8. Mavzu: Ovqat hazm qilish va nafas olish organlarining tuzilishi
Reja :
1 .Ichki organlarga umumiy tavsif.
2. Tana bo’shliqlari.
3. Ichki organlarni tuzilishidagi umumiy qonuniyatlar.
4. Nafas olish organlariga morfofunksional tavsif.
5. Nafas olish organlarini anatomik tuzilishi.
6. Nafas olish organlarini taraqqiyoti
Tayanch iboralar. Ichki organ, ko‘krak bo‘shlig‘i, qorin bo‘shlig‘i, tos bo‘shlig‘i, seroz parda, selom, shilliq parda. Bosh bo‘lim ichaklar, oldingi bo‘lim ichaklar, bir kamerali oshqozon, ko‘p kamerali oshqozon, ingichka ichaklar, yo‘g‘on ichaklar, og‘iz bo‘shlig‘i, tish, milk, tanglay, so‘lak bezlari, til, halqum, qizilo‘ngach, oshqozon, ichak. Tashqi havo yo‘li. O‘rta havo yo‘li. Ichki havo yo‘li. Umumiy havo yo‘li. Hiqildoq tog‘aylari. Tovush hosil qiluvchi paylar. Kekirdak. Bronxlar, bronxiolalar, alveolalar. O‘pkalar
Foydalanilgan adabiyotlar
1.Dilmurodov N.B “Hayvonlar anatomiyasi” fanidan amaliy laboratoriya mashg’ulotlari bo’yicha o’quv qo’llanma. Toshkent 2014 y
2.Yudichev Yu.F va boshqalar “Anatomiya domashnыx jivotnix” Omsk. 2003 y
3. Victoria Aspinall, Melanie Cappello «Introduction to Veterinary anatomy and Physiology» textbook Edinburgh London New York Oxford philadelphia st louis sydney toronto 2015
Ichki organlar – viscera murakkab sistemadir. Ularning hammmasi umurtqa pog’onasi ostida joylashadi. Ichki organlar sistemasiga ovqat hazm qilish, nafas olish, ayiruv va ko’payish organlari kiradi.
Ichki organlarning ko’pchilik qismi qorin bo’shlig’i, ko’krak qafasi va tos bo’shlig’ida joylashadi, bosh va bo’yinda kamroq bo’ladi. Ichki organlar teshiklar orqali, tashqi muhit bilan doimiy aloqada bo’ladi. Hayvon organizmi ko’ndalangiga kesib qaralganda tanadagi organlar qaysi tartibda joylashganligi va ularning bir – biri bilan bog’lanishi yaqqol ko’rinadi.
Tuban hayvonlarning ichki organlari takomillashmagan. Ularning qizilo’ngachi, oshqozoni, jigari, oshqozon osti bezlari, ichaklari, og’iz bo’shlig’i rivojlangan bo’lib, boshqa organlari yaxshi rivojlanmagan. Ayirish va ko’payish organlari hazm organlariga qo’shilib, tuban sut emizuvchilarda va qushlarda – kloaka hosil qiladi. Bunday tuzilish, asosan, suvda, ba’zi quruqlikda yashovchi hayvonlar uchun xosdir. Quruqlikda yashovchi yuqori hayvonlarning nafas olish, ayirish va ko’payish organlari hazm organlaridan butunlay ajralib, maxsus yo’llarga aylangan. Sut emizuvchilardan bir teshiklilar oddiy tuzilgan.
Har xil hajmli nay shaklidagi hazm organlarining ichki yuzasi epiteliy hujayralari bilan qoplangan bo’lib. ularning bo’rtishidan turli shakldagi bezlar kelib chiqqan. Umuman, epiteliy to’qimalari ichki organlarning eng muhim qismi hisoblanadi. Epiteliy to’qimalari organlarning vazifasiga qarab, har xil tuzilgan bo’ladi. Masalan, og’iz bo’shlig’ida, qizilo’ngach va kavsh qaytaruvchi hayvonlarning katta qorin, to’r qorin va qatqorin devorlarida ko’p qavatli yassi epiteliy to’qimalari bo’lib, ular himoya vazifasini bajaradi. Nafas olish organlari va tuxumdon yo’lida tebranuvchi epiteliy to’qimalari uchraydi. Ular tebranishi natijasida organizmni har xil begona narsalardan tozalaydi, tuxum yo’lida esa tuxum hujayrasini bachadonga surish uchun xizmat qiladi. Ichak devorlarida jiyakli epiteliy to’qimalari bo’lib, ular oziq moddalarni shimish uchun xizmat qiladi. Tananing faqat bir organida jinsiy hujayralar hosil bo’lib, ular naslni davom ettirish uchun xizmat qiladi. Organizmning nay shaklidagi organlari devorini quyidagi qavatlar: ichki qavat – shilimshiq parda; uning ostki pardasi; muskul parda va zordap (seroz) parda hosil qiladi.
Shilimshiq parda - tunica mucosa hazm qilish organlarini hosil qiluvchi nayning ichki yuzasida joylashadi. Uning devori doim nam holda bo’lib, juda ko’p qon, limfa tomirlari bilan ta’minlangan. Shuning uchun ham normal holatda uning rangi qizg’ish bo’ladi. Shilimshiq qavatda juda ko’p tukchalar (vorsinkalar) bo’ladi. Ingichka ichaklarda shilimshiq osti qavati bo’lib, u ba’zi joyda zich, ba’zi joyda esa siyrak, masalan, tish milkida juda zich va harakatsiz bo’ladi. Shilimshiq osti qavati tagida muskul qavati joylashadi.
Muskul parda - tunica muscularis nay shaklida tuzilgan organning eng kuchli qavati bo’lib, u qisqarib – yozilishi natijasida ichak doimo harakatda bo’ladi. Muskul parda ikki qavatdan: aylana shaklidagi ichki - stratum circulare va uzun tashqi - sfratum longitudinale qavatdan tuzilgan. Ichki qavat nay shaklidagi organni o’rab turadi, tashqi qavat tolalari esa ichak nayining uzunasiga qarab o’tadi. Bu qavat kelib chiqishi jihatdan silliq muskul to’qimasiga kirib, vegetativ nerv tolalari bilan harakatga keladi. Muskul pardaning har qaysi qavati o’z tomoniga qisqarib, ichak nayini to’lqinsimon harakatlantiradi. Bunday harakat natijasida ichak nayidagi ovqat surilib, oziq moddalari uning devoriga shimila boradi. Agar ichak harkati to’xtasa, organizmda tez o’zgarish paydo bo’lib hayvon tez kasallanadi. Ichak devorlarida kuchliog’riq paydo bo’ladi.
Seroz (zordap) parda - tunica serosa ichak nayining tashqi yuzasini o’rab olgan bo’ladi. U o’zidan doim zardob suyuqligi ajratib, ichaklar va boshqa organlar ustini namlab turadi. Bunda organlarning bir – biriga ishqalanishi kamayadi. Seroz parda to’siq vazifasini bajarib, organizmni har xil mikrob va bakteriyalardan ham saqlaydi.
Seroz parda juda nozik biriktiruvchi qavat – seroz parda asosi - lamina propria serosa hamda yassi epiteliy qavat – mezoteliy – mesotheli dan tuzilgan. Nay shaklidagi organlarning devorida limfoid hosilalar juda ko’p bo’ladi, ular limfoid tugunlar ham deyiladi. Bular ichak devoridan shimilib o’tgan oziq moddalar tarkibidagi har xil keraksiz narsalarni (bakteriya, mikroblarni) tutib qoladi. Epiteliy to’qimalaridan har xil bezlar (jigar, me’da osti bezi) ham paydo bo’ladi. Ularning ba’zilari ichki sekresiya bezlariga (qalqon bezi, qalqon bezi yonidagi bez va hokazolarga) aylanib ketadi. Naysimon organlar devorida nervlar ko’p, ular har xil harakatlarni vujudga keltiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |