13-mavzu. Hujjatchilik tаrixi va uning takomillashuvi.
Tayanch so‘z va iboralar: qadimgi hujjatlar,Yevropa hujjatchilik tarixi,o’zbek hujjatchilik tarixi.
SAVOLLAR
Tarixiy hujjatchilik namunalari qayerda vujudga kelgan?
“Devonu lug’otit-turk” asarida hujjatlarga oid qanday so’zlar uchraydi?
Qadimda hujjatlar qanday narsalarga yozilgan? Ulardan namunalar keltiring.
4. Hozirgi kunda qaysi tarixiy hujjatlar yo’qolib ketgan?
Ma’lumki, insoniyat tarixida yozuvning ixtiro qilinishi bilan bog‘liq ravishda yozma nutqning vujudga kelishi hamda taraqqiy eta borishi asosida eng qadimgi zamonlardan boshlab kishilik jamiyatida insonlarning o‘zaro turli–tuman munosabatlarini aks ettiruvchi yozishmalar, solnomalar, hujjatlar, badiiy, ilmiy, tarixiy asarlar yaratib kelingan. Hujjatlar kishilar, jamoalar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, davlat ichidagi hamda davlatlararo ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ma’rifiy, harbiy sohalarda aloqalar o‘rnatish, hamkorlik qilish, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantira borishlari uchun xizmat qilib kelgan. Bugungi kunda iqtisodiy islohotlarni jadal amalga oshirishda yozma manbalarning, hujjatlarning roli beqiyosdir.
Bobilning miloddan avvalgi 1792-1750-yillardagi shohi Xammurapining adolatpesha qonunlar majmui, undan ham qadimroq shoh Ur-Nammu (miloddan avvalgi 2112-2094-yillar)ning qonunlari va boshqa manbalarning mavjudligi «hujjatlar» deb ataladigan tartibot vositalarining nechog‘li olis va murakkab tarixga ega ekanligini ko‘rsatadi. Albatta, kishilik jamiyatining taraqqiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlarning almashina borishi, aniqrog‘i, kishilar o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy munosabatlarning shakllanishi barobarida hujjatlar ham takomillashib borgan. Bugungi kunda fanga tariximizning turli davrlarida o‘rxun-enasoy, so‘g‘d, eski uyg‘ur, arab va boshqa yozuvlarda bitilgan juda ko‘plab hujjatlar, umuman,yozma manbalar ma’lum.
O‘tmishdagi hujjatlar aslida yaqindagina vujudga kelmagan. U qadim davrlarga borib taqaladi.
Bizgacha yetib kelgan manbalar orasida VII asr oxiri va VIII asr boshlarida Sug‘d podsholigi davriga tegishli 80 ga yaqin noyob (Panjakent yaqinidagi Mug‘ tog‘ida joylashgan qadimgi qasr xarobalaridan topilgan sug‘dcha) hujjatlar Sug‘d davlatida ish yuritishning ahvolidan darak bersa (3, 3-57-b.), 800 ga yaqin hujjatlarni qamrab olgan “Vasiqalar to‘plami” 1588-1591-yillarda Samarqanddagi tarixiy voqelikni, ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaqqol aks ettiradi (4, 5-125-b.).
Turkiy xalqlarda ham hujjat tuzish qadimdan mavjud bo'lgan. X asr va undan oldingi davrlarga oid turli hujjat namunalari bizgacha yetib kelgan. Hatto M.Qoshg'ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida “Bushug‘” so‘zi uchraydi. U elchiga qaytib ketish uchun beriladigan ijozat qog'ozi, shuningdek, elchilarga beriladigan sovg‘a ma’nolarini bildiradi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida yorliq va noma ma’nosi o'rnida “bildargulik” so‘zi ishlatilgan. Hozirgi kunda faol qo‘llanishga o'tgan “bildirishnoma”, “bildirish” shu so'zdan olingan. Sho'rolar davrida bu so‘z “raport” deb yuritilardi. Qadimshunos olimlar tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida ko'pgina ma’lumotlarga ega bo'lindi. Namangan viloyati Kosonsoy shahri yaqinidagi Mog’ul qal'asidan VII-VIII asrga oid 80 ta hujjat topilgan. Ular milliy so‘g‘d yozuvida bo'lib, toldan kesilgan tayoqcha, teri va xitoy qog‘ozlariga bitilgan.
Mashq. Gaplarni o‘qing. Eski uslubga xos lisoniy qoliplarning ma’nosini izohlang va hozirgi adabiy tildagi muqobillarini qavsda ko‘rsatib ko‘chiring.
1. Xoja Kalonga salom degach, so‘z ulkim, Shamsiddin Muhammad Atovag‘a keldi... Tengri taolodin umid andoqdurkim, bu oraning ishi Tangri taolo inoyati bila bot saranjom topgan («Boburnoma»dan). 2. Qulluq arzadosht ulkim, safardin salomatliq bila qaytib, maskanga tushulgan xabardin davlatxoh qullar shodmon bo‘ldilar. Umid ulki, hamisha dav-lat bila sog‘ va salomat bo‘lub olam ahlig‘a komron bo‘lg‘aysiz (Alisher Navoiy, «Munshaot»dan). 3. Yer-u ko‘kni yaratgan Tangri taologa cheksiz shukrlar bo‘lsinki, yetti iqlim mamlakatlarining ko‘pini mening farmonimga kirgizdi va olim sultonlari va hokimlari menga egilib, itoat qilish halqasini jon quloqlariga taqdilar («Temur tuzuklari»dan). 4. Biri ulkim, viloyat molin mashvaratsiz olib turursiz va bu ma’hud emas erdi... Chun sizning tobug‘ingizga ayturga davlatxohlig‘ so‘zini ayturg‘a ma’murmen. Ul jihatdin go‘stohliq bila arzadosht bitildi (Alisher Navoiy, «Munshaot»dan).
TESTLAR
Dalolatnoma necha kishi tomonidan tuziladi
A) uch kishi tomonidan
B) ikki kishi tomonidan
C) besh kishi tomonidan
D) bir kishi tomonidan
2. Hujjatlarda ……………. turlaridan keng foydalaniladi
A) sodda gap
B) undov gap
C) qo‘shma gap
D) ergash gap
3. Rasmiy-idoraviy hujjatlarda ……………….. kabi tinish belgilari ishlatiladi
A) nuqtali vergul, qavs, tire
B) nuqta, ikki nuqta, undov belgisi
C) vergul, so‘roq, qavs
D) chiziqcha, vergul, undov
4. Qadimda qozilar bajargan vazifalarni hozirda ….…….… amalga oshirishadi
A) sudyalar
B) notariuslar
C) advokatlar
D) prokurorlar
5. Buyruqning rus tilida nomlanishi
A) prikaz
B) raport
C) raspiska
D) protokol
Do'stlaringiz bilan baham: |