O‘quv fanining maqsadi va vazifasi
Magistrlarga matn nazariyasi muammolari haqida, jumladan, ushbu fanning shakllanish bosqichlari, matnning til sistemasidagi o‘rni, matn va uning ta’rifi, matn va uning turlari, asosiy birliklari, tarkibiy qismlari, tarkibiy qismlarini bog‘lovchi vositalar, matnni uslubiy xoslovchi vositalar kabi qator masalalar haqida ma’lumot berishdir. Shuningdek, matnni lingvistik jihatdan chuqur tahlil qilish (“lingvistik mikroskop” ostida), o‘qish hamda uqish, ularni baholay olish malakasini shakllantirish hamda ma’lum bir matn shakl va mazmunining kommunikativ-estetik birligi, ma’lum bir axborot va obrazlar tizimidan iborat bo‘lgan butunlik holatida qarash ko‘nikmalarini hosil qilishdan iborat maqsad fanning asosini tashkil etadi.
Fanning vazifalari magistrlarning tilshunoslik va adabiyotshunoslik fanlaridan olgan bilimlarini yangi ilmiy va metodologik bosqichga ko‘tarish, magistrlarni matn nazariyasi muammolari bilan yaqindan tanishtirish, matnlarning uslubiy xoslanishini to‘la anglatish, o‘zbek tilining boy imkoniyatlari, estetik jilosini ko‘rsatish, nutq madaniyatini takomillashtirish, matnga qiziqish uyg‘otish, matnni sharhlay olish, baholay olish malakasini hosil qilish, matnni tahlil qilish orqali muallifning tilga bo‘lgan munosabatini, uning til imkoniyatlaridan foydalanishdagi mahoratini belgilashdan iborat.
Fan bo‘yicha talabalarning bilim, ko‘nikma va malakasiga quyidagi talablar qo‘yiladi. Magistrant:
“Matn tilshunosligi” fanini o‘zlashtirish jarayonida magistratura talabasi matnni lingvistik tahlil qilish nazariyasi, matn tushunchasi va uning yondosh hodisalarga munosabati, matn lingvistikasining dolzarb masalalari, matnning til va nutq tizimida tutgan o‘rni, matnning turlari va tasnifi, matnning ichki bog‘lanishlari, matnning uslubiy xoslanishini ta’minlovchi lisoniy va nolisoniy vositalar tizimi, matn va uning tarkibiy qismlari, matn birliklari va matn tarkibiy qismlari o‘rtasidagi munosabat, matnning tarkibiy qismlarini bog‘lovchi vositalar, matn tahlili, lingvistik, lingvopoetik, mikroskopik tahlil usullari haqida tasavvurlarga ega bo‘lishi birlamchi vazifa sifatida qo‘yiladi. Shuningdek, matnning lingvo-uslubiy turlari, matnning tarkibiy qismlarini bog‘lovchi vositalar, matnning fonetik, leksik, morfologik, sintaktik, lingvopoetik, mikroskopik, matnning uslubiy xoslovchi vositalarini bilishi, ajrata olishi va ulardan foydalana olishiga erishiladi. Pirovardida egallangan bilim va ko‘nikmalar asosida talabaning matnning tasvir vositalari hamda janr xususiyatlarini anglash, muallifning til birliklari lisoniy imkoniyatlaridan foydalanish darajasini baholash, matndagi paradigmatik, sintagmatik munosabatlarni to‘g‘ri aniqlay olish, matn tuzilishidagi tilning tasvir vositalari o‘rnini to‘g‘ri belgilash, matn namunalarini lingvistik, lingvopoetik, mikroskopik, lingvostilistik tahlil qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi ta’minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |