O‘quvchilarning yozma nutqini o‘stirish.
Yozma nutqning mohiyati
Maktabda o‘quvchilarning nutq madaniyatini o‘stirishda adabiyotdan o‘tkaziladigan yozma ish asosiy rol o‘ynaydi va u turli shaklda o‘tkaziladi.
I—IV sinflardagi bayon va insho ta’limiy xarakterga ega bo‘lib, o‘qituvchi rahbarligida o‘tkaziladi. Bu sinflarda o‘quvchilar mazmuni o‘zlashtirilgan ertak, hikoyalar bo‘yicha bayon, hayotiy tajribalari va rasmlar asosida kichik xajmda insho yozadilar.
V—IX sinflarda adabiy mavzudagi yozma ishlar, adabiy o‘qish mashg‘ulotlarida asarning mazmunini chuqur anglab olish maqsadida o‘tkaziladi. Bu yozma ishlar asar mazmunini, obrazlar xarakterini reja asosida yozma hikoyalash va matnni yozma taxlil qilishdan, savollarga yozma javob berish va uqilgan asardagi asosiy fikrni, uning mazmunini qisqacha yozib olishdan, annotatsiya, taqriz yozish va parcha, epigraflar tanlashdan iborat bo‘ladi.
Yuqori sinflarda, AL va KHK larida yozma ish turlari birmuncha ko‘payadi va mazmunan murakkablashadi: insho, annotatsiya va taqriz yozish, sodda va murakkab reja tuzish, asosiy fikrni, mazmunni qisqacha yozib olishdan tashqari, ma’ruza matnlari tayyorlanadi, o’qilgan asarlar bo‘yicha kundalik daftar yuritiladi.
Insho yozish o‘quv faoliyatidagi eng qiyin nuqtalardan biridir. Insho juda uzoq va murakkab tayyorgarlik va tajribalarni talab qiladigan ijodiy jarayondir. Insho yozish uchun nimalar talab qilinadi?
Buning birinchi asosi muayyan adabiy-badiiy materialni o‘qish, anglash va uning asosiy mohiyatini, fakt va hodisalarini puxta o‘zlashtirish bilan bog‘liq. Nihoyat, mana shu o‘zlashtirilgan adabiy fakt va hodisalarning qayta ifodasi, o‘quvchining mushohadasi bilan to‘ldirilgan va uning ongida qayta ishlangan shaklda i n sh o shakliga keladi.
O‘quvchilar o‘z tajribalarida diktant, bayon singari yozma ish turlari bilan yaxshi tanish bo‘lishadi. Bu tajribalar ularga boshlang‘ich sinflardanoq yaxshi ma’lum. Yuqori sinflarda ularga bunday yozma ishlarning i j o d i y topshiriqli turlarini ko’proq berish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bularning orasida o‘quvchining o‘zi mustaqil tarzda davom ettiradigan bayon turlari o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Uning asosiy mohiyati shundan iboratki, o‘quvchiga muayyan bir matn tavsiya etiladi. Bu matn tugallanmaganligi bilan o‘ziga xoslik kasb etadi. Matnning asosiy xususiyati shundaki, unda muayyan tipdagi fikr (tasvir, tavsif, hikoya) boshlab beriladi. Bu fikr o‘quvchining qiziqishlarini, diqqat-e’tiborini o‘ziga tortgunga qadar (matn mazmuniga ko‘ra bir-ikki, ba’zan besh-oltitagacha gap doirasida) davom ettiriladi va xuddi shu yerda to‘xtatiladi (uzib qo‘yiladi). Uni davom ettirish va yakunlash o‘quvchining o‘ziga topshiriladi. Demak, «voqealar»ni davom ettirish, rivojlantirish va ularni o‘zaro bog‘lash, shular asosida mantiqiy bir yechim va yakunga kelish o‘quvchining o‘ziga qoladi. Xuddi mana shu jarayonda o‘quvchining bevosita o‘ziga, uning individualligiga xos bo‘lgan barcha jihatlar: ijodkorlik, dunyoqarashning kengligi, mantiqiylik, so‘zni his etish va his etilgan hodisa va holatlarga mos keladigan so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llay olish to‘lig‘icha namoyon bo‘ladi. Tajribalarning ko‘rsatishicha, mashqdan mashqqa o‘tgan sari bunday ijodiy ishlarning natijalari ancha sezilarli va jiddiy bo‘lib boradi. Buning ayrim namunalarini tavsiya etishimiz mumkin. O‘qituvchilar bu namunaga qarab istagancha erkin va ijodiy yondoshishlari mumkin:
Inshoni yozishga tayyorgarlik va uni o‘tkazish qanchalik muhim bo‘lsa, uni tahlil qilish, xatolar ustida ishlash va baholash ham shunchalik katta pedagogik ahamiyatga molikdir. Ta’lim bosqichlarida yozma ishlarni, jumladan, insholarni tahlil qilishning hozirgi ahvoli, afsuski, ko‘p joylarda bir muncha o‘zgartishga, takomillashtirishga muhtojdir: «ba’zan uning o‘tkazib yuborilishi, noto‘g‘ri munosabat bildirish, xatolarni tuzatishda kasb mahoratining yetishmasligi, ko‘pincha xatolarni tuzatishda, og‘zaki tuzatishlar va taqrizlar yozishda bir xillikning yetishmasligi» kuzatiladi.
Insholarni baholashda bir qator mezonlarga amal qilinadi. Bular orasida eng muhimlari sifatida yozma nutqning to‘g‘riligi, ravonligi, mavzuga mutanosiblik darajasi, ifodaning aniqligi va haqqoniyligi, mantiqiyligi, ta’sirchanligi, boyligini ko‘rsatish mumkin.
Xatolar ustida ishlash bilan bog‘liq fikrlarda mutaxassislarning ikkiga ajralganini ko‘rish mumkin: bir guruh metodistlar o‘quvchi inshosidagi birorta ham xato e’tibordan chetda qolmasligini maqsadga muvofiq deb bilishsa, boshqalari ko‘pchilikda uchraydigan, asosiy xatolar ustidagina to‘xtalib, mayda xatolar ustida to‘xtashni shart emas, deb hisoblashadi. Buni agar o‘quvchining har bir xatosi ko‘rsatib borilaversa, uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi butunlay yo‘qolib ketishi mumkinligi bilan izohlashadi. Demak, bunday ishlarni amalga oshirishda ham me’yorga amal qilish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.
D.Quronov: «Badiiy asarni u yaratilgan davr voqeligiga bog‘lab qo‘yishlik unga noijodiy yondashishning natijasidir. Holbuki, badiiy kommunikatsiyaning yakunlovchi bosqichi – asarning o‘qilishi va uqilishi ham tom ma’nodagi ijodiy jarayondir. O‘quvchining diqqat e’tibori asar badiiy voqeligining real voqelikka nechog‘li mosligiga emas, uning zamiridagi MA’NOga qaratilishi lozim. O‘quvchi o‘z voqeligidan kechib badiiy asar voqeligida to‘laqonli yashasagina ijod onlaridagi san’atkorga ruhan yaqinlashadi, shundagina o‘sha san’atkor MA’NO vositasida anglagan olamu odam mohiyati unga ochilishi mumkin bo‘ladi. MA’NOning «skeleti» bo‘lmish mohiyat o‘zgarmas tabiatga egadirki, uning vositasida o‘quvchi o‘z zamonaviy sini, zamondoshlarini, o‘zini teranroq idrok etadi»97.Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek, «o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, o‘zbek allasi, o‘zbek tilining betakror jozibasi bilan singadi. O‘zbek tili – bu millatning ruhidir»i. Shuning uchun ham o‘z fikrini o‘zbek tilida mukammal tarzda ifodalashni faqat o‘quvchining emas, har bir shaxsning ham asosiy vazifasi, milliy burchi deyish mumkin. O‘quvchilarning og‘zaki hamda yozma nutqlarini rivojlantirish ta’limning turli bosqichlarida o‘rganiladigan adabiyot fani zimmasidagi eng asosiy vazifalardan biridir. Adabiyotning o‘quv fani va san’at namunasi ekanligi bu vazifa mohiyatini yanada teranlashtaradi. Badiiy asarni o‘qish asnosida o‘quvchilarning nutqi ham boyib, silliqlashib boradi. Ular bog‘lanishli nutq namunalarining amaliyoti bilan bevosita tanishib borishadi. Ayni paytda ushbu jarayonda ifoda imkoniyatlarining ta’sirchanligi ham kuzatiladi. Aslida adabiyot o‘qitishdagi asosiy vazifalar ham mana shulardan iborat. Rus metodist olimlari F.I. Buslayev, V.Y. Stoyunin, V. P.Ostrogorskiy, L. I. Polivanov, N. P. Potanina, V. P. Shere-metevskiy, V.V. Golubkov, A.D. Alferov, M.A. Ribnikova, Z.Ya.Rez, K.B. Barxin, N.M. Sokolov, L.S. Troitskiy, S.A. Smirnov, N.V. Kolokoltsev, A.A. Lipaev, K.V. Maltseva, M.R. Lvov, T.A. Ladijenskaya, V.Y. Korovina, O.Y. Bogdanova, N. A. Demidova, L. M. Zelmanova, T. F. Kurdyumova, N. I. Kudryashev, L.I.Kojurina, I.A.Fogelson, M.V.Cherkezovalar, o‘zbek olimlari Q.Ahmedov, A.Zunnunov, M.Mirqosimova, Q.Yo‘ldoshev, S.Matchonov, Q.Husanboyeva, R.Niyozmetova va boshqalar bu sohada anchagina jiddiy ilmiy-metodik tadqiqotlarni amalga oshirishgan.
Nutq o‘stirish muammolari faqat til va adabiyot o‘qituvchilari zimmasidagi vazifa yoki faqat ular o‘rganadigan ilmiy-metodik muammo emas. Bu masala pedagoglarni ham, psixologlarni ham, tib ulamolari-yu ijtimoiy soha vakillarini ham birdek qiziqtirib keladi. Bu bejiz emas. Zero, insonning nutqiy rivoji uning aqliy kamolotiga, ma’naviyatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omildir. Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘ot it-turk» asarida qayd etilgan maqollar sirasida «Ardam bashi - til» (Har qanday san’at va fazilatning boshlanishi tildir) degan maqolning mavjudligi ham bejiz emas. Bu buyuk ajdodlarimizning inson ma’naviyatining shakllanishi va rivojlanishi, uning ichki olamini belgilashda tilning nechog‘li muhim ahamiyatga ega ekanligini puxta bilganliklarining yorqin ko‘rsatkichidir. Inson ma’naviyatining namoyon bo‘lish imkoniyatlari ancha rang-barang. U ish – mehnat jarayonida, ishlab chiqarishda, boshqalar bilan o‘zaro aloqa va munosabatlarga kirishganida o‘zining ma’naviyatini boshqalar nazaridan o‘tkazadi. Shu bilan birgalikda u o‘z nutqi bilan ham o‘zining ma’naviyatini ko‘rsatib boradi. Xalqimizda «til odobi» degan ifoda tasodifan paydo bo‘lmagan. Til odobi insonning og‘zaki hamda yozma nutqi vositasida namoyon bo‘ladi. Shu nutq namunalarini ko‘rib, eshitib biz unga tegishli baho beramiz. «Odam so‘zi bilan sinalar, osh – tuzi bilan», «Odam so‘zlashib tanishar, hayvon - hidlashib», «So‘zi nodurustning - o‘zi nodurust», «So‘zning boyligi – odamning chiroyligi», «Til – dil tarjimoni» singari maqollarning paydo bo‘lishi hayotiy zaruratlarning mevasidir.
Alohida ta’kidlash joizki, badiiy adabiyotga oshnolik, badiiy asar ustidagi muntazam ish, kitob bilan muloqot inson nutqini eng kuchli darajada rivojlantiradigan omildir. Insonning nutqi bilan uning ma’naviy-ma’rifiy qarashlari orasida bevosita bog‘lanishlar mavjud. Inson nutqi uning axloqiy qarashlari hamda e’tiqodlari bilan ham chambarchas bog‘liq holda kamol topadi. Qadimgi mutafakkirlar inson nutqini uning yuksak ma’naviyati bilan chambarchas bog’liq holda tasavvur va talqin etishgan.
Nutq o‘stirish tushunchasi «o‘qituvchi va o‘quvchilarning nutqni egallashga qaratilgan o‘quv faoliyati» deb ta’riflanadiii. Mutaxassislar nutq o‘stirishning bevosita adabiy ta’lim bilan bog‘liq holda uch xil yondoshuvga ega ekanligini ko‘rsatishadi. Bular:
«1. Psixolingvistik yondoshuv, u nutqiy faoliyat nazariyasiga tayanadi.
2. Lingvodidaktik yondoshuv, u o‘zbek tili va xorijiy tillarni o‘rgatish va o‘rganish qonuniyatlarini tadqiq etadi.
3. Adabiy-metodik yondoshuv, u badiiy adabiyot, adabiyotshunoslik, adabiy tanqid, notiqlik san’ati nazariyasining imkoniyatlarini e’tiborga oladi»iii.
Har qanday holda ham o‘quvchilarning nutqiy faoliyatini badiiy adabiyot vositasida rivojlantirish asar tahlili bilan bog‘liq holdagina amalga oshiriladi. Bu esa, birinchidan, asarni o‘qish, uni tushunish, undagi insoniy kechinmalar mohiyatini anglab yetish, his etish bilan, o‘quvchi shaxsidagi ma’naviy, axloqiy, badiiy-estetik takomil bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. Demak, badiiy asar tahlili va nutq o‘stirish muammosi o‘quvchilar ma’naviyatini shakllantirish, ulardagi badiiy-estetik takomil yo‘lidagi harakatlarning bir-biridan ajratib bo‘lmaydigan yaxlitlikning ikki tomonidir.
Amalda bu talablar real hayotning o‘zida, amaliyotda ham bir-biridan ajratilmagan holda ro‘y beradi. Inson faoliyati rang-barang ko‘rinishlarga ega. Ular bir-birini taqozo etadi, bir-birini to‘ldiradi, o‘zaro ta’sir qiladi. Masalan, muayyan badiiy matn ustidagi ishlar, o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqining rivojlanishiga imkon berishi bilan birgalikda, ularning aqliy mehnat bilan shug‘ullanishga oid malakalarining ham uzluksiz ravishda shakllanib borishiga poydevor vazifasini ado etadi. Bunday malakalar esa ularning kelgusida tanlaydigan kasblarini egallashlarida katta amaliy ahamiyat kasb etadi. Badiiy asarni o‘qish asosida o‘quvchilarda, umuman, kitob bilan ishlashga oid ko‘nikma va malaklar barqarorlashadi. Ular turli yo‘nalishdagi fanlarga oid adabiyotlar bilan ishlash, turli tipdagi ma’lumotnomalar, lug‘atlar, qomusiy asarlardan foydalanish malakasni egallay borishadi. Bularning barchasi esa ulardagi izlanish, kashf etish, ijod va ijodkorlikka bo‘lgan rag‘batlarini kuchaytiradi, o‘zi uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni topish va ulardan foydalanishga oid malaklarini barqarorlashtiradi.
Adabiyot o‘quv predmeti sifatida o‘quvchilardan so‘z ustida, badiiy matn ustida ishlashni talab etadi. Bu yerda so‘z san’ati zamiridagi kashfiyotni yangidan topish, yangidan «kashf etish» zarurati ham ro‘para keladi. Shunga ko‘ra, bu yerda ijodiy ish usullaridan, izlash va tadqiqotchilik ishi taqazo etadigan shakl va metodlardan foydalanish jarayonning o‘z mantig‘idan kelib chiqadi. Demak, u o‘z fikr-mulohazalarini og‘zaki yoki yozma tarzda ifodalaydi. Ularning ko‘rinishlari va janrlari esa adabiy ta’limda nihoyatda ko‘p va rang-barang. Ushbu ijodiy mehnat jarayonida o‘quvchining ijodiy qobiliyatlari rivojlanib boradi, u o‘z mehnatining amaliy jihatlarini ko‘z oldiga keltirib, uni anglay boshlaydi. Ushbu jarayonlarda u o‘zini o‘zi amaliy sinovlardan o‘tkazib ham oladi – o‘z kuchiga real baho beradi, imkoniyatlarini chamalab ko‘rish uchun tabiiy «sinov maydoni» paydo bo‘ladi. O‘sib kelayotgan avlodga bu jarayon undagi qiziqishlarning ortishi, aqliy-ijodiy mehnatga nisbatan ongli munosabatning shakllanishi uchun asosiy omil vazifasini ado etadi.
Adabiyot darslaridagi ijodiy faoliyat shakllari rang-barang. Ular orasida eng ko‘p qo‘llanadigan, samarali shakllardan biri sifatida tegishli mavzularga oid ma’ruza va axborotlar tayyorlashni ko‘rsatish mumkin. Unga tayyorlanish jarayonida ham umumiy mehnat ko‘nikmalari, ham maxsus nutqiy malaklar mustahkamlanadi. O‘quvchilarning o‘z shaxsiy nuqtayi nazarlarini bildirishlari ham nutqiy faoliyatning ko‘rinishlari hisoblanib, ulardagi mustaqil va ijodiy fikrlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Adabiyot darslaridagi o‘quvchining nutqiy faoliyati undagi badiiy-estetik didning takomili uchun ham asosiy omil bo’ladi. Badiiy-estetik didning takomili esa, o‘z navbatida, nutqiy faoliyat mazmunining mukammallashib borishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday o‘zaro ta’sir natijasida ma’naviy-estetik tarbiya samaradorligi ortadi, o‘quvchilarning badiiy didi takomillashish bilan birga o‘quvchilarning lug‘at zaxiralari ham uzluksiz va muntazam boyib boradi. Lug‘at boyligi va badiiy did qo‘shilmasidan o‘quvchidagi ijodiy o‘ziga xoslik yuzaga kela boshlaydi, uning og‘zaki va yozma nutqida badiiylik unsurlari sezilarli tarzda namoyon bo‘la boradi. Zero, «kundalik nutqimizda biz asosan so‘zdan axborot berish yoki olish, biror narsani atash yoki nomlash maqsadlaridagina foydalanamiz. Bunday vazifadagi so‘zlar obraz (obrazlilik)dan juda ham yiroq ... Faqat estetik qimmatga molik kontekstgina so‘zni obrazga aylantiradi: u biror holat, harakat yoki munosabat bajaruvchi estetik materialga aylanadi»iv.
Bularning barchasi adabiyot darslarining o‘quvchi nutqining boyib borishida, undagi ma’naviy fazilatlarning shakllanishi va rivojida beqiyos o‘ringa ega ekanligini yana bir marta ta’kidlab turadi. Bu imkoniyatdan esa bizning ta’lim-tarbiya jarayonida munosib tarzda foydalanishimiz joiz bo‘ladi.
Adabiyot darslari o‘quvchilarni badiiy nutq namunalari bilan tanishtiradi, shular vositasida ularning og‘zaki va yozma nutqlarining rivoji uchun yo‘l ochadi.
Og‘zaki nutqni rivojlantirish ijtimoiy hamda metodik muammodir. Bugungi kunda og‘zaki nutqni o‘stirish va rivojlantirish muammosi tobora ko‘proq ijtimoiy ahamiyat kasb etib bormoqda. Zero, nutq inson ma’naviyatining ko‘zgusidir. Insondagi mustaqillik, ijodiylik, o‘z nuqtai nazarini himoya qila olish, undagi boy ma’naviy olam uning nutqi orqaligina namoyon bo‘ladi. Bugungi jamiyat rivoji ayni shu xislat egalariga ko‘proq muhtojlik sezmoqda.
Bugun yoshlar ma’naviyatidagi ayrim holatlar ko‘pchilikni tashvishga solayotgani bejiz emas. Ayniqsa, ma’naviyatsizlik, ma’naviy-estetik jihatdan qashshoqlik, milliy-ma’naviy qadriyatlardan bego‘zbek lik yoki xabarsizlik, zararli odatlarga nisbatan qiziqish va rag‘bat shu salbiy yo‘nalishning o‘zak nuqtalarini tashkil etadi. Og‘zaki va yozma nutq madaniyatiga bo‘lgan talablarning sustlashgani ham sezilmoqda. Hatto radio, televidenie, ommaviy yig‘inlardagi nutqlarning kambag‘alligi, nochorligi haqidagi fikr-mulohazalar quloqqa tez-tez chalinadi. Sahna boshlovchilari, radio va televideniedagi ayrim suxandonlar nutqiga ham e’tirozlar mavjud. Ularda noo‘rin takrorlar, mavzuga munosib tarzda tanlanmagan so‘zlar, obrazlilikka nisbatan e’tiborsizlik, bir xil qolipdagi ifodalarning serobligi, qo‘pol ifodalar, o‘zbek tilida mavjud bo‘lgani holda xorijiy so‘zlardan zo‘rma-zo‘raki foydalanish, sheva so‘zlariga nisbatan noo‘rin murojaatlar ko‘zga tashlanadi. Bunday holatlar sahna asarlarida, teleko‘rsatuvlarda, radio eshittirshlarida, adabiy kechalarda, hatto olimlarning chiqishlarida ham kuzatilishi siyrak tarzda uchramaydi. Ayrim til va adabiyot o‘qituvchilari orasida ham o‘z nutqiga e’tiborsizlik bilan qaraydiganlar topiladi.
Keyingi paytlarda badiiy asarlarni o‘qish nisbatan kamayib ketdi, degan gap-so‘zlar ham mavjud. Unda haqiqat unsurlarining borligini e’tirof etgan holda, bu fikrga to‘laligicha qo‘shilish qiyin. Kitob yarmarkalarida, kitob savdosida yangi kitoblarning ancha qisqa muddatlarda tarqalib ketayotganligi ochiq ko‘rinib turibdi. Savdo rastalarida turib qolayotgan kitoblar esa muxlislar nazariga tushmayotgan bo‘lsa, bunda ularning aybi yo‘q. Ammo o‘sib kelayotgan yosh avlodning kitobxonlik darajasi hozirgidan ko‘ra ancha yuqoriga ko‘tarilishi kerak. Bunga shubha yo‘q. Hozircha badiiy asarlarning o‘rnini omaviy axborot vositalari orqali berilayotgan namunalar egallayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi. Mutaxassislar buni «passiv o‘rganish» deb baholashadi. Bu birinchi navbatda yosh avlodning nutq madaniyatida o‘z ifodasini topadi. Kitob o‘qish o‘quvchi nutqining rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsata oladigan eng muhim omildir. Kitobni o‘qish jarayonida paydo bo‘ladigan emotsio‘zbek l-estetik huzur mohiyatini o‘quvchilar ongiga, qalbiga singdirish zarur bo‘lyapti.
«Og‘zaki nutqdan kuzatiladigan maqsad bayon qilinadigan fikrlarga mos so‘zlarni tezlik bilan topa olishga, nutq davomida fikrni tizimlashtiruvchi reja tuzishga, o‘z fikrini isho‘zbek rli va qat’iy bayon qilishga o‘rgatish va, nihoyat, o‘quvchilarda hozirjavoblikni o‘stirishdan iborat» (H.Ubaydullayev). Shunga erishish lozimki, o‘quvchi nutq jarayonidagi notugalliklarni ham payqaydigan, faqat o‘zgalarning, o‘rtoqlarining nutqidagi emas, balki o‘z nutqidagi kamchiliklarga ham tanqidiy qaray oladigan bo‘lsin. Nutqda so‘zning noo‘rin qo‘llanishini his etish o‘quvchidagi nutqqa nisbatan ongli va mantiqiy yondoshuvning ochiq ko‘rinishi bo‘la oladi.
Og‘zaki nutqni o‘stirish va rivojlantirish usullari nihoyattda rang-barang. Bunga badiiy matnni ifodali o‘qish, badiiy asar yoki uning muayyan parchasini yod olish, nutqda badiiy asarda qo‘llangan so‘z va ifodalardan foydalanish, undan ko‘chirmalar keltirish, asar mazmunini qayta hikoyalash, asar janri, undagi qahramonlarga og‘zaki tavsif berish, muayyan shaxs, hodisa, predmet, peyzaj yoki holatni tavsiflash, yozuvchining tarjimayi holini aytib berish, asarga o‘zining shaxsiy nuqtayi nazari yoki munosabatini bildirish va boshqalar kiradi.
Adabiyot darslarining ta’siri natijasida o‘quvchilar nutqida badiiy bo‘yoqdor, emotsio‘zbek l ta’sirchan so‘zlar ko‘payib borishi, ularning nutqi boshqalar uchun ham mazmunli, ta’sirchan va yoqimli bo‘lishi kerak. Ularning har qanday fikrga munosib ifodalarni topa bilishlariga erishish pirovard maqsad bo‘lishi lozim.
Badiiy asardagi so‘zlar ustida ishlash o‘quvchilarning lug‘at boyligini oshirishdagi asosiy omillardan biridir. Bu ish quyi sinflardan boshlab yuqori sinflargacha, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ham uzluksizlik va uzviylik tamloyillari asosida olib berilishi shart. O‘quvchilar yangi so‘zlarni ma’nolarni bilish bilan kifoyalanmay, undan o‘z nutqlarida foydalanishni ham uddalashlari joiz. Shundagina adabiy ta’lim nutq o‘stirish borasida tegishli samara va natijaga erishadi.
O‘quvchilar nutqini rivojlantirish adabiyot darslarining barcha shakl va usullari uchun bir xilda taalluqlidir. Shunga qaramay, nutqni rivojlantirish uchun maxsus e’tibor beriladigan holatlar ham mavjud. O‘rganilgan bir yoki bir necha badiiy asarlar (ular bir muallifning asarlari bo‘lishi ham mumkin) o‘zaro muloqotlar uchun tabiiy va qulay sharoitni yuzaga keltiradi. Bundan foydalanib o‘quvchilar nutqida tegishli so‘zlar, frazeologik ifodalar, obrazlar mohiyatiga aloqador bo‘lgan tushuncha va so‘zlarni faollashtirish imkoni tug‘iladi.
Bunda dastlab, o‘qituvchi dars oldiga qo‘yilgan maqsadni bayon etadi.
Keyingi bosqich ifodali o‘qishdan iborat. Bunda ifodali o‘qishga musobaqa tusini berish mumkin. Sinfda eng yaxshi ifodali o‘quvchilar tanlovi tashkil etiladi. Ifodali o‘qish albatta muhokama etilishi kerak. Buni har bir yoki bir necha o‘quvchilarning ifodali o‘qishlaridan keyin uyushtirish mumkin. Muhokamaga imkoni boricha barcha o‘quvchilarni jalb etish kerak. Bunda tengdoshlarning yutuq va kamchiliklariga shaxsiy munosabat bildiriladi. Shu asosda ularning og‘zaki tarzda so‘zlashlari uchun imkon tug‘iladi.
Darsga odatda rasmlar, illyustratsiyalar, jadvallar ham olib kiriladi. Ular ustida ham muhokama va munozaralar tashkil etiladi. Ayniqsa, ijodkor shaxsiyatining rasmdagi ifodasi ustida qizg‘in bahslar yuzaga keladi. Albatta, ifodali o‘qish darslarining yakuni o‘qituvchining zimmasida qoladi: u har bir o‘quvchining yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatadi, o‘quvchilar yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni yo‘l-yo‘lakay ham, alohida holda ham ko‘rsatib, uning sababini izohlab, natijasini tushuntirib beradi.
Nasriy asarlar ustida ishlanganda ham mana shu izchillikka rioya etiladi. Faqat unda epik asar tabiatidan kelib chiqadigan o‘ziga xosliklarga alohida e’tibor qaratiladi. Bunda nasriy asar yoki uning tanlab olingan fragmentini qayta hikoyalash qo‘shilishi mumkin. Qayta hikoyalashda qator o‘ziga xos talablar qo‘yiladi. Bular: voqealar bayonidagi izchillik, ularning o‘zaro bog‘lanishi, ifodaning aniqligi, ta’sirchanlik, asar matnida mavjud bo‘lgan so‘z va ifodalardan, tavsif, qahramonlar tasviri, unda qo‘llangan tasvir vositalari, so‘z o‘yinlaridan foydalana olish malakasi hisobga olinadi.
Ish tajribalarida muallif bilan suhbat, muallif yoki adabiy qahramonga maktublar, qahramon bilan yuzma-yuz suhbat kabi shakllar ham mavjud. Adabiy mavzularga oid mulohazalarni turli ko‘rinish va janrlarda ifodalashga o‘rgatishning shakl va usullari bular bilan chegaralanmaydi. O‘quvchilarni nutqiy hamda estetik jihatdan rivojlantirish o‘qituvchining ijodkorligiga, topqirligiga, har bir vazyaitdan foydalana olish mahoratiga bog‘liq.
Qayta hikoyalash boshlang‘ich sinflarda, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida keng qo‘llanadigan usllardan hisoblanadi. Ammo undan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida kam foydalaniladi. Bu o‘quvchilarning yosh xususiyatlari va adabiy tajribalari bilan bog‘liq.
U matnga yaqinlashtirib va ijodiy qayta hikoyalash tarzida ikkiga ajratiladi. Matnga yaqinlashtirib hikoya qilish to‘liq, qisqa yoki saralama tarzida amalga oshiriladi. Ijodiy qayta hikoyalash esa muayyan topshiriqlarni bajarish nazarda tutiladi. (Masalan, hikoya qiluvchining shaxsini almashtirish, matnga murojaat so‘zlarini qo‘shish, uni boshqa ijodiy topshiriqlar bilan boyitish).
O‘quvchining nutqi – undagi tafakkur mevasi. Demak, chiroyli, ma’nili, ravon va mantiqli nutq deganda mustaqil, ijodiy tafakkur sohibining nutqiy faoliyatiga oid qonuniy natijani tushunish joiz.
Bayonni baholash mezoni:
Do'stlaringiz bilan baham: |