7-ma'ruza
Matn tuzish: Matn shakllari va ularni tuzish prinsiplari
Reja:
1. Matn tuzishning shakllari.
2. Ilmiy tanqidiy matn tuzish prinsiplari. Tanqidiy matnda ilmiy apparatning o‘rni. Matnga xavola qilinadigan ilmiy ko‘rsatkichlar tarkibi.
3. Ilmiy-ommaviy matn
4. Yig‘ma-qiyosiy matn.
5. Faksimil nashr. Matn va nashr.
6. Sharh va izohlar. Nasriy bayon.
7. Dastxatnusxa. Tayanch nusxa. Asos nusxa. Yordamchi nusxa
Matnshunoslik prinsiplari haqida so‘z ketar ekan, shuni alohida ta’kidlash zarurki, ular haligacha tasniflanmagan. Matnshunoslikning tadqiq usullari va prinsiplari o‘rtasidagi farqlar nazariy jihatdan ko‘rib chiqilmagan. Biz bu holni o‘zbek matnshunoslik ishlarida ham kuzatdik. Masalan, P. Shamsiev prinsip deganda tadqiq usullarini ko‘zda tutadi79[1], Eshonxo‘jaev esa prinsipga tamoyil sifatida qaraydi80[2]. D. Lixachev matnshunoslikning tadqiq usullari haqida gapirar ekan, ularni “matn tuzishning metodik prinsiplari...” deb ataydi. O‘zbek matnshunosligi tarixini o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘zbek matnshunosligining yangi davrida (1920 yillardan keyingi davr nazarda tutilmoqda – mualliflar) yuzaga kelgan ko‘plab nashrlarda matnshunoslikning bir qancha prinsiplari aks etgan. Ular tuzilayotgan matn shakllariga qarab farqlanadilar. Ma’lumki, matnshunoslikda matn tuzishning bir necha shakllari qabul qilingan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
1.Ilmiy-tanqidiy matn shakli.
2.Yig‘ma-qiyosiy matn shakli.
3.Ilmiy-ommaviy matn shakli.
Ilmiy-tanqidiy matn. Badiiy asarning ilmiy-tanqidiy matnini tuzish manbaning nusxalari ko‘p bo‘lganda amalga oshiriladi. Ilmiy-tanqidiy matn, bu – matn tarixini ilmiy o‘rganish asosida muallif matniga yaqin variantini tuzishdir. Ilmiy-tanqidiy matn tuzishning barcha tadqiqotchilar uchun qoidaga aylangan asosiy prinsiplari mavjud. Masalan, matn tuzuvchi asarning fanga ma’lum barcha nusxalarini ko‘rib chiqishi shart. Ba’zi asarlarning qo‘lyozma nusxalari orasidagi farqlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Bunday holda ilmiy-tanqidiy matnni tuzuvchi matnshunos barcha nusxalarni kuzatishga majbur bo‘ladi. Ko‘p nusxalarga ega manbaning ilmiy-tanqidiy matnini tuzishda nusxalarni saralash muhim hisoblanadi. Ko‘p nusxalarga ega manba matni ustida ishlash, ayniqsa, uning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash butun “injiqlik”lari bilan o‘ta nozik va mas’uliyatli, to‘xtovsiz aniqlik va intizom talab etuvchi “zahmat”lari bilan mashaqqatli, ammo samarali mehnatdir81[3]. Ilmiy-tanqidiy matn tuzishda muallif nusxasi(avtograf) bo‘lmagan taqdirda asarning qadimiy, ishonchli nusxasi tayanch nusxa sifatida olinib, boshqa nusxalardan yordamchi manba sifatida foydalaniladi. Jumladan, adabiyotshunos R. Zohid So‘fi Olloyorning “Sabot ul–ojizin” asari ilmiy-tanqidiy matnini tuzishda 150dan ortiq nusxaning umumiy va farqli jihatlarini matnshunoslik nuqtai nazaridan izchil tekshirgan va 25 (15 qo‘lyozma, 10 toshbosma) nusxani qiyosiy tahlil ob’ekti sifatida olgan. Shunisi ahamiyatliki, R. Zohid saralangan 25 nusxani ham muayyan prinsipial xususiyatlariga ko‘ra uch guruhga: tayanch nusxa, asos nusxa, yordamchi nusxalarga ajratgan. Muallif dastxati yoki uning davrida yaratilgan matn mavjud bo‘lsa, ilmiy-tanqidiy matnning ilmiy qimmati yuksak bo‘ladi. P. Shamsiev jahon qo‘lyozma fondlarida Navoiy asarlari qadimiy qo‘lyozmalarining topilishi shoir asarlari ilmiy-tanqidiy matnlarini yaratish uchun katta imkoniyat yaratganligini qayd etgan82[4]. Xususan, P. Shamsiev Qozon davlat universiteti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan “Xamsa”ning XVI asrda ko‘chirilgan deb taxmin qilingan nusxasining aniqlanishi haqida shunday yozadi: “Xamsa”ning ana shunday qadimiy nusxasining topilishi navoiyshunoslikda muhim hodisadir. Chunki u ulug‘ shoir asarining yagona ilmiy-tanqidiy matnini tuzish ishini yanada takomillashtirish yo‘lida zarur manba xizmatini o‘taydi, matn tuzishdagi ko‘pgina masalalarni, chigalliklarni hal etishga yo‘l ochadi”.[5]
Ilmiy-tanqidiy matnni tuzishda matnshunosning asar mazmuni, g‘oyasi, matn tarixini chuqur bilishi va aniq xulosaga kelishi muhimdir. Bunday matnni tuzishda barcha jalb etilgan nusxalar matni tanqidiy o‘rganiladi. Matnshunos ishga jalb etilgan nusxalarni qiyosiy o‘rganib, tayanch nusxaga solishtirgan holda barcha matniy o‘zgarishlarni ilmiy apparatda qayd etib boradi. Tuzilgan ilmiy-tanqidiy matn shakli yodgorlik yozilgan grafikada nashr qilinishi bunday shakldagi matn tuzishning asosiy prinsiplaridandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |