3. Maqomlarning yuzaga kelish tarixi
Maqomlarning yuzaga kelish tarixi juda qadim zamonlarga, mazkur kasb egalari tomonidan yaratilgan musiqa asarlari paydo bo‘lgan davrlarga borib taqaladi. Maqomlar har bir xalqning o‘ziga xos musiqa boyliklari zaminida, atoqli sozanda, xonanda va bastakorlar ijodiyoti tufayli uzoq tarixiy-madaniy taraqqiyot jarayonida yuzaga kelgan. Ammo, maqom atamasi Sharq xalqlari musiqasida, taxminan IX asrlardan boshlab qo‘llanila boshlagan. Bundan arab va boshqa Sharq xalqlarida IX asrgacha musiqa nazariyasi bo‘lmagan – degan xulosa chiqarish yaramaydi.
912 yili vafot etgan arab olimi Yahyo bin Ali Yahyo bin Abu Mansurning musiqaga doir asarida yozilishicha, “arab va boshqa musulmon Sharqi xalqlarida yunon musiqa nazariyasi ta’sir ko‘rsatmasdan ancha burun, yerli xalqlarning o‘z musiqa nazariyasi mavjud bo‘lgan”ligi xaqida gapiriladi.
Maqomlar ko‘p asrlik tarixiy yo‘lga ega. U o‘ziga xos an’analar hamda tizimlarga asoslangan, mahalliy uslublarning o‘zaro izchil bog‘lanishlaridan kelib chiqqan. Maqomlarning alohida uslublarining iboralaridan boshlab, o‘ziga xos betakror hususiyatlarigacha bo‘lgan tomonlari har bir tarixiy davrning badiiy-estetik g‘oyalari ostida shakllanib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |