51-mashq. Quyidagi gaplarni o‘qing. So‘zlar tarkibida kelayotgan nutq tovushlariga e’tibor bering. Tovushlarning akustik, talaffuz hamda vazifaviy tomonlariga diqqat qiling.
Bizga ota-onalar, bolalar, yaqin xesh-aqrabolar qimmatlidir, lekin muhabbat bobidagi barcha tasavvurlarimiz birgina «Vatan» degan so‘zda mujassamlashgan. Vatanga nafi tekkudek bo‘lsa, qaysi vijdonli odam uning uchun jon bermoqqa ikkilanar ekan? (Setseron) Eng maqbul fazilat — Vatanga va odamzodga ko‘rsatilgan xizmatdir. (J. Delit) Kimki o‘z yurtini sevmasa, u hech nimani seva olmaydi. (J. Bayron) Vatanga bo‘lgan muhabbatim meni ajnabiylar yutug‘idan ko‘z yumishga majbur qilmaydi. Aksincha, Vatanga muhabbatim qanchalik kuchli bo‘lsa, Vatanimni jahondagi xazinalar bilan shunchalik boyitgim keladi. (F. Volter) Saxovatning eng buyuk jasurliklari Vatanga bo‘lgan muhabbat tufayli vujudga keladi. (J. Russo) Vatan uchun chala ish qilish uning uchun hech nima qilmaslikdir. (M. Robespyer) Kimki o‘z Vataniga daxldor bo‘lmasa, u insoniyatga ham daxldor emas. (V. Belinskiy) Kimki Vatanini xor qilsa, u oilasidan ham, bor-budidan ham ayriladi. (P. Kornel) O‘z Vataniga dog‘ tushirish uni sotish degan so‘z. (V. Gyugo) O‘z yurtidan yuz o‘girganlar o‘z vijdonlaridan ham yuz o‘giradilar. (Y. Galan) Vatanga nafi yo‘q yashalgan har kun inson hayotini qilur bemazmun. (M. Solmon-Sovajiy)
52-mashq. Matnni o‘qing. Nutq tovushlarining so‘zdagi o‘rinlariga diqqat qiling. Ularning o‘rinlarini almashtirsak, ma’noning butunlay o‘zgarib ketishi sabablarini tushuntiring.
«Ey ... Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Senga ne bo‘ldi? Holing qalaydir? Nechuk kunlarga qolding?
Ey ... Temurlarning, o‘g‘uzlarning ... shonli beshiklari! Qani u chiqdig‘ing yuksak o‘rinlar? Qullik chuqurlarig‘a nedan tushding?!
Dunyoni «urho»lari bilan titratgan yo‘lbars yurakli bolalaring qani? Yer tuprog‘ini ko‘klarga uchiraturg‘on tog‘ gavdali o‘g‘lonlaring qani? Nechun tovushlari chiqmaydir?
Yer yuzining bir necha polvonlari bo‘lgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechuk ketdilar? Kurash maydonlarin o‘zgalarga nechun qo‘ydilar? Nechun... nechun...nechun..?
Gapur menga, ey Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Senga ne bo‘ldi?
Yer yuzining buyuk saltanatlarini sen qurmadingmi? Hindistonning, Eronning, Ovro‘poning ulug‘ xoqonlarini sen yubormadingmi? Ey, xoqonlar o‘chog‘i? Ey qahramonlar tug‘oyi! Qani u chaqmoq chaqishli botir xoqonlaring? Qani avvalgi o‘q yurushli, otli beklaring? Nechuk «urho»lari eshitilmaydur?
Dunyo xalqini bo‘ysundirmagan saltanatlaring nechun buzuldi?
Insonlik olamini qanotlari ostinda olgan xoqonlig‘ing nechun kuchi o‘ldi? Kuchingmi ketdi? Kimsasizmi qoldi?
Yo‘q... yo‘q... Tangri haqi uchun, yo‘q!.. Sen kuchsiz emassan, sen kimsasiz emassan! Bugun yer yuzida sakson millo‘n bolang bor. Bularning tomirlaridagi qon Chingizlarning, Temurlarning qonidir.
Bularning kuchlari sening kuchingdir!
Ey Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Qayg‘urma! Eski davlating, eski saltanating, eski yigitlaring, eski arslonlaring hammasi bor, hech biri yo‘qolmamishdir.
Yolg‘iz...Oh, yolg‘iz... tarqalamishdur».
(Abdurauf Fitrat)
Do'stlaringiz bilan baham: |