Bosh harflarning ishlatilish sabablarini tushuntirib bering.
Tohirjon, Shuhratbek, Sayfi Saroyi, Habib Abdullayev; Xiva, Zarafshon, Mirzacho‘l, Amudaryo, Norin, Chortoqsoy; Qurama, Bobotog‘, Hisor; Markaziy Osiyo, Shimoliy Amerika, Janubiy Koreya; Quyosh, Merkuriy, Saturn; «Mahalla» jamg‘armasi, «Matiz» avtomobili, «Turon» ishlab chiqarish birlashmasi; «Mustaqillik» ordeni, «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti», Navro‘z bayrami; O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, Don mahsulotlari davlat-aksionerlik korporatsiyasi «O‘zdonmahsulot», YUNESKO tashkiloti.
L E K S I K O L G I Y A
Har qanday tilni o‘rganayotgan paytingizda, eng avvalo, sizni qurshab turgan narsa va hodisalarning amaliy hayotingiz bilan bog‘liq bo‘lgan turli xil harakati, holatlari, belgi va xususiyatlarining shu tilda qanday ifodalanishini, nomlanishini bilishdan boshlaymiz. So’zlarning borliqdagi qanday nasa-hodisa, belgi-hususiyat, harakat-holatni bildirishi uning atash ma’nosi deyiladi.
Ma’lum bir tildagi ana shunday so‘zlar yig‘indisi shu tilning lug‘at tarkibini tashkil qiladi.
Leksika atamasi ikki ma’noda qo‘llaniladi:
a) tilning lug‘at tarkibi, so‘zlar yig‘indisi;
b) lug‘at tarkibini o‘rganuvchi tilshunoslikning alohida bo‘limi.
Leksika atamasining ikkinchi ma’nosi uchun leksikologiya atamasi ham qo‘llaniladi.
Leksikologiya yunoncha lexikos — so‘z, so‘zga doir va logos — ta’limot so‘zlarining birikuvidan olingan bo‘lib, leksika (so‘z) haqidagi ta’limot demakdir. Demak, so‘z va uning ma’nolarini o‘rganuvchi tilshunoslik bo‘limiga leksikologiya (ba’zan leksika) deyiladi.
Alisher Navoiy gulni qanday ifodalaganiga e’tibor bering. Gul va giyohlarning leksik ma’nosini izohlang.
GUL VA NAVOIY NAVOSI
Alisher Navoiy o‘z asarlarida gul, uning vazifasini o‘taydigan giyoh va o‘simliklar, gulga aloqador ashyolar, shuningdek, mavjudotlarning juda ko‘pidan va xilma-xillaridan keng foydalanadi. Shu bilan bir vaqtda ulug‘ shoir o‘z maqsadlarini ifodalashda gul va gulistonlardan ayrim g‘azallarining ba’zi baytlaridagina foydalanib qo‘ya qolmay, balki o‘nlab g‘azallarini butun-butunligicha ana shunday ifodalashga bag‘ishlaydi. Ularda o‘nlab xildagi gullar: nasrin, nastarin, nargis, nilufar, savsan, rayhon, xino, zanboq guli, lola, sadbarg, ra’no, hazorg‘uncha, zag‘far, sumanpar; yoqimli hidi va go‘zal ko‘rinishi bilan gulni eslatuvchi giyohlar: sunbul, ishqi pechan; manzarali daraxtlar: sarv, ar-ar, arg‘uvon, shamshod kabilar haqida ma’lumot beradi. Ya’ni: guloroy — gul bilan bezangan, gulrez — gul to‘kuvchi, gulpo‘sh — gul yopingan, qiр-qizil gulday kiyingan, gulbang — yoqimli ovoz, bulbul ovozi, guldastaband — majozan quyosh nurlari kabi iboralar Navoiy asarlarining mazmunini ochib berishda mislsiz zo‘r xizmat qiladi.
Shuningdek, yuqorida aytib o‘tilgan iboralarning aksariyatini ulug‘ Navoiy sinonimiya vositasida turli variantlarda ishlatgan: gul, chechak, vard, shugufa kabi. Shu bilan birga, gulga oid ko‘pchilik iboralardan omonimiya yordamida turli ma’nolar hosil qilgan: gul (chechak), gul (bezak), gul (yashnamoq), gul (mahbuba), gul (go‘dak), gul (umuman inson), gul (qizamiq) singari.
Do'stlaringiz bilan baham: |