Oʻzbek yozuvchisi, shoiri, jurnalisti Asqad Muxtor tavvalludining 100 yilligiga bagʻishlanadi!
ASQAD MUXTOR SHEʼRIYATINING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Shuni hech ikkilanmay aytish mumkinki, Asqad Muxtor sheʼriyati xuddi nasri kabi hech qachon ommaviy tarzda oʻqilgan, qabul qilingan emas. Biroq bu fikrdan “shoir poeziyasi yaxshi emas ekan”, degan xulosaga kelish notoʻgʻri boʻladi. Asqad Muxtorning saralangan sheʼrlari, shubhasiz, yuksak poeziya namunalaridir.
Xoʻsh, nega boʻlmasa ular koʻpchilik oʻquvchilar tomonidan qizgʻin qarshi olinmadi, yodlanmadi, qoʻshiq qilinmadi? – deganga oʻxshash, odatda, dastlab tugʻiladigan eʼtirozlar aytilishi tabiiy. Darhaqiqat, eʼtiroz oʻrinli: chindanam, madomiki, yaxshi sheʼriyat namunasi ekan, nega unda qoʻlma-qoʻl oʻqilmadi?
Albatta, badiiy asarning haqiqiy bahosini tomoshabin yoki oʻquvchi, umuman, xalq beradi, degan gʻoyat ommalashib ketgan, hatto aksiomalashgan fikr mavjud. Ammo unutmaslik kerakki, ommaviylik badiiy asarning chinakam bahosini beradigan mezon emas. Koʻpchilik tomonidan qanday kutib olinganiga qarab asarga qatʼiy baho berish ham koʻpincha vulgar sotsiologizmga tortib ketishini unutmaslik zarur. Chunonchi, fransuz yozuvchisi F. Stendalning “Qizil va qora” romani yozilgandan qariyb yetmish-sakson yil oʻtgandan keyingina koʻzlarga surtilib oʻqila boshlangan. Yaʼni asar yozilgan davrida emas, balki oʻzga bir kitobxon nasli shakllangachgina qabul qilingan va ommalashgan. Biroq yana takror aytish joizki, badiiy asarning haqiqiy bahosi uning qay darajada ommalashgani bilangina oʻlchanmaydi. Aytmoqchimizki, baʼzan yaxshi asar yozilgan davrida emas, keyinroq – shoirning fitratiga, dunyoqarashiga yaqin oʻquvchilar guruhi shakllanganda koʻproq oʻqilishi mumkin. Va bularning hammasi masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni shundan iboratki, sheʼr koʻpincha yo koʻpchilikka moʻljallangan sodda va anʼanaviy boʻladi yoki ommaning darajasidan qatʼiy nazar, shoir oʻzi yetib kelgan maqomdan turib oʻz kayfiyatini qogʻozga noanʼanaviy shakllarda tushiradi. Yaʼni ayrim asarlar faqat va faqat xos oʻquvchi tomonidangina qabul qilinadi, oʻqiladi, ardoqlanadi. Asqad Muxtor ijodiga, shuningdek, sheʼriyatiga xos asosiy xususiyatlardan biri aynan noanʼanaviylikdir. Ammo noanʼanaviylik faqat shaklda emas, balki A.Muxtor poeziyasi mazmun-mohiyatining sovuq mulohazakorligida, vazmin muhokamasiyu, nozik donishmandligida hamdir.
Avvalo, shaklga toʻxtalsak. Sir emas, XX asr oʻzbek sheʼriyatining vazni barmoq va sarbast bilan boyishi Choʻlpon, Fitrat, Hamza, Avloniy kabi milliy uygʻonish davri shoirlari nomi bilan bogʻliq. Bas, shunday ekan, Asqad Muxtor yana qanday shakliy oʻzgarishlar yasay oldi ekan?.. Gap shundaki, Asqad Muxtor na nazmda va na nasrda inqilobiy oʻzgarishlar yasagan emas. Nafsilamrini aytganda, undagi sovuq mulohazakorlik va vazmin donishmandlik har qanday keskin burilishlarni koʻtarmas ham edi. Shoirning shakldagi yangiligi shundan iboratki, u avvalo, biz koʻnikkan barmoq yoki sarbast vazniga muxtorona ohang olib kirdi. Tabiiy, bu ohangni oʻquvchi birdaniga qabul qilmasligi, ohang hatto oʻquvchining gʻashiga tegishi mumkin. Shoir buni juda yaxshi biladi, biroq oʻz uslubidan voz kechmaydi:
Endi orzulardan xotiralar koʻp,
Endi oʻtmishgina men uchun hadsiz.
Men uchun tobora ogʻirdir sukut,
Savollar tobora shafqatsiz.
Ha, oshni oshadik, yoshni yashadik,
Qoshgacha qahraton qirovi indi.
Bir qarashda: besh kuningni oʻyla,
Ertaning qaygʻusi qoldimi endi...
Ammo, o, kelajak, tahlikalaring
Aks etar yurakning “qiliq”larida
Chaqmoqday chaqilar kardiogrammaning
Darddan chil-chil singan chiziqlarida.
Sheʼr barmoq vaznida, 6+5 turoqli qilib yozilgan, boʻgʻinlar soni 11 ga teng. Faqat yuqorida aytganimizdek, Asqad Muxtorga xos boʻlgan istisno mavjud: yettinchi satr (Bir qarashda: besh kuningni oʻyla) yuqoridagi oʻlchamga tushmaydi. Shakl nuqtai nazaridan ushbu satr qolganlaridan xuddi ummon oʻrtasidagi oroldek ajralib qolgan. Birinchidan u toʻqqiz boʻgʻinli, qolaversa, turoqlarga 3x6 tarzida boʻlinadiki, ushbu hol sheʼrning umumiy vazniga – intonatsion butunligiga jiddiy taʼsir koʻrsatgan. Natijada, sheʼr ohangi belanchagida bir maromda tebranayotgan oʻquvchining estetik zavqi bir silkinib tushadi, avvalgi “lazzat”ni – intonatsion yaxlitlik aytayotgan “alla”ni qoʻldan boy berib, xushyor tortadi. Nazarimizda, shoirga aynan shu xushyorlik lozimga oʻxshaydi. Toki, oʻquvchi ohang lazzatiga gʻarq boʻlib, sheʼr mazmuniga beparvo qolmasin. Nima boʻlganda ham, Asqad Muxtor sheʼriyatiga gʻoyat xos boʻlgan yuqorida xususiyat shoir tomonidan maxsus qilinmaydi, balki tabiiy ravishda tugʻiladi. Shoir ana shu tabiiylikni sayqallar ostida yoʻqolib ketishini istamaydi-da, fikr va tuygʻu oqimi qanday kelsa, shundayligicha sheʼrga soladi. Yaʼni u boʻgʻinlar va turoqlar sonini bir xil qilib, ohang butunligiga erishaman, deya oʻzini ovora qilib oʻtirmaydi, oʻrinli soʻzni ohangdan ustun qoʻyadi va oʻshani qoʻllaydi. Mana, uning “Yillarim” deb nomlangan sheʼridan parcha:
Biringiz boqiysiz, biringiz – balki puch,
Biringiz shodliksiz, biringiz – oʻkinch,
Biringiz baxtlisiz, biringiz – baxtsiz.
Biringiz yarador, oʻlgansiz vaqtsiz,
O, orqada qolgan mening yillarim.
Bu oʻrinda bor-yoʻgʻi bitta boʻgʻinning ortiqchaligi (biz koʻnikkan, anʼanaviy barmoq vaznidagi sheʼrga qiyosan) goʻyo sheʼrga soya solib turgandek. Eʼtibor bering, birinchi misra 6+6 shaklida turoqlanadi-da, qolganlari 6+5 tarzida ketadi. Nima, shoirning ilk satrni 6+5 shaklida turoqlashga imkoni yetmasmidi? Axir “Biringiz boqiysiz, biringiz – balki puch” oʻrniga “Biringiz boqiysiz, biringiz-chi, – puch” oʻlaroq ham yozsa bas, ohangga putur yetmas edi. Bor-yoʻgʻi bir boʻgʻin, bitta ortiqcha nota! Biroq shoir bilgani holda bu tavsiya etayotgan yoʻldan bormaydi. Uning uchun koʻngil dardining haqiqatga eng yaqin suvrati aks etgan sheʼr shakli muhim. Yuqoridagi misrada shoir yillarning baʼzilari unumli oʻtkaniga ishonchi komil, baʼzilarining esa puchdir, deydi. Biroq bundan koʻngli toʻlmagani uchun “kuch”ning oldiga “balki” soʻzini qoʻyadi. Yaʼni shoir “baʼzi yillarim puch oʻtdi” deya ishonch bilan gapirolmaydi. Shuning uchun ham “balki puch”dir deydi. Chunki shoir oʻz botinida – ongostida yillarining puch oʻtganiga ishongisi kelmaydi, umid qiladiki, ular puch boʻlmagandir...
Demak, Asqad Muxtor sheʼrlari shakl jihatidan shunday qurilganki, ular ortiqcha bezaklardan, ohang uchun qulogʻidan tortib keltirilgan qofiyalardan, zoʻrlangan turoqlanishlardan va hokazo koʻpgina sunʼiylikdan anchayin xolidir. Buning natijasida shoir sheʼr mazmunining tabiiy va erkin ifodalanishiga erishgan. Ayni chogʻda, shuni eslab oʻtish joizki, shoir sheʼriyati koʻp hollarda oʻquvchiga badiiy zavq beruvchi komponentlardan biri – musiqiylikni boy bergan. Mana uning sheʼr haqida yozgan bir iqrornomasi: “Oʻttiz yil davomida sheʼr haqida oʻyladim, uning ifoda shakllari, vositalari, prinsiplari, ruhi haqidagi fikrlar juda koʻp marta oʻzgardi: sheʼr turmush oʻchogʻidan olingan laxcha choʻgʻ, hayotiy epizodga asoslangan, syujetli boʻlishi kerak, deb sheʼrning boʻlak turlarini tan olmay ancha yil yurdim; sheʼr yalt etgan oniy tuygʻu, zavq-shavq tugʻyoni, uni faqat muzika janrlari bilan qiyos qilish mumkin, degan ruhda ham ancha vaqt ishladim; sheʼr hayot falsafasining essensiyasi, fikr, fikr, fikr! Fikrsiz poeziya yoʻq deb, anchagina biryoqlama ratsionalistik sheʼrlar yozdim...”
Darhaqiqat, shoir ijodidan uni oʻzi taʼkidlagan ana shu uch xil sheʼriyatga ham koʻplab misollar keltirish mumkin. Chunonchi, ulardan birinchisi syujet asosiga qurilgan sheʼr, voqeaband sheʼrga misol:
Qamishdan nay qildi choʻpon. Yetim, yolgʻiz,
Nay navosi yangrar yiroq yiroqda.
Shundan beri har tong koʻza tutgan qiz
Keladigan boʻldi buloqqa.
Koʻp asrlar oʻtdi, nuradi xarsanglar,
Endi yoʻq, albatta, dunyoda choʻpon.
Nay ham chirib ketdi...
navo esa yangrar
Va qiz hanuz kelar buloqqa har tong.
“Navo” deb nomlanadi yuqoridagi sheʼr. U turli xalqlarning rivoyatlar va ertaklarida tez-tez uchrab turadigan syujetlarga oʻxshash kichik bir hayotiy lavha asosiga qurilgan. Shu bilan birga, chuqur falsafiy, majoziy maʼnolarni oʻz bagʻrida yashirib turibdi. Ayni maʼnolar shoirga tegishli, uning sheʼrga yuklagan badiiy haqiqati ham shu yerda – navoning, sanʼatning oʻlmasligi va unga boʻlgan ehtiyojning manguligini aytishda.
Ikkinchisi – sheʼrning yalt etgan oniy tuygʻuga tenglashtirish istagi. Asqad Muxtorning «99 miniatyura” toʻplamiga kiritilgan “Tong” deb nomlangan yoxud “Ikkov yolgʻiz edik...”, “Kuzgi yellar...”, “Eslab yoshligimni...” deb boshlanuvchi oʻnlab sheʼrlari shu istak-ishonch mevasidir:
Eslab yoshligimni – sheʼr ilhomchisin,
Uyda oʻltirardim xayolchan. Biroq,
Derazamni chertdi yomgʻir tomchisi,
Yer-koʻkni titratdi momaqaldiroq.
Hovlida bolalar shoʻx qichqirardi:
– Naykamalak, shoyi palak, chiq!
Meni goʻyo yoshlik chaqirardi,
Meni chorlab yangrardi qoʻshiq.
Men boshyalang chiqdim shoshilib,
Uning issiq kaftin sezardi yelkam.
Xotirada emas ekan yoshlik,
Yoshlik – shu hayotning oʻzida ekan.
Uyda yoshligini eslab, xayolchan oʻtirgan shoir eʼtiborini derazani chertib yoqqan yomgʻiru koʻkda guldiragan momaqaldiroq oʻziga jalb etadi. Shu chogʻ tashqaridagi bolalarning qiy-chuvi uning yodiga bolaligini tushiradi va shoir xuddi bola misol, hatto bola boʻlib tashqariga otiladi. Shu lahzada u oʻzini haqiqatan ham boladek his etadi. Sheʼr ayni lahzada tugʻiladi va uni oliy qadriyat oʻlaroq tarannum etadi.
Uchinchisi – bu fikrga asoslangan, u yoki bu fikrni aytib qolishga oshiqqan sheʼriyatdir:
Insonlikning maʼnosi oʻzgardi.
Olamning joziba qonuni yangligʻ:
Qoʻshnilar umrini qisqartar darding,
Baxting ham birovning baxtiga bogʻliq.
Har bir aza qisman mening azam,
Kimniki, deb soʻrab boʻlmaydi!
Yolgʻiz yashamaydi dunyoda odam,
Oʻlsa ham bir oʻzi oʻlmaydi.
Inson – tabiatning bir qismi, degan aksiomanoma gap bor. Qolaversa, biz jamiyatning ham ajralmas bir boʻlagimiz. Aslida, mana shu oddiy haqiqatni tushunib yetish va uni haqiqatan ham tushunib yetganchasiga yashashning oʻzi, nafsilamrini aytganda, ulkan qahramonlik, ziyolilikdir. Shoir yuqoridagi sakkiz qatorda ana shundan bahs etayotir: men tabiatu jamiyatning, atrofda yashayotgan odamlarning bir parchasiman. Ularning azasi ham, toʻyi ham aylanib kelib, alaloqibat, mening hayotimda aks etadi, degan fikrni ilgari surayotir.
Yana shuni alohida taʼkidlab aytish joizki, Asqad Muxtor sheʼrga mana shunday alohida-alohida kayfiyatning ifodachisi xolos, deb emas, balki poeziya bir vaqtning oʻzida yuqoridagilarning hammasini oʻzida jamlashi mumkin, deb ham ancha sheʼrlar qoralagan. Nazarimizda, koʻpincha aynan shunday boʻladi: – tuygʻu va fikrning oʻsib, kechinmani hosil qilgan sheʼrlar baland saviyada jaranglashi mumkin. Mana, shoirning “Hamid Olimjonga” deb atalgan sheʼri:
Ertalabdan butun ruhim siniq,
Osmonda quyosh ham bir zum kulmadi.
Yurak siqiladi...
Ammo ertasiga
Oʻrik oppoq boʻlib gulladi.
Esimda, yosh edim,
Sevgan qizim ketdi.
Koʻz oʻngimda qaddi, gulgun koʻylagi...
Bosh egib yurardim...
Bir kuni yana
Oʻrik oppoq boʻlib gulladi.
Bari oʻtar ekan, biz ham oʻtarmiz,
Hech kim osmonga ustun boʻlmaydi.
Oʻshanda ham
gʻussalarni yengib
Oʻrik oppoq boʻlib gullaydi.
Mana bu sheʼrda esa, shoir boshqacha ifodadagi oʻz tarjimai holini bitadi. Uni oʻqib turib, beixtiyor: “Mana, sizga shoirni harakatga keltirgan qudratning yozuvdagi eng umumiy suvrati! Mana, sizga izhori dil, achchiq iqrornoma!” deb oʻylaysiz. Darhaqiqat, shoir oʻz oʻtmishiga, demakki, “XX asrni mening asrim!” deguvchi har bir inson kechmishiga, asrdosh, zamondosh tarixiga mardona turib nazar solmoqda va eng muhimi koʻrganini boricha qogʻozga tushirmoqda:
Barin koʻrdim,
sevdim asrimni –
Butun fojiasi, dahshati bilan,
Butun goʻzalligi, qudrati bilan,
Sevdim men zamondosh naslimni.
Kurashish, yemirish,
yaratish, qurish,
Mana shunday boʻldi asrimizda baxt.
Sizda qanday boʻlar – bilmadim,
Bizda shunday boʻldi hamma vaqt.
Shoir oʻz asrining fojiasiyu dahshatidan tonib, uning goʻzalligiyu qudratini ajratib alqayotgani yoʻq, balki u qanday boʻlsa, shundayligicha sevyapti – bor fazilatiyu nuqsoni bilan.
Aytilganlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, Asqad Muxtor XX asr oʻzbek sheʼriyati tarixida, eng avvalo, tasavvurimizdagi, yaʼni biz koʻnikkan sheʼriyat sarhadlarini kengaytirishga uringan va bunga baholi qudrat muvaffaq boʻlgan zabardast shoirlarimizdan biri boʻlib qoladi.
U.HAMDAMOV,
Do'stlaringiz bilan baham: |