Hiqildoq hamda kekirdakning tuzilishi va rivojlanishi
Hiqildoq - larynx murakkab tuzilgan organ bo‘lib, burun bo‘shlig‘idan o‘tayotgan havoni kekirdakka o‘tkazish uchun xizmat qiladi. U til osti suyagiga va bir tomondan til hamda tomoqqa bog‘langan. Hiqiloq havo o‘tkazishdan tashqari, ovoz chiqarishda, ovqat moddalarni tomoqqa o‘tkazishda katta rol o‘ynaydi. Hiqildoqning o‘zagi, tog‘ay plastinkalari va ularni harakatga solish uchun muskullari bo‘ladi.
Hiqildoqni hosil qilishda dumli amfibiyalarda 5 – 6 visseral jabra yoylari o‘zgarishidan bittadan yonbosh plastinka hosil bo‘ladi. Sut emizuvchilarda bu plastinkalar birlashib bitta halqani hosil qilib, keyinchalik halqasimon tog‘ayga aylanadi. Bu yonbosh tog‘ay plastinkalarining oldingi tomonidan cho‘michsimon tog‘ay, 4 – 5 visseral jabra yoylarining pastki tomonidan halqasimon tog‘ay hosil bo‘ladi. Bu tog‘ay plastinkaning oldinga qismiga shilimshiq parda burmasi qo‘shilib, hiqildoq usti tog‘ayini hosil qiladi. Hiqildoq tog‘aylarining ichki shilimshiq pardasi hisobidan ovoz lablari va uning payi hosil bo‘lib, ovoz chiqarish uchun xizmat qiladi.
Kekirdak - trachea uzun nay shaklidagi organ bo‘lib, hiqildoq va o‘pka o‘rtasida joylashadi. U bir qancha tog‘ay halqalardan hosil bo‘ladi. Kekirdak evolyusion rivojlanish davrida hayvonlar bo‘yining uzayishi natijasida sekin – asta o‘zgaradi. Masalan, cho‘chqalarning kekirdagida 32 – 36 ta tog‘ay bo‘lsa, tuyalarda 76 tagacha bo‘ladi. SHundan ko‘rinib turibdiki, bo‘yin qancha uzun bo‘lsa, halqalar shuncha ko‘p bo‘ladi. Hiqildoqning tog‘ay halqalari yopilib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu ichki shilimshiq pardada tebranuvchi epiteliy hujayralardan iborat bir qancha bezlar bo‘ladi. Bular devorni namlab, havo bilan o‘tayotgan changni va boshqa yot narsalarni tutib qolish uchun xizmat qiladi. Kekirdak o‘pkaga kirib bronxlarga bo‘linib ketadi.
O‘pkaning tuzilishi va rivojlanishi
O‘pka - pulmones murakkab tuzilgan organ bo‘lib, organizm bilan tashqi muhit o‘rtasida havo almashinishi uchun xizmat qiladi. O‘pka filogenez rivojlanish davrida suvda yashovchilar suzgich pufakchalarining o‘zgarishi natijasida paydo bo‘lgan. Amfibiya (baqa) larning o‘pkasi oddiy bitta alveolaga aylangan. Reptiliya (sudralib yuruvchi) larda esa anchagina murakkablashadi, birinchi bosh bronxlar paydo bo‘la boshlaydi.
Sut emizuvchi hayvonlar o‘pkasining rivojlanishi dastlab hiqildoq va kekirdakdan boshlanadi, ya’ni og‘iz, tomoq yo‘li bevorining pastki qismidan uzun ariqcha shaklida IV tomoq xaltachasining orqa qismidan paydo bo‘ladi. Bu ariqcha keyinchalik naychaga aylanadi – da, oldingi qismida hiqildoq kurtagi paydo bo‘ladi. Uning yon tomonidan hiqildoq tog‘aylari paydo bo‘la boshlaydi. Bu kekirdak nayining orqa qismi bronxlarga bo‘linib, bunda oldin o‘pka kurtagi, so‘ngra o‘pka hosil bo‘ladi. Nayning o‘rta qismidan kekirdak paydo bo‘ladi.
Hosil bo‘lgan o‘pkada ikkita yo‘l: havo yo‘li va qon yo‘li paydo bo‘ladi. Bu yo‘llar bir – biriga juda yaqin bo‘ladi. O‘pka hosil qiluvchi alveolalar bir qavatli epiteliy hujayralaridan iborat bo‘ladi.
Sut emizuvchi hayvonlarning to‘liq etilgan o‘pkasi o‘ng va chap bo‘limlarga bo‘linib, uning chap qismi yana uch qismga, o‘ng bo‘limi esa to‘rt qismga (uchi, yurak, diafragma tomondagi qismi va qo‘shimcha bo‘limlarga) bo‘linadi.
O‘pkaning usti seroz parda bilan o‘ralgan. Bu parda ham o‘pkaga o‘xshash bo‘laklarga bo‘linadi. O‘pka pardasining paydo bo‘lishi ovqat hazm qilish sistemasi temasidan oldinroq, tana seroz pardasining rivojlanishi temasida batafsil berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |