib yoki susayib turishi mumkin. Shuningdek, tarbiya natijasi tarbiyalanuvchining xarakteri, temperamentiga ham bog‘liq bo‘lishini unutmasligimiz zarur.
Pedagogik psixologiyada tarbiya jarayonining quyidagi tarkibiy qismlari o‘zaro bog‘liq holda ajralib chiqib, rivojlanib kelmoqda:
o‘sib kelayotgan yosh avlodning kattalar tomonidan tarbiyalanishi;
tarbiyalanuvchilarning o‘zini-o‘zi tarbiyalashi;
– tengdoshlarning biri-birini o‘zaro tarbiyalashi – kichiklarning kattalar tomonidan, kattalarning kichiklar tomonidan va tarbiyalanuvchilarning shaxsiy o‘zini-o‘zi tarbiyalashi;
tarbiyalanuvchilar tomonidan tarbiyachilarning tarbiyalanishi (ochiq va yopiq).
Tarbiya jarayonini tashkil etishda uning yuqorida qayd etilgan xususiyatlaridan kelib chiqish maqsadga muvofiq. Zero, mafkuraviy tahdidlar, xalqaro terrorizm xavfi kuchaygan, axborot-kommunikasiya texnologiyalari rivojlangan bugungi kunda bola tarbiyasini faqat Ota-ona yoki maktab zimmasiga yuklab qo‘yish mumkin emasligi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan doimo ta’kidlab kelinmoqda. Jumladan, Ota-ona, maktab, mahalla, huquq-tartibot organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borgandagina yoshlar tomonidan huquqbuzarlik holatlari sodir etilishi oldini olish maqsadida respublikamizda profilaktika inspektorlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda, ularning mehnatini yanada rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda.
Bugungi kunda mamlaktimizda maktabgacha ta’limdan tortib oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga qadar tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktabgachà ta’lim sohasiga jiddiy e’tibor qaratayotgani bejiz emas. Aynan shu davrda bolaning dunyoqarashi kengayadi, uning kelajakdagi ma’naviy-axloqiy qiyofasini belgilaydigan sifatlarning rivojlanishiga zamin yaratiladi. Maktabgacha yoshdagi davr bola hayotida o‘ta muhim ekanligin inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi, “Maktabgacha ta’lim vazirligi” tashkil etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Bog‘cha tarbiyasini ko‘rgan bolaning ongi, dunyoqarashi qanday yuqori bo‘lishini bugun kimgadir isbotlab o‘tirishning, o‘ylaymanki, hech qanday hojati yo‘q...
Shuning uchun maktabgacha ta’lim sohasida ana shunday ulkan islohotlarni hayotga joriy etish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu tarixiy vazifani amalga oshirishimiz shart va uni barchamiz birgalikda bajaramiz”.
Do'stlaringiz bilan baham: |