“O’zbek tilining izohli lug’ati”dagi ba’zi folklorizmlarning izohlanish masalalari
Tursunova Dilshoda Xoldin qizi
SamDU Filologiya fakulteti Lingvistika
(O’zbek tili) yo’nalishi 1-kurs magistranti
Annotatsiya: “O’zbek tilining izohli lug’ati”da berilgan ayrim folklorizmlar leksikografik tadqiq etildi, dostonlar matnida uchraydigan folklorizmlarning adabiy tildagi o’rni haqida fikr yuritildi.
Kalit so’zlar: lug’aviy birliklar, chegaralangan qatlam, chegaralanmagan qatlam, folklor, folklorizm, doston.
Tildagi hech bir so’z o’z-o’zidan paydo bo’lmaydi, u zarurat tufayli tarixiy taraqqiyot jarayonida yuzaga keladi yoki o’zlashadi. Xalqning til boyligi birinchi navbatda uning folklorida namoyon bo’ladi. Biror bir xalqning qanday xalqligini bilish uchun uning foklorini o’rganish zarur. Folklorda xalqning til imkoniyatlari, mushohada tarzi, ijodiy quvvati aks etgan bo’ladi.
Ma’lumki, lug’aviy birliklar ishlatilish doirasi jihatidan ikki guruhga bo’linadi: ishlatilish doirasi chegaralanmagan qatlam va ishlatilish doirasi chegaralangan qatlam.
Ishlatilish doirasi chegaralanmagan qatlamni barcha o’zbek tili uchun umumiy bo’lgan lug’aviy birliklar tashkil qiladi. Bu qatlamdagi lug’aviy birliklar (yashash joyi, kasbi, madaniy saviyasi, jinsi, yoshi va boshqa belgilaridan qat’iy nazar) o’zbekcha gapiradigan har bir kishining nutqida ishlatiladi, o’zbek tilida gapiruvchilarning barchasi uchun tushunarli bo’ladi. O’z-o’zidan, bunday lug’aviy birliklar kundalik turmushda zarur narsa, belgi kabilarni nomlaydi, tuyg’ularni ifodalaydi degan xulosaga kelishimiz mumkin.
Lug’aviy birliklarning ishlatilish doirasi jihatidan chegaralanishi turlicha bo’ladi. Shunga ko’ra, chegaralangan qatlam, o’z navbatida, ikki xil guruhlanadi: ishlatilish hududiga ko’ra chegaralangan lug’aviy birliklar va ishlatilish kasb-koriga ko’ra chegaralangan lug’aviy birliklar.
Ishlatilish territoriyasiga ko’ra chegaralangan til hodisalariga folklorizmlar ham mansubdir.
Folklorizm – yozma adabiyotda qo’llangan og’zaki poetik ijod materiali. Ilmiy adabiyotlarda folklorizm “ikkinchi shakl” atamasi bilan ham yuritiladi. Yozma adabiyotda qo’llangan muallif yoki personaj nutqida qo’llangan xalq maqollari, maqol hamda iboralar oddiy folklorizm sanaladi. Ijodkorning folklorga xos tasvir uslubiga ergashishi, folklor materialidan o’z asarida foydalanishi, folklorga mansub syujet yoki motivni asariga olib kirishi va boshqalar murakkab folklorizm hisoblanadi. [1,197]
Alloma Hodi Zarifov: “Folklor asarlarining ilmiy va badiiy qiymati ularning lug’at boyligi bilan belgilanadi” – degan edi. Xalq dostonlari o’zbek tili tarixining serqatlamliligini va bo’yoqdorligini o’zida to’la mujassam etadi. Shuning uchun xalq dostonlarining tilini tadqiq etish, bir tomondan til tarixining qadimiy ildizlari haqida kengroq ma’lumot bersa, ikkinchi tomondan hozirgi zamon o’zbek adabiy tilini to’laqonli o’rganishda, uni boyitishda asosiy omillardan biri bo’lib xizmat qiladi. [2, 9]
Til o’zgaruvchan hodisa bo’lganligidan uning lug’at tarkibi doimo o’zgarishga uchrab, ayrim so’zlar kirib kelsa, ayrim so’zlar iste’moldan chiqib boradi. Bu hodisa dostonlar tiliga ham daxldordir. “O’zbek tilining izohli lug’ati”dagi folklorizmlarni tadqiq qilar ekanmiz, biz unda hozirda iste’molda bo’lgan sheva va arxaik so’zlar, tarixiy so’zlar bilan bir qatorda, bugungi kunda qadimiy ma’nosi o’zgargan yoki unutilgan so’zlarni ham ko’plab uchratamiz. Mana shunday so’zlar qatoriga quyidagilarni misol keltiramiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |