ELEKTRON TA’LIM RESURSLARI
1. http://www.edu.uz - O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim
vazirligi portali.
2. http://www.uzedu.uz - O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi
Portali.
3. http://www.multimedia.uz (http:// www.eduportal.uz) -O’zbekiston
Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Multimedia
umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi sayti.
4. http:// www.rtm.uz – Respublika ta’lim markazi sayti
5. http:// www.dtm.uz – Respublika test markazi sayti
6. http://www.bimm.uz - O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim
vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazi sayti.
7. http://www.giy.uz - Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi z
xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini
oshirish hududiy markazi sayti,.
8. http://www.ziyonet.uz. - Ijtimoiy axborot ta’lim portal.
9. http://www.istedod.uz – «Iste’dod» jamg’armasi sayti.
10. http://www.edunet.uz – maktab o’quvchi va o’qituvchilari sayti.
11. http://www.kkedu.uz – «Bilimlar bellashuvi» tanlov materiallari
12. http://www.school.edu.ru - umumta’lim portali (rus tilida)
13. http://www.alledu.ru - «Internet ta’lim» portali (rus tilida)
14. http://www.rostest.runnet.ru – test olish markazi serveri (rus tilida)
15. http://www.allbest.ru – Internet resurslari elektron kutubxonasi
16. http://khanakademy.org – Xon akademiyasi masofaviy ta’lim portal
17. http://centeroko.ru.
\
V. KO’CРMA MAShG’ULOTLAR MATERIALLARI
Mavzu: Ona tili va adabiyot fanlari hamda ularni o’qitishning dolzarb muammolari
Reja:
1.Ona tili va adabiyot fanlari rivojini ta’minlashning ustuvor vazifalari.
2. Alisher Navoiy nomidagi TDO’TA universiteti faoliyati.
1.Ona tili va adabiyot fanlari rivojini ta’minlashning ustuvor Vazifalari Har qaysi xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o’zligining madaniy-ma’rifiy olami, milliy g’oyasining asosi hisoblanadi. Hozirgi tez o’zgarayotgan globallashuv davrida o’zbek tili va adabiyotining o’ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog’lik masalalarni chuqur o’rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo’g’inlarida o’zbek tili va adabiyoti fanini o’qitishning hamda ushbu soha bo’yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish davr talabidir. Bugungi kunda ona tili va adabiyotimiz rivoji, uning o’qitilishi bilan bog’liq vazifalar quyidagilardan iborat:
o’zbek tili va adabiyotini, uning o’ziga xos xususiyatlari, ilmiy nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o’zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash;
ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o’zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash;
o’quvchi yoshlarni, o’zbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega bo’lgan va mustaqil fikrlaydigan, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash;
o’zbek tili va adabiyoti, folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta’limotlarini, mumtoz va zamonaviy metodlarini, buyuk ajdodlarimizning o’zbek va jahon tilshunosligi rivojiga qo’shgan hissasi, ularning ilmiy merosi, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi o’rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari, o’zbek tili va adabiyotining rivojlanish istiqbollari bilan bog’liq ilmiy muammolarni tadqiq etish;
o’zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to’la aks ettiradigan mukammal akademik va o’quv adabiyotlarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo’yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yo’nalishlar bo’yicha lug’at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish;
umumta’lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida o’zbek tili va adabiyoti fanini o’qitishning yangi va samarali metodlari bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilg’or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish;
ona tilimizning Internet jahon axborot tarmog’ida munosib o’rin egallashini ta’minlash, uning kompyuter uslubini, o’zbek tili va dunyodagi yetakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lug’atlar, elektron darsliklar yaratish bilan bog’liq ilmiy-metodik ishlanmalar, amaliy tavsiyalar tayyorlash va bu borada erishilgan natijalarni amaliyotga keng tatbiq etish.
2. Alisher Navoiy nomidagi TDO’TA universiteti faoliyati Alisher Navoiy nomidagi O’zbek tili va adabiyoti universiteti O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 13 maydagi farmoni asosida tashkil etilgan. Bugungi kunda universitetda 3 ta - O’zbek filologiyasi, O’zbek tili va adabiyotini o’qitish, O’zbek-ingliz tarjima fakulteti va 15 ta kafedra faoliyat ko’rsatadi. Shuningdek, universitet huzurida pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi ham tashkil etilgan. Universitet o’zbek tili va adabiyoti bo’yicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayni shu yo’nalishlarda ilmiy va o’quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo’yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitetda o’zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligining yetakchi olimlari jamlangan. Filologiya fanlari doktori, professorlar Hamidulla Dadaboyev, Nasimxon Rahmonov, Shuhrat Sirojiddinov, Ibrohim Yo’ldoshev, Abdulhay Sobirov, Baxtiyor Mengliyev, Nurboy Jabborov, Muhabbat Qurbonova, Aftondil Erkinov, Bahodir Karimov, Zulxumor Xolmonova, Nodira Mustafoyeva, Saodat Muhamedova, Baxtiyor Abdushukurov, filologiya fanlari nomzodi, dosentlar Abdulla Ulug’ov, Nozliya Normurodova, Gulnoza Odilova, Inomjon Azimov, Rashid Zohidov, Karomat Mullaxo’jayeva, Uzoq Jo’raqulov, Zaynobiddin Abdurashidov, Dilnavoz Yusupova kabi olimlar yangi universitetda filologiyaning dolzarb muammolarini tadqiq qilish ilmiy loyihalariga boshchilik qilmoqdalar.Universitet professor-o’qituvchilari yoshlarga ta’lim-tarbiya berish bilan bir qatorda "O’zbek adabiyoti tarixi" ko’p jildlik monografiyasini (7 jild), “O’zbek davlatchiligi tarixida so’g’diy til va yozuvining tutgan o’rni (mil.av. II milodiy XII asrlar)”, “Talabalar ma’naviyatini diagnostika qilish mexanizmlarini takomillashtirish”, “Sharq sayyor syujetlarining G’arb adabiyotiga resepsiyasi”, “O’zbek tili va uning tarjimasi bilan bog’liq elektron va bank-moliya terminlarining ko’p tilli lug’atlari”ni yaratish ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib bormoqda: Shuningdek, universitet professor-o’qituvchilari O’zR FA O’zbek tili, adabiyoti va folklori institutida 2017-2020 yillarga mo’ljallangan “O’zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o’rganish masalalari (36-65-jildlar), “O’zbek adabiyoti durdonalari” 100 jildligini nashrga tayyorlash”, “Hozirgi globallashuv davrida o’zbek tili, uning tarixiy taraqqiyoti va istiqbollari (vazifaviy uslublar tahlili asosida)”, “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” va “Folklorshunoslik atamalari lug’ati” kabi qator ilmiy loyihalarda ishtirok etmoqdalar:Universitet olimlari boshqa tashkilotlar tomonidan turli ilmiy loyihalarga ham jalb etilgan. Jumladan, universitet professor o’qituvchilari Respublika milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining “Sharq Renessansi davri allomalari va mutafakkirlari asarlarining ilmiy-falsafiy va badiiy-lingvistik tadqiqi” fundamental loyihasida (Sh.Sirojiddinov, G.Odilova), UNESCO doirasida “Osiyoda o’qituvchilar tayyorlashning gender baholash” (N.Egamberdiyeva), Erasmus + Yevropa Ittifoqi granti doirasidagi “O’quv dasturlarini Yevropa kompetensiyalari asosida rivojlantirish mezonlari” (N.Normurodova), O’zR FA Tarix instituti bilan hamkorlikda “O’zbekiston davlatchiligi tarixi tarixshunosligi: nazariyasi va shakllanishining tarixiy bosqichlari” (N.Mustafoyeva), “O’zbek adabiyotining ingliz tiliga tarjimalari” (Z.Mirzayeva), Aloqa vazirligi tomonidan e’lon qilingan “O’zbek tilini ikkinchi til sifatida o’qitish” (N.Jalilov) loyihasida qatnashmoqdalar.Universitetda 2017–2021 yillarga mo’ljallangan rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko’ra:
O’zbek tili, adabiyoti va folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta’limotlari, buyuk ajdodlarimiz badiiy tafakkurining bebaho yodgorliklarini chuqur tadqiq etish asnosida talaba yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, mustaqil fikrlaydigan va keng dunyoqarashga ega bo’lgan ma’naviy yetuk insonlar qilib tarbiyalashga asos bo’ladigan fundamental ilmiy tadqiqotlar yaratiladi.
O’zbek tili tarixi, mamlakatimiz hududida miloddan avval va milodning dastlabki asrlarida yashagan baqtriylar, so’g’diylar, xorazmiylar va boshqa elat va millatlar tilining o’zbek tili taraqqiyotida tutgan o’rni, qadimgi turkiy tilga mansub yozma yodgorliklar tili, qiyosiy tilshunoslik, o’zbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari tadqiq etiladi.
O’zbek tilining XX asrdagi rivojlanish xususiyatlari, qardosh va qardosh bo’lmagan tillarning o’zaro munosabatlari, tilshunoslik tarixi, turli lingvistik maktablarning ilmiy-nazariy qarashlari, o’zbek tili fonologiyasi, leksikologiya, grammatika, onomastika, sosiolingvistika, lingvopoetika, etnolingvistika, psixolingvistika, kognitiv tilshunoslik, pragmatik tilshunoslik va lingvomadaniyatshunoslik kabi tilshunoslik sohalari rivojlantiriladi.
Eng qadimgi adabiy yodgorliklardan tortib hozirgi adabiy jarayongacha bo’lgan davrdagi manbalarni yaxlit badiiy tizim sifatida o’rganish asosida o’zbek xalqi poetik tafakkurining shakllanish tarixi, tadrijiy rivoji va taraqqiyot qonuniyatlari ochib beriladi.
O’zbek mumtoz adabiyotining ilgari ilmiy muomalaga kiritilmagan yangi manbalarini tadqiq va targ’ib etish, o’rta asrlarda mamlakatimizda yuz bergan ma’naviy-madaniy yuksalish jarayonining badiiy adabiyotga ta’siri, mumtoz adiblar ijodiyotining o’zbek tili va adabiyoti tarixida tutgan o’rni, Alisher Navoiy adabiy merosining umumbashariy ahamiyati, boshqa mumtoz adib va shoirlarimizning so’z qo’llash mahorati, mumtoz adabiyot badiiyati masalalari o’rganiladi.
O’zbek tili va adabiyotini ta’limning barcha bosqichlarida o’qitishning eng samarali metodlari ishlab chiqiladi, xorij tajribalarini hisobga olgan holda zamonaviy va milliy filologik ta’limning ilg’or metodikalari yaratiladi.
O’zbekiston ilm-fani, madaniyati yutuqlari bilan dunyo xalqlarini muntazam tanishtirib borish uchun ilmiy-texnik adabiyot tarjimonlarini, turli xalqaro yig’inlarda o’zbek tiliga va o’zbek tilidan xorij tillariga sinxron tarjimonlar tayyorlanadi.
Ona tilimizning Internet jahon axborot tarmog’ida munosib o’rin egallashini ta’minlash, til haqidagi bilimlarni elektron tizimlashtirish va lingvistik tahlil algoritmlarini tuzish, linvistik tadqiqotlarga axborot-kommunikasiya texnologiyalarni joriy etish, o’zbek tili va dunyodagi yetakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lug’atlar, elektron darsliklar yaratish bilan bog’liq ilmiy-metodik ishlanmalar yaratiladi. Mazkur yo’nalishdagi ishlarning samaradorligini ta’minlash maqsadida 2017-2021 yillarda universitet nihoyasiga yetkazilgan ilmiy tadqiqotlarning natijalarini o’quv jarayoniga tatbiq etish orqali magistrlik dasturlari va oliy malakali kadrlarni tayyorlash dasturlari takomillashtiriladi va joriylanishi asosida yangi ilmiy maktablar shakllantirilishiga alohida e’tibor qaratadi. Universitet xalqimiz ma’rifiy salohiyatini oshirish, yosh avlodda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, o’zbek va jahon adabiyotining sara asarlarini targ’ib qilish maqsadida O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan shartnoma imzolagan. Unga binoan, universitetning professor-o’qituvchilari teletomoshabinlarga “Navoiyni bilamizmi?”, “Adabiyot darslari”, “Hikmatlar tilga kirganda”, “Savodxonlik maktabi”, “So’zlar so’zlar tarixdan”, “Jahon adabiyoti”, “Yosh tarjimon ijodxonasi”, “Funny English”, “Alisher Navoiyning jahon tamadduniga ta’siri”, “Navoiy saboqlari”, “Bir bayt sharhi”, “Xamsaxonlik”, “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, “Adabiy jarayonni o’rganamiz”, “Xalq dostonlari” kabi televizion dasturlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, O’zMTRK bilan hamkorlikda “Navoiydan zavq olgan dunyo” mavzuida 30 minutlik hujjatli film yaratilib, teletomoshabinlarga taqdim etildi.Universitet jamoasi belgilangan istiqbol rejadagi vazifalarni bajarish, yangi avlod darsliklari va o’quv qo’llanmalari yaratish borasida ham samarali izlanishlar olib bormoqdalar. Chunonchi, “Jahon adabiyoti” fanidan darslik, “Mutaxassislikka kirish (Tilshunoslikka kirish)”, “O’zbek tili va adabiyoti ta’limida zamonaviy axborot texnologiyalari”, “Tilshunoslik nazariyasi (Tilshunoslikka kirish)”, “Hozirgi o’zbek tili”, “O’zbek adabiyoti tarixi”, “Adabiyotshunoslik nazariyasi”, “O’zbek dialektologiyasi”, “Integrallashgan ingliz tili” “Ingliz tilida yozish ko’nikmalari”, Umumiy psixologiya, Mutaxassislikka kirish fanlaridan o’quv qo’llanmalar, Matematik mantiq fanidan masalalar to’plami, Arab tilidan mashqlar to’plami tayyorlanib, nashrga topshirildi. Universitet professor-o’qituvchilari o’quv jarayoni bilan bir qatorda ilmiy salohiyatini oshirish borasida ham tinimsiz ish olib bormoqdalar. 2016-2017 yilda universitetda Mustafoyeva Nodira “Mustamlaka va sovet davri tarixshunosligida O’zbekistonning XX asr madaniyati”, Odilov Yorqinjon “O’zbek tilida enantasemiya”, Hasanova Shafoat "To’tinoma" tipidagi qo’lyozmalarning tekstologik qiyosiy tadqiqi”, Abdushukurov Baxtiyor “Qissasi Rabg’uziy” leksikasi” mavzusida doktorlik dissertasiyasini himoya qildilar. Ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, amalga oshirilayotgan innovasion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar bilan professor-o’qituvchilar va yosh tadqiqotchilarni muntazam tanishtirib borish uchun universitetda doimiy faoliyat ko’rsatuvchi muammoviy ilmiy metodologik seminar tashkil etilgan. Unda o’zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligi, folklorshunoslik, xorijiy tillarni o’rganish muammolariga bag’ishlangan turkum uchrashuvlar o’tkazib kelinmoqda. Universitet o’zining internet Veb-saytiga ega bo’lib, universitet hayotiga oid yangiliklar, ijod namunalari, ilm-fandagi eng oxirgi yangiliklar berib boriladi. Universitet mamlakatdagi fan sohalari ichida o’zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligiga tayanch va yetakchi oliy ta’lim muassasasi bo’lgani uchun ham uning davriy nashrlariga talab katta. Universitetda nashriyot-matbaa uyi faoliyat ko’rsatmoqda. Nashriyotda o’quv, o’quv-uslubiy, ilmiy, badiiy asarlar, umumta’lim maktablari, akademik lisey, kasb-hunar kollejlari uchun o’quv qo’llanma va darsliklar, universitetning gazeta va jurnallari chop etiladi, tUniversitetda bir necha davriy nashrlar mavjud. “Adabiyotshunoslik olami” jurnali tilshunoslik va adabiyotshunoslik, folklorshunoslikning muhim ilmiy-nazariy masalalari va dolzarb muammolariga bag’ishlanadi, bu fanlardagi eng so’nggi izlanishlar, yangi tadqiqotlar bilan ilmiy jamoatchilikni tanishtirib boradi. Jurnal yilda 4 marta chop etiladi. “Milliy meros” jurnali umumturkiy, o’zbek, Sharq adabiyoti va madaniyati namunalari, manbashunoslik, matnshunoslik va matnchilik adabiyotshunoslik hamda tarjimashunoslik tadqiqotlari, milliy tarix, arxeologiya, etnografiya, antropologiya, numizmatika, madaniyatshunoslik bo’yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari o’zbek, ingliz va rus tillarida nashr etiladi. Jurnal yilda 4 marta chop etiladi.“Akademik tadqiq: lingvistika” jurnali tilshunoslik muammolariga oid tadqiqotlar, tilshunoslikning ilmiy-nazariy masalalari, bu fandagi eng so’nggi izlanishlarni ilm ahliga tanishtirib boradi. Jurnal yilda 4 marta chop etiladi.Universitetda “Millat ko’zgusi” gazetasi ham mavjud. Gazeta oyda bir marotaba chop etilib, unda davlat siyosatining ta’lim, ilm-fan sohasidagi ustuvor yo’nalishlari, universitet hayoti, ilmiy, ijodiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalardagi faoliyati, professor-o’qituvchi, doktorant, magistrant va talabalarning ilmiy-pedagogik yutuqlari, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalarining uzviy bog’liqligi yoritilgan maqolalar chop etib boriladi.Universitetda “O’zbekiston: til va madaniyat” nomli yillik ilmiy to’plam ham chop etiladi. Unda o’zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligi, folklorshunosligiga doir fundamental tadqiqotlar, fan oldidagi muammolar yechimiga doir ilmiy maqolalar chop etib boriladi. To’plam seriyali bo’lib, o’zbek tili, adabiyoti, tarixi, xalqimizning diniy -ma’naviy hayoti bilan bog’liq muhim tadqiqotlarga bag’ishlanadi. Universitet o’zining missiyasi doirasida bir qancha tashabbuslarga boshchilik qiladi. Jumladan, alifbo, imlo, kitobxonlik madaniyati, adabiy tanqid, chet tillarini o’rganish, o’qitishning zamonaviy metodologiyasini ishlab chiqish, zamon talablariga mos darsliklar yaratish xususida televideniye, radio, vaqtli matbuot orqali aniq takliflar bildirildi. Shuningdek, “Umumta’lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida o’zbek tili va adabiyoti fanini o’qitishning yangi va samarali metodlari”, “Bugungi yoshlar adabiy tanqidchiligi”, “Mumtoz adabiyot va kitobxonlik madaniyati”, “Xorijiy tillarni o’qitishda ona tilining ahamiyati: muammolar, yechimlar va istiqbolli rejalar” mavzuida o’tkazilgan konferensiyalarda tilshunosligimiz, adabiyotshunosligimizning dolzarb vazifalari va ularni hal etish takliflari o’rtaga tashlandi. “Hozirgi adabiy jarayonni baholash laboratoriyasi”, “Lingvistik ekspertiza, tahrir va tarjima markazi” tashkil etilib, yechimini kutayotgan muammolar amaliy hal etilmoqda.
Izoh: Tinglovchilar mazkur ma’lumotlar bilan tanishib, o’zlarini qiziqtirgan masalalar bo’yicha tegishli kefedralarga murojaat etadilar. Kafedra professor-o’qituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari, fanlar yo’nalishidagi yangiliklar bilan tanishadilar. Ko’chma mashg’ulot davomida universitet professor-o’qituvchilari va dekanlari ishtirokida davra suhbati tashkil etiladi. Hududiy malaka oshirish tarmoq markazlarida ko’chma mashg’ulot viloyatdagi tegishli oliy ta’lim muassasasi imkoniyatidan kelib chiqqan holda tashkil etilishi mumkin
Do'stlaringiz bilan baham: |