Leksik me’yorlar deganda nutq jarayonida umumxalq tilida mavjud bo’lgan so’zlarni to’g’ri tanlash va o’rinli ishlatish tushuniladi. Ko’pma’nolilik, sinonimlar va variantlar shaklidagi leksik birliklar doirasida tanlanish imkoniyatining ko’pligi uning xususiy me’yorlarining shakllanishiga ham sabab bo’lgan. Tilimizdagi dialektizm, neologizm va okkazionalizm, pleonazm va boshqa leksik birliklarning me’yoriy xususiyatlari yuzasidan mulohaza yuritish leksik me’yor to’g’risidagi tasavvurimizni kengaytiradi.
Dialektizimlar va adabiy til me’yori doirasida me’yorni belgilash tilimizdagi mas’uliyatli masalalardan biri sanaladi. Chunki adabiy til sheva leksikasidan ularning ko’pchiligi uchun umumiy bo’lgan so’zlarni tanlab oladi va uni o’z leksik tarkibiga kiritadi (mas., sigir-siyir-inak; chaqaloq-buvak, tuxum-moyak-yumurta, chumoli-murcha-qarinja-qumurusqa kabilar).
O’zbek tilida aynan ekvivalentlari mavjud va varvarizm sifatida qaraladigan nu, tak, vot, sovsem, voobщye, tolko, tolko tak, yestestvenno, obyazatelno, konechno, uje, pochti, tak chto, znachit, kak raz, neujeli, tem boleye, dokument, oformit qilmoq, organizovat qilmoq, prinimat qilmoq, razresheniye olmoq, podpis qo’ymoq, bo, akun, soni kabi so’z va birikmalarining ishlatilishi ham ijobiy hodisa emas. Bu yerda ham me’yor buzilgan.
«Davlat tili xaqida» gi Qonunning yuzaga kelishi munosabati bilan fanlarning turli yo’nalishlari bo’yicha atamashunoslik sohasida islohotlar o’tkazish, ularni «o’zbekchalashtirish» ga imkoniyat yaratildi.
Shunday bir vaziyat yuzaga keldiki, atamalarni «milliylashtirish» ga ishtiyoq kuchayib ketdi. Tavsiyalar ham nihoyatda ko’paydi. Jo’yali fikrlar bilan bir qatorda, hazm bo’lishi qiyin bo’lgan takliflar ham o’rtaga tashlandi. Bu gapning tasdig’i sifatida ayrim misollarni keltiramiz: matematika-riyoziyot, fakultet-kulliyot, rassom-musavvir, gazetxon- mushtariy, auditoriya-saboqxona, xona, o’quv xonasi, sirk-tomoshaxona, sirkul-pargar, sellofan-suvqog’oz, seyf-zarf, attestasiya-ko’rik, samolyot- aeroplan, tayyora, aeroport-tayyoragoh, familiya-naslnoma, klub-da’vatxona, titul list-sarvaraq va hokazo.
Ammo bu qarashlar shu ma’noda diqqatga sazovorki, ularda tilni mumkin qadar chet el unsurlaridan tozalash g’oyasi yotadi.
Tilimizda qo’llanilib kelinayotgan avtor, arxitektor, gumanizm, doklad, ideologiya, inspektor, intelligent, kontrol, komandirovka, komanirovochnaya, leksiya, ministr, oblast, ostanovka, planeta, problema, rayon, raport, redaktor, revolyusiya, spravka, student, sekretar, tema, territoriya, tradisiya, forma singari so’zlar o’rnini muallif, me’mor, insonparvarlik, ma’ruza, mafkura, nozir, ziyoli, nazorat, safar, safarnoma, ma’ruza, vazir, viloyat, bekat, sayyora, muammo, tuman, bildirishnoma /xabarnoma, muharrir, inqilob, ma’lumot/ma’lumotnoma, talaba, kotib /kotiba, mavzu, hudud, an’ana, shakl kabi tavsiya etilgan so’zlar osonlik bilan egalladi. Chunki ular dubletlar sifatida tilimizda ozmi-ko’pmi oldindan ham qo’llanilib kelinayotgan edi.
Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, yangi tavsiya etilayotgan so’zlarning ma’qul kelishi va me’yorlashishi ularni tilda avval qo’llanilib kelayotgan yoki kelmayotganiga ham bog’liq.
Shu o’rinda bir misolni tahlil qilaylik. Ko’plab atamalarning muqobillarini izlash jarayonida rayon so’zi o’rnida nohiya , depara, tuman so’zlari ishlatila boshlandi. Keyinchalik, garchi so’zning asl mohiyatiga unchalik to’g’ri kelmasa ham tuman so’zi me’yorlashdi. Ammo, ta’kidlash lozimki, bu so’zning birgina ma’nosi - viloyatning bir qismi bo’lgan, ma’lum chegaraga ega bo’lgan, ma’muriy hudud atamasi sifatida me’yorlashdi. Ammo, lug’atda rayon so’zining umuman joy ma’nosini anglatish imkoniyati ham ko’rsatilgan: prigorodnыy rayon - shahar atrofi rayoni, promыshlennыy rayon - sanoat rayoni, zavodskoy rayon - zavodlar rayoni, rayon voyennыx deystviy - urush harakatlari rayoni, rayon boya - jang maydoni, oboronitelnыy rayon - mudofaa doirasi kabi. Bu birikmalarni qanday me’yorlashtiramiz? Bizning ongimizda u hozircha ma’muriy hudud tarzida shakllanib turgan ekan, shahar atrofi tumani, zavodlar tumani, urush harakatlari tumani tarzida ham me’yorlashib keta oladimi?
Buning ustiga, shu so’z o’zagidan yasalgan rayonirovaniye, rayonirovannыy - rayonlashtirish, rayonlashtirilgan so’zlari bor. Masalan, biror ekin navlari urug’ini, ya’ni biror joyning sharoitiga eng ko’p moslashtirilgan navlar urug’ini rayonlashtirish11.
Buni qanday me’yorlashtiramiz? Urug’ni tumanlashtirish debmi yoki urug’ni joylashtirish, urug’ni joylarga moslashtirish, debmi? Harqalay, masalaning yechimi ma’lum vaqt o’tishi bilan hal bo’ladi.
Mustaqillik tufayli yuz bergan ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar natijasida tabiiy ravishda tilimizda ham juda ko’plab yangi so’z va iboralar, birikmalar paydo bo’layapti. Bu holatni asosan fan, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar, huquq sohalarida, qisman maorif, madaniyat, san’at va badiiy adabiyot sohalarida kuzatamiz. Xalqimiz ularni qanday qabul qilishidan qat’iy nazar, ularni qo’llashdagi har bir holatga munosabat bildirilib borilishi, me’yor sifatida tavsiya etilayotgan variantlarning nega shunday tarzda ma’qul ko’rilganligini asoslanishi zarur bo’ladi.
Bu o’rinda faqat imlo, talaffuz va leksik me’yorlarga qisqacha to’xtalib o’tildi. Me’yorning boshqa xususiy shaklllari haqida «Nutqning asosiy xususiyatlari» mavzusida mulohaza yuritiladi.
Xususiy me’yorlar sifatida qaraladigan ma’lum sohaga va kasb-hunarga oid til birliklari me’yorlari haqida so’z yuritish ham ahamiyatli. Biz bu o’rinda o’rganilayotgan predmet mazmunidan kelib chiqib, huquqshunoslik kasbiga oid til birliklari xususida so’z yuritamiz va bunda Sh.Ko’chimovning kuzatish natijalaridan foydalanamiz.
Sh.Ko’chimov «Yuridik atamalar va iboralar lug’ati» (Toshkent, 1993) ni o’rganib, unda 6700 ta atama mavjudligi to’g’risida ma’lumot beradi hamda bu atamalarni leksik jihatdan quyidagicha tasnif qiladi:
1. Umumyuridik atamalar: qonun, sud, modda, advokatura, sudya, prokuror, milisiya, guvoh, sud majlisi, huquq, huquq normasi, yurisprudensiya kabilar;
2. Konstitusiyaviy huquq atamalari: konstitusiyaviy tuzum, davlat tuzilishi, suverenitet, suveren tenglik, siyosiy partiya kabilar;
3. Ma’muriy huquq atamalari: ma’muriy javobgarlik, ma’muriy jazo, ma’muriy qamoq, jamoat qoidalarini buzish kabilar;
4. Fuqarolik huquqi atamalari: fuqarolarning teng huquqligi, fuqaroni bedarak yo’qolgan deb topish, sotuvchining javobgarligi, mualliflik huquqi kabilar;
5. Jinoyat huquqi: jinoiy harakat, jinoyat ishi, qilmish, og’ir jinoyat, jinoyatlarni tasniflash, jinoiy javobgarlik, qilmishning jinoiyligi, o’lim jazosi, ozodlikdan mahrum etish kabilar;
6. Yer huquqi atamalari: yerga egalik qilish, yerdan foydalanish, yer kadastri, yerni tasarruf etish, yerdan foydalanish qoidalarini buzish kabilar.
7. Agrar huquq atamalari: dehqon xo’jaligini yuritish huquqi, davlat xo’jaliklari huquqi, jamoa xo’jaliklari huquqi, rejani bajarish majburiyati, suvdan foydalanish huquqi, dehqon xo’jaligining mol-mulkiga egalik qilish huquqi kabilar;
8. Mehnat huquqi atamalari: mehnat intizomi, mehnat shartnomasi, ishga qabul qilish, mehnat shartnomalarini bekor qilish tartibi, mehnatga haq to’lash, mehnat nizolari kabilar;
9. Ijtimoiy-ta’minot huquqi atamalari: pensiya olish huquqi, nogironlik nafaqasi, dam olish huquqi, ijtimoiy himoya kabilar;
10. Ekologik huquq atamalari: atrof-muhitni sog’lomlashtirish, havoni tozalash, ekologik vaziyat, ekologiyaning o’zgarishi kabilar;
11. Moliyaviy huquq atamalari: daromad solig’i to’lovchilar, favqulodda daromadlar, moliyaviy jazo choralari, yuridik shaxslarni daromad solig’idan ozod qilish, soliqni hisobga olish qoidalari kabilar;
12. Fuqarolik-prosessual huquqi atamalari: jinoyat ishlarini yuritish tartibi, fuqarolik-prosessual huquq layoqati, prosessual huquqiy vorislik, fuqarolik ishi kabilar;
13. Jinoyat-prosessual huquqi atamalari: jinoyat ishlarini yuritish tartibi, jinoyat ishini qo’zg’atish, sudda jinoyat ishlarining oshkor ko’rilishi, jinoyat prosessi ishtirokchilari kabilar;
14. Xo’jalik-prosessual huquqi atamalari: xo’jalik sudi, xo’jalik sudlov nizolari, xo’jalik sudlov ishtirokchilari, xo’jalik sudining ajrimi kabilar;
15. Xalqaro huquq atamalari: xalqaro tashkilotlar huquqi, xalqaro xavfsizlik huquqi, diplomatiya va konsullik huquqi, xalqaro dengiz huquqi kabilar12.
Kasb-hunarga oid birliklardan tashqari tilimizda biror ijtimoiy guruhga yoki toifaga, masalan, talabalar, savdo xodimlari, sportchilar, o’g’rilar, bezorilar, shofyorlar, milisionerlar singarilarning o’ziga xos va boshqalar tushunmaydigan, jargon deb ataladigan yasama tili mavjud. Bu til ana shu guruhlar doirasida amal qiladi va og’zaki shaklda me’yorlashib, og’izdan og’izga ko’chib yashaydi. Shu jarayonda ularning ayrimlari yo’qolib ketishi, ayrimlari o’zgarishi, davrlar o’tishi bilan bu qatlam yangi birliklar hisobiga boyib borishi mumkin. Ma’lum qismi esa ommalashib ketadi. Dollar ma’nosini beradigan ko’k, karam so’zlari bunga misol bo’la oladi.
Badiiy adabiyot matnida jargonlar maxsus vazifa bajaradi. Uning ko’magida asar voqyealari bir qadar ishonchli tasvir qilinishi yoki qahramonlar tili individuallashtirilishi mumkin. Masalan,S.Ravshanning «Chordoqdan otilgan o’q» (Toshkent 1986 yil) qissasi jinoyatchilar olami, ularning qiyofalari va kirdikorlarini fosh etishga bag’ishlangan bo’lib, unda uchraydigan metaforik elementlar va jargonlar yuqorida qayd etilgan vazifalarni ado etishga ko’maklashgan: gladiator (45), qopchiq (69), qovurg’a (42), kift (31, 42), qushcha (25), murg’a (31) - o’g’rilar, jinoyatchilar guruhining a’zolari, ularning laqablari; qafas (13) - turma, arava (66) - mashina; malax (56)- pul; dum (54) - orqadan kuzatib yuruvchi odam; buyurtma, mukofot (36, 45) – o’g’irlangan mol, narsa; hammol (37) – molni olib keluvchi odam, kuryer; soqol (32, 33) – pul kabi. Yana: atanda – xavf, xatar : - Shef, a t a n d a , ish chatoq (54); cho’ra bo’lmoq – qochmoq: Shaykamizda ch o’ r a b o’ l g a n l a r d a n biri (32), U rostdan ham ch o’ r a b o’ l g a n ekan (37).
Ma’lum bo’ladiki, tildagi me’yorlashish ko’p qirrali jarayon bo’lib, umumiste’moldagi so’zlar ma’lum kasb-hunar yoki jargon doirasida atamalashishi, asosiy me’yorlashgan holatidan chetga chiqib ketishi yoki buning aksi – kasb-hunar yoki jargonga oid xususiy me’yorlar qamrovidagi atamalarning ma’nosi kengayib, ular umumxalq mulkiga aylanishi mumkin. Zero, til taraqqiyoti o’lchovlaridan biri ham ana shu.
Ammo biz o’rganayotgan me’yor masalasi ijtimoiy hayotimiz uchun yangilik emas. Til va jamiyat mavjudki, bu masala ham o’rtada. Ammo, har bir davr o’z taraqqiyoti bilan bog’liq ravishda tildan foydalanishning o’z muammolarini keltirib chiqaraveradi.
O’zbek adabiy tilining qanchalik me’yorga keltirilganligi va unga qay darajada amal qilinishi umummilliy o’zbek madaniyatining taraqqiyot darajasini belgilovchi omillardan sanalar ekan, bu muammo bilan shug’ullanish ziyolilarning bundan keyingi hal qilishi lozim bo’lgan dolzarb vazifasi bo’lib qolaveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |