O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
NAVOIY DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI
O’ZBEK TILI VA ADABIYOTI FAKULTETI
O’ZBEK ADABIYOTI Kafedrasi
3-KURS “G” GURUH TALABASI
Qahramonova Sevara Baxtiyor qizining
“O’zbek adabiyoti”
fanidan yozgan
KURS ISHI
MAVZU: ZAVQIY SHE’RIYATI. JANR VA MAVZULARI
Ilmiy rahbar: katta o’qit. Ahmedova Z.
Navoiy-2020
MUNDARIJA:
1.Kirish………………………………………………………….
2.Asosiy qism…………………………………………………….
3. I bob. Zavqiy hayoti va uning merosi………………………
4. II bob. Zavqiy lirikasi tahlili, mavzulari
5.Xulosa…………………………………………………
6.Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati……………………...
KIRISH
Istiqlol yillarida mumtoz adabiy merosimiz, xususan, shoir va yozuvchilar faoliyatiga munosabat tubdan yangilandi. Birinchi prezidentimiz mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab adabiyot ahliga o’z e’tiborini qaratgan edi. Mustaqil O`zbekistonning kelajagi ko’p jihatdan barkamol, salohiyatli avlodni tarbiyalashga bog’liq. Ana shunday vazifani amalga oshirish uchun Vataniga, xalqiga sadoqatli, mustaqil fikrlaydigan erkin, ijodkor shaxsni shakllantirish mustaqillikka erishilgan dastlabki kunlardanoq davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbari Sh. M. Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor.Va men ishonaman, Xudo xohlasa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz ham, albatta, bo‘ladi”.1
Zavqiy, Zavqiy Xo'qandiy taxalluslari ostida ellik yildan ortiq vaqt mobaynida qalam tebratgan Ubaydullo XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning birinchi choragi o’zbek adabiy muhitida keng shuhrat qozongan, zamondosh ijodkorlar va ilg’or ziyolilar tomonidan noyob iste’dod sohibi deb tan olingan, xalq muhabbatiga sazovor bo’lgan. Bejiz emaski, Zokirjon Furqat o’zining ijodkor sifatida kamol topishida katta ta’sir ko’rsatgan «fozil va rasotab’lar» jumlasida Zavqiyning ham nomini hurmat bilan tilga oladi. «Alarning suhbatidin ko’p bahralar topdim», - deb yozadi o’z esdaliklarida. Furqat guvohligiga ko’ra, Zavqiy Muhyi va Muqimiy kabi yirik namoyandalar qatorida zamonasining eng ilg’or va faol ijodkori sifatida adabiy harakatchilikning yetakchilaridan bo’lgan. «Va asr shuarolarikim, chunonchi, mavlono Muhyi va mavlono Muqimiy va mavlono Zavqiy va mavlono Nisbatdurlar, hamisha majlis bunyod aylab, zodai tab’larimizdin mushoara qilur erduk va bir g’azalda tatabbu’ ko’rguzub, bir mazmun har nav’ ifoda topar erdi».
Shu ham e’tiborga loyiqki, oddiy xalq orasida Zavqiy iste’dodli shoir, o’tkirzabon hajvchi sifatidagina emas, balki, ayni zamonda, halol va diyonatli kosib, iymon-e’tiqodi but, to’g’riso’z va dovyurak, islomiy bilimlardan yaxshi xabardor inson sifatida ham obro’ qozongan. Zavqiy eshon, Zavqiy xoji deb hurmat bilan tilga olingan. Ishq-muhabbat, sevgi-sadoqat va chin insoniy fazilatlar madhida qator har
jihatdan yetuk g’azal, muxammaslar yaratgan Ubaydullo Zavqiy o’zbek adabiyoti tarixidan kuchli hajvgo’y va quvnoq yumorist sifatida ko’rinarli o’rin egallaydi. U Muqimiy va Muhyi, Zoriy va Muhayyir, Nodim va Pisandiylar qatorida milliy adabiyotimizda ijtimoiy va ijtimoiy-siyosiy hajviyotning taraqqiy etishiga jiddiy hissa qo’shdi.
Bo’lajak shoir Ubaydullo Qo’qon shahrining Shayxon guzarida 1853- yilda Usta Solih nomli mahsido’z oilasida dunyoga keldi. Otasi mahsido’zlik bilan shug’ullanar, oila moddiy qiyinchilikda hayot kechirardi.Yoshligidanoq ota kasbini pishiq egallagan ziyrak o’g’li tabiatidagi ilmga, xususan, she’riyatga bo’lgan katta qiziqish va qobiliyatni ko’rgan Usta Solih va savdogar tog’asi uning tarbiyasiga jiddiy ahamiyat beradi, moddiy qiyinchiliklarga qaramay, avvaliga mahalliy maktabda, uni tugatgach, “Madrasai Oliy” va “Madrasai Chalpak” da o’qitadi. Turmush sharoitining og’irligi tufayli madrasani tark etishga majbur bo’lgan. Ubaydulla ota kasbi kosibchilik bilan shug’ullanib, ro’zg’or tebratadi. Ubaydullo ma’lum muddat Qo’qon boylaridan biri Mo’minjon qo’lida mirzalik qiladi va xizmat taqozosiga ko’ra Xo’jand, Buxoro, Samarqand, O’sh, Andijon, Marg’ilon va Toshkent shaharlarida bo’ladi. Madrasa ta’limi va tinimsiz shaxsiy mutolaa Ubaydullo iste’dodining kamol topishi, arab va fors tillarini mukammal egallashi Sharq adabiyotining buyuk namoyandalari ijodiy meroslarini chuqur o’rganishi uchun mustahkam zamin bo’ldi. Madrasada o’qish yillarida birinchi she’riy mashqlarini yozgan Zavqiy tez orada Qo’qon adabiy muhitining Muqimiy, Muhyi, Furqat. Muhayyir, Nodim, Zoriy, Rojiy kabi ilg’or fikrli ijodkorlari davrasiga kelib qo’shiladi, ular bilan mustahkam ijodiy hamkorlik o’rnatadi. 90- yilarda Zavqiyning otasi, ikki ukasi vafot etadi. Umr yo’ldoshi Tojibibining ko’zlari ko’rmay qoladi. Ketma-ket zarbalardan biroz bo’lsa-da, chalg’ish maqsadida shoir Muqimiyga hamrohlik qilib, vodiy qishloqlarini aylanadi. Zavqiy mamlakatimiz tarixi va xalqimiz hayotida jiddiy ijtimoiy-siyosiy voqealar yuz bergan suronli bir davrda yashab, qalam tebratgan ijodkorlardan biridir. U o’z hayotida chor Rossiyasining qurol kuchi bilan yurtimizni mustamlakaga aylantirgani va buning oqibatida mehnatkash omma ahvoli yanada og’irlashib, zulm va zo’ravonlik kuchaygani, inson qadr-u qimmati, erki-sharafi toptalganining jonli guvohi bo’ldi. Shoir XX asr boshlari, xususan, u o’ninchi, yigirmanchi yillarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi jiddiy o’zgarishlar, qonli inqilob-to’ntarishlar, zulm, qahatchilik va adolatsizliklarga qarshi xalq harakatlarini o’z ko’zi bilan kuzatdi; madaniy-ma’naviy hayotdagi siljishlarni, hurriyat va zamonaviy ma’rifiy g’oyalarning omma ongiga singib borishini mushohada etdi, davr adabiy hayotida faol qatnashib, dolzarb mavzularni tarixan haqqoniy ifodalashga intildi. 1900- yilda Zavqiy tog’asi Muhammad Siddiq bilan haj safariga otlanadi va uch yil muqaddas farzini ado etadi. Ma’rifatchilik adabiyotining vakili sifatida mazlumlarni himoya qilish va adolatni tiklashga o’zini javobgar hisoblagan shoir hajdan qaytgach ham zamon zo’rlariga haq gapni aytishdan qaytmaydi.Shoir sifatida tanila boshlaganiga qaramay, Ubaydullo to umrining oxiriga qadar mahsido’zlik hunarini tashlamadi. Avvaliga Madrasa hujralaridan birida, keyinchalik esa, bozor rastasida ochgan kichik do’konida kosibchilik qilib, otaonasiga qarashdi, o’z oilasini tebratdi. Bu hunar, ayni zamonda, Zavqiyning oddiy xalq, ezilgan tabaqa bilan hamnafas yashab, kambag’al kishilarning turmush sharoiti va orzu-intilishlari, dardu hasratlari va quvonchu tashvishlaridan bevosita xabardor bo’lishida juda qo’l kelgan. Xuddi shu haqiqatni nazarda tutib:
Do’konda kosiblik ishim,
El birladur yozu qishim!-
deb yozgan shoir o’zini ochiqdan-ochiq oddiy mehnatkash tabaqaning, o’zi tengi mayda hunarmandlarning nomidan qalam tebratuvchi deb ta’kidlaydi. Zavqiy ijodining sof xalqchil mohiyatini tasdiqlovchi bunday mazmun, jumladan, hayqiriq, -xitob ohangi jaranglab, turgan mana bu misrada ham:
Zavqiy kosiblar tilidan kimga arzu dod etar?!
Shuningdek, o’z iborasi bilan aytganda, «bechora xalq» dardu hasratlarini sharxlab she’r yozganligini ta’kidlovchi quyidagi baytda ham to’la-to’kis yuzaga chiqqan:
Uy pulidin xat aro so’zladi bechora xalq,
Zavqiy Xo’qandiy dedi unga javob, uy puli.
Bu har ikkala misol shoirning joriy mustamlaka tuzumidagi ayanchli hayot, avj olgan zo’ravonlik va hukmron adolatsizlik, xalqni xonavayron etuvchi son-sanoqsiz soliqlarning ofat ekanligini jonli lavhalarda ifodalagan «Uy puli» va «Zolim puli» deb yuritiluvchi tanqidiy- hajviy she’rlaridan olindi. Shoirning "bechora xalq"qa o’zini yaqin tutib, uning bir vakili deb bilishi bejiz emas. Gap shundaki, Zavqiyning hayot tarzi, yashash sharoiti barcha kosiblar, umuman, mehnat ahli hayoti kabi nihoyatda og’ir kechdi. Muntazam ravishda muhtojlik, nochorlik azoblari ostida yashagan, «eski buzuq xarobada chug’zdek ayladim vatan, bir tuzuk oshyon yo’q» deb nola tortgan shoir ijodida mustamlaka tuzumi, joriy adolatsizlik, zo’ravonlik tartib-qoidalaridan shikoyat, «shum falak», «nodonsevar zamona», «g’addor dahr» (shoirning o’z ta’rifiboralari) qilmishlaridan keskin norozilik bosh g’oya darajasiga ko’tarilgan. Zavqiy XIX asrning 70—80-yillaridayoq chin xalqchil shoir sifatida uzil-kesil shakllanib, davr adabiy hayotida ko’rinarli o’rin egalladi, she’riyat muxlislari orasida shuhrat tutdi, g’azallari xalq hofizlari og’ziga tushdi.O’z ijodiy faoliyatini an’anaviy mavzuda g’azal, muxammaslar yozishdan boshlagan Zavqiy tez orada o’z diqqatini ijtimoiy mavzularga, davrning dolzarb muammolariga qaratdi, mexnatkash xalq hayoti, shahar va qishloqning ezilgan tabaqasi turmushidan ayanchli lavhalarni haqqoniy badiiy tahlil etishga kirishdi. Mustamlaka voqeligi va ijtimoiy hayotdagi salbiy hodisa-holatlarga tanqidiy baho-yondashuv, shaxslar faoliyati va tabiatidagi yaramaslik, pastkashlik, nopoklik, firibgarlik kabi illatlarga xajviy munosabat shoir asarlarining yetakchi g’oyaviy mazmuni bo’lib qoldi. O’sha davr milliy adabiyotimizda Muqimiy bosh bo’lgan kuchli hajviy yo’nalishning keng taraqqiy topishida ijodiy faoliyatiga «tinmay shikoyat ila yomonga raqam bitay!» shioriga amal qilgan Zavqiyning xizmatlari juda katta bo’ldi. Shoirning ijtimoiy mavzudagi va hajviy-tanqidiy ruhdagi qator asarlarida chor mustamlakasiga aylantirilgan o’lka hayotining eng dolzarb muammolari, jumladan, mavjud jamiyatdagi insoniy haq-huquq va moddiy boyliklarga egalik borasida keskin tabaqalanish mavjudligi hamda uning yaqqol ko’rinib turgan salbiy oqibatlari haqida jiddiy muloxazalar, qat’iy hukm-xulosalar bayon etiladiki, bunday asarlar davr adabiyotida muhim yangilik bo’ldi. Masalan, Zavqiy muxammaslarining birida mavjud tuzum, undagi o’rnatilgan tartib-qoidalar, amaldagi huquq-qonunlar kimning manfaatlariga xizmat qiladi, jamiyatning qaysi tabaqasi zamona va tuzum imtiyozlariga egayu qaysi guruxi butunlay haq-huquqsizlikka mahkum etilgan, qaysi tabaqa shohona hayot kechirib, cheksiz boylik, izzat-ikrom va aysh-u ishratdayu, qaysi jamoa ochlik- yalang’ochlik va mashaqqatli mehnat, doimiy muhtojlik va dardu kulfatga mahv qilingan, degan nihoyatda jiddiy ijtimoiy mavzu ko’tarilgan. Shu mohiyatiga ko’ra, shartli ravishda «Zamona kimniki?» deb yuritiluvchi bu muxammasda Zavqiy ilg’or ijtimoiy-siyosiy qarashlari, xalqchil g’oyalarini badiiy yuksak misralarda nihoyatda ta’sirchan va keskin bayon etadi. Chor mustamlakachi ma’muriyati va mahalliy zo’ravonlar hukmron bo’lgan mavjud tuzumda shoirning qat’iy fikricha:
Sen dema ushbu zamonda obro’ mulloniki!
Qoldi a’lolar ayoq ostida, so’z - adnoniki!
Sar daraxti mevasin ko’r: zog’ ila qarg’oniki!..
Davlatu izzu sharaflar mardi bodunyoniki...
Bu zamona g’arch kavush kiygan siliq salloniki!..
Davru davron hamma joyda hokimu mirzoniki!
Yuqoridagilar muxammas bandlaridan olingan misralardir.
Xuddi shu muxammasida jamiyatdagi ikkinchi qutb — ezilgan, haq-huquqlari toptalgan yo’qsil tabaka haqida so’z borganligi Zavqiyning g’oyaviy yuksak mavqeyini ravshan ko’rsatadi. Xalqchil shoir dil-dilidan kuyinib: "Xoh kosib, xoh dehqon qayga borsa bag’ri qon!", "Bekasu bechora so’ziga kishi bermas javob, Shu sababdin beva-yu bechoralar bag’ri kabob!" - deya o’sha jamiyatdagi ezilgan ijtimoiy tabaqaning ayanchli hayotini haqqoniy baholaydi. Mustamlakaga aylantirilgan o’lkadagi hukmron adolatsizlikni tanqidiy tasvirlash mavzuyi Zavqiyning shartli ravishda "Keladur zamona", "Ajab zamona", “Abdurahmon shayton" deb nomlanuvchi yana bir qator she’rlarida ham o’z ifodasini topgan. Chindan ham, "Ko’p qiziq" deb nomlangan she’ridagi mana bu misralar yuqorida keltirilgan namunalar bilan mohiyatan to’la hamohang bo’lib, "Zamonada kimlar xukmron?" - degan savolga lo’nda va dangal javob bo’la oladi:
Har yera borsa so’zi maqbuldur ,
Kimning bor bo’lsa nuqra-tillosi!
Bu jiddiy ijtimoiy mavzu tahlilini davom ettirib, "Dar mazammati zamona" deb sarlavha qo’yilgan asarida Zavqiy: «Bevayu bechora kosiblarga hurmat qolmadi!» — degan umumlashma xulosaga keladi.
Zavqiy she’riyatida jamiyatdagi mehnat ahli-mayda kosib-hunarmandlar hayoti, yashash sharoiti dard-u hasratlari mavzuyi boshqa ijodkorlar meroslariga nisbatan ko’rinarli o’rin tutishini ta’kidlash mumkin. O’zi jamiyatning shu ezilgan tabaqasiga mansub bo’lgan Zavqiy doimo zo’r achinish va xayrixohlik bilan bu mavzuni tahlil etadi, shoirning o’z iborasi bilan aytganda, «kosiblar tilidan»
so’zlaydi, qalam tebratadi.
Zavqiyning zikr etilgan asarlaridan tashqari, "Bo’l", "Qarz" radifli, shuningdek, "Hajvi Ahmadxo’ja qozi", “G’o’daslik boy haqida hajv" deb yuritiluvchi she’rlarida ham mustamlaka tuzumidagi ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik fosh etiladi, chor ma’muriyati va mahalliy hukmdorlarning himoyasida bo’lgan muttaham amaldorlarning kirdikorlari fosh etiladi. Shoirning "Muncha ko’p!" radifli hamda "Ajab zamonadur, ahbob, bosh qotib qoldi'" misrasi bilan boshlanuvchi muxammaslari XX asr boshlari she’riyatimizdagi eng o’tkir ijtimoiy- tanqidiy asarlar jumlasiga kiradi. Jangovar xitob, dil- dildan chiquvchi hayqiriq, aniq jaranglovchi, ayni zamonda, yurak-bag’irni ezib o’rtovchi kuyunch, alamli iztirob bilan yo’g’rilgan bu asarlar zaminida ham oddiy Inson qadr-qimmati masalasi juda keskin ko’tariladi, Insonning erkin, hur yashash, farovon hayot kechirish huquqi mavzuyi badiiy talqin etiladi. Zamonadagi hukmron zo’ravonlik, huquqsizlik, mashaqqatli hayot xalqchil shoir qalbini larzaga soladi, xususan, kambag’al mehnat ahlining cheksiz azob-uqubatga, kulfat-xorlikka mahkum etilganligidan qat’iy norozilik tig’day o’tkir har bir misradan o’quvchi ongiga ko’chadi, unda ham o’sha erksiz tuzumga nisbatan nafrat, o’sha nochor ommaga nisbatan achinish va xayrixohlik tuyg’ularini shakllantiradi. Zavqiy yomonlik va yovuzlikni lo’nda va dangal fosh etishda, hajviy nishonning butun jirkanch mohiyatini keskin qirralarda ochib tashlashda katta badiiy mahorat ko’rsatadi. Birinchi muxammasga tanlangan «Muncha ko’p!» radifining o’ziga qanchadan- qancha g’oyaviy-badiiy vazifa yuklangan. Ta’kidlash lozimki. bu tashqi jihatdan oddiy va savol-taajjub ohangi mavjud radifda qat’iy hukm, keskin tasdiq hukmron, u chuqur mushohadalar xulosasi sifatida baralla jaranglaydi.
Mavjud ayanchli holatdan chuqur nafratlangan kuyinchak muallifning
norozilik to’la adolatli ovozi har bir misra qat-qatiga singib ketgan, shu bois ular jangovar aybnomadek o’qiladi:
Zolim falak bisotida ozor muncha ko’p!
Inson sharafli nomida xor muncha ko’p!
Har ko’chalarda qashshoq ila zor muncha ko’p!
Tarhi jahon binosida badkor muncha ko’p!
Xo’qand aro baloga giriftor muncha ko’p!
Haqqoniylik, hayotiylik, ijtimoiylik-Zavqiy ijodi, u yaratgan ko’pchilik asarlarning bosh belgisi. Bu xususiyat, xususan, zamonaning dolzarb masalalari, hayotda yuz berayotgan voqea-xodisalarga bag’ishlangan tanqidiy- hajviy yo’nalishdagi she’rlarida juda ravshan yuzaga chiqadi. Bu turkum asarlariga mavzuning o’sha zo’ravonlik va inson sharafini oyoq osti qiluvchi tartib- qoidalarga asoslangan tuzumdan olingani, o’z ko’zi bilan ko’rib, yuragi bilan mushohada etgan voqea-hodisalarni, «benomusu beor» shaxslarni qog’oz sahifasiga tushirganini shoir maxsus ta’kidlaydiki, bu juda muhimdir:
Qarg’ishga nishon benomusu beor muncha ko’p!
Aytmay desang, munosibi ash’or muncha ko’p!
Ha, "munosibi ash’or" salbiy voqelik Zavqiyning e’tiqodiy-hajviy she’riyatiga nishon bo’lgan. Zavqiy ijodiy merosida qishloqlar holati, dehqon ahlining mashaqqatli mehnati va ayanchli hayoti mavzuyi ham katta o’rin tutadi. Gap shundaki, shoir Farg’ona vodiysi bo’ylab yakka o’zi, ba’zan esa, Muqimiy bilan birgalikda bir necha bor sayohatlar uyushtiradi. Bunday safarlar qishloqlarning ahvoli, dehqon ahli turmushi, ularning og’ir mehnatlari va nochor kun kechirishlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini bergan. Bu voqeiy taassurotlar esa Zavqiyning qator asarlarida o’zining badiiy ifodasini topgan. Bu turkumda "qish-u yoz, kecha-yu kunduz mehnatda kuyib" ishlayotgan, "g’amli kuyuk kulchasini ham umrida to’yib yemagan” , “oriq, ranggi sariq, qorni ochlikdan shishgan” dehqonlarning ayanchli turmushlari ularga to’la xayrixohlik, hamdardlik ruhida kuchli achinish bilan tasvirlanadi.
Zavqiy lirikasi turfa yo‘nalishga ega. Ularda muhabbat iztiroblari, oliy jamolga intilish, zamon g‘addorliklaridan yozg‘irish singan xilma-xil taronalar ifoda etilgan. Shoirning «Jahonda kamsuxan kim bo‘ldi, asrori nihon bo‘ldi»tarzida boshlanadigan g‘azali yakpora g‘azallar sirasiga kirib, ezgu sifatlarning kishi shaxsiyatidagi o‘rni kuylangan. Unda kamso‘zlikning afzalligi-yu, sergaplikning zarari g‘oyat ta’sirchan timsollar orqali ifodalab berilgan. Shoir oddiy nasihatga o‘xshab ketishi aniq bo‘lgan fikrni juda dilbar she’riy libosga o‘rab, turli badiiy vositalar yordamida ta’sirli va yuqumli tarzda beradiki, u oddiy didaktikadan ko‘rkam she’r darajasiga ko‘tariladi. G‘azalda hayotiy holatlarni o‘rinli hamda nozik kuzatganligi va o‘ziga xos ifodalaganligi uning ta’sirchanligini oshirgan: Nazokat ortturay desang, misoli g‘uncha xomush bo‘l, Nadinkim og‘zini to ochdi gul, bargi xazon bo‘ldi. Shoir hayotga amaliyotchining ko‘zi bilan qaray oladi, ayni vaqtda, hayotiy reallikdan shoirona xulosa chiqara biladi ham. Shu bois faqat suratga e’tibor qaratib, mohiyatni, odamlikni, odamiylikni unutib qo‘ymaslik kerakligini, inson o‘zini ezguliklar bilan ziynatlashi lozimligini, aks holda, kishi hayot tomonidan sharmanda qilinishi mumkinligini ta’sirli badiiy vosita orqali ta’kidlaydi: Chamanda arg‘uvondek suratoro bo‘lmag‘ing xub yo‘q, Pisharda mevasiz sharmandadur. sirri avon bo‘ldi. Zavqiy g‘azalida kishining o‘z qadrini bilishi lozimligi, odamlar joniga tegmaydigan fazilat egasi bo‘lishi kerakligini chiroyli tarzda ifoda etadi. Odam nimagadir erishmoqchi bo‘lsa, o‘sha niyatiga mos yo‘l tutishi zarurligi quyidagi misralarda hikmatomuz tarzda aks ettiriladi: Agar izzattalabsan, kamnamolig‘ orzusin qil, Qay-u ajnos bisyor o‘lsa, sudi yo‘q, ziyon bo‘ldi. Chindan ham nimaiki ko‘payib ketsa, qadrsiz bo‘ladi, nimaiki kamyob bo‘lsa, qadri ko‘tariladi. Shuningdek, sadaf og‘iz ochgani uchun ichidagi marvaridlardan ajralib qolishi-yu, ayrimlari lab qimtigani bois uning ichida qimmatbaho dur paydo bo‘lishi singari jihatlar juda nozik tasvirlangan. Demak, so‘zining qadr topishini istagan kishi imkon qadar kam gapirishi kerak. G‘azalning ibratli, o‘quvchi diqqatini tortadigan yana bir jihati uning maqta»sida yaqqol namoyon bo‘ladi. Shoir tamomila shaxsiy yo‘nalishdagi qarashlardan salmoqli ijtimoiy-hayotiy xulosalar chiqarishga o‘tadi, ya’ni og‘izni yumib, ko‘zni kattaroq ochish lozimligini ta’kidlaydi. Negaki, odamlar g‘alati, hayot mutlaqo kutilmagan ibratlarga boy. Shoir g‘azalda aytayotganlarining teskarisi foydali bo‘lib chiqishi ham mumkinligini taxmin qiladi:
Ey Zavqiy, xasta og‘zing kam ochib, ibrat ko‘zing ochg‘il,
Ajabkim, qo‘l yaqoda yurgudek turfa zamon bo‘ldi.
Shoirning bir qadar hajviy yo‘nalishda bitilgan ,Ahli dil bo‘lma, zamonning boyi bo‘l, bazzozi bo‘l!» satri bilan boshlanadigan g‘azalida shaxsiy tuyg‘u va kechinmalar ifodasidan ko‘ra, zamonga berilgan tavsif ustunlik qiladi. Unda shoir odamlarning komillikdan yiroqlashib, nafsga berilib, ko‘ngil kishilarini tanimaydigan va anglamaydigan bo‘lib borayotganidan ozorlanganini aks ettiradi. Asl niyat asar matla’»sidayoq bayon etiladi:
Ahli dil bo‘lma, zamonning boyi bo‘l, bazzozi bo‘l!
Aqchadin langar cho‘p ushlab, rastaning dorbozi bo‘l!
G‘azalning ikkinchi baytida tuyg‘ular quruqshagan, odamlar bir-biriga manfaat yuzasidangina yaqinlashadigan zamonda hech kim she’r so‘ramasligi va eshitmasligi, kishilar bir-biriga ezgulik tilamasligi, ko‘ngil izlamasligi, odamlarga haqiqatning ovozidan ko‘ra oltin-kumush jarangi yoqimli tuyulishi tasvirlangan. Shu bois, dilning ifodachisi bo‘lishdan ko‘ra oltin-kumushlining xizmatida bo‘lish foydaliroq:
She’r eshitmaydi birov, davron qulog‘i kar anga,
Bir hovuch oltin, kumushning xushjarang ovozi bo‘l.
Bunday davrda otilgan so‘z o‘qi nishonga tegishi mumkin emas, chunki ko‘ngillarni zang bosgan edi. Bunday sharoitda rost gapirib, obro‘ topish mumkin emasdi. Shuning uchun ham chin so‘zni aytib biror muddaoga erishishni orzu qilmaslik kerak. Shoir buni g‘azalda kuyinish bilan ifoda etgan:
Tegmagay hargiz nishonga otgan o‘q yuz hajv ila,
Xoh zamonning shoiri bo‘l, xoh tiyrandozi (Tiyrandoz-o‘qchi, mergan.) bo‘l. G‘azalning tugallanmasida muallifning tushkun ruhi aks etadi. Negaki, bu zamonda uning dardini tinglaydigan, ko‘nglini oladigan, noroziligi sababini so‘raydigan kimsa yo‘qligi shoirda umidsizlik paydo qiladi:
Istamas bo‘lsa zamona Zavqiy yozgan she’rini,
Kim eshitsin arzini xoh rozi, xoh norozi bo‘l.
Shoir odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibatning ko‘tarilishi oqibatida chin-u yolg‘on, haq-u nohaq bir xil qimmatga ega bo‘lganidan noroziligini shu yo‘sinda aks ettiradi. Shoir muxammaslari Zavqiyning lirik ijodida «Qilding» radifli muxammasi alohida o‘rin tutadi. Muxammas ko‘ngli muhabbat tuyg‘usi bilan to‘lgan ishq ahlining alamangiz dil izhori sifatida yozilgan. Olti band, o‘ttiz misradan iborat kattagina she’rda shoir tuyg‘ulari va kechinmalari ifodasini aslo susaytirmay, bir xil taranglikda ifodalay bilgani uchun ham bu asar hanuzgacha eskirgani yo‘q. Unda sho‘x va berahm ma’shuqaning erkaliklari, zararsizday ko‘ringan qiliqlari tufayli oshiq tortayotgan ozorlarning ko‘lami juda ham dardchil tarzda ifoda etilgan. Umidvor oshiqning boshlang‘ich holati birinchi bandda:
Yuzingni ko‘rsatib avval o‘zungga bandalar qilding,
Yana ko‘nglum olib, yuz noz birla xandalar qilding,
Jamoling partavin (Partav-nur, shu’la, yorug‘lik.) solib, ajoyib jilvalar qilding, Masihdek bir boqishda murda jismim zindalar qilding,
«Senga men to qiyomat oshno», deb va’dalar qilding.
tarzida ifodalanadi. Lekin muxammasning ikkinchi bandidayoq ishonch shubhaga, umid zorlanishga aylanadi. Negaki, oshiqni umidlantirgan ma’shuqa bergan va’dalarni unutib, o‘zini tamomila boshqacha tutadi:
Qani, menga vafoyi ahd qilg‘oning, guli g‘uncha,
Qani, bulbulsifat oldingda turgonim ochilg‘uncha,
Qani, bizlarg‘a hamsuhbat raqiblardek tong otquncha,
Sani dardi firoqing aytib-aytib yig‘lay o‘lguncha,
Na deb ey mehri yo‘q, men xasta qulg‘a g‘amzalar qilding.
Uchinchi bandda oshiq o‘z holatining izohini beradi. Ma’shuqa unga:
...Deb erding: kecha-kunduz men seni yoring bo‘lurman deb,
Tikandek suhbatingda bir guli noring bo‘lurman deb,
Jafoni senga oz aylab, vafodoring bo‘lurman deb,
Umidim ko‘p edi, yolg‘iz xaridoring bo‘lurman deb va’dalar qilgan. Lekin va’daga vafo qilish o‘rniga uni «bulhavas», ya’ni har narsaga ishqi tushaveradigan betayin deb gap ham chiqargan. To‘rtinchi bandda yorning jafolaridan ko‘zi bir qadar ochilgan oshiq holati, o‘zicha chiqara boshlagan xulosalari tasviri beriladi. U o‘zining adashganidan o‘kinadi:
Manga mardumlar aydi: berma ko‘ngul bevafo yora,
...Netay, ey bemuruvvat, oxiri sharmandalar qilding.
Muxammasning beshinchi bandi oshiq holati ifodasining avj nuqtasi ekanligi bilan ajralib turadi. Uning iztiroblari chegara bilmaydi, zorlanishlari olamni buzguday darajaga ko‘tariladi. Chunki abgor oshiqning dardini kimga aytishni bilmay o‘rtanishi, jilvagar va kuydirmajon ma’shuqadan marhamat kutishi, uni insofga chaqirmoqchi bo‘lib, behuda urinishi mazkur bandda mahorat bilan aks ettirilgan. Yigitning nolasi beg‘ubor ko‘ngil ifodasi kabi yangraydi:
Kima aytib, kima yig‘lay bu zolim yor jafosini,
Haqiqat qilmasa ma’shuq degan oshiq xatosini,
Hamisha furqatin tortsam, raqib ko‘rsa vafosini,
Qay-u Laylisifat mundoq qilur Majnun gadosini,
Yuzingni bir ko‘ray desam, qo‘lingni pardalar qilding.
Band so‘ngidagi misra oshiq ahvolining nechog‘lik g‘aribligini ko‘rsatishi jihatidan ham, ma’shuqaning qanchalar ustomon ya makkorligini ifodalashi jihatidan ham xarakterlidir. Bir zamon yuzini ko‘rsatib, oshiqni o‘ziga rom etgan qiz endi qo‘lini pardalar qilib, uni kuydirmoqda. Ha, ma’shuqa atay qo‘lini pardalar qiladi. U oshiq bilan aloqani uzmoqchi ham, uni o‘ziga yaqinlashtirmoqchi ham emas. Muxammasda umidning yashovchan bo‘lishi, uning so‘nggi damgacha ham turishi aks etgan. Shuning uchun ham oshiq muxammasning so‘nggi bandida shunchalik kuydirgan bo‘lsa-da, ma’shuqadan ko‘ngil uzolmay:
Yuragim raxna bo‘ldi, bas qil istig‘noni, jononim,
Arazingni qo‘yub, lutf aylasang hech yo‘qdir armonim,
- deya tavallo qiladi. Ushbu muxammas Zavqiyning muhabbat lirikasida alohida salmoq kasb etadigan badiiy barkamol asardir. Zavqiy tili achchiq, mo‘ljali aniq hajvchi shoir edi. E’tibor qiladigan bo’lsak, ma’rifatchilik adabiyotining deyarli barcha vakillari hajvchilik bilan shug‘ullanishgan. Chunki xalqning tirikchiligiga aralashgan, uni bir qadar yaxshilamoqchi bo‘lgan odam badiiy tanqidga, kuydiruvchi tasvirga qo‘l urmasligi mumkin emasdi. Tabiatan haqgo‘y va murosasiz Zavqiy ko‘plab hajviy asarlar yaratgan. Qizig‘i shundaki, shoir hajviyalari ko‘pincha muxammas janrida yaratilgan. Shuningdek, shoir ijodida “Hajvi ahli rasta” hajviyasi salmoqli o’rin egallaydi. U 1905-yilning avji yozida savdo bilan shug‘ullanib o‘zgalarning haqiga xiyonat qiladigan qirq olti nafar baloxo‘rni fosh etib bitilgan «Hajvi ahli rasta» she’rini maxsus qog‘ozga katta harflar bilan yozib, Mo‘ymarak ataluvchi saylgohning eng gavjum joyidagi terakka ilib qo‘yadi. She’rda haromdan hazar qilmaydigan savdogar, boy va sudxo‘rlar ochiqchasiga o‘rinli tanqid qilingan va mahorat bilan kulgiga olingan edi:
Arzim buki Qori sumalakka,
Yetkursa boshini ham falakka.
Gah-gah nazora aylasin ul,
Ibrat ko‘zi birla bu samakka.
Sangyoda nosdonni maqtab,
So‘z naqdini urmasun mahakka.
Ulfatlari, shamgarmi ahmoq,
Sham qaychini bog‘lasin etakka.
Sallohbachcha otlari Jalilboy,
To‘rt tepkini yedilar xo’rakka.
Shokir qora tarzi odam ermish,
Ming la’nat o‘shal qora eshakka.
Ko‘p haddidin oshmasin Nazirbek,
O‘xshaydi ul oshqovoq xamakka.
Pul kelmasa bankadin boyvachcha,
Karnay choladur bo‘lar-bo’makka.
Ul lokicha boyvachcha dastor,
(Yelgani)da o‘xshatur bo‘zakka.
Kofircha degan bir Ahmadjon bor,
Ko‘p shug’li baland hangramakka.
A’lamni(ng) o‘g‘illari Olimjon
Hayfi to‘nu salla gungalakka.
Bir zarra rioya qil to‘
Qo’sh ramzi suxan bilan ko makka.
Sil aft oriqqina Muhiddin
Ahvoli ayon bo‘lur kuzakka.
Fozilxo‘ja degan oqfurush bor,
Daf har maraz iyla zindalakka.
Olib borur o‘ldi Qosim oxund,
Bizni Qorako‘lga, handalakka.
Usmonchani(ng) soati yarashmish,
Rishxo’r alishurmu mo’ychinakka.
Mavlon eshigida ota Fozil,
O‘xshaydi baroq desam ko‘pakka.
Kir ko’ylak o‘libdilar Umarjon,
Sotmoq uchun emdi jun jiyakka.
Chinni bila choy sotur Jalolxon,
Jononni qo‘shilturur xashakka.
Zavqiy tomonidan butun Farg‘ona vodiysiga sharmanda qilingan bu shaxslar albatta, jimgina qarab turishmadi. Ular shahar hokimiga ariza berib, shoirning ustidan ish qo‘zg‘atishga erishdilar. Uzoq davom etgan tergovlardan so‘ng Zavqiy yuz so‘m jarima to‘lab, qamoqdan qutulib qoladi. Shundan keyin ham Zavqiy juda ko‘p qarshiliklarga, tazyiqlarga uchradi, azob-uqubatlar ko‘radi. Biroq adolatni qaror topishini istagan, haqgo’y shoir so’zlari bir umr muhrlanib qoldi.
«Zamona kimniki» she’ri ham Zavqiyning mashhur muxammaslaridan biridir. Shoir o‘zi yashayotgan davr tartibotlarini taftish qiladi. Uni sog‘lom aql tarozisi bilan tortmoqchi bo‘ladi. Shoir hayot ma’niliroq bo‘lishi, adolat qaror topishi uchun bilimli, insofli, to‘g‘ri so‘z, imonli kishilar zamon egalari bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Lekin she’rda uning o‘ylaganlarining aks bo‘layotgani ifoda etiladi:
Shahr-u qishloq demangizkim, fisq ila to‘ldi jahon,
Ahli dunyo qoshida yolg‘onchilardur nuktadon,
Yo‘q rivoj kasb-u hunarga, sovrilibdur xonumon,
Xoh kosib, xoh dehqon qayg‘a borsa bag‘ri qon, Holo (Holo-hozir, shu payt.) har yerda suxan sharmanda-yu rasvoniki. Shoir jamiyat chinakam ulug‘larni oyoqosti qilib, pastkash-u olchoq kimsalarga e’tibor qilayotganidan, ilm-u amal o‘rnini siym-u zar va zo‘r egallayotganidan kuyinadi. Zavqiy zamon haq va xalqni sevguchi, ularga xizmat qilguvchilarniki emas, balki uni talaguvchilarniki ekanidan o‘rtanadi. U o‘z xulosalarini juda ta’sirli yo‘sinda, esda qoladigan qilib bayon etadi: “Davr-u davron hama joyda hokim-u mirzoniki». Shunisi e’tiborliki, shoir zamona zo‘rlariga qarshi chiqishdan cho‘chimaydi. Balki ularga qarshi ekanidan, muxolifatda turganidan, hunarmandligidan g‘ururlanganday bo‘ladi. Bu hol muxammasning so‘nggi bandidan olingan quyidagi baytda ochiq ko‘rinadi:
So‘rsalarkim, bu muxammasni kim aydi, deb agar,
Zavqiy degan bir yamoqchi mahsido‘z ustoniki.
Shoir muxammasda an’anaviy timsollarga yangi ma’no yuklay bilgani uchun ham ta’sirchan she’r yarata olgan. Zavqiy hajviyotida «Muncha ko‘p» deb nomlangan muxammas ham alohida ahamiyatga ega. Insonparvar shoir, avvalo, insoniylikni qadrlaydigan ma’rifatli ziyoli sifatida Zavqiy hamisha inson qadrini ulug‘lashga intiladi. Odamning xor bo‘layotgani, inson qadrining toptalayotgani uni qattiq g‘amga botiradi. Bu hol ushbu hajviyada o‘zining haqqoniy ifodasini topadi:
Derlar birov ulug‘, birning past taqdiri,
Biri to‘q-u biri och, balolarning sobiri,
Inson sharafli nomida emasmi har biri,
Yoxud ona tug‘g‘anida bo‘lganmidi bir siri,
Yolg‘on e’tiqod ila bid’at shior muncha ko‘p?
Shoir dunyo tartiblari haqida teran o‘yga tolgan mutafakkir kabi fikr yuritadi. Axir odam teng yaratilgan edi-ku? Ijtimoiy tengsizlik shaxsni xor qilar ekan, Zavqiyning qayta-qayta: Inson sharafli nomida xor muncha ko‘p? Inson sharafli nomida emasmi har biri? Inson sharafila qadrsizdir, ... deya iztirob chekishiga asos bor. Shoir odam, uning hayotdagi o‘rni haqidagi o‘ylarini bu muxammasda to‘la ifoda etadi. U bechoralarga e’tiborsizlik, ojizlarni xo‘rlash insonning o‘zini tubanlashtirishini aytadi. Zavqiyning ijtimoiy tartibotlarni isloh qilish borasidagi qarashlari uning «Ajab ermas» nomli muxammasida yaqqol namoyon bo‘ladi. U ma’rifatchi shoir, kelajakka umid bilan qarovchi musulmon, jamiyat tartiblarini isloh qilish lozimligini bilgan ziyoli sifatida yaxshi kunlar kelishiga, zulm-u adovat yo‘qolishiga ishonadi. Bu hol muxammasning birinchi bandida shunday ifoda etiladi:
Bu kunlar boshimizda bir sahob (Sahob-bulut.) o‘lsa ajab ermas,
Munavvar zimnida bir oftob o‘lsa ajab ermas,
Bu davlat suv yuzinda bir hubob (Hubob-ko‘prik.) o‘lsa ajab ermas,
Ko‘rinsa surati asli niqob o‘lsa ajab ermas,
Ochilsa pardalar yuzdin hijob (Hijob-parda.) o‘lsa ajab ermas.
Turkiston ahli zulm ostida ingrayotgan, xalq turmush azoblaridan ezilib yotgan bir paytda kelajakda yaxshi kunlar kelishiga, adolatsizlikning bartaraf bo‘lishiga bu qadar ishonch bilan qarash uchun kishida ulkan imon bo‘lishi kerak. Zavqiy shunday imon egasi edi. Shuning uchun ham muxammasning yakunlovchi bandida ruhiy ko‘tarinkilik, kelajakka ishonch yanada avjlanadi:
O‘tib bir qarn (Qarn-30 yil.), aqronim(Aqron-zamondosh, tengdosh.), jahon obod ko‘rgaysiz,
Jahon ahlini zolim haddidin ozod ko‘rgaysiz,
Giriftori alam ermas, hamani shod ko‘rgaysiz,
Burungi o‘tgan-u ketgan ko‘ngulda yod ko‘rgaysiz,
Qarigan chog‘da Zavqiy bir shabob(Shabob-yoshlik, yigitlik.) o‘lsa ajab ermas. Shoir muxammasda mumtoz she’riyatimizdagi badiiy san’atlardan ustalik bilan foydalanadi. Ayniqsa, o‘zagi bir so‘zga o‘xshab ketadigan, ammo turli ma’nolarni ifodalaydigan «qarn» va «aqron» so‘zlarining yonma-yon kelishidan go‘zal badiiy vaziyat vujudga keltirgan. «Sahob», «oftob», «hubob». «niqob», «hijob» singari an’anaviy timsollarga zulmning o‘tkinchiligini aks ettiradigan yangi ma’no yuklab, she’rga yorug‘ bir badiiy nur kiritishga erishadi. Muxammas jangovar ruhi, ertangi kunga ishonchni ifodalashi bilan nafaqat Zavqiy ijodida, balki butun ma’rifatchilik adabiyotida o‘ziga xos estetik hodisa bo‘lgan.
Zavqiy tavalludining 150 yilligi yurtimizda keng nishonlanayotgani ardoqli shoirimizning o’zbek mumtoz adabiyotida tutgan o’rni va ahamiyatining yaqqol isbotidir. Ayni paytda bu mashhur so’z san’atkori XX asr boshlarida bo’y ko’rsatgan yangi o’zbek adabiyotining shakllanishi va taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan qalam ahllaridan biridir. Gap shundaki, Zavqiy yashab ijod etgan yillar adabiyotimiz tarixidagi o’tish davri edi. Qariyb ming yillik o’zbek mumtoz adabiyoti o’z imkoniyatlarini deyarli ishlatib bo’lib, yagona shakl va mazmundagi yangi adabiyotga o’z o’rnini bo’shatib berayotgan XX asr boshlarida adabiy hayotda ulkan o’zgarishlar ro’y berdi. XIX asrning ikkinchi yarmida va XX asr boshlarida o’zbek adabiyotiga jahon adabiyotining ta’siri kuchaydi. Natijada adabiyotimizda dramatik turning dastlabki namunalari paydo bo’ldi. Milliy matbuotning shakllanishi o’zbek
publitsistikasining taraqqiy topishiga olib keldi. Adabiyotda realizm kuchaydi.
Ma’lumki, mumtoz adabiyotimizda asosiy tasvir usuli taxayyul-romantizm edi.
Ilohiy va dunyoviy ishqni romantik bo’yoqlarda tasvirlash adiblar ijodida ustun
turardi. To’g’ri, Turdi, Maxmur, Gulxaniy, Muqimiy kabi hajvgo’y shoirlar ijodida
realistik tasvirga asoslangan she’riy va nasriy asarlar bor edi. Lekin ular nochorlik, ko’plab ta’qiqlar sabab yetakchi mavqega ega bo’la olmaganlar. Yangi o’zbek adabiyotining nazariy va amaliy jihatdan asoschilari bo’lmish Behbudiy, Hamza, Fitrat, Cho’lpon, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Hoji Muin, Ibrohim Davron, Tavallo va boshqa jadid adiblari yozuvchi va shoirlarni realistik asarlar yozib, mazlum xalq dardiga malham bo’lishga chaqirdilar. Ular shunday asarlari bilan chor hukumati istibdodi ostida ezilgan, arosatda yashayotgan millatni asriy jaholat uyqusidan uyg’otmoqqa va unga oqibatda istiqlol sari boshlab boruvchi yo’lni ko’rsatmoqqa ahd qilgan edilar. Shu tariqa adabiyotimizda buyuk o’zgarishlar ro’y berdi: yangi-yangi adabiy tur va janrlar paydo bo’ldi, shaklan va mazmunan yangi asarlar yaratildi, ularning tili soddalashib, xalq jonli tiliga yaqinlasha bordi va oqibatda ulardan keng xalq ommasining bahramand bo’lishiga imkoniyatlar ko’paydi. Yangi o’zbek adabiyoti o’zining bir asrlik tarixi mobaynida qay darajada taraqqiy topganligi bugungi kunda barchaga yaxshi ma’lum.
Serqirra ijodkorlardan hisoblangan Ubaydullox Zavqiy adabiy hayotda ro’y
berayotgan o’zgarishlardan yaxshi xabardor bo’lgani aniq. U ijodiy faoliyatining
dastlabki bosqichida (XIV asrning 70-90 yillari) mumtoz adabiyotimizning eng
yaxshi an’analarini davom ettirib she’rlar bitgan bo’lsa, XX asr boshlariga kelib,
asosan, yangi adabiyot talablariga mos holda asarlar yaratdi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, yangi o’zbek adabiyotida zamonaviy mavzu asosiy o’rinni egalladi. Jadid adiblari xalqning ayanchli turmushini badiiy asarlarida real tasvirlashga intilganlar. Shu yo’l bilan ular xalqning ma’naviy saviyasini oshirishni niyat qilganlar. Ular o’sha paytlarda aholi orasida urchib ketgan johilona ishlarga, turli bid’atlarga, qullikka, razillikka qarshi o’z asarlarida o’t ochganlar. Zamonadagi har bir voqea-hodisaga she’rlari, maqolalari, pyesa va romanlari bilan javob qilganlar. Zavqiy ham o’z ijodida zamonaviy mavzuni yetakchi qilib olgan qalam
ahllaridan. Uning XX asr boshlarida yaratilgan «Ahli rasta hajvi», «Talading
baring», «G’o’daslik boy», «Abdurahmon shayton», «Afandilar», «Suv janjali»,
«Voqeai qozi saylov», «Qahatlik», «Ajab ermas», «Ko’z ochaylik», «Farg’ona»,
«Rohzan Ergash» kabi she’r va dostonlari fikrimizga yaqqol dalil bo’la oladi. Bu
asarlarda xalq hayotining turli manzaralari real tasvirlangan. Ularning ayrimlari
hajviy yo’nalishda yozilgan. Bunday she’rlarda shoir zamondoshlaridan ba’zi bir kimsalarning yaramas kirdikorlarini tasvirlash orqali xalqning taraqqiy topishiga to’sqinlik qilayotganlarning hajviy qiyofasini yaratdi. Bu bilan u o’quvchiga saboq berib, ularni ma’naviy kamolotga chaqirgan. Masalan, shoirning "Obid mingboshi haqidahajv" she’rida Qaynar volostining boshlig’i fe’l-atvori va faoliyatidagi illatlar hajv ostiga olinadi. Mingboshining oddiy kishilarga yomon muomalasi, arzgo’y
insonlarni ovora qilishi, ularga zulm o’tkazishi sodda, xalqona misralarda tasvirlangan:
Olamda yo’q bunday chapan,
O’glini der: «Bu - nara zan».
Shang’i-shaloq,, ko’p peshdahan,
Bexuda dil ozor ekan.
“Chaqsam chiyon” deb maqtanur,
“Men ko’p yomon deb matanur,
“Umrim piyon” deb maqtanur,
O’z aybiga iqror ekan.
Arz birla ko’p bechoralar,
Bag’ri ezilgan – yoralar,
Borsa, qilur ovvoralar,
Rahm aylamak dushvor ekan.
Shoir mana shunday misralarda Obid mingboshining realistik qiyofasini yaratadi. Bu uning ijtimoiy jasoratidan ham darak beruvchi muhim hujjatdir. Chunki yaramas fe’lli zamondoshining, ayniqsa, amaldorning hajviy portretini yaratish ijodkordan jasorat talab etadi. «Voqeai qozi saylov» dostonida Qo’qon shahridagi Xo’jand dahasi qoziligi uchun 1909-1910 yillarda bo’lib o’tgan saylovdagi hiyla-nayranglar, hokim Medinskiy va boshqa amaldorlarning poraxo’rligi, yaramas xulq-atvori bor
bo’yicha qalamga olingan. Yoki «Qahatlik» dostonida esa 1916-1917 yillarda Farg’ona vodiysida ro’y bergan qahatchilik balosining daxshatli oqibatlari haqida hikoya qilinadi. Bu asarlarda ham Zavqiy realizmi yaqqol namoyon bo’lgan. Shoirning mashhur «Ajab ermas», «Ko’z ochaylik» muxammaslari 1917- yil bahorida yaratilgan. Bu she’rlar o’sha yilning boshida oq podsho Nikolay II -ning
taxtdan ag’darilgandan so’ng Rossiya imperiyasida yuz bergan voqealarga javob
tariqasida bitilgan. Sho’rolar zamonida «Ajab ermas» muxammasi 1916-yilda yozilgan deb hisoblangan va kitobxonga uning 4 bandi ma’lum qilingan. Biroq, qo’qonlik mashhur muallim va olim Po’latjon Qayumov(1885-1964)ning “Tazkirai
Qayumiy” asaridan ma’lum bo’lishicha, bu she’r 1917 yilda yaratilgan bo’lib, uning 7-banddagi misralarida o’sha paytdagi vatanparvar ziyolilarimiz tomonidan tuzilgan. «Sho’roi islomiya» tashkilotining paydo bo’lishidan ta’sirlanishi oqibatida
shoir qalbida paydo bo’lgan hissiyotlar, orzu-umidlar ifodalangan, She’rda yurtimizda ro’y berajak islohot va o’zgarshilarga umid bildirilgan, mamlakatimizning istiqlolga erishuvi bashorat qilingan:
O’tib bir qarn, ahbobim, jahon obod ko’rgaysiz.
Jahon ahlini qayg’u qaydidin ozod ko’rgaysiz.
Giriftori alam ermas, hamani shod ko’rgaysiz.
Avalgi o’tganu ketgan ko’ngilda yod ko’rgaysiz...
«Ko’z ochaylik» muxammasida ham Zavqiy Fevral inqilobi bergan imkoniyatlardan keng foydalanishni targ’ib etadi, xalqni ilm-fan sirlarini egallashga, el-yurt ravnaqi uchun mehnat qilishga chorlaydi. Shoirning zamonaviy voqea-hodisalarga munosabati «Farg’ona» muxammasida ham yaqqol ko’rinadi. Ma’lumki, 1918-yilning fevralida bolsheviklar rahnamoligida qizil askarlar va dashnoqchilar Qo’qon shahrini, xonavayron qildilar, yuz minglab musulmonlarni qirdilar va xo’rladilar.
Jasoratli shoir bu fojiali voqealarga jim qarab tura olmadi. U bu dahshatli voqea-hodisalardan qattiq ta’sirlanib, “Farg’ona” radifli muxammasini yaratdi va unda realistik tasvir asosida quyidagi manzaralarni chizdi:
Eshiting, qissae, man aylayinizhor, Farg’ona,
Kuyub xokistar o’ldi jumlai bozor Farg’ona,
To’lub otash bilan bo’ldi, ko’rung, gulzor Farg’ona,
Chekib ahli bu zolim dastidin ozor Farg’ona,
Musulmonlar ko’ziga emdi bo’ldi tor Farg’ona.
Tarix fanlari doktori S. A’zamxo’jaev «Turkiston muxtoriyati» kitobi
(Toshkent, «Ma’naviyat» nashriyoti, 2000 yil)da yozishicha: Qo’qon uch kun
mash’al bo’lib yondi. Uylar, gazlama omborlari, mol do’konlari kuyib kul bo’ldi.
Eski shaharning uchdan biri to’lik vayron etildi. Qo’qonda dahshatli manzara hosil
bo’ldi. Hamma yoqda O’liklar yotibdi. Ularning bir qismi kuyib ketgan (149-bet).
Zavqiyning yuqoridagi misralari tarixchi olimning tarixiy faktlar asosida bildirgan fikrlariga naqadar hamohang. Bu ham shoirning yangi adabiyotimizda asosiy o’rin egallayotgan realizmga sadoqatidan kelib chiqqan deb o’ylayman.Xullas, atoqli so’z san’atkori Ubaydulloh Zavqiy o’z ijodida zamonasidagi voqea-hodisalarni real tasvirlab, yangi o’zbek adabiyotimizda realizmning shakllanishi va taraqqiyotiga muhim hissa qo’shdi.
Xulosa.
Ubaydullo Zavqiy o’zining butun bilimi, iste’dodini xalqning nochor ahvolini yaxshilashga, ijtimoiy adolat, insonparvarlik, jamiyat uchun duch kelgan ijtimoiy-aloqiy muammolarni oqilona hal etishga, ma’naviy inqirozlarning oldini olishga butun umr jon-jahdi bilan harakat qildi.U har qanday zulm, razolat, adolatsizlikni dunyoga keltiradigan bosh omil ma’naviy qashshoqlik, imon-e’tiqodning sustligi, nodonlikda va johillikda deb bildi va bu kabi jaholatni o’z g’azallari, hajviyalari orqali xalqqa yetkazib berishga harakat qildi. Zavqiy asarlari ma’naviy kamolot tarbiyasining eng muhim omillaridan milliy, madaniy meros namunalarini yetkazishda muhim vosita bo’lgan. Zavqiyning ijod merosi yosh avlodga ma’naviy ozuqa,bilim berishda asosiy manbalardan biri bo’lib xizmat qila oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |