3. Turkiston ASSR arxivlarida ish yuritish.
Oktyabr to‘ntarishidan keyin
sho‘rolar tuzumi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosyy va madaniy hayotning barcha sohalarini
o‘zining istibdod yo‘rig‘iga soldi. Butun mamlakatdagi hujjatchilik, idoraviy ish
yuritish tamoyillari ham bu yo‘riq sirtmog‘idan chetda qolmadi. Mohiyatan o‘ta
g‘irrom til siyosati tufayli milliy jumhuriyatlardagi tillarning ijtimoiy mavqei
pasayib bordi. O‘sha davrdagi o‘lka nufusining 37 foizini o‘zbeklar, 35 foizini
qirg‘izlar (qozoqlar bilan birga), 17 foizini tojiklar va atigi 7 foizinigina ruslar
tashkil etar edi. Bu hol hisobga olinsa, davlat tilini belgilashdagi mantiqning
asossizligini aniq ko‘rish mumkin.
Mehnatni ilmiy tashkil qilish muammolariga bag‘ishlab 1921-yilda
o‘tkazilgan I Butun Rossiya konferensiyam kun tartibiga kiritilgan boshqarish
mehnatini ilmiy tashkil qilish va hujjatlar bilan ishlash masalasi, shuningdek,
mamlakatda bu ishlarni muvofiklashtiruvchi va yo‘lga solib turuvchi maxsus
56
tashkilot tuzish masalasining asl mohiyati ham rus tilining ijtimoiy mavqeini yanada
kuchaytirishdan iborat bo’lgan.
Sho‘ro siyosati go‘yoki o‘zining "millatlar va tillarning tengligini
ta’minlash" tamoyilini amalga oshirganday qilib ko‘rsatish maqsadida
respublikamizda idoraviy ish yuritishni o‘zbekchalashtirish borasida ba’zi
harakatlarni amalga oshirgan. 1923-yil 29-avgustda qabul qilingan Turkiston ASSR
MIQning 130- qarori 14 ta moddadan iborat bo‘lib, uning 1-moddasida: “Barcha
dekret va qarorlar albatta rus, o‘zbek, turkman hamda qirg‘iz tillarida nashr etiladi”
deb, qayd qilingan. Mazkur qarorga binoan respublika hududidagi barcha
muassasalarining ish yuritishi 4 ta: rus, o‘zbek, qirg‘iz [qozoq] va turkman tillarida
olib borilishi tartibi belgilandi. Shundan kelib chiqib, Yettisuv, Sirdaryo va
Amudaryo viloyatlari – qirg‘iz tilida, Farg‘ona va Samarqandda o‘zbek tilida va
Turkman viloyatida esa turkman tilida ish yuritish tizimi joriy qilingan.
Keyinchalik O‘zbekiston SSR inqilobiy qo‘mitasi tomonidan aniqrog’i 1924-
yilning 31-dekabrida 48-raqamli qarorni qabul qilgan. Qarorda hukumat,
kooperativ, xo‘jalik idoralari va boshqa muassasa, tashkilot va korxonalar
doiralarida butun yozuv ishlarini faqat o‘zbek tilida yurgizishga majbur etish
vazifasi qo‘yiladi. Buning uchun korxona, tashkilot va muassasalarda ishlarni
o‘zbek tilida yurgizish, yo‘riqnomalar nashr etish, yerlik xalqdan amaliy ishchilar
(ish yuritish bo‘yicha) tayyorlash va boshqa tashkiliy ishlarni amalga oshirish
lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu qarorni joriy qilish yuzasidan, tabiiyki, muayyan
ishlar amalga oshirila boshlagan, xususan, maxsus ish qog‘ozlari tayyorlangan.
Lekin, XX asrning 30-yillari 2-yarmidan boshlab o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor
rasman susayib borgan. O‘sha murakkab tarixiy jarayon, xalklarning milliy
o‘zliklarini anglashlaridan hokimiyatning dahshatli qo‘rquvi, bu qo‘rquv hukmron
bo‘lgan qatag‘on davrining achchiq samarasi bugun hech kimga sir emas.
Aytish lozimki, yaqin o‘tmishimizda barmoq bilan sanarli miqdordagi hujjatlar
o‘zbek tilida yozilgan. Ammo bu hujjatlarning tilini sof o‘zbekcha deb aytish ancha
qiyin. Yaqin-yaqinlargacha
"Berildi ushbu spravkani falonchievga shul hakdakim,
haqikatan ham bu o‘rtoq shul joyda yashab turadi"
qabilidagi 20-yillarda rus tilidan
57
andoza olish tufayli paydo bo‘lgan, ya’ni shaklan o‘zbekcha ma’lumotnomalar
yozib kelindi. Rus tilida mazkur matnning asli
"Дана настоящая справка Иванову
в том, что товарищ Иванов действительно проживает по такому-то
адресу"
tarzida bo‘lib, bu matn til nuqtai nazaridan benihoya tugal, lo‘nda va
benuqson. Ammo o‘zbek tilida ayni so‘z tartibini saqlashning o‘ziyoq o‘zbek
tilining tabiatiga mutlaqo zid. Rus tilidan andoza olish (aytish kerakki, bunday hol
boshqa tillarda, masalan, tatar tilida ham kuzatiladi), biron-bir darajada bo‘lsin,
o‘zini oqlay olmaydi. Umuman, o‘zbek hujjatchiligining boy va uzoq tariximizning
ilk bosqichlaridan ibtido olgan an’anasi mavjud bo‘lsa-da, Oktyabr to‘ntarishidan
keyin boshqa joylarda bo‘lgani kabi respublikamizda hujjatchilik bevosita o‘zbek
tili negizida rivojlantirilmadi. Bu sohadagi asosiy yo‘nalish nusxa ko‘chirishdan
iborat bo‘lib qoldi. Ana shuning va boshqa bir qancha omillarning oqibati natijasida
o‘zbek tilining rasmiy ish uslubi deyarli takomil topmadi.
Hujjatshunos A.S.Golovach shunday ta’kidlaydi: "Boshqaruv sohasidagi
kamchiliklarning asosiy sabablaridan biri ayni soha xodimlarining ko‘pchiligida
nazariy va amaliy tayyorgarlikning bo‘shligidir. Ular muassasa, tashkilot va
korxonalarda qabul kilingan hujjatlar bilan ishlash yo‘riqlari, usullari va yo‘llari
majmuini yetarli darajada bilmaydilar". Ba’zan hujjatlarga jiddiy munosabatda
bo‘linmaydi, unga shunchaki bir qog‘ozbozlik, nokerak va ortiqcha bir ish sifatida
qaraladi. Bu albatta, nomaqbul munosabatdir. Mukammal va oqilona tashkil etilgan
hujjatchilik har qanday idoradagi ish yuritishning asosi ekanligini isbotlab
o‘tirishning hojati yo‘q.
Barchaga ma’lumki, har qanday hujjat muayyan axborotni u yoki bu tarzda
ifodalash uchun xizmat qiladi. Demak, har qanday hujjatdagi birlamchi va asosiy
unsur bu tildir. Ayni paytda, hujjatchilikda til axborotni qayd etish vazifasinigana
bajarib qolmasdan, boshqaruv faoliyatini izchil tartibga soluvchi vosita sifatida ham
namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham, avvalo, o‘z qadimiy an’analarimizdan kelib
chiqib va dunyo hujjatchiligidagi ilg‘or tajribalardan ijodiy foydalangan holda,
hujjatchiligamizni takomillashtirish yo‘lidan bormoq kerak. Hujjatlarning sof
o‘zbek tilidagi yagona andozalarini yaratish, ular bilan bog‘liq atamalarning bir
58
xilligiga erishish borasida ish olib borish bugungi kundagi dolzarb muammolardan
sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |