[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.09.00 O‘rta ta’lim;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.60.00 Davlat ta’lim standartlari. Ta’lim dasturlari. Ta’lim jarayoni]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
UMUMIY O‘RTA TA’LIMNING DAVLAT TA’LIM STANDARTLARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 187-sonli “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2020-yilning 1-sentabridan o‘z kuchini yo‘qotadi.
“Ta’lim to‘g‘risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘g‘risida” 1998-yil 13-maydagi 203-son qarori bajarilishini ta’minlash, ta’lim mazmuniga islohotlarning bosh maqsadidan kelib chiqqan holda zarur tuzatishlar kiritish, uning sifati va samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va 1998-1999 o‘quv yilida ta’lim muassasalarida tajriba-sinovdan o‘tgan umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:
1998-1999 o‘quv yilida ta’lim muassasalarida tajriba-sinovdan o‘tgan umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturlari va rejalarini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
1999-2000 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlarini umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv dasturlari bilan birgalikda quyidagicha bosqichma-bosqich joriy etsin:
1999-2000 o‘quv yili 5-6 sinflar;
2000-2001 o‘quv yili 7-sinf;
2001-2002 o‘quv yili 8-sinf;
2002-2003 o‘quv yili 9-sinf;
umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini nashr etsin va 1999-yil 1-sentabrgacha ta’lim muassasalariga yetkazsin;
yangi davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlariga asosan
original darsliklarni yaratib, belgilangan tartib va muddatlarda nashriyotga topshirsin;
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari asosida 1999-2000 o‘quv yilidan boshlab pedagog kadrlarni yangi davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari bilan faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi, “Sharq” nashriyot-matbaa konserni yangi davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida yaratilgan original darsliklarni buyurtma va ehtiyoj asosida o‘z vaqtida chop etish hamda joylarga yetkazishni ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xalq ta’limi vazirligi taqdim etgan smeta asosida davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarni nashr etish uchun sarflanadigan mablag‘larni belgilangan tartibda ajratsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari uchun davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda ta’lim turlari va bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni, ta’lim mazmuni uzluksizligini ta’minlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H. S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 16-avgust,
390-son
O‘zbekiston
Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil
16-avgustdagi 390-son qaroriga
ILOVA
UMUMIY O‘RTA TA’LIMNING DAVLAT TA’LIM STANDARTI
ASOSIY QOIDALAR
Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti o‘quvchilar umumta’lim tayyorgarligiga, saviyasiga qo‘yiladigan majburiy minimal darajani belgilab beradi.
Davlat ta’lim standarti ta’lim mazmuni,
shakllari, vositalari, usullarini, uning sifatini baholash tartibini belgilaydi. Ta’lim mazmunining o‘zagi hisoblangan standart vositasida mamlakat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan turli muassasalarda (davlat va nodavlat) ta’limning barqaror darajasini ta’minlash sharti amalga oshiriladi. Davlat ta’lim standarti o‘z mohiyatiga ko‘ra o‘quv dasturlari, darsliklar, qo‘llanmalar, nizomlar va boshqa me’yoriy hujjatlarni yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti o‘zining tuzilishi va mazmuniga ko‘ra davlat, hudud, maktab manfaatlari va vositalari muvozanatini aks ettiradi hamda eng asosiysi o‘quvchi shaxsi,
uning intilishlari, qobiliyati va qiziqishlari ustuvorligidan kelib chiqadi.
Davlat ta’lim standartini bajarish O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan mulkchilik shakli va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, barcha ta’lim muassasalari uchun majburiydir.
UMUMIY O‘RTA TA’LIMNING DAVLAT TA’LIM STANDARTINI IShLAB ChIQISh VA JORIY ETISh ASOSLARI
Umumiy o‘rta ta’lim davlat ta’lim standartini ishlab chiqishda quyidagi me’yoriy hujjatlar asos qilib olindi:
“Ta’lim to‘g‘risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim-tarbiya va kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish bilan bog‘liq farmonlari, farmoyishlari va asarlari;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz ta’lim tizimi uchun davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish to‘g‘risida” 1998-yil 5-yanvardagi 5-son hamda “O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘g‘risida” 1998-yil 13-maydagi 203-son
qarorlari;
O‘zRST 1.0 — 92. O‘zbekiston Respublikasining davlat standartlashtirish tizimi;
O‘zRST 1.1 — 92. O‘zbekiston Respublikasining davlat standartlashtirish tizimi. O‘zbekiston Respublikasi standartini ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi;
GOST 1.5 — 93. Davlatlararo standartlash ishlarini olib borish qoidalari. Standartlarning tuzilishi, bayoni, rasmiylashtirilishi va mazmuniga bo‘lgan
talablar;
O‘zRST 1.9 — 95. O‘zbekiston Respublikasining davlat standartlashtirish tizimi. Tarmoqlar standartlarini ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi.
UMUMIY O‘RTA TA’LIMNING DAVLAT TA’LIM STANDARTINI IShLAB ChIQISh PRINSIPLARI
Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti quyidagi prinsiplarga tayangan holda ishlab chiqildi:
— davlat ta’lim standartining davlat va jamiyat talablariga,
shaxs ehtiyojiga mosligi;
— o‘quv dasturlari mazmunining jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti hamda fan-texnika rivojlanishi bilan bog‘liqligi;
— umumiy o‘rta ta’limning boshqa ta’lim turlari va bosqichlari bilan uzluksizligi va ta’lim mazmunining uzviyligi;
— umumiy o‘rta ta’lim mazmunining insonparvarligi;
— ta’lim mazmunining respublikadagi barcha hududlarda birligi va yaxlitligi;
— umumiy o‘rta ta’limning mazmuni, shakli, vositalari va usullarini tanlashda innovatsiya texnologiyalarga tayanish;
— pedagogik tafakkurda qaror topgan an’anaviy qarashlar bilan “Ta’lim to‘g‘risida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qonunlarida ifodalangan zamonaviy
talablarning uzviyligi;
— ilg‘or demokratik xorijiy mamlakatlarning ta’lim sohasida me’yorlarni belgilash tajribalaridan milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda foydalanish.
Oldingi tahrirga qarang.
UMUMIY O‘RTA TA’LIM DAVLAT TA’LIM STANDARTINING TAYANCh O‘QUV REJASI
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun tayanch o‘quv rejasi davlat ta’lim standartining tarkibiy qismi bo‘lib, ta’lim sohalarini me’yorlashga asos bo‘ladigan davlat hujjatidir (jadval). Tayanch o‘quv rejasi o‘quv fani bo‘yicha beriladigan ta’lim mazmunini o‘quvchiga yetkazish uchun ajratilgan o‘quv soatlarining eng kam hajmdagi miqdorini ifodalaydi. U har bir sinfda muayyan o‘quv fani bo‘yicha davlat ta’lim standartlariga muvofiq beriladigan ta’lim mazmunini aniqlashga asos bo‘ladi: