3-MAVZU. O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDA MATN TADQIQI
Tayanch tushunchalar: matnshunoslik, kogerent, mikro matn, makro matn, ilmiy matn, badiiy matn kommunikativ nutqiy butunlik, nutq generatsiyasi, matn kogeziyasi, matn retrospeksiyasi
“Matnshunoslik” o‘zida ikki tushunchani aks etadi. Shulardan muayyan matnning tanqidiy tekstlarini yaratish mazmunini ifodalasa, ikkinchisida matn lingvistik tadqiqot ob’yekti sifatida qaralib bir fikriy butunlikni ifoda etuvchi gaplar sintaktik butunliklar yig‘indisini nazarda tutadi. “Matn” atamasiga quyidagicha ta`rif berilgan: 1. « Yonma-yon harflar, yozuv orqali aks ettirilgan nutq, umuman, nutq parchasi; tekst ».
Matn nutqning yirik ko‘rinishi bo‘lib, vazifasi jihatdan tugal nutqiy butunlik sanaladi. Matnning murakkabligi va hajmi, kommunikativ vazifasi, muayyan janr talablariga mosligi va matn qismlarining xarakteri singari masalalar keyingi 20-30 yildan buyon o‘zbek tilshunoslari diqqat e’tiborida bo‘lib kelmoqda. O‘z vaqtida akademik A.N.Kononov murakkab fikrni ifodalashda yakka gapning o‘zi kifoya qilmaydi, uni boshqa gaplar qurshovida tekshirish lozim, degan fikrni olg‘a surgan edi.
Ma’lumki matnni muayyan belgi- xususiyatlarga ega bo‘lgan statik ob’yekt sifatida tadqiq etish uni boshqa aspektlarda o‘rganishda aslo mone’lik qilmaydi. Matnning lisoniy tabiati, uning tuzilishi, asosiy kategoriyalari o‘zbek tilshunosligi fani uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega bo‘lsa ; matn generatsiyasi, matnning yaratilish jarayoni kabi masalalar ham bu fan uchun shunchalik muhim ahamiyat kasb etadi. Bizning bu fikrimiz birinchi navbatda badiiy matnlarga tegishlidir. Nutq generatsiyasi nuqtai nazaridan matn sintatik hodisa emas, balki dinamik hodisa hisoblanadi. Matnning qo‘lyozma varianti ustida ishlash yoki asarni qayta nashrga tayyorlash jarayonida yozuvchi tomonidan butun matnga yoki uning muayyan qismlariga ma’lum o‘zgarishlar kiritiladi. Bunday o‘zgarishlar natijasida butun matnga yoki uning bir qismiga xos qo‘shimcha nusxalari, variantlari yuzaga keladi. Matnning qo‘shimcha nusxasi yoki varianti deganda, mazkur matnda tasvirlangan voqea- hodisalarning boshqa voqea-hodisalar bilan almashmas, balki o‘sha voqea-hodisalarni tasvirlovchi ifoda vositalarining boshqa ifoda vositalari bilan almashinuvi ko‘zda tutiladi. Masalaga ana shu nuqtai nazardan qaraganda, I.Qo‘chqortoyev va H.Nizomxonovlarning “Badiiy asarning tekstual variantlari – lingvostilistik tadqiqot ob’yektlaridan biri” nomli ilmiy maqolasi ham o‘zbek matnshunosligida alohida o‘rin tutadi.
“Dumingni likillatasan, olg‘a ketasan » gapininig zamirida achchiq zaharxanda bor. U dumini likillatib umr kechiruvchi kishilarning “olg‘a ketishiga” to‘sqinlik qilib, ularni hajv zarbi bilan yanchib tashlaydi. Matnni o‘qir ekansiz, baliq inson tasavvuridan butunlay chiqib ketmaydi. Zero, laganbardorning baliqqa o‘xshash tomonlari ham yo‘q emas.
Kontekstda so‘z dinamikasi keng tushuncha. U faqat muayyan kontekst doirasi bilan cheklanmay, so‘zning voqelik bilan oldi-berdisini ham o‘ziga qamrab oladi. Demak, so‘z dinamikasi turli kontekstda turlicha ko‘rinishga ega bo‘ladi. Ammo dum likillatish birikmasining harakat doirasi shunchalik kengki, u avval it, keyin laganbardor odam qiyofasini kitobxon zehnida jonlantiradi. Har ikki holda ham harakatchan dinamik so‘z va birikmalar yuksak badiiy kontekstni vujudga keltiradi.
M.To‘xsanov “Mikromatn va o‘zbek badiiy nutqida uning kogerentligini ifodalovchi vositalar” mavzusida nomzodlik ishini himoya qildi. H.Usmonov esa o‘zbek matnlarida so‘zlashuv nutqi xususiyatlarini maxsus tadqiq etadi. A.Mamajonov 1989 yilda “Tekst lingvistikasi” nomli qo‘llanmasini tayyorlab, Farg‘onada nashr ettiradi.
O‘tgan asrning 90- yillaridan boshlab o‘zbek olimlari matn tilshunosligining nazariy muammolari bilan jiddiy shug‘ullana boshladilar. Bu jihatdan B.O‘rinboyev, R.Qo‘ng‘urov, J.Lapasovlarning “Badiiy tekstning lingvistik tahlili” nomli o‘quv qo‘llanmasi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu asarning kirish qismi “Tekst – lingvistik tahlil ob’yekti“ deb nomlanadi. Bunda matn tiplari, ularning umumiy va o‘ziga xos belgilari, matnning lisoniy tahlili metodologik tamoyillari, matn yaratish muammolari ifoda vositalarining tanlanishi va ularning matn tuzilishidagi roli singari dolzarb masalalar o‘zbek tili faktlari misolida yoritilgan.
1994 yilda M.Hakimov “O‘zbek ilmiy matnining sintagmatik va pragmatik xususiyatlari» mavzusida nomzodlik desertatsiyasini himoya qiladi. Bu ishda o‘zbek tilining ilmiy uslubi matn kategoriyasi aspektida o‘rganilgan, gumanitar fanlarga oid ilmiy matn namunalari bu ish uchun faktik material manbai bo‘lib xizmat qilgan.
«O‘zbekcha diniy matnlar ekzotik leksikasi» mavzusidagi nomzodlik ishida tadqiqotchi N.Ulug‘ov diniy matn tilshunoslikda o‘ziga xos alohida matn turi sifatida o‘rganilishi maqsadga muvofiq, degan fikrini ekzotik leksika materiallari asosida asoslashga intiladi.
1997 yilda Toshkentda o‘tkazilgan “O‘zbek tili’’ anjumanining to‘rtinchi yig‘ini bevosita «Ta’lim jarayonida matn ustida ishlashning asosiy omillari» mavzusiga bag‘ishlangan edi. Bu esa mamlakatimizda matn tilshunosligi yutuqlarining ta’lim jarayoniga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prof. E.Qilichevning “Matnning lingvistik tahlili” (2000) nomli o‘quv qo‘llanmasida matnning ko‘rinishlari va uni lisoniy tahlil qilish namunalari berilgan. Eng muhimi, ishda poetik va nasriy matnlarni sharhlab o‘qish hamda tahlil qilish matnni “lingvistik mikroskop ostida” o‘rganishga oid mashq namunalari keltirilgan.
2000-yilda Samarqandda “Matn va uning talqini” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazildi. Bu anjumanda matnning informativligi, kogeziyasi, bo‘linuvchanligi, retrospekatsiyasi, ichki va tashqi derivatsiyasi kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Ma’lumki, pragmatika tilshunoslikning yangi bir nazariy va amaliy tarmog‘i sifatida insonning ijtimoiy faoliyatini o‘zida mujassamlashtirgan nutqiy jarayon, nutqiy vaziyat ta’siri bilan namoyon bo‘luvchi, nutq ishtirokchilariga xos kommunikativ niyat bilan aloqador masalalarni o‘rganadi. Pragmatika tilshunoslik fanining sohalaridan biri bo‘lib, uning nazariy manbai Ch.Pirs, U.Djeyms, D.Dyun, Ch.Morris kabi taniqli faylasuf olimlarning ilmiy nazariy qarashlari bilan bog‘liq. Lingvistik pragmatikaning o‘zbek tilshunosligida shakllanishida M.Hakimovning tadqiqoti alohida ahamiyat kasb etadi. Negaki, M.Hakimov yaqinda «O‘zbek tilida matnning pragmatik talqini» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va o‘zbek filologiyasi matn tilshunosligi rivojiga munosib hissa qo‘shdi.
Shunday qilib, o‘zbek tilshunosligida matn muammolarini tadqiq etishda salmoqli yutuqlarga erishildi. Endigi vazifa ana shu yutuqlarni yanada mustahkamlash, matn tilshunosligi muammolariga doir monografik tadqiqotlar yaratish, matnning turlari va ularning pragmatik imkoniyatlari kabi masalalarni keng miqiyosda tadqiq etishdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |