Byudjet – bu davlat va mahalliy o’z-o’zini boshqarish vazifalari va funktsiyalarini moliyaviy ta’minlash uchun mo’ljallangan pul mablag’lari jamg’armalarini to’plash va sarflash shaklidir. Davlat byudjetining mohiyatini quyidagi ta’riflarda yanada oydinlashtirish mumkin:
davlat byudjeti – davlat pul mablag’larining (shu jumladan davlat maqsadli jamg’armalari mablag’larining) markazlashtirilgan jamg’armasi bo’lib, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag’lar sarfi yo’nalishlari va miqdori nazarda tutiladi;
byudjet iqtisodiy kategoriya sifatida o’zining tegishli moddiy ifodasiga ega bo’ladi.
Byudjet munosabatlari davlatning markazlashtirilgan pul mablag’lari jamg’armasida moddiylashadi. Bu jamg’arma taqsim qilinishi sababli uning shakllanishi va sarflanishi qiymat xarakati orqali ifoda etiladi. Bu jarayon davlat tomonidan yig’iladigan va sarflanadigan pul resurslari oqimlari ko’rinishiga ega bo’ladi;
o’z iqtisodiy mohiyatiga ko’ra davlat byudjeti – bu iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy tadbirlar, mudofaa va davlat boshqaruvi ehtiyojlarini moliyalashga mo’ljallangan byudjet jamg’armasini shakllantirish hamda undan foydalanish masalalarida milliy daromadni qisman milliy boylikni ham qayta taqsimlash borasida davlat bilan yuridik va jismoniy shaxslar o’rtasida yuzaga keladigan pul munosabatlaridir;
davlat byudjeti – moliyaviy rejalar tizimida etakchi o’rinda turadi va davlatning asosiy moliya rejasi hisoblanadi;
davlat byudjeti – moliya tizimining barcha asosiy moliya institutlari – daromadlar, xarajatlar, davlat qarzlari birlashadigan va o’zaro bog’lanadigan markaziy bug’ini hisoblanadi;
davlat byudjeti – davlatning soliqlar yordamida jamlanadigan eng yirik markazlashtirilgan pul jamg’armasidir. Davlat byudjeti davlat tomonidan o’z funktsiyalari va vazifalarini amalga oshirish yo’lida sarflanadi. Tasdiqlangan byudjet qonun kuchiga ega.
Asosiy moliya rejasi bo’lgan davlat byudjeti hokimiyat organlariga o’zlarining huquqiy vakolatlarini amalga oshirish uchun real iqtisodiy imkoniyatlar beradi. Byudjet davlat uchun zarur bo’lgan moliya resurslari miqdorini aks ettiradi va shunga qarab mamlakatdagi soliq siyosati belgilanadi. Byudjet mablag’larining sarf etilishi, milliy daromadni va yalpi ichki mahsulotni qayta taqsimlashdagi aniq yo’nalishlarni aks ettiradi va natijada u iqtisodiyotning samarali dastagi bo’lish imkoniyatlariga ega bo’ladi.
Byudjet xilma-xil munosabatlarga daxldor kategoriyadir. Uning paydo bo’lishi va rivojlanishi davlatning paydo bo’lishi va shakllanishi bilan bog’liq. Davlat byudjetdan bevosita o’z faoliyatini ta’minlash vositalaridan biri hamda iqtisodiy va ijtimoiy siyosat o’tkazishning muhim unsuri tarzida foydalanadi.
Davlat byudjeti moliya rejasi tarzida quyidagi vazifalarni bajaradi:
byudjet jamg’armasini tashkil qilish;
xarajatlarni byudjet jamg’armasidan moliyalash;
byudjet siyosatining strategik vazifalari.
byudjet jamg’armasini tashkil qilish – byudjet daromadlarining vazifasi bo’lib, xo’jalik yurituvchi sub’ektlar daromadlaridan soliqlar, qarzlar, davlat mulkidan keladigan daromadlarni o’z ichiga oladi;
davlat umumiy xo’jalik yurituvchi sub’ekti timsolida takror ishlab chiqarish jarayonining boshqa barcha ishtirokchilari iqtisodiy manfaatlarini hisobga oladi, shu sababdan ham byudjet xarajatlari jami iqtisodiyotni qamraydi.
Iqtisodiyotda makroiqtisodiy mutanosibliklarni saqlash ehtiyojlari xo’jalikning ayrim tarmoqlarini, noishlab chiqarish sohalarini, iqtisodiy mintaqalar (ma’muriy-huquqiy tuzilmalar) turli mulkchilik shakllarini, ayrim xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni byudjetdan moliyalashni talab qiladi;
byudjet siyosatining strategik vazifalari:
iqtisodiyotga investitsiyalarni ko’paytirish;
resurslarni maqsadga muvofiq va samarali taqsimlash;
yordamga muhtoj aholi qatlamlarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash;
inflyatsiya sur’atlarini pasaytirish;
byudjet taqchilligini qisqartirish.
Iqtisodiy kategoriya bo’lgan byudjet munosabatlari moliyaviy munosabatlarning tarkibiy qismi hisoblanadi, demak, ularga pul shakli va moliyaning asosiy vazifalari xos.
Byudjet quyidagi vazifalarni bajaradi:
YaIMni qayta taqsimlash;
iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish va rag’batlantirish;
byudjet sohasining moliya ta’minoti va davlatning ijtimoiy siyosatini amalga oshirish;
markazlashtirilgan pul mablag’lari jamg’armalarini shakllantirish va undan foydalanishni nazorat qilish.
Byudjetning taqsimotchilik funktsiyasi davlat va xududiy hokimiyat hamda boshqaruv darajalari bo’yicha markazlashtirilgan pul mablag’larini shakllantirish va undan foydalanish orqali yuzaga chiqadi. Davlat byudjeti yordamida tarmoqlar va mintaqalarni qo’llab-quvvatlash yoki rivojlantirishga byudjet mablag’larini yo’llagan holda mamlakatning xo’jalik hayotini, iqtisodiy munosabatlarni boshqaradi.
Iqtisodiy munosabatlarni boshqaradigan davlat ishlab chiqarish sur’atlarini maqsadga muvofiq kuchaytirishi yoki susaytirishi, kapitallar va xususiy jamg’armalar o’sishini tezlatishi yoki sekinlatishi, talab va iste’mol tuzilmasini o’zgartirishi mumkin.
YaIMni byudjet vositasida qayta taqsimlash o’zaro bog’liq bo’lgan va, ayni bir paytda, uzluksiz kechadigan ikki bosqichdan iborat:
byudjet daromadlarini shakllantirish;
byudjet mablag’larini sarf qilish.
Byudjet daromadlarini shakllantirish jarayonida ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonida yaratilgan YaIMning bir qismini davlat foydasiga majburiy olish yuz beradi. Davlatning soliq to’lovchilar bilan moliyaviy munosabatlari shu negizda yuzaga keladi.
Byudjetning nazariy funktsiyasi taqsimot funktsiyasi bilan bir paytda amal qiladi va byudjet mablag’larining tushumi va sarfida davlat nazorati bo’lishini nazarda tutadi.
Byudjet daromadlari ularni to’lovchilar, soliqqa tortish ob’ektlari, undirish usullari, to’lov muddatlari va boshqalar bo’yicha muhim farqlarga ega. Lekin, shu bilan birga, ular yagonaligi bilan ajralib turadi, ya’ni ular bir maqsadga – turli darajalardagi byudjetlarning daromad qismini shakllantirishga xizmat qiladi.
Byudjet daromadlari mamlakat byudjet jamg’armasini shakllantirish jarayonida davlat bilan korxona (birlashma)lar, tashkilotlar va fuqarolar o’rtasida paydo bo’ladigan iqtisodiy munosabatlarni ifoda etadi. Bu iqtisodiy munosabatlar korxonalar, tashkilotlar va aholi tomonidan byudjetga to’lanadigan turli to’lovlar ko’rinishida yuz beradi, ularning moddiy-ashyoviy ifodasi byudjet jamg’armasiga yo’naltiriladigan pul mablag’lari hisoblanadi.
Byudjet daromadlari, bir tomondan, ijtimoiy mahsulot qiymatini takror ishlab chiqarish jarayonidagi turli ishtirokchilar o’rtasida taqsimlash natijalari bo’lsa, ikkinchi tomondan, davlat qo’lida to’plangan qiymatni yana qayta taqsimlash ob’ekti hisoblanadi, chunki bu qiymat xududiy, tarmoq va maqsadli yo’nalishidagi byudjet jamg’armalarini shakllantirishda foydalaniladi.
Xo’jalik yuritishning bozor asoslariga o’tish ijtimoiy ishlab chiqarishga rahbarlikda iqtisodiy usullardan foydalanishni talab qildi, korxonalar sof daromadining bir qismini ilgari qo’llanib kelgan byudjetga olish shakllari samarasizligi daromad tushumlari tizimini tubdan o’zgartirishni taqozo qildi.
Natijada daromadlar tushumi soliq to’lovlari negiziga ko’chirildi; korxonalarning byudjet bilan o’zaro munosabatlari qonun bilan tartibga solinadigan huquqiy asosga qo’yildi.
Byudjet daromadlarini vujudga keltirishning shakllari va usullari ko’pdan-ko’p ob’ektiv va sub’ektiv omillar ta’sirida o’zgarib turadi. Ularning orasida ishlab chiqaruvchi kuchlar, ishlab chiqarish munosabatlari moliya fanining rivojlanish darajasi ta’siri birinchi o’rinda turadi. Daromadlarga, shuningdek yuzaga kelgan konkret iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat, muayyan davrdagi iqtisodiy siyosat, jamiyat taraqqiyotida tanlangan ustuvorliklar, belgilangan vazifalarga erishish strategiyasi va boshqalar ham katta ta’sir ko’rsatadi.
Ammo har qanday hollarda ham safarbar qilingan daromadlarning asosiy maqsadi – barcha boshqarish darajalaridagi hokimiyat organlariga o’z vazifalarini amalga oshirishga imkoniyat beradigan, umumdavlat extiyojlarini qondiradigan barqaror moliya bazasini yaratishdan iborat. Daromadning vazifasi byudjet xarajatlarini qoplashdan iborat. Ammo bunda xo’jalik yurituvchi sub’ektlar bilan o’zaro moliyaviy munosabatlarning shunday shakllarini topish zarurki, daromadlarni byudjetga olish usullari mehnat unumdorligini ko’tarishga, jami resurslardan oqilona foydalanishga tushumlarni ko’paytirishga xizmat qilsin.
Daromadlarning xazinadagi o’rni bilan birga daromadlar o’sishining moddiy asoslarini kengaytirishni ta’minlaydigan rag’batlantiruvchilik funktsiyasi, byudjetning daromad qismini mustahkamlashi xuddi shu o’rinda yaqqol ko’zga tashlanadi.
Turli mamlakatlarda daromadlarning shakllanishini tahlil qilish shuni ko’rsatadiki, konkret to’lov turlari xilma-xil bo’lishiga qaramay, hamisha byudjetga pul tushumlarining asosan uchta manbai mavjud bo’lgan va hozir ham shunday. Ular:
davlat mulki, umumdavlat resurslari. Ulardan foydalanganlik uchun xaq olinadi, muayyan badallar to’lanadi;
jismoniy va yuridik shaxslardan turli soliqlar va yig’imlar ko’rinishida undiriladigan majburiy to’lovlar;
davlat zayomlarini qimmatli qog’ozolar va lotereyalarni sotishdan davlat bankidagi qo’yilmalar bo’yicha olingan daromadlar shakllarida jalb qilingan resurslar.
Davlat byudjeti jami daromadlarining umumiy moddiy asosini milliy daromadning qayta taqsimoti mamlakatda yangidan yaratilgan qiymat katta qismining davlat qo’lida to’planishi tashkil
qiladi. Bunday qayta taqsimlashning eng muhim tarkibiy qismlari soliqlar, davlat mulki, davlat qarzlaridan iborat.
Davlat xarajatlari – davlat pul mablag’lari jamg’armasining taqsimlanishi va undan tarmoq, maqsadli va xududiy darajalarda foydalanishi bilan bog’liq holda paydo bo’ladigan iqtisodiy munosabatlardir. Byudjet xarajatlarida yagona taqsimot jarayonining ikki tomoni: byudjet jamg’armasining tarkibiy qismlarga bo’linishi va byudjetdan mablag’lar oladigan moddiy ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalaridagi korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarda maqsadli sarf qilinadigan pul jamg’armalarini shakllantirish o’z aksini topadi.
Byudjet xarajatlari kategoriyasi har biri miqdor va sifat jihatidan tavsiflanadigan xarajatlarning aniq turlari orqali yuzaga chiqadi.
Sifat tavsifi har bir byudjet xarajati turining iqtisodiy mazmuni va ijtimoiy vazifasini miqdor tavsifi – ularning qiymatini belgilashga imkoniyat yaratadi.
Davlatning jamiyat iqtisodiy hayotidagi ijtimoiy o’zgartirishlarni amalga oshirishdagi faol o’rni byudjet xarajatlari turlarining xilma-xilligini keltirib chiqaradi. Bu xilma-xillik bir qator omillar: tabiat va davlatning funktsiyalari, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik darajasi, byudjetning xalq xo’jaligi bilan aloqalari qay darajada tarmoqlanganligi, byudjet mablag’larini berish shakllari va boshqalarning ta’siri bilan bog’liq. Yuqorida sanab o’tilgan omillarning davlat taraqqiyotining har bir bosqichida birgalikda qo’shilishi iqtisodiyot ehtiyojlari, uni boshqarish tipi va darajasiga muvofiq keladigan xarajatlar tizimini paydo etadi.
Byudjet resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada chuqurroq tahlil qilish maqsadlarida ularni sarflash sohalari bo’yicha – moddiy va noishlab chiqarish turlariga bo’ladilar.
Byudjetning noishlab chiqarish sohani saqlash va rivojlantirish bo’yicha xarajatlari, birinchi navbatda, ularning asosiy maqsad – vazifasiga ko’ra farqlanadi, ya’ni ijtimoiy-madaniy tadbirlarga va umumdavlat xarajatlariga bo’linadi.
Bu guruhlarning har biri yana juda ko’p xarajatlar turlarini o’z ichiga oladi, bu xarajatlar o’z navbatida, tarmoq, idora belgilari bo’yicha, so’ngra yanada ochiqroq qilib o’z mazmuni va ayrim muassasalar, tashkilotlar faoliyati turlari bo’yicha birlashtiriladi. Masalan, ijtimoiy-madaniy tadbirlar xarajatlari maorif, sog’liqni saqlash, jismoniy tarbiya va ijtimoiy ta’minot xarajatlarini o’z ichiga oladi. Umumdavlat xarajatlari esa boshqarishni mablag’ bilan ta’minlash, huquqni muhofaza qilish organlarini saqlash, mudofaa xarajatlariga bo’linadi. Davlat byudjeti xarajatlarida davlatning iqtisodiy va ijtimoiy siyosati, ijtimoiy jarayonlarni boshqarish usullari o’z aksini topadi.
Noishlab chiqarish sohasida aholiga ijtimoiy-madanaiy xizmat ko’rsatishda erishilgan darajani saqlab qolish hamda ijtimoiy ustuvorliklarni hisobga olgan holda, tarmoqlarning optimal tuzilmasiga erishish uchun byudjetdan moliyalashtirish kengroq qo’llanilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |