Adabiyot insoniyat taraqqiyotida muhim rol o'ynagan va hozir ham shunday. XX asrgacha asosiy g'oyalar faqat adabiy asarlar orqali xalqqa yetib borgan.
XX asr boshida milliy uyg'onish jarayonida ham, XX asr oxirida mustaqillikka erishishda ham qalam ahli katta rol o'ynadi. Biroq negadir mustaqillikka erishishimiz bilan yozuvchi va shoirlarimiz ham ijtimoiy, ham ijodiy jihatdan bir qadar sust bo'lib qolishdi. Mustaqillikka erishilgandan so'ng yaratilgan yaxshi adabiy asarlarni barmoq bilan sanasa bo'ladi. Ba'zi adiblar «yozuvchiman!» deya turib, o'zi jiddiy asarlar yozmay, faqat «gapiruvchi»ga aylanib ketmoqda.
Musiqa, kino, teatr san'atlarining rivojlanishi ham ko'p jihatdan adiblarga bog'liq. Adiblar bu ijod turlarining asosi - qo'shiq, she'r, pyesa, ssenariy, librettolarni yaratadi. Ushbu adabiy janrlar yaxshi rivojlanmasa, san'at turlari negizan bo'sh bo'lib qolaveradi. Hozir aynan tele va kino, teatr san'atiga milliy g'oyalar bilan sug'orilgan yaxshi asarlar yetishmayapti.
Do'stlaringiz bilan baham: |