Til kompetensiyasi (A2 va A2+)
Fonetik kompetensiya:
chet tilining barcha tovushlarini
aniq talaffuz qila oladi;
so‘z va gap urg‘usidan to‘g‘ri foydalana oladi;
kommunikativ vaziyatlarda intonatsiya modellaridan to‘g‘ri foydalana oladi va ularni farqlay oladi;
Leksik kompetensiya:
o‘zlashtirilgan leksik birliklarni kontekstda qo‘llay oladi;
mavzuga oid sodda so‘zlarni kommunikativ vaziyatlarda qo‘llay oladi;
ba’zi baynalminal va o‘zlashgan so‘zlarni taniy oladi va ularni qo‘llay oladi;
so‘z yasashning turli yo‘llarini farqlay oladi (qo‘shma so‘zlar, prefikslar va suffikslar).
Grammatik kompetensiya:
kommunikativ vaziyatlarda asosiy grammatik va sintaktik tuzilmalarni qo‘llay oladi;
so‘z birikmalari va qo‘shma gaplarni “ammo”, “va”, “chunki” kabi sodda bog‘lovchilar bilan bog‘lay oladi;
fe’l shakllari va sodda payt ravishlaridan foydalangan holda bayon qila oladi va hikoyalarni gapirib berishda voqealarni to‘g‘ri ketma-ketlikda ifodalay oladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-maydagi 124-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 20-son, 251-modda)
6. Tarix
O‘quvchilar tarix ta’limi jarayonida quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— jahon va O‘zbekiston tarixining davrlari, ijtimoiy tuzumlar, ularning atalishi va ularga xos xususiyatlar haqida tasavvurga ega bo‘lish;
— asr va yil hisobini bilish, tarixiy voqea va hodisalarning davomiyligini, ularning qaysi davrga mansubligini ayta olish, eramizdan oldingi asrlarni hisoblay olish;
— insoniyat doimo oldinga intilganligi, bu esa tarixiy taraqqiyotning asosi bo‘lganligini anglash;
— jamiyatda va dunyoda kechayotgan jarayonlarga o‘zining mustaqil munosabatini bildira olish;
— tarixiy manbalarni mustaqil o‘rganish asosida xulosalar chiqara olish;
— tarixiy jarayonlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish va qiyosiy tahlil qila olish;
— bobomiz Amir Temurning jahon tarixida tutgan o‘rni haqida bilimga ega bo‘lish;
— O‘rta Osiyodagi xonliklarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayoti haqida ma’lumotga ega bo‘lish;
— O‘rta Osiyo xonliklaridagi feodal munosabatlarning shakllanishi va rivojlanishi haqida ma’lumotga ega bo‘lish;
— Rossiya bosqini, uning beshafqat generallari va ularga qarshi kurashgan vatanparvar sarkardalar, qahramonlar, milliy ozodlik harakatlari to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish;
— Sho‘ro hukumati va bolsheviklarning xalqimizga qilgan adolatsiz qatag‘onlik siyosati, mulkiy va ma’naviy huquqlari paymol etilgani haqidagi ma’lumotlarni bilish;
— O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, xalqimizning front va mehnat sohasidagi jasorati haqida tushunchalarga ega bo‘lish;
— milliy mustaqillik va uning dastlabki yutuqlari, mamlakatimiz bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, davlat ramzlari, Prezidenti, tashqi aloqalariga doir tushunchalarga ega bo‘lish;
— jahon va O‘zbekiston tarixining yangi davri haqida ma’lumotga ega bo‘lish;
— Prezident asarlarini bilish, ularda ilgari surilgan g‘oyalar asosida mushohada yurita olish;
— O‘zbekistonning mustaqil, suveren, demokratik davlat sifatidagi tarixiy rivojlanishi haqida ma’lumotga ega bo‘lish;
— mustaqil O‘zbekiston Respublikasining bozor iqtisodiyoti sharoitida rivojlanishining umumiy xususiyati to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish;
— dunyo xalqlari oldida turgan jahonshumul muammolar, ularni bartaraf etish vazifalari, O‘zbekiston Respublikasining bu muammolarni hal etish yo‘lida amalga oshirayotgan ishlari haqida ma’lumotga ega bo‘lish;
— xarita ustida ishlay olish, tarixiy voqealar yuzasidan mustaqil mulohaza yurita olish,
bayon qila olish, munozara va bahslarda faol ishtirok eta olish;
— darslik, qo‘llanma, xarita, tarixiy hujjat matni ustida hamda ko‘rgazmali qurollar bilan mustaqil ishlay olish;
— tarix ta’limi jarayonida egallagan bilimlarini erkin bayon eta olish, o‘z sinfdoshlarining fikrlariga munosabat bildira olish;
— o‘z maktabi, ko‘chasi, tumani, qishlog‘i, shahrining o‘tmishi, buguni to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish.
7. Davlat va huquq asoslari
O‘quvchilar davlat va huquq asoslariga
oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— huquqiy ta’limga oid asosiy tushuncha, qonuniyat va g‘oyalarni bilish;
— davlat tuzilishi, boshqaruv shakllari, boshqaruvni amalga oshirishning demokratik va antidemokratik usullarini, ularning o‘ziga xos xususiyatlarini tushuntira olish;
— davlat organlarining tuzilish asoslarini tavsiflab berish;
— axloq va huquqning o‘zaro bog‘liqligi va tafovutlarni bilish;
— huquq me’yorlarini bilish hamda hayotda o‘zlarining xatti-harakatini ana shu me’yorlarga monand boshqara olish malakasiga ega bo‘lish;
— huquq tizimlarini, uning sohalarga bo‘linishini, bu sohalarning huquqiy munosabatlarni tartibga solishdagi ahamiyatini tushunish;
— huquqni qo‘llashning tashkiliy va huquqni muhofaza qiluvchi funksiyalarini hamda o‘z huquqlaridan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lish;
— huquqiy davlatning belgilarini, uni shakllantirish yo‘llari va muammolarini, O‘zbekistonda insonparvar, demokratik, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish asoslarini tushuntira olish;
— Prezident asarlarini bilish, ularda ilgari surilgan g‘oyalar asosida mushohada yurita olish;
— o‘zbek milliy davlatchiligi va uning taraqqiyoti haqida tasavvurga ega bo‘lish;
— O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi, uning tuzilishi va mazmunini tavsiflay olish;
— inson va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklari tizimlarini va ulardan foydalanish kafolatlarini bilish;
— Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilish, ularni hurmat qilish malakalariga ega bo‘lish;
— O‘zbekiston Respublikasining milliy davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini va ularning huquqiy asoslarini bilish;
— O‘zbekiston Respublikasining davlat hokimiyat tizimi: qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyatiga bo‘linishini, ularning tuzilishi va vazifalarini tushuntira olish;
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — davlat va ijro etuvchi hukumat boshlig‘i sifatida fuqarolarning
huquq va erkinliklariga, Respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishiga kafil bo‘lishini, Respublika suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish, milliy davlat tuzilishi masalalariga oid qarorlarni ro‘yobga chiqarish borasida zarur chora-tadbirlar belgilanishini, xalqaro munosabatlarda Respublika nomidan ish ko‘rishini bilish;
— iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy, ma’rifiy sohalarga oid qonunlarning mazmunini bilish va ulardan hayotda foydalana olish;
— ta’lim sohasi va yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy tamoyillari, yoshlarning ma’naviy, ma’rifiy, jismoniy kamoloti uchun barcha huquqiy asoslar mavjudligini bilish, o‘zini kelajagi buyuk davlat bunyodkori sifatida his etib, mamlakat taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shishga astoydil intilish.
8. Iqtisodiy bilim asoslari
O‘quvchilar iqtisodiy bilim asoslariga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— asosiy iqtisodiy qonuniyatlar, tushuncha va atamalarni bilish, ularning mohiyatini tushunish;
— marketing, talab va taklif haqida bilimga ega bo‘lish;
— tadbirkorlik va raqobat haqida fikr yurita olish;
— mehnat munosabatlari va ish haqi haqida tushunchaga ega bo‘lish;
— soliq tizimi haqida tasavvurga ega bo‘lish;
— mulk va mulkiy munosabatlarni bilish;
— pul, narx, moliya, davlat budjeti va bank faoliyati haqida ma’lumotga ega bo‘lish;
— marketing va menejment faoliyatini bilish;
— oila xo‘jaligini yuritishning umumiy qoidalarini, oila budjetini shakllantirishda foyda, chiqim va ularning manbalarini bilish;
— bozor sharoitida (shahar va qishloq sharoitidagi) oilalarning iqtisodiy aloqalarini taqqoslay olish;
— iste’mol tovarlari reklamasi tahlilini bilish;
— maktab xo‘jaligini yuritish mexanizmini tushuntira olish;
— tadbirkorlik turlarini (ishlab chiqarish, tijorat, moliyaviy) bilish;
— Prezident asarlarini bilish, ularda ilgari surilgan g‘oyalar asosida mushohada yurita olish;
— O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish tamoyillarini bilish;
— O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning dastlabki tushunchalarini bilish;
— bozor va uning turlarini bilish;
— ijtimoiy foydali va unumli mehnat ko‘nikmalariga ega bo‘lish.
9. Matematika
O‘quvchilar matematikaga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— natural, butun, ratsional va haqiqiy sonlar haqida tushunchaga ega bo‘lish va ularga oid hisoblashlarni bajara olish;
— sonlarning o‘rta arifmetigi, nisbat, proporsiya va foizlarni bilish, ularni qo‘llay olish;
— sonli va harfiy ifodalar haqida tasavvurga ega bo‘lish;
— buyuk allomalarimiz va ularning matematika rivojiga qo‘shgan hissalari haqida tasavvurga ega bo‘lish;
— formulalar yordamida hisoblashlarni bajara olish;
— tenglama, uning ildizi tushunchalarining ma’nosini bilish;
— chiziqli va kvadrat tenglamalar, ikki noma’lumli tenglamalar sistemasini echa olish;
— son o‘qida va koordinata tekisligida nuqtani ifodalay olish;
— ikki nuqta orasidagi masofani topa olish;
— grafik va diagrammalar chiza olish;
— algebraik ifodalarning son qiymatini topa olish;
— ko‘phadlar ustida arifmetik amallarni bajara olish va ularni standart ko‘rinishga keltira olish;
— qisqa ko‘paytirish ayniyatlarini bilish va qo‘llay olish;
— daraja qatnashgan kasr va ifodalar ustida amallarni bajara olish;
— bir noma’lumli tengsizliklarni echa olish;
— arifmetik va geometrik progressiyalarni bilish, ularning istalgan hadini va hadlar yig‘indisini hisoblay olish;
— asosiy trigonometrik funksiyalarning grafigi va xossalarini, asosiy trigonometrik ayniyatlarni bilish va qo‘llay olish;
— algebraik formulalar va hisoblashlarga oid masalalarni echa olish;
— asosiy geometrik figuralar va sodda geometrik jismlarga oid tushuncha va atamalarni bilish;
— chizmachilik asboblari yordamida geometrik figuralarni tekislikda tasvirlay olish;
— yassi geometrik figuralar va geometrik munosabatlar haqidagi tartibga solingan ma’lumotga ega bo‘lish;
— geometrik masalalarni echa olish;
— geometriya kursidan olingan bilimlarni ijtimoiy hayotda qo‘llay olish.
10. Informatika
O‘quvchilar informatikaga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— informatika va hisoblash texnikasi asoslariga oid tushunchalarni bilish;
— zamonaviy kompyuter texnikasi, asosiy qurilmalari va ularning ish prinsiplarini bilish;
— axborotni tasvirlash, kodlash, o‘lchash va qayta ishlash usullarini bilish;
— algoritmlashning asosiy ko‘nikmalariga ega bo‘lish;
— kompyuterda masalalar echish bosqichlari haqida tasavvurga ega bo‘lish;
— zamonaviy axborot texnologiyasining jamiyatimizdagi istiqboli haqida tasavvurga ega bo‘lish;
— dasturlash tillarining xillari, tuzilishi va qo‘llanilishini bilish;
— kompyuter savodxonligini minimal darajada namoyish qila olish;
— inson faoliyatining turli sohalariga kirgan zamonaviy axborot texnologiyasini namoyish qila olish.
11.
Fizika
O‘quvchilar fizika asoslariga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— fizik hodisalar haqida tasavvurga ega bo‘lish va ularni tahlil qila olish;
— mexanika, molekulyar fizika va termodinamika asoslari, elektr, yorug‘lik, atom va yadro fizikasi asoslariga oid asosiy tushunchalar, atamalar, kattaliklar va ularning birliklari, qonuniyatlar, formulalarni bilish va ularni qo‘llay olish;
— fizik hodisalarni kuzatishni rejalashtirish va o‘tkazish, kuzatish natijalarini umumlashtirish ishlarini bajara olish;
— o‘lchov asboblari (sekundomer, shtangensirkul, tarozi, menzurka, dinamometr, manometr, barometr, termometr, elektrometr, ampermetr, voltmetr, ommetr)dan foydalana bilish, asboblarning o‘lchash xatoligini baholay olish;
— mustaqil ravishda tajriba o‘tkaza olish, tajriba natijalarini sxema, jadval, grafik ko‘rinishda tasvirlay olish, ularni tahlil qila olish va xulosalar chiqarish;
— buyuk allomalarimiz va ularning fizika rivojiga qo‘shgan hissalari haqida tasavvurga ega bo‘lish;
— darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va qo‘shimcha adabiyotlardan foydalanib mustaqil bilim olish va ularni amaliyotda qo‘llay bilish;
— masalalar echish bo‘yicha ko‘nikma va malakaga ega bo‘lish;
— fizik asboblar bilan ishlash jarayonida texnik xavfsizlik qoidalariga rioya qila olish;
— fizikaga oid olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llay olish.
12. Kimyo
O‘quvchilar kimyo asoslariga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— modda, uning tarkibi, tuzilishi, xossalari, tarkibini bilish;
— kimyoviy element va ularning birikmadagi valentligini hamda
kimyoviy formulani tuza bilish;
— kimyoviy qonunlar va nazariyalarni, atom-molekulyar ta’limotni bilish;
— anorganik birikmalarning eng muhim birikmalari tarkibi, xossalari va qo‘llanilishini bilish;
— kimyoviy elementlar davriy qonuni va davriy sistemasini bilish;
— kimyoviy bog‘lanish turlarini bilish;
— kimyoviy reaksiyadagi asosiy qonuniyatlarni anglash;
— kichik davrda joylashgan kimyoviy elementlar tavsifini bilish;
— kislota, ishqor, tuzlarning dissotsiatsiyalanishini yoza olish;
— ion almashinish tenglamalarini yoza olish;
— metall va metallmaslarning ayrim vakillari xossalari va qo‘llanishini bilish;
— buyuk allomalarimiz va ularning kimyo rivojiga qo‘shgan hissalari haqida tasavvurga ega bo‘lish;
— O‘zbekistonda olinadigan kimyoviy xomashyolar va ularning mohiyatini anglash;
— organik moddalarning tuzilish nazariyasini tushuntira olish;
— organik birikmalarning xossalari va qo‘llanilishini tushuntira olish;
— anorganik va organik kimyoga oid masalalar echa olish;
— polimyerlarning xossalari va qo‘llanilishini tushuntira olish;
— kimyoviy reaktivlar va jihozlardan foydalana olish;
— kimyoviy ishlab chiqarish jarayoni, kimyoviy moddalardan foydalanishni ekologik nuqtai nazardan tushuntira olish.
13. Biologiya
O‘quvchilar biologiya asoslariga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— botanika, zoologiya, odam va uning salomatligi, umumiy biologiya kurslari mazmunida beriladigan asosiy biologik qonunlar va nazariyalarni bilish;
— tirik organizmlar turli-tumanligini bilish;
— o‘simlikning ildizi, poyasi, bargi, vegetativ ko‘payishi, guli, meva va urug‘lari, o‘simlik organlarining atrof muhit bilan bog‘liqligi, o‘simliklar sistemasi, o‘simliklarning asosiy bo‘limlari, o‘simliklar olamining
rivojlanishi, o‘simliklar qoplami, manzarali o‘simliklar haqida bilimga ega bo‘lish;
— tur, urug‘, oila, turkum, sinf, tip to‘g‘risidagi asosiy taksonomik tushunchalarni bilish;
— hayvonlarning hujayraviy tuzilishini bilish;
— hayvonlarning asosiy organlari va ularning vazifalarini tushuntira olish;
— asosiy sistematik guruhlarni bilish;
— organizmlarning hayot va faoliyat jarayonlari (oziqlanishi, nafas olishi, modda va energiya almashinuvi, o‘sishi, rivojlanishi, ko‘payishi)ni bilish va idrok etish;
— tirik organizmlarning umumiy belgilari, tuzilishidagi o‘ziga xosliklarni tushuntira olish;
— organizmlar, turlar, tabiiy sistemalarga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishning zarurligini bilish va unga amal qila olish;
— odam organlari va ularning vazifalarini tushuntira olish;
— odamning paydo bo‘lishi, ko‘payishi va rivojlanishini tavsiflay olish;
— tsitologiya va genetika asoslari bo‘yicha umumiy ma’lumotga ega bo‘lish;
— O‘zbekistonda biologiya fanining rivojlanish tarixini bilish;
— biologiyaga oid bilimlardan qishloq xo‘jaligi ishlarida foydalana olish.
14. Geografiya
O‘quvchilar geografiyaga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— Yer sharining shakli va kattaligi haqida tasavvurga ega bo‘lish, o‘lchamini bilish;
— plan ola bilish;
— globus, xarita, atlas va yozuvsiz xarita bilan mustaqil ishlay olish;
— Yer shari qobiqlari tabiatini bilish, har bir qobiq tabiatini tushuntira olish;
— Yer yuzining asosiy shakllarini bilish va ularni xaritadan ko‘rsata olish;
— tabiat kompleksi va tabiat zonalarini tavsiflay olish;
— dunyo aholisi va siyosiy xaritasini bilish;
— har bir qit’alar va okeanlar tabiatini bilish;
— umumiy geografik qonuniyatlarni bilish;
— Turkiston tabiiy-geografik o‘lkasi va O‘zbekiston hududining tabiatini bilish;
— iqtisodiy geografik tushuncha, qonuniyat va jarayonlarni bilish;
— geografik o‘rin, tabiiy sharoit va tabiiy resurslar iqtisodiyotiga va umuman mamlakat rivojidagi ahamiyatini yangi iqtisodiy munosabatlar qaror topayotgan sharoitda mehnatning geografik taqsimlanishini, sotsial muammolar yechimini tushuntira olish;
— mamlakat aholisi va mehnat resurslari o‘ziga xosligining sabab va oqibatlarini bilish;
— iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlararo majmualarini bilish;
— iqtisodiyotning hududiy tashkil etilishi va iqtisodiy rayonlashtirish tamoyillarini bilish;
— O‘zbekistonning har bir iqtisodiy geografik rayonidagi ixtisoslik tarmoqlarining joylashish va rivojlanishiga xos xususiyatlarni tushuntira olish;
— o‘zi yashaydigan qishloq (shahar) geografiyasini bilish;
— jahonning umumiy iqtisodiy geografik tavsifini bilish;
— jahonshumul tabiiy boyliklarni hamda ekologik muammolarni bilish;
— jahon xo‘jaligi haqida tasavvurga ega bo‘lish;
— mamlakatlarning taraqqiyotiga ko‘ra
guruhlash mezonlarini bilish;
— jahon davlatlarining mintaqaviy tavsifini bilish;
— insoniyatning jahonshumul (global) muammolarini idrok eta olishlari kerak.
15. Musiqa madaniyati
O‘quvchilar musiqa madaniyatiga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— har bir mahalliy uslubda o‘ziga xos ijrochilik uslublari va cholg‘u asboblarini bilish;
— Farg‘ona-Toshkent, Samarqand-Buxoro, Surxondaryo-Qashqadaryo, Xorazm ijrochilik uslublari xususiyatlari, mashhur musiqa janrlari (doston, katta ashula, yallachilik)ni bilish, ularning mashhur ijrochilarini bilish;
— maqom haqida tushuncha, o‘zbek maqomlari va ularni asosiy turkumlari, shashmaqom, uning cholg‘u ashula yo‘llari, Farg‘ona-Toshkent maqomlari, Xorazm maqomlari, cholg‘u va aytish yo‘llarini bilish;
— O‘zbekiston hududida mumtoz musiqaning ko‘p tarmoqli va mahalliy an’analarga ega ekanligi, ularning o‘xshashligi va o‘ziga xosligi, mahalliy musiqiy an’analarning zamonaviy musiqa, bastakorlik va kompozitorlik ijodi sohasida namoyon bo‘lishini bilish;
— ikki ovozli qo‘shiqlarni sof ohangda kuylash, major uch tovushligidan minor uch tovushligiga mustaqil kuylab o‘ta olish;
— kuylashda forte va piano dinamik tuslarini bajarish, o‘zi va o‘rtoqlari ijro etgan qo‘shiqlarning ijrochilik saviyasi va badiiy sifatini baholay bilish;
— mashhur qo‘shiq va ashulalar, yor-yorlar hamda ushshoqlarning mahalliy uslub variantlarini tinglab ajrata olish;
— kuylash va tinglash madaniyatiga ega bo‘lish;
— musiqa naqadar qadimiy san’at ekanligi, o‘zbek xalq musiqasining ildizlari uzoq davrlarga taqalib, asrlar, yillar davomida sayqal topib, rivojlanib kelganligi, shu bois xalqimizning boy madaniyatini, milliy qadriyatlarimizni o‘zida aks ettirishini va nihoyat, o‘zbek milliy musiqamiz umumbashariy jahon musiqa madaniyatining ajralmas bir bo‘lagi ekanligini tasavvur qila olish.
16. Tasviriy san’at
O‘quvchilar tasviriy san’atga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— tasviriy san’atning kishilar hayotidagi ahamiyatini tasavvur qilish;
— tasviriy,
dekorativ-amaliy, me’morchilik san’atida ishlatiladigan asosiy atama va tushunchalarni hamda ularning ma’nosini bilish;
— miniatyura san’ati haqida umumiy ma’lumotga ega bo‘lish;
— tasviriy san’atning nazariy asoslarini bilish va ularga amalda rioya qila olish;
— tasviriy san’at asarlarining ifodalilik vositalari (chiziq, siluet, rang, ritm, simmetriya, assimmetriya, kompozitsiya)ni bilish va ularni amalda qo‘llay olish;
— tasviriy san’atning asosiy tur va janrlarini bilish;
— o‘zbek xalq amaliy san’atining turlari va uning mashhur ustalarini bilish;
— tasviriy san’atda ijod qiluvchi eng mashhur o‘zbek va chet el rassomlarining hayoti va ijodini, ularning ayrim asarlarini bilish;
— O‘zbekiston va chet el mamlakatlarining eng mashhur me’morchilik asarlarini bilish;
— 15 — 20 rang nomlarini ayta olish;
— tasviriy va amaliy san’at asarlarini erkin o‘qiy olish;
— naqshlar bilan bog‘liq badiiy bezak ishlarini erkin bajara olish;
— qush, hayvon, odamni asliga o‘xshatib rasmi va haykalini tasvirlay olish;
— rasm, naqsh, haykal, qurish-yasash ishlarini bajarganda turli material va uslublardan foydalana olish;
— afsonaviy mavzularda rasm va haykallar ishlaganda ularni fantaziya asosida tasvirlay olish;
— tasvirlar ishlaganda o‘zbek san’atining milliy badiiy an’analaridan maqsadga muvofiq foydalana olish;
— tasviriy ishlarni bajarganda texnika xavfsizligi va gigiyena qoidalariga rioya qila olish.
17. Chizmachilik
O‘quvchilar chizmachilikka oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— to‘g‘ri burchakli proyeksiyalash asoslarini va sodda aksanometrik tasvirlarni yasash usullari to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lish;
— chizmalarni bajarishning o‘rganilgan usullarini va asosiy tutashmalarni yasash usullarini bilish;
— chizmachilik asboblaridan ratsional foydalana olish;
— buyumlarning shaklini asl ko‘rinishiga hamda ularning chizmalariga qarab tahlil qila olish;
— tasvirlarning grafik tarkibini tahlil qila olish;
— sodda buyumlarning chizmasi, eskizi va yaqqol tasvirlarini o‘qiy olish va bajarish;
— chizmalarda kesimlar va qirqimlarni bajarish hamda belgilashning asosiy qoidalarini bilish;
— o‘yma naqsh solishning shartli tasvirlari va belgilanishini bilish;
— yig‘ish va qurilish chizmalarini bajarish xususiyatlari to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lish;
— detallarning asosiy birikmalari, chizmalarini chiza olish;
— oddiy qurilish chizmalarini o‘qiy olish.
18. Mehnat ta’limi
O‘quvchilar mehnat ta’limiga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— politexnik dunyoqarashga ega bo‘lish;
— umummehnat bilim, ko‘nikma va malakalarini egallagan bo‘lish;
— kasblar haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lish;
— qishloq xo‘jaligi va maishiy sohalardagi ishlab chiqarish asoslari haqida bilim va dastlabki ko‘nikmalarga ega bo‘lish;
— materiallarga badiiy ishlov berish ko‘nikmalariga ega bo‘lish;
— muayyan mexanizm, moslama va mashinalarning chizmalarini tayyorlash ko‘nikmasiga ega bo‘lish;
— uy-ro‘zg‘or elektr asboblaridan va gazdan xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda foydalana olish;
— elektrotexnik mehnat (uy-ro‘zg‘or asboblarini tuzatish) ko‘nikmalariga ega bo‘lish;
— sodda duradgorlik ishlarini bajara olish (o‘g‘il bolalar uchun);
— kundalik turmushda zarur bo‘ladigan bichish-tikish ishlarini bajara olish (qiz bolalar);
—
pazandalik mahoratini egallash;
— uy-tutish madaniyati (uyni did bilan bezatish, ro‘zg‘or tutish, kiyim-kechaklarni saranjom-sarishta tutish, madaniyatli kiyinish) ko‘nikmasiga ega bo‘lish;
— oila iqtisodiyoti (oila budjeti — kirim-chiqimi, oilada mehnat taqsimoti, oilaviy ishlab chiqarishni tashkil etish) ko‘nikmalariga ega bo‘lish;
— O‘zbekiston Respublikasidagi kasb-hunarlar haqida bilimga ega bo‘lish;
— ayrim kasblar bo‘yicha dastlabki mehnat ko‘nikmalarini egallash.
19. Jismoniy tarbiya
O‘quvchilar sog‘lomlashtirish va jismoniy tarbiyaga oid quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari shart:
— ovqatlanish gigiyenasini bilish va unga rioya qilish;
— o‘zini o‘zi tibbiy nazorat qila olish;
— jismoniy mashqlarni bajarish qoidalarini bilish;
— asosiy turkum harakatlar ko‘nikmalariga ega bo‘lish;
— gimnastika mashqlarini bajara olish;
— saflanish, yugurish, uzunlikka va balandlikka sakrash, muvozanat saqlash, osilish va tayanish mashqlarini bajara olish;
— harakatli o‘yinlarni va sport o‘yinlaridan biror turini o‘ynay olish;
— jismoniy tarbiya bo‘yicha mustaqil mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zaruriy bilimga ega bo‘lish;
— o‘zini o‘zi jismoniy jihatdan nazorat qilishning asosiy ko‘nikmalariga ega bo‘lish;
— organizmning asosiy sistemalariga jismoniy mashg‘ulotlarni ta’sirini bilish;
— uzoq davom etadigan yugurishda o‘zini o‘zi nazorat qilish usullaridan foydalana olish;
— chidamlilikni oshirishga qaratilgan mashqlarni mustaqil bajarish qoidalarini bilish va ularga amal qilish;
— saflanish mashqlarini bajara olish;
— 100 m gacha bo‘lgan masofaga yugurish, 60 — 100 m masofaga bosqich bilan estafetali yugurish, 2 km masofaga notekis joylar bo‘ylab bir me’yorda sekin yugurish mashqlarini bajara olish;
— yugurib kelib uzunlikka “oyoq bukish” usulida sakrash mashqini bajara olish;
— gimnastika, umumrivojlantiruvchi mashqlar va sodda akrobatika mashqlarini bajara olish.