12-AMALIY MASHG‘ULOT
“MUAMMO”NI YECHISH
Muammo so'zining lug'aviy ma'nosi arab tilidagi "a'mo", ya'ni "ko'r" so'zidan olingan bo'lib, "bekitilgan" yoki "yashiringan" degan ma'noni anglatadi. Muammo sharq adabiyotida muayyan kichik janrdagi she'rda yashiringan nomni topish bilan bog'liq. Muammo tarixi haqida ma'lumot beruvchi muhim manba Sharafiddin Ali Yazdiyning "Hulali mutarraz dar fanni muammo va lug'az"(Muammo va lug'zlar haqida ziynatli yoping'ich) asaridir. Abdurahmon Jomiy "Risolai muammoi kabir", "Risolai muammoi manzum" asarlari, Alisher Navoiy "Mufradot" asari mavjud. Navoiyning turkiy tildagi 52 ta muammosi "Navodir ush shabob" devoniga kiritilgan. Fors tilida yozgan 373 muammosi bizgacha yetib kelgan. Navoiynig "Mufradot" asarida muammo yechishning 15 qoidasi va 48 xil usuli ochib berilgandir. Muammoni yechishda arab va fors tillarini bilish juda muhim. Sababi, muammoda berilgan so'zning yechimi ko'p hollarda mazkur tillardagi sinonimlarni ishlatish orqali aniqlanadi.
Foydalanish uchun adabiyotlar:
Sirojiddinov Sh., Umarova S. O‘zbek matnshunosligi qirralari. – T: Akademnashr, 2015. 28-34-betlar
Sirojiddinov SH. Matnshunoslik saboqlari. – T:. Navoiy universiteti, 2019. 88-103-betlar
TOPSHIRIQ
TA'RIX MODDASINI HISOBLANG.
Kamina So'fi shogirdi tilidin
Bo'lub ta'rix anga mag'fur kechti.
Ta'rix moddasini abjad hisobi yordamida aniqlab, hijriy va milodiy yilni toping.
13-AMALIY MASHG‘ULOT
JANRLAR BO‘YICHA QO‘LYOZMA MATNLARNI FARQLASH
Reja:
Bayoz qo‘lyozma manba sifatida. O‘zFA Sharqshunoslik institutida, Alisher Navoiy nomidagi Davlat Adabiyot muzeyida, O‘zMU qo‘lyozmalar muzeyida saqlanayotgan qo‘lyozma bayozlar.
Tazkiraning tuzilishi va o‘ziga xos xususiyatlari.
Tazkiranavislik tarixi. “Yatimatud dahr” (As-Saolibiy), “Tazkiratush shuaro” (Davlatshoh Samarqandiy), Majolisun nafois” (Navoiy), “Tazkiratul ahbob” (Nisoriy), “Majmuatush shuaro” (Fazliy Namangoniy), “Majmuatush shuaroi Feruzshohiy” (Tabibiy) kabi tazkiralarning milliy adabiyot tarixini o‘rganishdagi o‘rni va ahamiyati.
Devon, kulliyot va kajkulning o`ziga xos jihatlari va tuzilishi.
“Bayoz” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “oqlik” bo‘lib, atama sifatida “she’rlar to‘plami”ni anglatadi. Bayozlar odatda ikki yoki undan ortiq shoirlar she’rlaridan tashkil topadi. Bayozlar asosan mashhur shoirlarning lirik asarlaridan tuzilgan. Bayozlar ma’lum bir g‘oya yoki muayyan dunyoqarashni tashviq va targ‘ib qilmaydi, umuman saylab olingan asarlarda davriylik ham bo‘lmaydi. Kimning she’ridan qanchalik kiritish bayoz tuzuvchining xohishiga bog‘liq bo‘lgan. Bayozlar sarbayoz (so‘z boshi), lirik she’rlar (asosiy qism), xotima va ilovadan tashkil topadi. Ayrim bayozlarda asarlari kiritilgan shoirlar nomi mundarija sifatida beriladi. Bu xil to‘plamlar mualliflarning o‘zi yoki adabiyot ixlosmandlari va xattotlar tomonidan tuzilib, adabiyot targ‘ibida muhim vazifa bajargan.
«Gulshani ash’or»
XX asr boshlarida tuzilgan bayozlardan biri «Gulshani ash’or» bayozidir. Mazkur bayozda O‘rta Osiyo territoriyasida yashab o‘zbek va fors-tojik tillarida ijod etgan Firdavsiy, Atoiy, Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Kamiy, Saryomiy, Xislat, Oxundiy, Xiloliy kabi 50 dan ortiq shoir haqida ma’lumot beriladi. Majmua matnini Mulla Shoh Islom tayyorlagan. Bayozga Saryomiyning 7 g‘azali, 1 ruboiy, 4 muxammas va 1 ta’rixi kiritilgan. G‘azallar matnlarining maqtalari quyidagilar:
1. Jon dimog‘iga kelur, har dam gulruxsor isi,
Bulbuli sho‘rig‘a yetgan kabi, gulzor isi;
2. Man nega mahvi orazi ra’nosi bo‘lmayin,
Masti xarob, nargisi shahlosi bo‘lmayin;
3. Kecha tebrandi sabodin, ey sumanbar kokuling,
Gul yuzing atrofida chun sunbuli tar kokuling;
4. Rashki ravoqi jannat, gar bo‘lsa yor manzar,
Azbaski, dilkushodur vaqti bahor manzar;
5. Novakondozi qazoya nigohi tir verar,
Soiid fitnaya abro‘lari shamshir verar;
6. Zulfi savdosin tilarsenkim, o‘zing devona qil,
So‘nma ilking sochina, dastu duodin shona qil;
7. Qaro ko‘zingni asiri mudom surmai noz,
Zamona ko‘rmadi, bir san kabi buti tannoz.
Muxammasning 3 tasi Fuzuliy g‘azallariga bog‘langan, 1 tasi mustaqil muxammasdir. Ularning hammasi devonga kiritilgan. Chunonchi, bayozdagi «Yorab bejoh kursi arshi a’lo haqi», «Yurding mastu g‘ofil bo‘lmayin hushyor, yetmazmi», «Sandin mudom jud ayla mehru vafo banga» misralari bilan boshlanuvchi muxammaslarning nusxasi bilan devondagi nusxasida matnlarida o‘zgarish yo‘q. Faqat bayozda keltirilgan «Muxammasi Mavlaviy Yusuf Saryomiy» sarlavhali muxammasning birinchi misrasida: Bundan tashqari ushbu bayozda shoirning «Hazrati Sulton Xo‘ja Ahmad Yassaviy marqad»iga yozgan musaddasi ham berilgan.
Majmuaga kiritilgan quyidagi ruboiy ham bor:
Lutf ila shabi ummidimi ro‘z ayla,
Iqbolimi tavfiq ila feruz ayla,
Layli kabi lafzimi dilafro‘z ayla,
Majnun kabi nazmimi jigarso‘z ayla.
«Gulshani ash’or»da «Tarixi mehmonxona az Mavlaviy Yusuf» deb nomlangan ta’rix ham o‘rin olgan. Sharqona mehmonnavozlikni ko‘tarinki bir ruhda tasvir etuvchi ushbu she’r shunday satrlar bilan boshlanadi:
Ayla, mehmon qudumi gardidin,
Dilg‘a, yo rab, sururu diydag‘a nur.
Bayozda Mutrib, Jomiy, Fazliy, Muhyi, Ado, Huvaydo, Mahzuna, Saryomiy, Kamiy singari 60 dan ziyod shoirning o‘zbek va fors tilidagi g‘azallaridan namunalar o‘rin olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |