5. Limfa aylanish tizimiga umumiy morfofunksional tavsif.
Limfa tizimi ham qon aylanish tizimiga o’xshab butun organlarga tarqalgan bo’ladi. Bu tizim ham moddalar almashinuvida muhim vazifani bajaradi; kapillyarlar devoridan shimilib o’tgan erigan oziq moddalar to’qimalarning hayot faoliyati uchun xizmat qiladi, ular limfa tizimining qil tomirlari orqali yetkazib beriladi. Limfa tizimi qon tomirlarining qo’shimchasi hisoblanadi. Limfa tizimiga limfa bo’shliqlari, yoriqchalaridagi kovaklar, limfa kapillyarlari, yirik tomirlar, limfa tugunlari va limfa to’qimalari kiradi. Limfa tomirlaridan to’qimalararo suyuqlik – limfa oqadi.
Limfa tizimi ortiqcha to’qima suyuqligi yoki limfani limfa tomirlari to’riga yig’ishtiradi va uni yurakka yaqin joyda qon aylanish tizimiga qaytaradi. Limfa tomirlar bo’ylab aylanganda bir qator limfa tugunlari orqali o’tib, har xil yot moddalar va patogenlarni filtrlab qoladi. Limfoid to’qimalardagi limfositlar va immun tizim hayvon sog’ligiga xavf tug’diradigan patogenlarga qarshi kurashishda maxsus reaksiyalarni ishlab chiqadi.
Limfa yoriqchalar - ko’p qavatli epiteliy, asosan, siyrak biriktiruvchi to’qimalar oralig’ida joylashadi. Limfa bo’shliqlari esa qon tomirlari va periferik nerv yo’llarida uchraydi. Limfa kovaklari yopiq naycha shaklda bo’lib, ichak tuklarida va oshqozon devorida bo’ladi. Limfa bo’shliqlari anchagina keng bo’lib, miya pardalari ostidagi bo’shliqlarda, ko’z atrofida, ichki quloq, plevra, bo’g’im kapsulalari, sinovial xaltalarda uchraydi, ulardan limfa kapillyarlari boshlanadi.
Kapilyarlar esa limfa tomirlariga aylanib, oxirida ikkita asosiy yo’l hosil qiladi. Limfoid organlar diffuzion sistemaning to’rsimon to’qimalari shilimshiq pardasida rivojlanadi. Ular xuddi limfa tugunlariga o’xshash bo’lib, bularga alohida turadigan limfa tugunlari – noduli lymphatica solitarii va to’la limfa tugunlari - noduli lymphatica aggregati hamda tanglay bodomi - tonsillae kiradi.
Limfa kapillyarlari to’qimalarda berk kengaygan joy shaklida boshlanuvchi naychalardan iborat. Limfa kapillyarlari ham xuddi qon tomirlari kapillyarlariga o’xshash, bir qator endoteliy hujayralaridan tuzilgan, lekin bularning ichki naysimon bo’shlig’i bir oz kengroq bo’ladi. Limfa suyuqligi kapillyarlardan tomirlarga o’tadi. Tomirlarda u juda sekin oqadi. Uning oqishi uchun - visa tergo bosim orqadan ta’sir qiladi. Masalan, qon tomirlarining urishi, klapanlarining qon haydashi va muskullarning qisqarishi ham ta’sir qiladi.
Limfa tomirlari devorining tuzilishi har xil, umuman vena tomirlarinikiga o’xshash bo’ladi. Limfa tomirlari yo’lida har xil shaklli bir nechta tuguncha bor. Ularning kirish va chiqish yo’li bo’lib, kirish yo’li chiqish yo’liga qaraganda kichikroq. Tomirlardan oqayotgan suyuqlik tarkibidagi yot moddalar anna shu tugunlarda suzilib qoladi. Ana shuning uchun ular organizmning biologik filtri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |