Osmon to’la farishta



Download 80,5 Kb.
Sana20.03.2017
Hajmi80,5 Kb.
#4910

OSMON TO’LA FARISHTA



Nurulloh Оston 1991 yildan buyon O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Yulduzlar chaqnagan tun”, “Bahor raqsi”, “Yo’ldagi buloq”, “Yuragimning bezovta guli”, “Qadim yo’llarda”, “Osmon to’la farishta”, ”Fasli ko’klam”, “Tongga peshvoz chio’aylik” nomli she’rlar to’plamining muallifi.

1. FASLLAR ERTAGI
Respublika ta’lim markazi ilmiy metodik kengashining 2002 yil 20 sentyabrdagi 2-sonli qaroriga binoan maktabgacha ta’lim-tarbiya mutaxassislari va boshlang’ich sinf o’qituvchilari uchun qo’llanma sifatida tavsiya etilgan.

“FASLLAR ERTAGI” SHE’RIY TO’PLAMI HAQIDA

Nurulloh Оstonning “Fasllar ertagi” she’riy to’plami shoir ijodining izchil davomi desak yanglishmagan bo’lamiz.

Men Nurullohni kattalar uchun ham nashr etilgan she’riy to’plamlarini yaxshi bilaman. Masalan, 1988 yilda G’afur G’ulom nomli adabiyot va san’at nashriyotida uning “Yo’ldagi buloq”, 1991 yilda “Kamalak” nashriyotida “Yuragimning bezovta guli” she’riy to’plamlari bosilib chiqqan. Shoirning kichkintoylarga bag’ishlab yozgan she’rlarini bolalar emas, hatto kattalar ham zavq bilan o’qiydi. Qisqa va ixcham, bolalar uchun tushunarli, sodda tilda yozilgan, rang-barang qochirim va obrazlarga to’la ushbu she’rlar bosilib chiqsa, bolalar adabiyoti bundan faqatgina manfaat ko’radi, deb hisoblayman. “Fasllar ertagi” she’riy to’plami ana shunday rang-barang mavzularni o’z ichiga olgan va o’quvchilarning dunyoqarashini, tasavvurini kengaytirishga xizmat qiladi.

Sa’dulla HAKIM,

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.


BAHOR

Kuchli janub quyoshi

Jilg’a qildi kir qorni.

Daraxtlarda kurtaklar

Kutib yotar bahorni.

Majnuntolning sochlari

Suvga qarab sollandi.

Jo’shqin soyning mavjlari

Kun nurida tovlandi.

Har bir giyoh talpinar,

Qo’shiq aytar har irmoq.

Jajji izlarni olib

Chopqillaydi yo’l, so’qmoq.
HAMAL

Yondi ko’kning nayzasi,

Undi yerning maysasi.

Shamol keldi, yel keldi,

Shovqin bilan sel keldi.

Cho’mildi dala-qirlar,

Chuchmomalar qiqirlar,

Qish qasriga qamal bu,

Sog’intirgan hamal bu!

DASHTDA

Dashtda sabza barq urdi,

Qaldirg’ochlar charx urdi.

Soy suvlari shovullar,

Qizg’aldoqlar lovullar.

Oppoq tongning nafasi,

To’rg’ayning nozli sasi

Oh, naqadar gashtlidir,

Men qo’msagan dasht shudir!

VARRAK UCHIRDIK

Kurtakladi tokimiz,

Gulga kirdi nokimiz.

Ko’kda qushlar chuldirar,

Yerda maysa gurkirar,

Tomga tirab xarrakni

Biz uchirdik varrakni!

SOVG’A

Bir, ikki, uch moma,

Bizga topil, chuchmoma.

Chaqmoqning nayzasini,

Adirning maysasini,

Ismaloqning isini,

Qizg’aldoqning qizini

Bizga sovg’a qil, bahor,

Bag’ri to’la gul bahor!

TONGDA

Hatto ko’zga tashlanmas

Oy yuzida chandig’i.

Ufqlarda ochildi

Tongning oltin sandig’i.

Sandig’idan nurli tong

Tillolarni ulashdi,

Kun nurida bolalar

Tongni qutlab quvnashdi.

SHAFTOLI

Shaftolimiz pushti gul,

Duv guvlashib uchdi gul.

Keling laylak uchganda,

Shaftolimiz pishganda!

QUYOSH TAFTI

Sokin sahar pallada,

Tong uyg’onar dalada.

Ufq yuzi ollanar,

Tong chehrasi sollanar.

Quyosh ochib kaftini,

Bizga sochar taftini.

YOMG’IRDAN SO’NG

Zaminga nur sochildi,

Chamanga dur sochildi.

Erka shamol shiviri,

Qaldirg’ochlar vijiri

Bog’larga navo berdi,

Dillarga davo berdi.

Ko’ngil sarxush yayraydi,

Yurakda qush sayraydi.

YOZ

Oydin tunlar pallasi,

Baqalarning yallasi.

Handalakning bo’ylari,

Dehqonbuva to’lari,

Yozdan darak bermoqda,

Qarang, laylak kelmoqda!

QUYOSH KULGUSI

so’lim bog’larga

Zavqli yoz keldi.

Bizni chorlagan

Sho’x ovoz keldi.

Tonglar g’uborin

Shudringlar yudi,

Ko’zlarim bog’da

Kapalak quvdi.

Tilimda qoldi

Qovunlar toti,

Erkalab o’tdi

Shamol qanoti.

Tutdim quyoshning

Bog’ichlarini,

Tuydim bolalik

Sog’inchlarini...

NAMOZSHOMGUL

Ochilaman saharda,

Yuzimda harir parda.

Gulimning yo’q qiyosi,

Qizil, pushti, siyohi.

Har tong yozib qulochni

Qarshilayman quyoshni!

OY CHO’MILAR CHAYLADA

Oydin kecha pallada,

Oy cho’milar chaylada.

O’tar sirli sharpalar,

Tortiladi ko’rpalar.

Mo’ralaymiz unsiz, jim,

Shitir-shitir, kelar kim?

Bu qanday mehmon ekan,

Boqsak, Kirpijon ekan.

YOZ KELDI

Yoz keldi-yu, yoz keldi,

Doyra bilan soz keldi.

Uchib ketgan laylaklar

Qanoti qog’oz, keldi.

Tunni qilib tongotar,

Sho’x bolalar dong qotar.

Bir tutam yoz tunida,

Dehqon tongni uyg’otar.

TUT PISHIG’IDA

Potmachumchuq chirqirab,

Tutni pishirib oldi.

Sheriklari jam bo’lib,

Boplab tushirib oldi.

Marvartutim shirador,

Asal edi, qand edi-

Potmachumchuq tumshug’i

Chip yopishib pand edi.

TONG SATRI

Tong havosi tozadir,

Ko’ngillarni yozadir.

Qizg’aldoqlar raqsida,

Chuchmomalar bahsida

Sochib bahor atrini

Tong yozadi satrini!

YOZ TUNIDA

O’yinqaroq, xush bo’lib,

Tunlar o’tar tush bo’lib.

Bosilar kun hovuri,

Tinar qushlar shovuri.

Bo’y taratar chechaklar,

Tun aytadi ertaklar.

TONG YULDUZI

Charaqlagan yulduzman,

Ko’k yuzida yolg’izman.

Shuning uchun yonaman,

Ekaman osmona man!

OY TO’LA JOM

Buncha maftunkor,

Kuzning yonog’i.

Oy to’la jomdir

Paxta chanog’i.

Shafaqrang bog’lar,

Quyosh kalomi.

Shudringlar olis

Bahor salomi.

Bunday pallada

Tilingda baytdir,

Dilingda ne so’z-

Shivirlab aytgil...

XITOB

Kuz quyoshi yoqimli,

Ko’kda turna oqimi.

Soy suvlari tiniqar,

Chollar kunda miriqar.

Ish qaynagan dalalar,

Keksa-yu yosh bolalar,

O’qir quyosh-kitobni,

Kuz yo’llagan xitobni!

YURISH

Gul-yaproqlar sarg’aydi,

Esdi izg’irin yellar.

Shudringlarni sachratib

Biz tomonga kuz kelar.

Yotar mag’lub qo’shinday

Dalada qovun-tarvuz.

Ketdik o’sha tomonga

Yurish qilamiz Navro’z!

KECH KUZ

Tilla bandli yaproqlar

Dov-daraxt-la xushlashar.

Bargixazon fasl bu-

Kuz qish bilan duchlashar.

Yuklaridan bo’shanib,

Yastangandir dalalar.

Quchog’ida yayraydi

Qirmiz yuzli bolalar.

SOG’INCHIMIZNI BILSIN

Mo’ltirar kuz darchadan,

Gurkirab hid archadan.

Quyosh nur sochar horg’in,

Archajon, izlab borgin.

Sog’inchimizni bilsin,

Bahorni boshlab kelsin!



MEZON

Yoz o’tib mezon keldi,

Sovrilib xazon keldi.

Daraxtlar to’kdi yaproq,

Shalabbo bo’ldi tuproq.

Tinar shodon qiy-chuvlar,

Yo’lda uzg’irin uvlar.

O’tib ketdi Yoz bobo,

Kelmoqda Ayoz bobo!

KUZBOBO

Shamol uvla, bo’ronnig,

Guvlasin gulduragi.

Yomg’irni boshlab kelsin

Osmonnig g’ildiragi.

Yelayotir Kuzbobo

Otlarini qamchilab.

Men kaftimni ochaman,

Yomg’ir kelar tomchilab.

YANA KUZ KELDI

Buloqlar zilol,

Charaqlar hilol.

Shivirlab shamol-

Yana kuz keldi.

Xazonlar o’ynar,

Turnalar kuylar.

Boshlandi to’ylar-

Yana kuz keldi.

Yo’laklar xomush,

Yurakda yonish,

Chechakda nolish-

Yana kuz keldi.

Non to’la tandir,

Bulutlar sang’ir,

Qor hidi anqir-

Yana kuz keldi.

QOR HAVOSI

Qor havosi ufurar,

Shamollar yer supurar.

O’tib ketmish mezonlar,

Uchar so’nggi xazonlar.

Tussiz bog’-u biyobon,

Bo’m-bo’sh ko’cha, xiyobon.

Osmon xira va rangsiz,

Bosib kelar qish jangsiz.

YANGI YILDA

Bolakaylar mo’ltirar,

Qorbobo ne keltirar?

Qopida sovg’a-salom,

Tilida shirin kalom.

Bezab ulkan archani,

Xushnud qildi barchani.

Ulashdi koptok, kaptar,

Menga qalam va daftar.

Boshlayman endi ishni-

O’rganaman yozishni!

PISAND EMAS

Qish zaminni allalar,

Hordiq olar dalalar.

Chang’i uchib to’ymaydi

Qishdan qo’rqmas bolalar.

Dehqon dala boshida,

Ketmonni yonboshida-

G’imirlaydi, tinmaydi,

Qishni pisand qilmaydi.

QISH BOSHLANDI

Dov-daraxtlar mizg’igan,

Izg’irin yel izg’igan.

Ko’chalar yaraqlaydi,

Yulduzlar charaqlaydi.

Jamlab barcha kuchini,

Kelmoqda qish qo’shini.

TUTUN PUFLAR

Borliq oqqa belandi,

Pechkaga o’t qalandi.

Pechka olov zo’ridan,

Tutun puflar mo’ridan.

QOR XAT

Qor sepalab yog’ardi,

Qir tepalar oqardi.

Gullab ketdi archalar,

Kuylab keldi qarg’alar.

Ko’p soz bo’ldi dalalar.

Qor xat yozdi bolalar.

Qor xat sharti so’z aytmoq,

Ko’proq bo’lsin muzqaymoq!

O’RMONDA YANGI YIL

Yangi yilda barchaga,

Taklif bo’ldi archaga.

Bo’ri, tulki, olmaxon,

O’rmondagi tirik jon,

Bari keldi izma-iz,

Keldi Qorbobo, Qorqiz.

Yuring, biz ham o’tamiz,

Yangi yilni kutamiz!

QAHRIDAN QUTULMAYDI

Qishning qo’l-oyog’i bor,

Izg’irin-tayog’i bor.

Yuzingni chimchilaydi,

Izingni qamchilaydi.

Kimki qo’rqsa zahridan,

Qutulmaydi qahridan.

QARG’A XONISHI

Kelib qoldi yana qish,

Qarg’alar qildi xonish.

Qish o’chog’i tor, tor,

Qarg’a qag’lar qor, qor!

Uvillab shamol yeldi,

Xonishidan qor keldi.

QUSHLARGA DON

Oppoq qordir har tomon,

Qushlarga bo’ldi yomon.

Sochib turgin Badir, don,

Qani, keling qadrdon!

2. QUYOSH KULGUSI


“QUYOSH KULGUSI” SHE’RIY TO’PLAMI HAQIDA


Men Nurulloh Оstonni ancha yillardan beri iqtidorli shoir sifatida yaxshi bilaman. Uning bolalarga bag’ishlangan “Yulduzlar chaqnagan tun” (“Yosh gvardiya” nashriyoti, 1987 yil), “Bahor raqsi” (“Cho’lpon” nashriyoti 1990 yil), “Rangli yomg’irlar” Nuri Bayram, Turkman tilidan tarjima (“Yosh gvardiya” nashriyoti 1984 yil) kabi to’plamlari yosh kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan edi. 1992 yildan buyon O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi Nurulloh Оstonning “Quyosh kulgusi” deb nomlangan yangi qo’lyozmasi ham o’ziga xosligi, she’rlarining shiradorligi, qisqa va ixchamligi bilan mening diqqatimni jalb qildi. Ushbu to’plam yosh o’quvchilarga taqdim etilsa, ularni mustaqil yurt istiqboli ruhida tarbiyalash yo’lida xayrli ish bo’lardi, deb o’ylayman.

Safar BARNOYEV,

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

DIL IZHORI

Unda shudring aksi bor,

Qizg’aldoqlar raqsi bor.

Sho’x bulbullar xonishi,

Yosh ko’ngillar yonishi

Atirgulning yaprog’i,

Ona-zamin tuprog’i,

Zar quyosh bog’ichi bor,

Yosh yurak sog’inchi bor!

TURNALAR

To’ldiradi samoni,

Turnalarning karvoni.

Tong shamol bodlanar,

Sho’x bolalar shodlanar.

Nigohlarim porlaydi,

Tunlarni chorlaydi!

O’PICH OLAR KO’ZLARIM

Yashil maysa tillari,

Gul-chechak sarxillari.

Atrofimda mavjlanar,

To’rg’ay sayrab avjlanar.

Sakrab yurar uloqlar,

Shildiraydi buloqlar.

Bolarining bolidan,

Qizg’aldoqning xolidan,

O’pich olar ko’zlarim,

Yayrab kelar so’zlarim.

BIZNING DALA

Qanday oydin sahar bu,

Ko’kda suzgan Qamar bu.

Tush ko’radi giyohlar,

Uxlab yotar chiroqlar.

Sog’insang shu pallani,

Kezgin bizning dalani!

YOMG’IR

Yog’a-yog’a ezildi,

Yengilgani sezildi.

Bulut ko’chdi samodan,

Qushlar uchdi havodan.

Quyosh chiqdi charaqlab,

Gullar kuldi sharaqlab.

SUYUNCHI

Yangi mehmon opkeldik,

Belanchakka sopkeldik.

Arazni ham biladi,

Qo’l silkitib kuladi.

O’zi yaxshi o’yinchi,

Bering endi cuyunchi!

TINGLA BAHOR

Qushchalarning sayrog’i,

Maysalarning bayrog’i

Menga bunda tanishdir,

Dilda madhi xonishdir.

To’lg’anadi dalalar,

Cho’g’lanadi lolalar.

Qaldirg’ichlar saflanar,

Ko’kda quyosh taftlanar.

Nurga to’lar hovuchim,

Tingla bahor, tovushim!

DOVUCHCHA

O’rik to’kdi gulini,

Tugdi dovuchcha.

O’roq egdi shoxini,

Yig’di hovuchcha.

Dovuchchaning ta’midan,

Afti burishdi.

Xom mevani uzma deb,

Bog’bon urishdi.

DARVOZANI OCHINGLAR

Kap-kapa kanjila,

Darvoza zanjir-a.

Darvozani ochinglar,

Gul isini sochinglar.

Bolari xushhol bo’lsin,

Qanotida bol bo’lsin!

QUSHLAR BOG’CHASI

Chumchuq, To’rg’ay, Popishak,

Ildam-ildam chopishsak.

Ko’klam sozin cholaylik,

Bog’chaga yo’l olaylik.

Unda bog’cha opamiz,

Kutar Zag’cha opamiz!

BUVAMNING HIKOYASI

Eh, bolalik yillari,

Qoldi uzoqda.

Qirg’oqda sapchib oqqan

Ul oqizoqda.

Bolalik-bu eng mas’um,

Navoli sozdir.

Bolalik bu g’oyibdan

Kelgan ovozdir.

Yo’llarida poyandoz,

Yashil maysalar.

Eh, bolalik olisda

Mayin nay chalar.

Chorlaydi qizg’aldoqqa

To’lgan dalalar.

Qulog’imga bolalik

Aytar allalar.



SUV QIZI

Suv qizim-ey, suv qizim,

Qo’l betingni yuv qizim.

Yuvinib ol, oppoq bo’l,

Suv betida chopqoq bo’l.

Olgin bo’yoq, rangingni,

Unutmagil chang’ingni.

TONG YO’RGAGI

Ochib tongning darchasin,

Sochdi quyosh zarchasin.

Qushlar boshlar navoni,

Xonish tutar havoni.

Zamin nurga chayildi,

Kim ko’rgan bu sayilni?

Majnuntollar nozlandi,

Suvga qarab rozlandi.

Yechildi tun yo’rgagi,

Boshlandi tong ertagi.

AYOZ

Qoyil qoldim Fayozga,

Parvo qilmas ayozga.

Men-chi qishga yo’qroqman,

Bahor, yozga o’chroqman.

Fayozga sovuq yoqar,

Mening-chi, burnim oqar...

BEGEMOTNING BOLASI

Yurgan edi pishqirib,

Suv muzladi qish kirib.

O’yib hovuz muzini,

Suvga otdi o’zini.

Dedim, qandoq bolasan,

Chiq, shamollab qolasan!

Meni ko’rib po’stinda,

Rosa kuldi ustimdan.

Suvga boq tiniq, dedi,

Hozirdan chiniq, dedi.

NIMA YOG’AR?

Qor yog’adi bo’ralab,

Nor boqadi mo’ralab.

Ukasiga deydi, boq,

Yog’ayotir muzqaymoq!

QOR YOQQANDA

Bezanibdi yo’laklar,

Kir tog’ora, chelaklar.

Olam boqar surpadan,

Oppoq parqu ko’rpadan.

Olaparning uyasi,

Ko’rinmas kir-kuyasi.

Irkitlikdan uyalgan,

Oq parquga bo’yalgan.

Mo’ri esa balanddan,

Qorga boqib alamdan

Guvillaydi, uflaydi,

Hadeb tutun puflaydi!

YIG’LOQI QISH

Yomg’ir savalar,

Ayting shu ishmi?

Ko’rmadim bunday,

Yig’loqi qishni.

Tarnovlar bahor

Qo’shig’in aytar.

Qor-qor qag’da deb,

Qarg’alar qaytar.

Chana-chang’ilar

Turar bekorga.

Bolalar mushtoq

Kapalak qorga.

Nechun buncha g’am,

Nechun tushkunlik?

Bizning qishimiz

Hali uch kunlik!

CHUVALCHANGGA

Yomg’ir yog’ar xo’p ezib,

Chiq chuvalchang yer qazib.

Cho’zil ko’chada yayrab,

Baqalar bersin sayrab.

Qo’rqma endi sovuqdan,

Hazir bo’lgin tovuqdan!

BULUTVOYNING SIGIRI

Osmon qildi noz-firoq,

Bo’ldi momaqaldiroq.

Chaqin chaqdi qarsillab,

Bulut chopdi harsillab.

Sigirini no’xtalay,

Sog’a ketdi to’xtamay!

YASHASIN OFTOB!

Chaqinlar tindi,

Giyohlar undi.

Yog’duga cho’mdi-

Yashasin oftob!

Shudringda aksi,

Yaproqda raqsi,

Fayzlidir bahsi-

Yashasin oftob!

Qo’rqmaymiz tundan,

Yayraymiz kundan.

Tiriklik shundan-

Yashasin oftob!

CHUCHMOMAGA XAT

Tugab qoldi siyohim,

Endi qaydan olaman?

Sheriklardan siyohrang

Darrov izlab qolaman.

Topolmasdan qalamda

So’ng yozaman xushnoma:

-Menga jindek berib tur,

Siyohingdan Chuchmoma!

SARXIL YURT

Kuni bilan

Yog’di yomg’ir.

Bulutlarni

Sog’di yomg’ir.

So’ngra ranglar

Yondi har xil.

Yer-u osmon

Bo’ldi sarxil!

MANZARA

Yomg’ir tindi, gurkirab

Yashnab ketdi maysalar.

O’yinqaroq shabboda

Huv adirda nay chalar.

Daraxtlarda chuldirab

Qushlar keldi qayoqdan?

Dunyo rangin tovlanar

Chiqqan kabi bo’yoqdan.

QIRQIM TUT

Bolga to’ldi qirqim tut,

Keldi gala shilqim qush.

O’tib qo’shni hovlidan,

Totdi tutning bolidan.

KUNGABOQAR

Razm solib qarasam,

Birday turar saflari.

Naq chaqirim olisdan,

Eshitilmas gaplari.

Biror kor-hol bo’ldi, deb,

Borgan edim xavflanib

Turgan ekan birdayin,

Quyosh tomon saflanib!

UZUM

Shirin ingach uzumga,

Qushlar o’tdi hujumga.

Tiqma deya tumshuqni,

Quvib turdim chumchuqni.

Qolsin, dedim ishkomda,

Mayli kelgin pishganda!

KIRPI

To’xta, oshna Kirpijon,

Buncha shoshma Kirpijon.

Tugamasdam ish mahal,

Qayga ketursan jadal?

Kirpijon qovoq uyar:

-Ko’chada yomg’ir quyar.

Yoddan chiqipti...-Xo’sh-xo’sh?

-Olivolish yomg’irpo’sh!

O’QUVCHIGA

Hozirjavob, ziyrak bo’l,

Hamma joyda tiyrak bo’l.

Sho’xliklarni bas qilgil,

O’z vaqtida dars qilgil.

O’qish, ishdan zeriksang,

Dangasaga sheriksan!

SOVUTGICH

Opkeganmiz qishloqdan,

Yaxna, saryog’, pishloqdan.

Bo’ling doim izzatda,

Biz qochmaymiz xizmatdan.

Bardam qilib yurakni,

Vang qilamiz xurrakni!

ODIL TAQSIM

Chaqaverib pistangni,

Qoqlab qo’ydik kissangni.

Endi olgin olmangni,

So’ng ko’ramiz holvangni!

TISH DUXTURIGA

Og’rimasa tishimiz,

Sizga yo’qdir ishimiz.

Ehtiyot shart, G’oyib, tur,

Har kun tishni chayib tur!

OLMA

Oyijonim hormangiz,

Mana aytgan olmangiz.

Olavering borin-da,

Qolgan yarmi qorinda!

QO’ZICHOQ

Qarang buncha yam-yashil,

Qizg’aldoqrang dalalar.

Bunda buncha ko’p ekan,

Menga o’xshash barralar.

Dikirlatib chopaman,

To’rt oyog’im -yo’rg’amni.

Yo’qolmasin deb cho’pon

Taqib qo’ydi sirg’amni.

IZQUVAR

Men mashhur izquvarman,

Chopqirman, tezquvarman.

Ishimda yo’qdir xato,

Izlab topganman hatto

Bir gal bo’ri izini,

Yo’qolgan xonqizini.

Ketayapman hozirmi?

Izlab ukam Nodirni!

TADBIRKOR USTA

Buzilsa qay narsangiz,

Meni izlab borsangiz,

Tuzataman qotirib,

Teng yarmini orttirib.

Mendek asl ustadan,

Chiqar bitta yuztadan!

TUYANING BO’TALOG’I

Bo’talog’im arzanda,

Hammomni qilmas kanda.

Yozmi-qishmi to’rt fasl,

Borib turar muttasil.

Kim yuvinsa yo’l ochiq,

Tayor sovun va sochiq!
ETIKDO’Z

B.Zaxoderdan.

Horma etikdoz oshnam,

Ko’chib ketibdi poshnam.



Mixla qarab imkonga,

Bormoqchimiz mehmonga!
Download 80,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish