Fonetik yozuv. Mazkur yozuv qoidasiga ko‘ra so‘zlar va ularga qo‘shiladigan affikslar talaffuz me’yoriga mos ravishda yoziladi. Masalan: 1) ko‘ngil, o‘g‘il, shahar singari so‘zlarga egalik affikslari qo‘shib talaffuz qilinganda o‘zakdagi i va a fonemalari tushiriladi va shu tarzda yoziladi; 2) yosh, ong kabi so‘zlarga -a yoki -la so‘z yasovchi affikslari qo‘shilib talaffuz qilinganda, o‘zakdagi o unlisi a tarzda o‘zgaradi va shunday yoziladi; 3) ikki, yetti sonlariga - ov affiksi qo‘shilganda o‘zak oxiridagi i unlisi talaffuzda tushiriladi va shunday yoziladi; 4) so‘ra, bo‘ya, tanla kabi so‘zlarga - q, -v so‘z yasovchilarini qo‘shib talaffuz qilinganda a tovushi o unlisiga o‘zgaradi va shunday yoziladi; 5) o‘qiy olmoq, ishlay bermoq kabi so‘zlar talaffuzda ishlayvermoq, o‘qiyolmoq tarzda aytiladi va shunday yoziladi; 6) rus tilidan o‘zlashgan отпуск, пропуск, счёт, , щчётка kabi so‘zlar otpuska, propuska, cho‘t, cho‘tka tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi. Keltirilgan misollardan ko‘rinadiki, fonetik yozuv yozma nutqni og‘zaki talaffuzga yaqinlashtiradi va ular o‘rtasida umumiylikni vujudga keltiradi. Shu bois bu yozuv qoidasiga ko‘ra yoziladigan so‘zlarda u yoki bu fonetik o‘zgarishini kuzatish mumkin.
Morfologik yozuv. So‘z va uning qismlari qanday talaffuz qilinishidan qat’iy nazar, uning variantlaridan biri avvaldan qoidalashtirilgan shaklda, ya’ni asliga muvofiq yoziladi. Masalan: 1) kitob, maktab, ko‘plab, talab kabi so‘zlarda oxiridagi b undosh talaffuzda p tarzda jarangsizlanadi, biroq asliga muvofiq yoziladi; 2) shanba, sunbul, manba, aylanma so‘zlari o‘rtasida keladigan n undoshi talaffuzda o‘zidan keyingi undoshlarga moslashib shamba, mamba, sumbul aylamma tarzida aytiladi biroq asliga ko‘ra yoziladi; 3) do‘st, go‘sht, xursand kabi so‘zlar oxiridagi undosh tovush talaffuzda tushurilsa ham, asliga muvofiq yoziladi; 4) uch, to‘rt sonlariga -ala qo‘shimchasi qo‘shilganda uchchala, to‘rtta tarzida tovush orttirilgan holda talaffuz qilinsa ham asliga muvofiq yoziladi; 5) o‘zak tarkibida u undoshi bo‘lgan kulmoq, tug‘ilmoq, uch kabi so‘zlariga, -ib, - il, -in, -ish, - imsira affikslari qo‘shilganda affikslardagi i unlisi u tovushga moyilroq talaffuz qilinadi, biroq asliga muvofiq kulib, tug‘ildi, uchish tarzida yoziladi; 6) g‘ undoshi bilan tugaydigan so‘zlarga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi -ga tarzda qo‘shiladi va shunday yoziladi: tog‘ga, bog‘ga, bug‘ga kabi. Shunday qilib, hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi o‘zak-negiz va qo‘shimchalarning bir xil qoida asosida yozilishini ta’minlaydigan morfologik yozuv, faqat yozma nutq talabiga rioya qilinadigan qoidalar majmuidan tashkil topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |