Plastinkasimon, ya’ni yassi suyaklar - ossa planum asosan har xil kovaklar hosil qilishda ishtirok etadi. Kalla suyagidagi peshana, yuqorigi jag’ suyaklari va boshqalar yassi suyaklarga kiradi. Bunday suyaklarga (masalan, tos va kurak suyaklariga) ko’p miqdorda muskullar birikkan bo’ladi.
Yuqorida aytilganlardan tashqari, pnevmatik (ichi kovak) suyaklar - ossa pneumaticum ham bo’ladi. Bunday suyaklar qushlarda uchraydi, ularning ichi havo bilan to’lgan bo’lib, bu uchish uchun moslashgandir. Suyaklarning funksiyasiga qarab yuzasi har xil: g’adir – budur, do’mboqchali, o’simtali va hokazo bo’ladi.
Suyaklar shaklining o’zgarish dalillari. Boshqa organlar singari, suyaklarning ham bajaradigan funksiyasi kuchayishi natijasida shakli o’zgaradi. Funksiya kuchayishi bilan ularning hajmi kattalashadi, kamayishi bilan esa kichiklanadi. Bunday o’zgarishlar umurtqa pog’onasida yaqqol ko’rinadi. Suyaklar shaklining o’zgarishida hayvonning nasli, muskul va paylarning kuchi, oziqlanishi, suyaklarining joylashuvi, qon va nerv tomirlarining bog’lanishi muhim rol o’ynaydi. Bo’g’imalardagi har xil do’nglik hamda chuqurchalar muskul va paylarni ushlash uchun xizmat qiladi. Suyak diafizi va epifizi o’rtasida tor tog’ay liniyasi saqlanib qolgan bo’lib, u hayvon suyagining bo’yiga o’sishini ta’minlaydi. Hayvonlarning yoshi kattalashgan sari ushbu tog’ay to’qimalari suyak to’qimasi bilan almashinib boradi va butunlay yo’qolib ketadi. Epifizar tog’ay to’liq suyaklashgandan so’ng suyak o’sishdan to’xtaydi.
Suyaklarning joylishishi ular shaklining o’zgarishiga ham katta ta’sir qiladi. Masalan, odamlar tik yurishi sababli, ular umurtqa pog’onasining suyaklari bir – biriga bosishi natijasida kalta, to’rt oyoqli hayvonlarda esa uzun bo’ladi.
Shunday qilib, suyaklarning shakli o’zgarishiga tashqi va ichki sharoit ta’sir etadi, natijada suyaklar har xil (uzun, kalta va yassi) bo’lib qoladi. Suyaklar kam harakat bo’lsa (masalan, bosh suyaklari), bir – biriga yaqin qo’shiladi. Ularga oziq moddalar va tuzlar yetarli kelib tursa, normal o’sadi, bunday holat buzilsa, suyaklarning shakli o’zgaradi.
Hamma suyaklarning sirti zich biriktiruvchi to’qimadan iborat suyak pardasi - periostium bilan qoplangan. Bunday parda tog’ay to’qimalar ustida bo’lmaydi. Suyak pardasida maxsus hujayralar – suyak hosil qiluvchi osteoblastlar bor. Suyak pardasida qon tomirlari, ta’sirni sezuvchi nerv uchlari juda ko’p.
Osteoblastlar suyaklarning o’sishida, bir – biriga birikishida, singan joylarning bitib ketishida muhim rol o’ynaydi. Qon tomirlari suyaklarga oziq moddalar, tuz va boshqalarni yetkazib turadi.
Nerv tolalari esa moddalar almashinuvida suyak hujayralari faoliyatini idora qilib turadi. Suyak pardasi shilib olinsa, suyak o’smaydi, hujayralari nobud bo’ladi.
Suyaklarning ichki tuzilishi. Suyak kesib qaralganda unda qattiq va g’ovak moddalar ko’rinadi. Qattiq, ya’ni kompakt modda - sutstantia ossea compacto suyakning tashqi yuzasida, suyak pardasining ostida joylashgan. Bu modda uzun naysimon suyaklarda yaxshi rivojlangan. Qattiq modda yassi suyaklarda ikkita – tashqi va ichki plastinka hosil qiladi, ular xovonlar yordamida bir – biri bilan birikkan bo’ladi.
G’ovak modda - substantia ossa spongiosa – naysimon suyaklarning uchida, qisqa suyaklarning ichki qismida uchraydi. Yassi suyaklarda g’ovak modda kam bo’ladi yoki butunlay bo’lmaydi. Suyak bo’shlig’idagi g’ovak moddalardabir nechta xovon bo’ladi. Bular amortizasiya vazifasini bajaradi va yuk bosimi tomonga qarab joylashadi.
Katta yoshli hayvonlarda naysimon uzun suyaklardagi bo’shliqlar sariq ilik – medulla ossium flava bilan to’lgan bo’lib, ular zapas oziq modda hisoblanadi. Uzun va kalta suyaklarning g’ovak moddasida qizil ilik - medulla ossium rubra bo’ladi, u qon hosil bo’lishida ishtirok etadi. O’sayotgan yosh organizm suyaklarida faqat qizil ilik bo’ladi.
Har bir suyak qon tomirlari bilan ta’minlangan, suyak pardasidagi folkman kanalchalari orqali kapillyarlar suyak ichiga tarqaladi. Bundan tashqari, suyak ichiga yirik arteriya qon tomiri kirib, ilikni oziq moddalar bilan ta’minlaydi. Venoz qon bir qancha mayda vena tomirlari orqali suyak to’qimasi va ilikdan chiqib ketadi. Suyak to’qimasiga nervlar suyak pardasi orqali o’tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |