47-mashq. A, B, V, G, D, Z, I, L, M, N, O, P, R, S, T, U.
Topshiriqlar
1. Yugoridagi harflardan foydalangan holda turli so‘zlar hosil qiling. 2. So‘z boshida qaysi undoshlarni keltirib bo‘lmasligini aniqlang va uning sababini tushuntiring.
48-mashq. b, k undoshlarini turli xil unlilar bilan keltirib so‘zlar hosil qiling.
49-mashq. Uyga vazifa. Matnni o‘qing. Qushlar va hayvonlarning nimaga insonlarga o‘xshab gapira olmasligi haqida o‘ylab ko‘ring.
Ispaniyaning Grenada shahri aholisi to‘rt kun mobaynida nima bo‘layotganini tushunishmadi. Shaharning turli ko‘chalarida biror sababsiz politsiyachilarning hushtagi qattiq chalinardi, ammo ko‘chada na tartibbuzarlar bor, na politsiyachilar. Hech kim ko‘rinmasdi.
Mashina haydovchilariga qiyin bo‘ldi: shiddat bilan chalingan hushtak shoferlarni tinimsiz to‘xtashga majbur qilardi.
Sirli politsiyachi hatto avtobuslar va piyodalar harakatiga ham xalaqit berardi. Beshinchi kun hamma narsa ma’lum bo‘ldi: ko‘rinmas politsiyachi rolini qafasdan qochib chiqqan to‘tiqush bajarayotgan ekan...
Qarg‘alar ham, zog‘chalar ham, zag‘izg‘onlar ham gaplashishni bilishadi. Soykalar ham, qorayaloqlar ham va hattoki... kanareykalar ham odamlarga o‘xshab gaplashishadi.
O‘rgatilgan it amrimizni bajarib o‘tirsa, yotsa, biz bilan yonma-yon yursa, «Ovozingni chiqar!» deganimizda vovullasa, biz hayron bo‘lmaymiz-ku. Hamma biladiki, itni shunga o‘rgatganmiz. Itni o‘rgatish juda oson emas — undan nima talab qilayotganimizni u darrov tushunib yetmaydi.
Ammo qat’iy talablarimiz va o‘rgatishimiz natijasida u buyrug‘imizni bajara boshlaydi. Shunda u qandaydir shirinlik mukofot oladi. Ikkinchi marta ham, uchinchi, beshinchi, o‘ninchi marta mukofot oladi.
Nihoyat, itda bog‘lanish sodir bo‘ladi: agar, deylik «o‘tir» desak (so‘z mazmunini u tushunmaydi, faqat shu so‘zning tovushinigina eshitadi), o‘tiradi, mukofotga shirinlik oladi. Shu boisdan buyruqni jon deb bajaradi. Keyin shirinlik berilmaydigan bo‘ladi, lekin it buyruqni bajaraveradi, chunki u o‘rganib qolgan, u muayyan so‘zlarni eshitib, muayyan harakatni bajaraveradi.
Xuddi shu gapni to‘tiqushlar haqida ham aytsa bo‘ladi. Masalan, to‘tini o‘z ismini aytishga o‘rgatishadi. Ismni ko‘p marta qaytarishadi. To‘ti uni eshitib, eslab qoladi, chunki uning xotirasi juda ajoyib. Keyin bir kuni, ehtimol, bexosdanmi yoki o‘z kayfiyatini bildirish uchunmi, u talab qilinayotgan so‘zni aytib yuboradi va shu ondayoq mukofot oladi (deylik biror bo‘lak qand yoki shunga o‘xshash narsa). To‘tida refleks boshlanadi: o‘rganib olgan so‘zni qaytarsa shirinlik oladi.
Tez orada qushdan iltimos qilishga hojat qolmaydi, uning o‘zi sovg‘a olish umidida o‘z ismini aytaveradi. Keyin bu odat tusiga kiradi va mukofotsiz ham to‘ti gapiraveradi.
(«Turkiston» gazetasidan)
Savollar
1. Inson olamni qanday biladi?
2. Birinchi va ikkinchi signal sistemalari deganda nimani tushunasiz?
3. Nutqiy faoliyat nima va u qanday amalga oshadi?
4. Til nima uchun ijtimoiy hodisa hisoblanadi?
Do'stlaringiz bilan baham: |