15-dars. HOZIRGI ALIFBODA UNLILARNING
IFODALANISHI
Darsning maqsadi:
a) ilmiy maqsad: o‘quvchilarning ongida unli harflar va ularning ifodalanishi yuzasidan bilim va malakalar hosil qilish;
b) o‘quvchilarni hayotdagi o‘z o‘rni uchun kurashish, duch kelgan to‘siqlarni dadil yenga bilish ruhida tarbiyalash.
1-topshiriq. «Tarbiyasiz odam jonsiz jasadga o‘xshaydi» maqolidagi unlilarni topib, ularga izoh bering.
2-topshiriq. Litsey, militsiya, sirk so‘zlaridagi undosh tovushlarning yozilishini tushuntiring.
Hozirgi o‘zbek adabiy tili fonetik jihatdan markaziy dialektlarga asoslanadi. Mazkur dialektlarda oltita unli fonema mavjud.
Lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga ham oltita unli harf kiritilgan. Bular quyidagilar: I i, U u, E e, O‘ o‘, A a, O o.
Kirill yozuvidagi e, ё, ю, я unli harflari yangi alifboda quyudagicha ifodalanadi:
e — ye; yetti, yelkan, yemish.
ё — yo; yolg‘iz, yoqut, yomon.
ю — yu; yutuq, yumush, yupqa.
я — ya; yaxshi, yakka, yangi.
85-mashq. «Mustaqillik bayramida» mavzusida berilgan matnni o‘qing. Unli harflarning yozilishiga diqqat qiling.
Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi.
Bir o‘lkaki, qishlarida shivirlar bahor...
Erkini sog‘inib yashagan o‘lka bugun shu erkinlik, hurlik deb atalgan ne’matdan bahramand bo‘lib yashamoqda. Ko‘m-ko‘k moviy osmonda porloq quyosh ozodlikning timsoli bo‘lib porlamoqda.
Yurtim mustaqil bo‘lgan chog‘da dasta gullar bilan bilim maskani bo‘lmish maktabimga oshiqardim. Halihanuz xotiramda muhrlanib qolgan o‘sha yuzlari purnur keksa muallimim — ayolning ne sababdan jamoat, son-sanoqsiz qora ko‘zlar sohibalari huzurida ko‘zyosh to‘kkanini endi tushunib yetdim. O‘zbek xalqi o‘z ozodligi, farovon hayoti uchun kurashib jang-u jadalda mustaqillik uchun jon berib turgan o‘sha damda shu xalqning murg‘ak farzandlarini sovuq, partasiz, qorong‘i xonalarda ozgina bo‘lsa-da, savod sohibi qilish, o‘z fikrini ravon so‘zlamoqni o‘rgatishni o‘z zimmasiga olgan bu ayolning ko‘z yoshlarida o‘sha mash’um kunlarga qo‘yilgan nuqta aks etgan ekan. Olloh nazari tushgan jannatmakon ona zaminimiz dovrug‘i mustaqillik sharofati ila butun dunyoga tarqalmoqda.
U hali murg‘ak, beozor, asta-asta buyuklik va hurlik nurlariga talpinib qadam tashlayotgan go‘dak. Ishonchim komilki, uning bilaklariga quvvat bag‘ishlovchi aqlan ham jismonan buyuk, baquvvat suyanchig‘i bor. Mustaqillik bayramining quvnoqlik, shod-u xurramlik ila nishonlanishida shu yosh avlodning munosib hissasi bor. Har yilgi Mustaqillik bayrami O‘zbekiston tarixi sahifalariga zarhal harflar ila muhrlanib yozilajak...
Do'stlaringiz bilan baham: |