Geografik muhit – tabiatning jamiyat o‘zining hayoti va ishlab chiqarish faoliyatida bevosita bog‘liq bo‘lgan qismidir. Geografik muhit muayyan tarixiy bosqichda inson faoliyati jabhasiga kiradigan va jamiyatning mavjudligi va rivojlanishining zaruriy shart – sharoitlarini tashkil etadi. Hayotnng tabiiy, texnikaviy, texnogen, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarining majmuasi. “Geografik muhit” termini ba’zan “tabiiy muhit” terminining sinonimi sifatida ham qo‘llaniladi. Ammo bu termin ilmiy adabiyotlarda tobora kamroq qo‘llanilmoqda.
Atrof tabiiy muhit – insonning hayotiy va ishlab chiqarish faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi tabiy va antropogen omillar ta’sirida kam o‘zgartirilgan abiotik va biotik tabiiy omillar majmuasi.
Atrof muhit – ilmiy tadqiqotlar ob’yekti. Atrof muhit global hamda regional miqyoslarda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar tufayli bu o‘zgarishlar va o‘zgarayotgan muhit muammolarini o‘rganishga doir tadqiqotlar ham kengayib bormoqda. Tabiiy resurslarning holati va kishilarning hozirgi hamda bo‘lg‘usi avlodlari yashaydigan muhit sifatiga oid turli bashoratlar va konseptsiyalar ishlab chiqilmoqda. Ammo bu tadqiqotlarning metodlari etarlicha takomillashmaganligi tufayli jamiyat va tabiat orasidagi o‘zaro ta’sir mexanizmining o‘ziga xos xususiyatlari har tomonlama o‘rganilganicha yo‘q. Ayni paytda atrof muhit muammolarining yechimiga doir eng muhim vazifani hal etishga qaratilgan turli amaliy ishlar ilmiy – nazariy ishlanmalarga asoslanmog‘i lozim.
Yuqorida ta’kidlanganidek, fan – texnika taraqqiyotining atrof muhitga ko‘rsatayotgan xilma – xil ta’sirini tadqiq qilish – hozirgi davrning eng muhim muammolaridan biridir. Atrof muhitni o‘rganishga doir tadqiqotlarning maqsadi insoniyatning hozirgi va bo‘lg‘usi avlodlarining faravon hayoti uchun atrof muhitni muhofaza qilish, yaxshilash va uning resurslaridan oqilona foydalanishning ekologik muammolarini o‘rganishdan iborat. Shu sababli bu tadqiqotlar hozirgi fanlarning deyarli barcha sohalarida o‘tkazilishi va o‘zaro bog‘liq sajiyada bo‘lishi lozim. Chunki o‘rganilayotgan ob’yektning atrof muhit bilan bo‘lgan o‘zaro ta’siri ularning umumiy predmetini tashkil etadi. Atrof muhit muammolarining ko‘p qirraligi turli yo‘nalishdagi fanlarning bir butun kompleksini jalb etishni taqoza etadi. Atrof muhit muammolari murakkab fanlararo muammo bo‘lib, bu muammolarning yechiniga bilimlarning turli sohalari (tabiatshunoslar, fundamental fanlarning vakillari, iqtisodchilar, texnologlar, tibbiyotshunoslar, xuquqshunoslar va b. sh.) jalb qilinmoqda.
Atrof muhit haqidagi ta’limot tabiatshunoslar, muhandislik – texnika tarmoqlarining mutaxassislari, sotsiologlar, shifikorlar, iqtisodchilar va boshqa mutaxassislarning hamkorligiga tayanadi. Bunday hamkorlik atrof muhitning ifloslanishi bilan bo‘g‘liq bo‘lgan bir qator murakkab masalalarni hal etishda o‘zini oqlamoqda.
Barcha ilmiy tadqiqotlar atrof muhitni o‘rganish va muhofaza qilishning turli ob’yektlari, muayyan texnologik jarayonlar, ijtimoiy va iqtisodiy baholar, huquqiy me’yorlarni tanlashda va turli ilmiy metodlardan foydalanishda o‘z oldiga atrof muhit, inson va jamiyat o‘rtasida mavjud bo‘lgan o‘zaro aloqalarni ochish va o‘rganishni umumiy vazifa qilib qo‘yadi.
Jamiyat faoliyati tufayli o‘zgartirilgan tabiiy abiotik va biotik hamda texnogen komponentlar majmuasidan iborat bolgan atrof muhit ko‘p komponentli dinamik tizim bo‘lganligi tufayli uning ayrim komponentlari maxsus fanlar (geologiya, biologiya, meteorologiya va b.) tomonidan o‘rganiladi. Ijtimoiy fanlar esa tabiat va jamiyat o‘zaro ta’sirining umumiy muammolarini, tarixiy - tadrijiy rivojlanishini, o‘zaro ta’sir jarayonini boshqarishning iqtisodiy va xuquqiy masalalarini tadqiq qiladi.
Atrof muhit muammolarining yechimida qatnashadigan texnika fanlari birinchi galda yangi texnika tizimlarini hamda kam chiqindili va chiqindisiz texnologiyani ishlab chiqish va ishlab chiqarish jarayoniga tadbiq etish masalalari bilan shug‘ullanadi.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida tabiatdan oqilona foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish qishloq xo‘jalik fanlarining asosiy vazifasini tashkil etadi. Tibbiyot fanlari esa inson organizmining me’yoriy holatining parametrlarini, uning muhitning turli sharoitlariga moslashishini, muhitda yuzaga kelgan noxush o‘zgarishlar tufayli patologik og‘ishini, ularni bartaraf qilish yo‘llarini va uslublarini tadqiq qiladi.
XX asrning so‘ngi choragida atrof mufit muammolarini o‘rganadigan ilmiy sohaga turli momlar taklif etildi. B.G. Rozanov (1984) bu sohani “Atrof muhit haqidagi ta’limot” deb atadi. Uning fikricha “Atrof muhit haqidagi ta’limot” “ inson mavjudligining muhiti va sharoitlari hamda uning yashash muhiti bilan o‘zaro munosabatlari haqidagi integral fan” bo‘lib, uning tadqiqot predmetini global muammolar va inson sivilizatsiyasining rivojlanish istiqbollari nuqtai nazaridan qaraladigan “inson – atrof muhit” sistemasi tashkil etadi. B.G. Rozanovning e’tirof etishicha fanning bu sohasi ekologiya va biogeotsenologiyaning rivojlanishi negizida vujudga kelgan va shu fanlar asosida rivojlangan. Ammo, uning fikricha, bu ta’limot ekologiyaga nisbatan ancha ko‘proq masalalarni qamrab oladi, zero ekologiya inson mavjudligining muhitining ijtimoiy – iqtisodiy masalalari bilan shug‘ullanmaydi. B.G. Rozanovga ko‘ra, “inson – atrof muhit” benihoyat ko‘p to‘g‘ri va aks aloqalarga ega bo‘lgan hamda inson (organizm, shaxs, jamiyat, insoniyat) va atrof muhitni ularning tarixiy jarayondagi o‘zaro ta’sirini ham o‘z tarkibiga oladigan sistemadir.
“Jamiyat – tabiat (inson – atrof muhit) sistemasidagi o‘zaro munosabatlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadigan ta’limotga “Zamonaviy ekologiya” (N.F. Fedoseyev, 1982), “Ijtimoiy ekologiya” (E.V. Girusov, 1972; va b.) va boshqa nomlar ham taklif qilingan.