Mushtdekkina bo‘lib qolgan zargarning go‘daklarcha faryodi Ali Qushchini titratib yubordi. Ko‘zida g‘ilt-g‘ilt yosh, u devorga suyanganicha garangsib turardi. (O.YOqubov. “Ulug‘bek xazinasi” romani);
b) personajning jismoniy xatti-harakatlarini tasvirlash orqali uning ruhiy holatiga ishora qiladi. Ma’lumki, inson ruhiyatidagi biror o‘zgarish, masalan, quvonish, xafa bo‘lish, qo‘rquvga tushish va shu kabi turli holatlar uning zohiriy ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Masalan, inson noxush xabarni eshitganda rangi oqarib ketishi, uyalganida qizarib ketishi, qo‘rqqanida tizzalari qaltirashi tabiiy holatdir. Badiiy matnda muayyan shaxs ruhiy holatini bevosita tasvirlashdan ko‘ra ana shu holatga ishora qiluvchi jismoniy o‘zgarishlarni ifodalovchi birliklarni berish nisbatan ko‘p kuzatiladi. Aytish mumkinki, bunday birliklar hatto stereotip birliklarga aylanib qolgan. Buni quyidagi izohlarda ko‘rish mumkin:
–ko‘zlari charaqlamoq – xursand bo‘lmoq
–qovog‘i soliq – xafa
–tizzalari bo‘shashib ketmoq – ruhan tushkunlikka tushmoq
–yuzi oqarmoq – noxush xabardan o‘ta ta’sirlanmoq
–yuzi qizarmoq – uyalmoq, qattiq hayajonlanmoq
–oyog‘ini sudramoq – umidsizlikka tushmoq;
–o‘rnidan sakrab turmoq – biror narsadan o‘ta hayajonlanmoq
–qo‘llari qaltiramoq – o‘ta qo‘rqmoq yoki o‘ta asabiylashmoq
–eti jimirlamoq – biror hodisadan o‘ta ta’sirlanmoq
–ovozi qaltiramoq – hayajonlanmoq
–yuragi dukullamoq – o‘ta hayajonlanmoq
–erga qaramoq – uyalmoq
–ko‘ziga yosh kelmoq
Quyida berilgan matnlarda mana shu vositalar qo‘llanilganini ko‘rish mumkin:
–Onabibi!
Hech kim javob bermadi. Qo‘shnining iti vovilladi, xolos.
Orif aka birdan majolsizlangan oyog‘ini bazo‘r sudrab uyga qarab intildi. (A.Muxtor. “CHinor” romani)
Matnda qo‘llangan oyog‘ini bazo‘r sudramoq birikmasi roman personajlaridan biri bo‘lgan Orif akaning asrab olgan qizi Onabibi haqiqiy otasi bilan ketib qoldi, deb o‘ylab, birdan umidsizlikka tushib qolish holatiga ishora qilgan.
O‘zining mundan keyingi ko‘rguliklarini fojia’lar vodiysida ko‘rgan qo‘rboshi boshlab kishan kalidini qutidor qo‘liga soldi. Kalidni burar ekan, uning qo‘li dir-dir qaltiramoqda edi. Homidning noma’lum bir g‘arazi yo‘lida qurbon qilinayotg‘an va bu g‘arazda o‘zining ham ishtirokining borlig‘ig‘a qoyil bo‘lg‘on qo‘rboshi ishni bu yanglig‘ akslanishidan sirning ochilg‘anini muqarrar bilib, o‘zini shu soat jallod qo‘lig‘a topshirilishini aniq kutmakda edi. (A.Qodiriy. “O‘tkan kunlar” romani).
Bu matnda esa siri ochilib qolishdan benihoya qo‘rqayotgan qo‘rboshining holati qo‘li dir-dir qaltiramoqda edi birikmasi vositasida ko‘rsatib berilgan.
Bobur xor-zor bo‘lib chiqib ketgan vatanida bunchalik izzat-ikrom bilan qarshi olinishini xayoliga keltirmagan edi. U mavkabi bilan shaharning markaziy xiyobonidan Ko‘ksaroyga qarab o‘tayotganda Ulug‘bek madrasasining baland peshtoqi va minoralari ustida qo‘shkarnaylar chalib, naqoralarni sayratib, quvonch bildirayotgan vatandoshlarini ko‘rdi. SHunda birdan eti jimirlab, ko‘ziga yosh keldi. (P.Qodirov. “YUlduzli tunlar” romani)
Berilgan matnda qo‘llangan eti jimirlab, ko‘ziga yosh keldi birikmalari asar personaji (Bobur)ning o‘ta hayajonli, to‘liqqan holatini aniq ifodalash uchun xizmat qilgan.
–Saodat, - dedim. Qaradi. O‘chog‘da yongan olov issig‘idanmi yoki uyatidanmi uning yuzi qip-qizil. Qo‘lidagi sochig‘i bilan oldimg‘a yaqin kelib to‘xtadi. - Eshitdingmi, - dedim. Erga qaradi. Uni ortiqcha uyaltirmas uchun eshikka qarab yuriy boshladim-da: – Maylimi? – deb so‘radim. (A.Qodiriy. “O‘tkan kunlar” romani)
YUqoridagi matnda usta Olimning Saodatdan turmush qurishga rozilik so‘rayotgani tasvirlangan bo‘lib, yuzi qip-qizil, erga qaradi jumlalari Saodatning uyalish holatini ifodalash bilan birga o‘zbek qizlariga xos bo‘lgan hayo va iboga ham ishora qilib kelgan.
Inson ruhiy holatini ifodalashda o‘xshatishlar ham muhim o‘rin tutadi. “O‘zbek tili o‘xshatishlarining izohli lug‘ati”da ma’nosi izohlangan turg‘un o‘xshatishlar ichida xususan holat bildiruvchi o‘xshatishlar o‘zining ta’sirchanligi, obrazliligi va lingvopoetik jihati bilan ajralib turadi. Ular qatoriga bahor havosiday o‘zgaruvchan, bezgak tutganday qaltiramoq, yosh boladay sevinmoq, bo‘zday oqarmoq, bo‘taday bo‘zlamoq, vulqonday otilib chiqmoq, tilla topgan gadoyday xursand, to‘rvasini yo‘qotgan gadoyday kalovlamoq, gulday so‘lmoq, rangi dokaday oqarmoq, etim qo‘ziday mo‘ltiramoq, igna ustida o‘tirganday bezovta bo‘lmoq, ilon chaqqandek to‘lg‘anmoq, lavlagiday qizarmoq, loyday bo‘shashmoq, mixlangandek qotib qolmoq, suvga tushgan mushukdek shalviramoq, olovday yonmoq, sehrlangandek qotib qolmoq, ustidan sovuq suv quygandek seskanmoq, o‘tday kuymoq kabi turg‘un o‘xshatishlarni114 kiritish mumkin. SHaxs holatini obrazli tarzda ifodalovchi yuqoridagi o‘xshatishlarda o‘xshatish etaloni muhim ahamiyat kasb etib, u til egalarining lisoniy xotirasida barqaror birlik sifatida saqlanib turadi115. “Xalqning milliy obrazli tafakkur tarzining mahsuli sifatida turg‘unlashgan, etalonlashgan obrazlar milliy idrokni aks ettiradi”116. Pretsedent birliklar qatorida turuvchi bu kabi etalonlar shaxs ruhiy holatini emotsional-ekspressiv tarzda ifodalovchi vositalardan biri hisoblanadi.
O‘zbek nasrining eng go‘zal namunalaridan biri bo‘lgan “O‘tkan kunlar” romanida qo‘llangan o‘xshatishlarga e’tibor bering:
Do'stlaringiz bilan baham: |