Glossariy
Arxeografiya – yozma manbalarni qidirib topish, ilk tavsifga olish, ilmiy muomalaga kiritishni nazarda tutadi. Kutubxona, turli fondlardagi qo‘lyozmalarning turkumlashtirilgan tavsifi, arxeografik qiyosiy tahlili manba matnini tuzishda muhim hisoblanadi. Bunday ishlar natijalari matn ustida ishlashning ravon borishini ta’minlaydi.
Germenevtika – qadimgi yozma matnlar mazmunini izohlash bilan shug‘ullanadi, matnshunoslik uchun germenevtika asarning qadimda tutgan o‘rni, asar umumiy mazmuni kabi ma’lumotlarni beradi.
Manba – arabcha “oqib chiqmoq”, “boshlanmoq”, “otilib chiqmoq”, “kelib chiqmoq” ma’nolarini anglatuvchi naba’a ( نَبَعَ) fe’lidan “oqib chiqish joyi”, “boshlanish nuqtasi” “buloq”ma’nosidagi manba ( مَنْبَع) so‘zi yasalgan. Har qanday harakat, voqea-hodisaning boshlang‘ich nuqtasi, avvali, boshiga nisbatan qo‘llangan bu so‘z ma’lum soha kishilarining ixtiyoriga binoan ijod mahsuli tushunchasida qarorlashdi va “manba” deyilganida muayyan asar (kitob) tushunila boshladi. Mutolaa qilingan kitob o‘z o‘quvchilarida turli xil o‘xshash va farqli fikrlarni uyg‘otadi. Fikrlarning o‘xshashligi qarashlarni, farqliligi yondashuvlarni yuzaga keltiradi. Bu jarayon bamisoli kitobdan kitoblar otilib chiqayotgan, asardan asarlar tarmoqlanib, toshib oqayotgan oqimga o‘xshaydi.
Matn – arabcha izohli lug‘atlarda bu so‘z “narsaning ustki, yuza qismi” deb ta’riflangan. Tilimizga o‘zlashgan matonat, metin so‘zlari ham matn bilan o‘zakdoshdir. “Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati”da tekst so‘zi “avtorning asl so‘zi, asarning qo‘lyozmasi yoki nashr etilgan nusxasi”18, “Slovar-spravochnik lingvisticheskix terminov» kitobida “yozuv yoki nashrda aks ettirilgan nutqiy asar (bayon qilish”)19, “Hozirgi o‘zbek tili faol so‘zlarining izohli lug‘ati”da “matn – mazmunan va mantiqan o‘zaro aloqador bo‘lgan gaplar yoki alohida olingan gap”20, “Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati”da “matn – yonma-yon harflar, yozuv orqali aks ettirilgan nutq, umuman, nutq parchasi; tekst”21 tarzida turlicha ifodalangan. Matn bilan teng ma’noda qo‘llanadigan tekst so‘zi lotincha textus so‘zidan olingan bo‘lib, “to‘qima mato; to‘qish; o‘rish; chirmash; qo‘shish” kabi ma’nolarni anglatadi. Bu so‘zning nisbatan kengroq va qamrovli izohini 2010 yil “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan “Adabiyotshunoslik lug‘ati”da ko‘rish mumkin.
Matn tarixi – muayyan matnning paydo bo‘lishidan to oxirigi holatigacha davom etgan jarayon matn tarixini tashkil qiladi. Aksar matnlar ma’lum vaqt mobaynida sub’ektiv (muallif, kotib, nashrga tayyorlovchi, muharrir) va ob’ektiv (ijtimoiy) omillar ta’sirida o‘zgarishga uchraydi. Matnshunosning vazifasi mana shu o‘zgarishlarni aniqlash, ularni tarixiy, ilmiy dalillar bilan asoslash va shu yo‘l bilan asl matnni tiklashdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |