Qon suyuq hujayralararo modda - plazmadan va unda muallaq joylashgan shaklli elementlardan iborat. Ularning o`zaro nisbati sog`lom odamda 55:45 ni tashkil etib, gematokrit ko`rsatkich deb ataladi. Gematokrit ko`rsatkichning u yoki bu tomonga o`zgarishi qonning 'suyulishi yoki quyulishini ko`rsatib, muhim diagnostik belgi hisoblanadi. Qon miqdori voyaga yetgan organizmda tana og`irligining taxminan 7 protsentini tashkil etib, o`rta hisobda 5-5,5 litrga teng. Qon shaklli elementlari (quyida berilgan sxemaga qarang) qatoriga qizil qon tanachalari - eritrotsitlar, oq qon tanachalari - leykotsitlar va qon plastinkalari - trombotsitlar kiradi. ERITROTSITLAR (ERYTHROCYTI) ERITROTSITLAR (ERYTHROCYTI) Odamda va boshqa sut emizuvchi hayvonlarda eritrotsitlar yuqori darajada differentsiallashgan elementlar bo`lib, ularda yadro va hujayra organellalari bo`lmaydi. Tuban umurtqalilar va qushlarda eritrotsitlar zichlashgan yadro va mikronaychalar saqlaydi. Eritrotsitlar eng ko`p sonli qon hujayralari hisoblanadi. Sog`lom erkaklarda ularning soni 1 mm2 qonda 4,0-5,5 mln (xalqaro birliklar sistemasida 4,0-5,5x 10'2/l), ayollarda esa 4,0-5,0mlnga (4,0-5,0 x 1012/l)ga tengdir. Voyaga yetgan odamda o`rtacha 25 trillionga yaqin eritrotsitlar bo`ladi. Eritrotsitlar soni yoshga va fiziologik holatlarga qarab o`zgarishi mumkin. Masalan, chaqaloqlarda va 60 yoshdan oshgan kishilarda eritrotsitlar soni 6-6,5 mln ga yetishi mumkin. Siyraklashgan atmosferada, kuchli jismoniy mehnat paytida ham eritrotsitlarning soni ortishi mumkin. Eritrotsitlar sonining turg`un ko`payib ketishi politsitemiya deyiladi va qon sistemasi kasalliklarida uchraydi. Eritrotsitlar sonining kamayib ketishi eritrotsitopeniya deb atalib, bu turli xil kamqonlik (anemiya) larning xarakterli belgisi hisoblanadi. Qonda eritrotsitlar ikki tomonlama botiq disk shakliga ega bo`lib, qonning surtma preparatlarida yumaloq doira shaklini oladi. Rastrlovchi elektron mikroskop ostida ko`rilganda disk shaklidagi eritrotsitlar (diskotsitlar) eng ko`p (80%) uchraydi. Ulardan tashqari, sharsimon (sferotsitlar), gumbazsimon (stomatotsitlar) va tikanaksimon o`siqli (exinotsitlar) eritrotsitlar ham oz miqdorda uchrashi mumkin. Eritrotsitlar shakli muhim diagnostik ahamiyatga ega. Qonda noto`g`ri shaklli - urchuqsimon, noksimon, eritrotsitlarning paydo bo`lishi poykilotsitoz (yunon. poykilos - har xil) deb atalib, ba’zi bir patologik hollarda uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |