anionlar: kationlar:
xlor ioni Cl' natriy ioni Na'
sulfat ioni SO4'' kalsiy ioni Ca''
gidrokarbonat ioni HCO3' magniy ioni Mg''
karbonat ioni CO3'' kaliy ioni K'
Quruqlikdagi suvlarning kimyoviy tarkibi Dunyo okeani suvidan keskin farq qiladi. Bu farq quruqlik suvlarida karbonatlarning, okeanlar va dengizlar suvlarida esa xloridlarning ko‘pligida o‘z aksini topgan.
2.3. Daryolarning tabiatdagi va inson hayotidagi ahamiyati
Suvning Yerdagi hayot uchun ahamiyati beqiyosdir. O‘zining uzluksiz harakati tufayli suv Yer sharida kuzatiladigan barcha tabiiy jarayonlarda ishtirok etadi. Akademik V.I.Vernadskiyning ta’biri bilan aytganda: “Suvning geografik qobiqdagi ishini miqdor jihatdan Quyosh radiatsiyasi bilan taqqoslasa bo‘ladi, sifat jihatdan esa uning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi”.
Inson qadim zamonlardan boshlab suvdan turmush ehtiyojlarini qondirishda eng sodda usullarni qo‘llab foydalanib kelgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib suv maxsus inshoot va qurilmalar yordamida tinitilib, tabiiy yoki sun’iy ravishda tozalanib, kerak bo‘lgan hollarda zararsizlantirib ishlatilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi va sanoatda suvning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Masalan, bug‘doydan olinadigan hosilning har bir tonnasi uchun 1500 tonna, 1 t sholi uchun 4000 t, 1 t paxta tolasini yetishtirish uchun 10000 tonnagacha suv talab etiladi. Sanoatda 1 t g‘isht tayyorlash uchun 12 t, 1 t ko‘mir qazib chiqarish uchun 3 t, 1 t po‘lat yoki qog‘oz ishlab chiqarish uchun esa 250-300 t suv zarur bo‘ladi. Yengil sanoatda 1 t sintetik tola ishlab chiqarish vaqtida esa 4000 t gacha suv talab etilsa, 1 t ip gazlama tayyorlash uchun esa 10 tonnagacha suv sarflanadi. Ayrim sintetik tolalardan 1 t gazlama tayyorlash uchun 3000 tonnagacha suv sarflanadi.
Suv havzalarining eng arzon transport vositasi ekanligi ham barchaga ma’lum. Suv transportining xalq xo‘jaligini rivojlantirishdagi ahamiyati beqiyosdir. Shu maqsadda dunyodagi ko‘p daryolar kanallar orqali birbiri bilan va dengizlar bilan tutashtirilgan.
Daryolar juda katta energiya manbaidir. Shu sababli ko‘pgina daryolarda eng arzon elektr energiyasi beruvchi gidravlik elektr stansiyalar (GES) qurilgan va qurilmoqda.
Suv obyektlarining mudofaa maqsadlari uchun ham ahamiyati kattadir. Chunki mamlakatlar chegarasining ko‘p qismi daryolar orqali o‘tadi. Chegaralarni sergaklik bilan qo‘riqlash uchun daryo tarmoqlari gidrografiyasi va ularning suv rejimini yaxshi o‘rganish talab qilinadi.
II.
Yer sirtiga yoqqan yog‘inlar, ya’ni yomg‘ir yoki qor hamda muzlikning erishidan hosil bo‘lgan suvlar birdaniga daryo o‘zaniga quyilmaydi. Ular dastlab yonbag‘irlarda yuza oqimlar, jilg‘alar ko‘rinishida harakatlanadi. Jilg‘alar birga qo‘shilib, vaqtinchali yoki doimiy oqib turuvchi soylar, kichik daryolarni hosil qiladi. O‘z navbatida soylar va kichik daryolarning qo‘shilishidan doimiy suv oqadigan daryolar hosil bo‘ladi. Daryolarga yer osti suvlarining qo‘shilishi ularning suvliligini yanada oshiradi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib, daryolarga quyidagicha ta’rif berish mumkin: daryo deb, havzaga yoqqan yog‘inlardan hosil bo‘lgan yer usti va yer osti suvlari hisobiga to‘yinib, tabiiy o‘zanda oquvchi suv massalariga aytiladi.
Yuqorida qayd etilganidek, daryo oqimi yomg‘ir hamda tog‘lardagi qor va muzliklarning erishi hisobiga hosil bo‘ladi. Har ikki holda ham hosil bo‘lgan suvning bir qismi yer ostiga shimiladi, bir qismi bug‘lanadi, faqat qolgan qismigina oqim hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Yomg‘irning yog‘ishi yoki qor va muzlikning erish jadalligi yer ostiga shimilish hamda bug‘lanishning birgalikdagi jadalligidan katta bo‘lgandagina oqim hosil bo‘ladi.
Yuqoridagi shart bajarilgandan so‘ng hosil bo‘lgan oqim yuza oqim yoki yonbag‘irlar oqimi deyiladi. Bunda oqim juda kichik jilg‘alar ko‘rinishida bo‘ladi. Ana shu kichik jilg‘alar qo‘shilib, vaqtinchali oqar suvlarni, ular esa, o‘z navbatida, qo‘shilib, o‘zanda doimiy oquvchi soylarni hosil qiladi. Soylar suvining qo‘shilishidan daryo oqimi hosil bo‘ladi. Daryo oqimiga yer osti suvlari ham kelib qo‘shiladi. Demak, daryo oqimi yer yuzasi va yer osti suvlarining yig‘indisidan iborat bo‘ladi.
Yuqorida daryo oqimining hosil bo‘lish jarayoni juda sodda ko‘rinishda tasvirlandi. Lekin, aslida, daryo oqimining hosil bo‘lishi juda murakkab tabiiy jarayondir. Uning hosil bo‘lishiga quyidagi tabiiygeografik omillar ta’sir etadi: havzaning geografik o‘rni, geologik tuzilishi, relyefi, iqlim sharoiti, tuproq va o‘simlik qoplami, gidrografik sharoiti (muzlik, ko‘l, botqoqlik) va boshqalar.
Daryo oqimining hosil bo‘lishiga yuqorida qayd etilgan ta-biiygeografik omillar majmui bilan bir qatorda, insonning daryo havzasidagi xo‘jalik faoliyati ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Sanab o‘tilgan omillar faqat oqimning hosil bo‘lishi va uning umumiy miqdoriga ta’sir ko‘rsatibgina qolmaydi. Bu omillar daryo oqimining yil davomida va shuningdek, hududlar bo‘ylab taqsimlanishiga ham ta’sir qiladi.
U yoki bu omilning daryolarning shakllanishiga bo‘lgan ta’sirini alohida ko‘rsatish va uni tekshirish juda murakkab vazifadir. Chunki bu omillarning hammasi birgalikda harakat qiladi, ko‘pchilik hollarda esa ular o‘zaro bog‘langan.
Daryo havzasining geografik o‘rni haqida gap ketganda, daryo havzasi joylashgan hududning eng chekka janubiy va shimoliy nuqtalari, eng chekka g‘arbiy va Sharqiy nuqtalari nazarda tutiladi. Shu ma’lumotlarga ega bo‘lsak, daryo havzasining qaysi materikda, qaysi kenglikda, qaysi mamlakat hududida joylashganligi haqida dastlabki tasavvurga ega bo‘lamiz.
Daryolar to‘yinishida ishtirok etadigan yer osti suvlarining to‘planish va sarflanish sharoiti havzaning geologik tuzilishiga bog‘liqdir. Shu bilan bir qatorda, tog‘ jinslarining litologik tarkibi, suv o‘tkazmas qatlamlarning joylashish chuqurligi oqim hosil bo‘lishiga, uning miqdoriga hamda yil ichida taqsimlanishiga ta’sir etadigan jiddiy omillardan hisoblanadi.
Ma’lumki, suvni yaxshi o‘tkazadigan tog‘ jinslaridan iborat qatlamlar ko‘p miqdordagi suvni o‘ziga shimib oladi. Bunday sharoitda ular nam to‘plagichlar vazifasini o‘tab, yil davomida daryolarning yer osti suvlari bilan bir tekis to‘yinishini ta’minlaydi.
Karst hodisalari keng tarqalgan hududlarda (Siluriy platosi, Qrimdagi Yayla) daryo havzasi geologik tuzilishining oqim hosil bo‘lishiga ta’siri yanada yaqqol seziladi. Bunday maydonlarda daryolar deyarli uchramaydi, Chunki yog‘inning asosiy qismi yer ostiga shimilib, natijada yuza oqim hosil bo‘lmaydi.
Daryolar suvi okeanlar, dengizlar yoki ko‘llarga kelib quyiladi. Ayrim hollarda esa turli sabablarga ko‘ra daryo suvi kamayib ketishi natijasida, ularga yetib bormasligi mumkin. O‘z suvini okeanlarga, dengizlarga va ko‘llarga quyadigan daryolar bosh daryo deyiladi. Bosh daryolar qanday suv havzasiga quyilishiga bog‘liq holda ikki guruhga bo‘linadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |