Nazorat savollari:
1. Termin nima-yu, terminologiya nima?
2.Terminologiya va terminografiya terminlari haqida.
3. Terminologik lug‘atlar tuzishning to‘rt bosqichi haqida ma’lumot bering?
Adabiyotlar:
1. Akobirov S. Til va terminologiya. -T., 1968.
4. Begmatov E.Hozirgi o‘zbek tilining lek sik qatlamlari. – T., 1985.
5. Bektemirov X., E.Begmatov. Mustaqillik davri atamalari. –T.,2002.
6. Dadaboev X. Obshestvenno-politicheskaya i sotsialno ekonomichaskaya
terminologiya v tyurkoyazichnix pismennix pamyatnikov XI-XIVvv. –
T.:1994.
7. Danilenko V.P. Russkaya terminologiya. Opit lingvisticheskogo opisaniya
–M., 1977.
8. Doniyorov R. O‘zbek tili texnik terminologiyasining ayrim masalalari.-
T.:1977.
9. Tursunov U. O‘zbek terminologiyasi masalalari. –Toshkent, 1933.
5-6-mavzu: O‘zbek tili sohaviy terminologiyasi. O‘zbek tili so‘z boyligida sohaviy terminlar va ularning til xususiyatlari
Reja:
1. Soha terminologiyasining o‘ziga xos xususiyatlari.
2. Adabiyotshunoslik va tilshunoslik terminlarining shakllanishi va
rivojlanishi.
3. Pedagogik terminologiya.
4. Texnik terminologiya.
7. Boshqa sohalar terminologiyasi.
8. Terminologik lug‘atlar
Tayanch so‘z va iboralar: sohaviy terminologiya, so‘z boyligi, ushuk, ertak, o‘lan, lapar, yor-yor, she’r, shoir, ruboiy, tuyuq, g‘azal, chiston, masnaviy, fard, murabba, muxammas, doston, roman,drama, komediya, tragediya, poema, libretto, etyud, omonimiya, omofon, oмoгрaф,oмoлeксeмa
O‘zbek terminologiyasida, xususan, adabiyotshunoslik sohasidagi terminlarning tarixini uzoq o‘tmishdan qidirishimizga to‘g‘ri keladi. Bunga xalq og‘zaki ijodi namunalarida uchraydigan yuzlab terminlarni keltirish mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida mazkur soha terminlarining anchasini uchratish mumkin. Davrlar o‘tishi bilan ular son va sifat jihatdan o‘zgarib, tushunchaning mohiyatini aniq ifodalay boshlagan. Ushuk, ertak, masal, masalgo‘y, rivoyat, maqol, matal, roviy, qissa, qissaxon, badiz, badizchi, terma, o‘lan, lapar, yor-yor, she’r, shoir, ruboiy, tuyuq, g‘azal, chiston, masnaviy, fard, murabba, muxammas, doston, roman,drama, komediya, tragediya, poema, libretto, etyud, novella kabilar shular jumlasidandir. Ularning ko‘pchiligi o‘zbekcha terminlar bo‘lsa, bir qismi arab, fors-tojik va rus tili orqali o‘zlashgan. Adabiyotshunoslik terminologiyasi N.T.Hotamovning “Razvitie uzbekskoy literaturovedcheskoy terminologii v sovetskoy period” nomli nomzodlik ishida o‘z aksini topgan (1971). Adabiyotshunoslikka oid terminologik lug‘atlari bir necha bor adabiyotshunos olimlar tomonidan tuzilgan.
H.Homidiy, Sh.Abdullayev, S.Ibrohimovalarning “Adabiyotshunoslik terminlari” (1967), V.Rahmonovning “She’r san’atlari” (1972), N.Hotamov va B.Sarimsoqovlarning “Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘ati” (1983), A.Hojiahmedovning “O‘zbek aruzi lug‘ati” (1998), T.Boboyev va Z.Boboyevalarning “Badiiy san’atlar” (2001), Y.Ishoqovning “So‘z san’ati so‘zligi” (2006) kabi lug‘atlar shular jumlasidandir.
Bugungi o‘zbek tilshunoslik terminlari til hodisalari bilan bog‘liq tushunchalarni to‘la ifodalay oladi deyish mumkin. Aytish mumkini, til sathlarining barchasida qo‘llaniluvchi tushunchalarni ifodalaydigan terminlar lug‘ati yaratilgan. Sinonimlar, antonimlar, omonimlar, paronimlar, iboralar, o‘zlashma so‘zlar, etimologik lug‘at, imlo lug‘ati, bevosita tilshunoslik terminlari lug‘ati kabilar shular jumlasidandir.
O‘zbek tili tilshunoslik terminlari ham uzoq tarixga ega. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida tilshunoslikka oid juda ko‘plab terminlarni uchratish mumkin. Shuningdek, tilni maxsus tadqiot obyekti sifatida o‘rgangan Alisher Navoiyning “Muhokamatul lug‘atayn” asarida o‘sha davr filologiyasi tushunchalarini ifodalovchi terminlarni uchratish mumkin.
O‘tgan asrning boshlarida panislomistlar, panturkislar kabi oqim vakillari turli soha terminlariga munosabat bildirib tilda har xillikning kelib chiqishiga sababchi bo‘lganligi ma’lum. Panislomchi guruh tarafdorlari leksikamizdagi ruscha terminlardan voz kechib, arabcha terminlarni tadbiq qilish tarafida bo‘lganlar. Panturkistik oqim tarafdorlari esa o‘zbek tiliga baynalminal so‘z va terminlarni kiritishga tamomila qarshi edi. Ular tilda yangi paydo bo‘lgan tushunchalarni ifodalash uchun faqat o‘z tildagi so‘zlardan foydalanishni taklif qilganlar. Eskirgan so‘zlardan foydalanish, ularning ham imkoni bo‘lmaganda boshqa turkiy tillardan so‘zlar olish, uning ham iloji qolmaganda arabcha va forscha terminlardan foydalanishni taklif qilganlar. Bu holatlar esa termin va terminologiya masalalarini xalqqa to‘g‘ri etkazishning imkonini bermasdi albatta. Shuning oqibatida XX asrning boshlarida tilshunoslik terminlarida har xilliklar va chalkashliklar hukm surgani adabiyotlardan ma’lum. Masalan, Kishining og‘zidan chiqibda yozilganda o‘ziga tegishli apt (shakl) va tovushga ega bo‘lgan narsaga tovushliq (harf) deb aytiladir. O‘z boshli (mustaqil) va ko‘makchi so‘zlar. Kitobni esa ruscha tez va bosilimlarini (urg‘u) joyida qo‘yib o‘qiy bilmaganlari uchun, Saidiy o‘qishi kerak edi. Shuningdek fonetika o‘rnida savtiyot, morfologiya o‘rnida sarf, sintaksis o‘rnida nahv so‘zlari qo‘llangan.
Bugungi o‘zbek tilshunoslik atamalari til hodisalari bilan bog‘liq tushunchalarni to‘la ifodalay oladi deyish mumkin. Aytish mumkini, til sathlarining barchasida qo‘llaniluvchi tushunchalarni ifodalaydigan terminlar lug‘ati yaratilgan. Sinonimlar, antonimlar, omonimlar, paronimlar, iboralar, o‘zlashma so‘zlar, etimologik lug‘at, imlo lug‘ati, bevosita tilshunoslik terminlari lug‘ati kabilar shular jumlasidandir. Ammo ba’zi lug‘at, darslik va qo‘llanmalarda tilshunoslik terminlarini ishlatishda ham har xilliklarni ko‘rish mumkin. Ayniqsa, maktab darsliklari bilan oliy ta’lim darsliklarida bunday holat ko‘zga tashlanadi. Masalan, termin o‘rnida atama, sinonim-ma’nodosh, antonim-zid ma’noli, omonim-shakldosh, fonetik-tovushshunoslik, leksikologiya-so‘zshunoslik kabi holatlarni kuzatish mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, bir-ikki terminni tarjima qilish yoki almashtirish bilan ish bitmaydi. O‘sha o‘zgartirilayotgan termin bilan bog‘liq yasalmalarning ham taqdirini hisobga olish kerak, albatta. Deylik, omonim terminini shakldosh terminiga almashtirsak, omonimiya, omofon, omograf, omoleksema kabi terminlarni qanday ataymiz.
Pedagogik terminologiya ta’lim tizimining barcha jabhalarida faol ishlatiladi desak, xatolashmagan bo‘lamiz. Tarixga nazar tashlasak, DLTda 70ga yaqin ta’lim-tarbiyaga oid leksema borligi qayd etiladi. Demak, Sharqdagi ta’lim-tarbiyaning ildizlari olis tarixga borib taqaladi.
O‘tgan asrning boshlarida Turkiston xalqlarining milliy ongining o‘sishi, maktab va madrasalarning isloh qilinishi, ularda dunyoviy bilimlarning kengroq o‘qitilishi natijasida pedagogik terminlarga bo‘lgan ehtiyoj kuchaya borgan.
Behbudiy, Shakuriy, Ayniy, Hamza, Munavar qori, Avloniy va boshalarning Rusiya, Qirim, Orenburgda ochilgan yangi musulmon maktablari, ularning o‘qitish va o‘qitish usuli bilan tanishib, mahalliy shaproitlarga moslashtirib maktablar ocha boshladilar. Natijada shu maktablarga mos darslik va qo‘llanmalar maydonga keldi va bu darsliklarda ilk bor ta’lm-tarbiyaga oid maxsus terminlar shakllana boshladi. Pedagogik terminologiya masalalari N.Usmonov tomonidan maxsus tadqiq qilingan. U pedagogik terminlarni, avvalo, ikki katta guruhga ajratib ko‘rsatadi.
1. Ta’lim nazariyasi terminlari.
2. Tarbiya nazariyasi terminlari.
Shuningdek, pedagogik tushunchalarni ifodalovchi terminlarning ichki bo‘linishiga ham e’tibor qaratgan.
1. Ta’lim sistemasiga aloqador terminlariga o‘quv rejasi, o‘quv predmeti,
ta’limning tarbiyalovchilik xarakteri.
2. Tarbiya sistema siga oid terminlar: tarbiyalash, tarbiyachi, axloqiy tarbiya,
mehnat tarbiyasi va h.
3. Faoliyati ta’lim-tarbiya bilan bog‘li shaxs nomlari: rektor, prorektor, dekan, o‘qituvchi, sinf rahbari kabi.
Bulardan tashqari, pedagogik tushunchalarni ifodalovchi o‘zlashma terminlar ham talaygina. Institut, pedagogika, metod, praktika, abiturient, maktab, dars, muallim, imtihon, kitob, maktab va h. Tadqiqotchining ko‘rsatishicha, o‘n mingdan ortiq pedagogik terminlar mavjud.
Texnikaviy terminologiya o‘zbek tili so‘z boyligining salmoqli qismini tashkil qiladi. U texnikaning doimiy taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda tinimsiz boyib, takomillashib boradi. Bugungi kunda turmushimizning turli-tuman sohalarida ishlatiladigan texnikalar sonining o‘zi nechta. Uning adog‘iga yetish mushkul bo‘lsa kerak. Kundalik maishiy turmushimizda ishlatiladigan oddiy utyug, muzlatgich, gaz plitkasidan tortib, murakkab agregatlar: katta zavodlardagi texnikalar, harbiy arsenaldagi texnikalar, samolyot yoki kosmik raketalar va ular bilan bog‘liq terminlarning sanab adog‘iga yetish mumkinmikin. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi samolyotlarda sakson mingdan ortiq detal (qism) mavjud ekan. Bu degani sakson mingdan ortiq so‘z. Boshqa texnikalarda-chi. Demak, tilshunoslar va soha mutaxassislari oldida texnik terminologiyaning har bir sohasiga jiddiy munosabatda bo‘lish va omma uchun tushunarli variantlarini taklif qilishdek murakkab vazifa turibdi. Texnik terminologiyadagi nuqsonlardan biri dublet (sinonim) terminlarning ko‘payib ketishidir. Masalan, tirkama-tirkagich, tirsakli val-tirsaksimon val, pritseptirkama-arava, ariq qazish mashinasi-ariq kovlash mashinasi, kartoshka kovlash mashinasi-kartoshka qazish mashinasi, silliqlash stanogi-jilvirlash stanogi va h.
Bunday har xilliklar tilda meyorning buzilishiga olib keladi. Yoki teleuzatishlar yoki katta sahnalar bilan bog‘liq jarayonda chiroq ustasi degan kasbiy terminga duch kelamiz. Buni eshitgan odam dastavval u chiroqni yaxshi tuzatadigan usta bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi. Vaholanki, bu kasb egasi butunlay boshqa ish bilan shug‘ullanadi, ya’ni u sahnani turli ranglarda yoritish ishi bilan shug‘ullanadi. U ruschada master sveta deb yuritiladi. Mazkur sohaning terminlari professor Renat Doniyorov tomonidan tadqiq qilingan.
Ma’lumki, tillar leksikasini boyitish asosan ichki resurslardan foydalangan holda so‘z yasash usulidan va boshqa tillardan leksemalar o‘zlashtirish hisobiga amalga oshiriladi. So‘z yasash mohiyati va uning hilma xil usullari (sintetik, analitik, leksik), o‘zlashtirmalarning ahamiyatiga yetarli baho bera olish va ulardan chiqadigan umumlashmalar bo‘yicha nazariy va amaliy xulosalar chiqarishga imkon tug‘diradi. Shu jihatdan qaraganda, ayrim tillar leksikasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq nafaqat qardosh bo‘lmagan tillar, balki qardosh tillar leksikasini ham tarixiy va qiyosiy-chog‘ishtirma rejada tadqiq qilish o‘ziga xos ahamiyatga egadir.
I.Ismailovning 1966-yilda nashr ettirgan monografiyasi muhim ishlardan biri sanaladi27. Muhimi shundaki, mazkur ishda, o‘zbek va uyg‘ur tillardagi “qon-qorindoshlik terminlari” (ota, ona, aka,t og‘a, xola, bo‘la (bobo), buvi, amma, nabira), “nikohdan keyin paydo bo‘lgan qarindoshlik terminlari” (er, xotin, kuyov, kelin, pochcha, boja, ovsin, qaynota, qaynona, quda), nihoyat, “tutingan so‘zi bilan ifodalangan yaqinlik nomlari” (tutingan ota, tutingan ona, tutingan o‘g‘il, tutingan opa, tutingan aka-uka) ning bir-biridan farqi, o‘xshash jihatlari, bunday terminlarning paydo bo‘lishi va amalda qo‘llanish meyorlari atroflicha tahlil etilgan. Muallifning o‘zi qayd etganidek, “o‘zbek va uyg‘ur tilidagi qavm-qarindoshlik terminlarining bir-biridan farqi, shuningdek, ularning tarixiy taraqqiyoti, shevalardagi ko‘rinishi to‘g‘risida fikr yuritiladi. Bu tillardagi umumturkiy birlik va har bir tilning o‘ziga xos xususiyatlari, birbiridan farqlari tahlil etiladi”.
Muhim dalil sifatida shuni alohida ta’kidlab o‘tamizki, keyingi yillarda turkiy tillarning ayrim leksik qatlamlarini qiyosiy yo‘sinda o‘rganishga bag‘ishlangan yana bir nechta monografiya yuzaga keldi28. Shulardan biri “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston turkiy tillari leksikasining taraqqiyoti” deb nomlanadi. D.X.Bazarova va K.Sharipovalar tomonidan yozilgan monografiyada Markaziy Osiyo xududidagi turkiy tillar va ularning ayrim shevalarda qo‘llanilgan zoologik terminlar, jumladan, otlar, tuyoqli yovvoyi hayvonlar, ushoq mollar, qoramollar, cho‘chqalar va ular bilan aloqador o‘nlab leksemalar tadqiqot obyekti qilib olingan. Muhimi shundaki, bunday terminlarning o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, uyg‘ur tillarida qo‘llanish doirasi, leksik-semantik xususiyatlari yetarli dalillar asosida isbotlab berilgan. Ammo mazkur ishda “termin”, “so‘z” (slovo), “nom” (nazvaniye) kabi leksemalar aralash holda ishlatilaverganini ham ko‘rsatib o‘tilgan. R.Doniyorov va A.Qosimovlar mazkur ishning yutuq va kamchiliklari haqida o‘z fikrlarini bildirishgan29.
1990-yili I.Ismoilov, K.Meliyev, M.Saparovlar tomonidan “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston turkiy tillar leksikasidan tadqiqot30” nomli monografiya maydonga keldi. Ushbu tadqiqot ham turkiy tillar leksikasini qiyosiy rejada tahlil qilishga bag‘ishlangan muhim ishlar. Unda “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston hududlaridagi turkiy tillar so‘z boyligining maxsus atamalari-uy-ro‘zg‘or buyumlari, mevali daraxt va poliz ekinlari nomlari qiyosiy-tarixiy jihatdan yoritilgan. Tadqiqotda regiondagi turkiy tillarning so‘z boyligi, sohalar leksikasi, ularning shakllanishi, taraqqiyoti va o‘zbek, uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq hamda turkman tillarining o‘zaro munosabati, ularning bir-biriga ijobiy ta’siri” kabi jihatlar yetarli dalillar orqali atroflicha yoritilgan.
Ijtimoiy-siyosiy va tarixiy-huquqiy terminlarning shakllanishi O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi hamda mustaqillikka erishganligimiz munosabati bilan tilimizda qo‘llanilib kelayotgan ruscha va rus tili orqali kirib kelgan terminlarning anchasi har ikkala tildagi mos muqobillari bilan almashtirila boshlandi. Masalan, o‘zbek tilida qo‘llanib kelgan terminlar qo‘yidagicha almashtiriladi: Abstrakt-mavhum, avtograf-dastxat, adaptatsiya-moslashish, administratsiya-ma’muriyat, direktiva-ko‘rsatma, krizis-tanglik va b.
Ijtimoiy-siyosiy terminlarning paydo bo‘lish tarixini qadimdan boshlashimiz zarur. Umumturkiy meros bo‘lmish O‘rxun-enisey va boshqa yodnomalarda o‘z ifodasini topgan qag‘an, budun, baliq (“shahar” ma’nosida), sab (“kengash” ma’nosida), bitikchi (“kotib” ma’nosida), alp (“qahramon” ma’nosida) kabi terminlar buning yaqqol misolidir.
Ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘zgarishlar, tabiiyki, o‘zining leksik qatlamlarida ham o‘z ifodasini topadi. Bu fikrimizni M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asaridagi qo‘yidagi ijtimoiy-siyosiy terminlar misolida ham ko‘rish mumkin: and, buzun, ba., bo.un (“jamoa” ma’nosida), bacheg‘ (“ahd” ma’nosida), beg, arleg‘, bo. (“qabila” ma’nosida), ag‘e, bulg‘aq (“fitna” ma’nosida), .er (“mamlakat” ma’nosida) va hokazo31. O‘sha davr ijtimoiysiyosiy terminologiyasing muhim xususiyatlaridan biri shundaki, ularning ba’zilari hozirgi kunda ham o‘zbek va qoraqalpoq hamda boshqa turkiy tillarda faol qo‘llanib kelinmoqda (el-el, boy-bay, ont-ant). H.Dadaboyevning dissertatsiya ishiga obyekt qilib olingan XI-XIV asrlar yozma yodgorliklari tilidagi qiyoslash uchun olingan ijtimoiy-siyosiy va sotsialiqtisodiy terminlardan bugungi kunda uyg‘ur tilida-348, qozoq tilida-220, qirg‘iz tilida-244, turk tilida-370, o‘zbek tilida esa-390 tasi ishlatilar ekan32. O‘zbek tilining ijtimoiy-siyosiy terminologiyasi, ayniqsa, XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab rus tilidan va yevropa tillaridan kirgan o‘zlashmalar hisobiga boyiy boshladi. Ijtimoiy-siyosiy hayotdagi har qanday o‘zgarish uning terminologiyasida ham o‘z izini qoldiradi. Ijtimoiy-siyosiy terminologiya deganda siyosiy tuzum, ijtimoiy va siyosiy guruhlar, partiyalar, oqimlar va ularning vakillari, hukumat yig‘ilishlari va muassasalari, davlatni boshqarish va uning organlari, dunyoqarashlar, mulkiy munosabatlar, ichki va tashqi siyosat, ijtimoiy-siyosiy hujjatlar, axloq masalalari, xullas, ijtimoiy-siyosiy hayot bilan bog‘liq tushunchalarni ifodalovchi leksik birliklar majmuyi tushuniladi.
Tarixiy-huquqiy terminlar ma’lumki, o‘zbek tilining lug‘at tarkibi shu tilning so‘z boyligi, leksiksemantik sistema si sifatida shakllangan, yaxlit hodisa sanaladi. Lekin shuni ham inobatga olish lozimki, tilimizning lug‘aviy tarkibi juda murakkab rivojlanish bosqichlarini boshidan kechirgan. Har qanday til leksikasining tarixiy rivojlanish va shakllanish xususiyatlarini bilish uchun o‘sha til lug‘at tarkibidagi so‘zlarni tarixiy-etimologik nuqtai nazardan chuqur o‘rganish, ularning etimologik jihatdan kelib chiqish manbasini aniqlash lozim bo‘ladi.. Bunday izlanishlar o‘z navbatida o‘zbek tilining o‘tmishda qaysi qardosh tillar va qardosh bo‘lmagan tillar bilan o‘zaro munosabatda bo‘lganligini aniqlash imkonini beradi, tilning lug‘at tarkibi, grammatik qurilishida sodir bo‘lgan tarixiy rivojlanish jarayonlarini ilmiy jihatdan tushunishga zamin hozirlaydi. Bu fikrlar bevosita bizning tadqiq ob’ektimiz bo‘lgan tarixiy-huquqiy atama (THA) larning rivojlanish bosqichlarini aniqlashga ham aloqadordir.
Ma’lum bir THAning o‘z qatlamga yoki o‘zlashgan qatlamga mansubligini aniqlashda konkret sharoitdan kelib chiqib, bu THAning shakllanish jarayonini, qaysi tildan o‘zlashganligini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan: THA sifatida qo‘llanuvchi “suron” so‘zi umumturkiy bo‘lib, “kuchli shovqin, hovur-huvur” ma’nosini bildiradi. Bu so‘z aslida “uloq chopishdagi qiy-chuv” ma’nosini ifodalagan, keyinchalik uning semantikasida o‘zgarish, kengayish yuz berdi, “jangovar xayqiriq” ma’nosida bildiruvchi harbiy ishga oid THA sifatida shakllandi. Yoki “o‘n ming” ma’nosini bildiruvchi “tuman” leksemasi qadimgi turkiy tilda ham shunday miqdorni bildirgan (O‘TIL). Keyinchalik bu leksema semantikasida kengayish sodir bo‘lib, “o‘n ming aholisi bor hudud”, “o‘n ming kishidan iborat harbiy qism”ni ifodalovchi THA sifatida qayta shakllandi. Shunga muvofiq, suron, tuman singari THAlar umumturkiy, o‘z qatlamga mansub THAlar sanaladi.
Shu bilan birga o‘zbek tilidagi THAlar tizimida shunday terminlar ham borki, ular hozirda qardosh deb tushunilmaydigan ikki xil sistemaga mansub tillarda uchraydi. Masalan, tarxon, qurultoy, ulus, nuyon, bahodir, botir, to‘xsabo, tamg‘a kabi so‘zlar qadimgi turkiy tilda ham, mo‘g‘ul tilida ham mavjud bo‘lib, ular o‘sha tillarda bir xil yoki bir-biriga yaqin ma’nolarda qo‘llanadi. Mo‘g‘ul va turkiy (eski o‘zbek) tillari genetik jihatdan bir-biriga unchalik yaqin bo‘lmagan tillar sanalgani uchun yuqorida keltirilgan so‘zlarni mo‘g‘ul tilidan eski o‘zbek tiliga yoki aksincha qadimgi turkiy tildan mo‘g‘ul tiliga qabul qilingan, degan qat’iy fikrni bildirish qiyin. Ana shunga muvofiq bu
so‘zlarni turkcha-mo‘g‘ulcha parallellar yoki o‘rtoq so‘zlar, deb hisoblash mumkin. Hozirgi kunda yuqorida keltirilgan so‘zlarning barchasi manbalarda THAlar sifatida qayd qilingan. Shunga ko‘ra, o‘zbek tili THAlar tizimida o‘rtoq so‘zlar qatlami yoki mo‘g‘ulcha-turkcha lug‘aviy parallellar mavjud, degan qat’iy xulosaga kelish mumkin.
Ko‘p asrlar davomida turkiy va mo‘g‘ul xalqlari ajdodlarining o‘zaro tinch va ba’zan harbiy-huquqiy aloqada bo‘lishi natijasida turkiy tillar leksikasida mo‘g‘ulcha so‘zlar va aksincha mo‘g‘ul tilida turkiy so‘zlar yoki ikki til uchun umumiy hisoblangan leksik qatlam vujudga kelgan. Olimlarning izlanishlari shundan guvohlik beradiki, mo‘g‘ulcha leksik birliklar turkiy tillarga, jumladan eski o‘zbek tiliga asosan XII asrdan, ya’ni Chingizxon boshliq mo‘g‘ul istilochilarining O‘rta Osiyoni zabt etish vaqtidan boshlab kirib kela boshlagan. Mo‘g‘ul tili bu davrga kelib Oltin O‘rda va Chig‘atoy ulusida ma’lum vaqt davomida turkiylashib bordi, ammo shuni ham inobatga olish lozimki, assimilyatsiyaga uchragan mo‘g‘ul tili butunlay izsiz yo‘qlib ketmadi, bu tilning ayrim leksik, morfologik elementlari turkiy tillar tomonidan o‘zlashtirildi.
Yirik oltoyshunos olim V.I.Rassadinning fikricha, Chig‘atoy va uning vorislari hukmronlik qilgan davrda eski o‘zbek tiliga yuzga yaqin mo‘g‘ulcha so‘zlar kirib kelgan. A.M.Shcherbak eski o‘zbek tili obidalarini tekshirar ekan, “O‘g‘uznoma”da qayd etilgan nukar – jangchi, navkar, juda – nayza, qurultay – xalq yig‘ini singari bir qator so‘zlarning mo‘g‘ul tilidan o‘zlashganligini ta’kidlagan edi. Keltirilgan bu mo‘qulcha so‘zlarning nukar, juda, qurultay kabi shakllari keyinchalik tilimizda THAlar sifatida mustahkam o‘rin olganligini biz ishning dastlabki bobida qayd etgan edik. Bu esa eng qadimgi THAlar orasida mo‘g‘ulcha o‘zlashmalar ham ma’lum miqdorni tashkil yetishini ko‘rsatadi. Kuzatishlarimiz shundan dalolat beradiki, eski o‘zbek obidalari tilida qo‘llangan mo‘g‘ulcha THAlarning ko‘pchiligini harbiy ish, ma’muriy lavozim, davlat boshqaruvi, sud va qishloq xo‘jaligi (asosan chorvachilik)ga oid so‘zlar tashkil etadi.
Amir Temur va temuriylar davrida O‘rta Osiyoda davlat boshqaruvi, harbiy ish va harbiy san’at o‘z taraqqiyotining eng yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan edi. Temur davlatni boshqarishda, tuman va uluslarga rahbarlik qilishda, o‘z armiyasida harbiy intizomni mustahkamlashda yangicha qonunqoida va tartib intizomni joriy etish bilan birga Chingizxon armiyasiga, davlat tuzumiga oid bo‘lgan va o‘sha zamon uchun namuna hisoblangan ma’muriyhuquqiy va askariy tizimni olib kirdi. Natijada X1U-XU asrlarda eski o‘zbek tilida juda ko‘plab harbiy qism va bo‘linmalar, ma’muriy hudud, mansab va unvon nomlari mo‘g‘ulcha so‘zlar bilan atalishda davom etdi. Masalan, harbiy unvon, ma’muriy davozim, qurol-yaroq, qism, hudud nomlari orasida –(v)ul va –l affikslari yordamida yasalgan THAlar semantikasidagi o‘zgarishlar alohida e’tiborga molik. Turkiyshunoslikda bir guruh olimlar –v(ul) affiksini turkiy tilllarga xos deb hisoblasalar, boshqa bir guruh tilshunoslar uni mo‘g‘ul tilidan o‘zlashgan, degan fikrni bayon etadilar. Shuni inobatga olish lozimki, XI-XIII asrlarda mo‘g‘ul tilida bu affiks ancha sermahsul ot yasovchi affiks hisoblangan, turkiy tillarda esa –v(ul) affiksi ancha passiv qo‘llanishda edi. X1V-XV asrlarga kelib bu affiks turkiy tillarda ham ancha faollashdi. Turkiyshunos olim G.Dyorfer chig‘atoy (eski o‘zbek) tili mo‘g‘ul tilidan birgina –v(ul) affiksi yordamida yasalgan yuzdan ortiq so‘zni o‘zlashtirganligini ta’kidlagan edi.
Alisher Navoiy “Muhokamatul lug‘atayn” asarida –v(ul) affiksi yordamida yasalgan bir qancha so‘zlar harbiy unvon, saroy lavozimlari ma’nosini bildirishini ta’kidlaydi hamda hiravul, chingdavul, kitpavul, yankavul, patavul, daqavul, shig‘avul, bakavul kabi so‘zlarni misol tarzida keltiradi.
Shunday qilib, o‘zbek tili lug‘aviy tarkibining ajralmas qismi bo‘lgan THAlar ham juda murakkab tarixiy taraqqiyot jarayonini bosib o‘tgan. Bu muammoni keng tadqiq etish tilimizning qadimiy ildizlarini aniqlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbek tilshunos-terminshunoslari tomonidan yaratilgan “Ijtimoiy-siyosiy terminlar lug‘ati33” ning alohida o‘rni bor. Lug‘atda 22 mingdan ortiqroq rus va internatsional terminlarning imkoniyat darajasidagi muqobillari berilgan.
Fikrimizcha, putch, raspiska, sotrudnik, upravleniye, fundament kabi terminlarining o‘zbek tilida ma’mur, dalil, insonparvarlik, qonunshunos, muhojir, fitna, tilxat, poydevor singari muqobillar bilan ifodalanishini to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, mazkur lug‘atda deputat, diplomat, institut, kapitalist, pensiya, respublika, prezidium, sezd, strategiya kabi qator ruschabaynaminal terminlarning o‘zbek tilida ham aslicha qo‘llanishi masalasiga ham ijobiy. Lug‘atning muhim fazilatlaridan yana biri shundaki, unda ma’lum bir rucha-baynaminal termindan keyin uning o‘zbekcha muqobili va shu terminning ma’nosini ochib berishga xizmat qiluvchi birikma terminlar ham berib ketilgan. Bunday holni sifat tarzidagi terminelementlar tarjimasida yaqqol ko‘rish mumkin. Masalan: bezprizorniy rebenok-boqimsiz bola, vrednoe nasledie starogo - eskilikning zararli qoldiqlari va h.
Shuningdek, mazkur lug‘atda ijtimoiy-siyosiy tushinchalarni ifodalashda o‘zbek tilining qator so‘z yasovchi vositalaridan unumli foydalanishga harakat qilingan. Xususan, aslida fors-tojikcha, lekin o‘zbek tilining “mulki”ga aylanib qolgan –dor affiksidan lug‘atda unumli foydalanilgan. Masalan: udarnik-zarbdor, aksioner-aksiador, diktator-hukmdor, doverenniy-vakolatdor kabilar shular jumlasidandir.
Qayd etilgan fazilatlar o‘zbek tilidagi ijtimoiy-siyosiy terminlarning barqarorlashishiga xizmat qilganligini ta’kidlash joiz, albatta. Shu bilan birga, mazkur lug‘atda u yoki bu ijtimoiy-siyosiy tushunchalar xilma-xil ma’nodoshlar bilan ifodalanagan. Bu terminologiyadagi asosiy printsiplardan biri, ya’ni sinonimiyaga urg‘u berish masalasi oqlanmayotganligini e’tiborga olsak, kvalifikatsiya-malaka // kvalifikatsiya, korrespondentsiya-yozishma // maqola //xabar // ma’lumot, oppozitsiya - oppozitsiya // qarshilik (hozir: muxolifiyat), polojeniye-qonun // qoida; nizom // nizomnoma shakllarida tarjima qilinganligini to‘g‘ri, deb bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |