113
biroq bo‘yi turnadek baland emas. Narining ham, urg‘ochisining ham boshida
yigirma-o‘ttiztadan ikki-uch enlik balandlikdagi pari bor. Modasining bezagi va
bo‘yog‘i yo‘qdir. Nar tovusning boshida gulsapsar rangidagi halqa bor, bo‘yni
chiroyli ko‘kish rangda. Orqasining bo‘ynidan pastroq qismi sariq, zangor (sabza)
ko‘k va siyohrang naqshlar bilan bezalgan. Ustidagi gullari kichikroq-kichikroq
gullardir. Orqasidan pastrog‘i to dumining uchigacha shu rangdagi yirik-yirik
gullar bilan bezalgan. Ayrim tovuslarning guli bir quloch keladi va ularning gullik
parlari ostida kalta, boshqa qushlarnikiga o‘xshamagan yana bitta dumi bo‘ladi. Bu
rasmiy – oddiy quyrug‘i. Uning qanotlari qizildir.
Tovuslar Bajavr va Savodda va undan pastroqda bo‘ladi. U yerdan yuqorida –
Kunar, Lamg‘anot va boshqa yerlarda uchramaydi. Uchishda qirg‘ovuldan ham
ojizroqdir.
U bir-ikki martadan ortiq ko‘tarila olmaydi. Uchishga ojiz bo‘lganligi uchun
yo tog‘da, yo changalzorda yashaydi. Yana qizig‘i shundaki, tovuslar yashaydigan
changalzorda chiyabo‘rilar juda ko‘p bo‘ladi. Tovuslar bir quloch dumi bilan
changaldan changalga o‘tib yuraveradi. Nima uchun ular chiyabo‘rilardan ziyon
ko‘rmaydi? Hindistonliklar tovusni «mo‘r» deydilar. Imom Abu Hanifa mazhabida
uning go‘shti halol hisoblanadi. Go‘shtini mazasiz deb bo‘lmaydi, durrojning
go‘shtiga o‘xshaydi, ammo tuyaning go‘shti kabi istamayroq yeydilar.
Yana bu yerda to‘ti tarqalgan. U ham Bajavr va undan pastroqdagi yerlarda
uchraydi. Yozda tut pishig‘i chog‘ida Ningnahor va Lamg‘anotga uchib keladi.
Boshqa paytlari bu yerda uchramaydi. To‘tilar bu yerda xilma-xildir. Bizning
viloyatlarga olib boriladigan bir turi bor, uni gapirishga o‘rgatadilar.
Yana bir turi bu to‘tidan kichikroq bo‘lib, uni ham gapirishga o‘rgatadilar. Bu
to‘tilarni «jangaliy» – changalzor to‘tisi deb ataydilar. Bu to‘tilar Bajavr va Savod
va o‘sha yerlarga yaqin joylarda ko‘p. Besh-olti ming to‘ti bir gala bo‘lib uchadi.
Bu to‘tilar bilan avvalgilarining o‘rtasida faqat katta-kichikligida farq bor, ranglari
bir xil.
Yana bir nav to‘ti bor. U changalzor to‘tisidan ham kichikroq. Boshi qip-qizil,
qanotlari ham qizil. Dumining uchi ikki enlikcha oq bo‘ladi. Bu turdagi to‘tilarning
boshi safsar rangidadir. Bu toifa to‘tilar gapirishni bilmaydilar. Ularni Kashmir
to‘tisi deb ataydilar.
Yana bir to‘ti borki, u changalzor (o‘rmon) to‘tisidek kichkina bo‘ladi.
Tumshug‘i qora, bo‘ynida katta halqasi bor, qanotlarining usti qizil, gapirishni
yaxshi o‘rganadi (Zahiriddin Muhammad Bobur).
Do'stlaringiz bilan baham: