65-mashq. Matnni o‘qing. Unli tovushlarning talaffuzi va yozilishiga diqqat qiling.
MADANIY XULQ Go‘ZALLIGI
Yosh do‘stim, seni kelgusida ona-Vatanimizning malakali mutaxassis kadri bo‘lish kabi baxt-u istiqbol kutmoqda.
Sen yaxshi muhandis, shifokor, o‘qituvchi, hisobchi, hatto olim, iste’dodli qalam sohibi bo‘lishing mumkin. Eng muhimi, sen go‘zal ishlarni bunyod etuvchi, go‘zallik qonuni bilan yashaydigan, har yerda nafosat iqlimini yarata oladigan, zebo xulqli, yuqori madaniyatli inson bo‘lishing hammamizning dil istagimizdir.
Sen o‘zingda ezgulik bilan zebo xulqni uzviy ravishda mujassamlashtirishing lozim. Shu haqiqatni aslo unutmagilki, kishida ichki dunyo boyligi bo‘lmasa, hech qanday qimmatga molik bo‘la olmaydi.
Axloqiy fazilatlaring, yuqori estetik diding bilan uyg‘unlashgandagina husningga husn qo‘shiladi.
Kishidagi madaniy axloq uning yurishida, so‘zlashishida, ovqatlanishida, odamlar bilan ko‘rishishida, xayrlashishida, hamrohni raqsga taklif etishida, kulishida, musiqa, ashula tinglashida, yotoqxonasini qay xilda tutishida va bezashida, xullas, har bir xatti-harakatida namoyon bo‘ladi.
66-mashq. Matnni o‘qing. Unli tovushlarni ajratib yozing va izohlang.
— Ey, ulug‘ O‘zbekistonning navqiron avlodi!
Sizning bu hayotda orzu-intilishingiz, ko‘zlagan maqsadingiz, qiladigan ishlaringiz ko‘p, lekin hech qachon unutmangki, sizning eng buyuk, eng muqaddas vazifangiz — yurtimiz istiqlolini, xalqimiz erk-u ozodligini ko‘z qorachig‘iday asrash, uning xavfsizligini himoyalashdir.
Darhaqiqat, Vatan ozodligi, uning farzandlari hurligi, erkini himoya qilish kelajakni muhofaza qilish demakdir. Teran tarixiy tomirlarga ega, ularga asoslanib yorqin kelajak sari intilib yashayotgan xalq, millatni o‘z yo‘lidan qaytarish mumkin emas.
67-mashq. Uyga vazifa. She’rni o‘qing. Unli tovushlarga tavsif bering.
VATAN O‘G‘LI
Yurtga ega bo‘lish oson ish emas,
Yur, o‘g‘lonim, elni ko‘tarish uchun.
Bahor keldi, endi ortiq qish emas,
Yur, o‘g‘lonim, elni ko‘tarish uchun.
Hammamizning onamizdir shu Vatan,
Yov qoldirgan siynasida ming tikan,
Tirikmiz-ku, uni tozalash bizdan,
Yur, o‘g‘lonim, elni ko‘tarish uchun.
Hamon suqli ko‘zlar ila boqar yov,
O‘z yeringni o‘zing asra bo‘lib dov,
Yo‘qsa kelib asrab berarmi birov,
Yur, o‘g‘lonim, yurtni ko‘tarish uchun.
Ilmdorlar juda ko‘pdir jahonda,
Ortdaman deb hayallama armonda.
Tez ilm ol sen hozirgi zamonda,
Yur, o‘g‘lonim, yurtni ko‘tarish uchun.
Tekinxo‘rlar, o‘g‘rilardan hazar qil,
Barin bir yoq qila olar es-aql,
Vataning bor boshing uzra mustaqil,
Yur, o‘g‘lonim, yurtni ko‘tarish uchun.
Farqi bordir zulmat ila chiroqning,
O‘lgum dema, qadriga yet bayroqning,
Osti ham bir, usti ham bir tuproqning,
Yur, o‘g‘lonim, yurtni ko‘tarish uchun.
Qilichbozlar, otliqlarning yurti bu,
Moziyga boq, kimsan, aytar bu ko‘zgu,
Kelajakni sen qurasan, baxtni quv,
Yur, o‘g‘lonim, elni ko‘tarish uchun.
(Miraziz A’zam)
Savollar
1. Unli tovushlar deb qanday tovushlarga aytiladi?
2. Unli tovushlar qanday tasniflanadi?
3. Undosh tovushlar deb qanday tovushlarga aytiladi?
Do'stlaringiz bilan baham: |