Mavzuning o’rganilish darajasi va dolzarbligi. Istiqlol davri o’zbek nasri g’oyaviy-badiiy yangilanishlar, o’zgarishlar bilan xarakterlanadi. Inson ruhiyatini taftish qilish, davrning dolzarb ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlariga hozirjavoblik bugungi kun adabiyotining eng muhim xususiyatlaridandir.
Davr nasrida Xurshid Do’stmuhammad, Nazar Eshonqul, Asad Dilmurod, Zulfiya Qurolboy qizi, Salomat Vafo kabi o’ziga xos uslubiga ega bo’lgan ijodkorlar qatorida Ulug’bek Hamdam ijodining ham muayyan o’rni bor.
O’zbek romani tarixi va tadriji I.Sulton, M.Qo’shjonov, O.Sharafiddinov. S.Mamajonov, U.Normatov, S.Mirvaliyev, L.Rasulov, X.Boltaboyev, A.Rahimov, D.Turayev, H.Umurov, D.Quronov, Y.Solijonov. Z.Pardayeva kabi o’zbek adabiyotshunoslari tomonidan o’rganilgan. Qariyb bir asrlik ijodiy tajribaga ega bo’lgan o’zbek romanchiligining so’nggi davr namunalariga xos xususiyatlar, erishilayotgan yutuq va kamchiliklarni o’rganish adabiyotshunoslikning dolzarb masalalaridan biridir.
Ulug’bek Hamdam ijodi ham boshqa iste’dodli o’zbek nosirlari ijodi qatorida adabiyotshunoslar, tanqidchilarning diqqat markazida bo’lib kelmoqda. U.Hamdam romanlariga munosabat, avvalo, adabiy-tanqidiy maqolalarda ko’zga tashlandi. Yozuvchining ilk romani “Muvozanat”ning nashr etilishi munosabati bilan Dilmurod Quronov unga so’nggi so’z yozib, roman xususida ilk fikrlarni bildirdi1. Olim romanning pishitilishi lozim bo’lgan jihatlari borligini ta’kidlay turib, adibning eng katta yutug’i – yangi davr kishisi ruhiy olamidagi ijobiy va salbiy taraflarni jur’at bilan badiiy talqin qilganligida deb hisoblaydi. Bu romanni o’z vaqtida akademik Matyoqub Qo’shjonov ham yuksak baholab, “Shiddat bilan yozilgan roman” deya baholagan edi. Jumladan, u shunday yozadi: “: muallif roman chop qildirib, ko’zga tashlanish maqsadida ish ko’rmaydi. U hayot haqida, hayotda ro’y berayotgan keskin burilishlar haqida, o’ta ziddiyatli voqealar xususida chuqur o’ylaydi. Faqat o’ylaydigina emas, u o’zida nimalardandir qanoat hosil qilsa, nimalardandir ko’ngli to’lmaydi, bular xususida teran bezovta bo’ladi, kuyunadi, qayg’uradi. Mana shu kuyunish va qayg’urishlar uni qo’lga qalam olishga undaydi”2. O’zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov ham romanni yuqori baholagan3. Yosh olima Zulxumor Mirzayeva esa romanning Amerikada nashr qilinishi va tadqiq etilishi masalasiga diqqat qaratgan4. U Kolumbiya universitetida faoliyat ko’rsatayotgan Richal Narrining roman xususidagi tadqiqotiga munosabat bildiradi.
U.Hamdamning “Isyon va itoat” romani ham kitobxonlarda, ham olim-u adabiyotshunoslarda katta qiziqish uyg’otdi. Yozuvchining navbatdagi bu romani zamonamiz kishisining ma’naviy-axloqiy qiyofasini inson va uning taqdirga munosabati fonida badiiy talqin qilishga qaratilgan. Chindan ham asarda bosh qahramon Akbarning taqdir va Xudoga isyoni, ammo uzoq izlanish va mashaqqatlardan so’ng itoatga kelish jarayonlari falsafiy-psixologik talqinda tasvirlangan. Aslini olganda “Isyon va itoat” intellektual kitobxonga mo’ljallangan bo’lib, oddiy o’quvchi asardan to’la bahra ololmaydi, asardagi falsafiy mulohazalar uni zeriktirib qo’yadi. Boshqacha aytganda bu roman “Muvozanat” singari yengil o’qilmaydi. Professor Muhammadjon Xolbekov asarning mana shu jihatlaridan kelib chiqib bo’lsa kerak, o’zining “Isyon va itoat” haqidagi maqolasini “Isyon va itoataro (U.Hamdamning g’alati qahramonlari)” deb nomlaydi (“Mejdu buntom i smireniem (strannыe geroi Ulugbeka Xamdama”). Olim asarni chuqur tahlil qilaturib, jumladan, shunday yozadi: “Isyon va itoat” romanining g’oyaviy-badiiy xususiyatlarini tahlil qilaturib, alohida ta’kidlash lozimki, roman yozuvchining boshqa asarlaridan muammoning qo’yilishi jihatdan farq qiladi. Adibning boshqa romanlari aniq shaxs qismatiga bag’ishlangan bo’lsa, “Isyon va itoat”da muallif birinchi marta XXI asr boshlari yoshlari qiyofasini yaratadi; ularning falsafiy va ruhiy izlanishlarini, istak-intilishlarini qalamga oladi. Ayni vaqtida yaratilgan bu roman shu darajada muhimki, asarni o’qigan bugungi yoshlar, romanda o’z qiyofasini bor bo’y-basti bilan ko’rib, diqqatini ruhiy-falsafiy muammolarga qaratdi”5. SHuningdek, mazkur roman xususida Nurgali Siddiqboevning “Ulug’bek Hamdam mifopoetikasi: isyon va itoat”6 maqolasida diqqat ko’proq Odam Ato va Momo Havvo xususidagi mif va uning hayotiy voqealar bilan sinteziga diqqat qaratiladi. Romanni rus tiliga o’girgan tarjimonlardan biri, professor Ninel Vladimirova (tarjima f.f.d. Zamira Qosimova bilan hamkorlikda amalga oshirilgan) asarning ruscha nashriga O’zMU dotsenti G.Garipova bilan ham mualliflikda “Yo’qotilgan jannatni izlab...” so’zboshi yozib, mazkur kichik tadqiqotda inson va uning taqdirga munosabati masalasini tahlil qiladi7.
Ulug’bek Hamdam romanlari doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari doirasida ham boshqa zamondosh yozuvchilar asarlari qatorida o’rganilgan. Jumladan, Zulfiya Pardayevaning “Hozirgi o’zbek romanchiligining taraqqiyot tamoyillari”, Shoira Doniyorovaning “Istiqlol davri o’zbek romanlarida milliy ruh va qahramon muammosi”, Xurshida Hamroqulovaning “O’zbek adabiyotida hayot va o’lim muammosi” mavzuidagi doktorlik8; Manzura Pirnazarovaning “Hozirgi o’zbek romanlarida uslubiy izlanishlar (Omon Muxtor, Xurshid Do’stmuhammad, Ulug’bek hamdam romanlari misolida)” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyalari9ni misol qilib keltirish mumkin. Bu dissertatsiyalarda Ulug’bek Hamdam romanlari alohida tadqiqot doirasida tahlil qilinmagan, ma’lum bir masala tadqiqi jarayonida adabiy jarayondagi boshqa yozuvchilar ijodi misolida ob’ekt sifatida tanlangan.
Ko’rib o’tilganidek, Ulug’bek Hamdam romanlari hozircha alohida tadqiqot doirasida yaxlit holda o’rganilgan emas. Yozuvchi romanlarining Istiqlol davri o’zbek romanchiligida katta o’rin tutgani, yangi davr kishisi taqdiri, orzu-intilishlari va ruhiy-axloqiy olamining chuqur aks ettirganiga qaramasdan, hozirgacha yaxlit ish doirasida tahlil qilinmaganligi mazkur bitiruv malakaviy ishi mavzuining dolzarbligini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |