Tobe bog‘lanishda biri hokim, ikkinchisi tobe bo‘lgan a’zolar (so‘zlar, ergash gapli qo‘shma gap qismlari) o‘zaro aloqaga kirishadi. Ularning biri ikkinchisini aniqlash, izohlash, to‘ldirish uchun xizmat qiladi. Aniqlaydigan, izohlaydigan, to‘ldiradigan a’zosi tobe, izohlanadigan a’zo hokim deb yuritiladi: 1. Kitobni o‘qimoq, qiziqarli voqea. 2. Kimning himmati baland bo‘lsa, qadr-qimmati ham bo‘ladi (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur). Birinchi misolda so‘z birikmasi tarkibidagi so‘zlardan biri hokim qism (o‘qimoq, voqea), ikkinchisi (kitobni, qiziqarli) tobe a’zo bo‘lib kelgan. Ikkinchi misolda ergashgan qo‘shma gapning qismlaridan biri «qadr-qimmati ham baland bo‘ladi» hokim a’zo, bosh gap sifatida, ikkinchisi «kimning himmati baland bo‘lsa» tobe a’zo ergash gap sifatida qatnashgan. Shunday qilib, bog‘lanishning ikki xil turini so‘zlar orasida ham, gaplar orasida hamkuzatish mumkin. (Gaplar orasidagi bog‘lanish haqida «Qo‘shma gap» bo‘limida baxs yuritiladi).
So‘zlar orasidagi tobe bog‘lanish ikki xil bo‘ladi:
1) predikativ tobe bog‘lanish; 2) nopredikativ tobe bog‘lanish.
Ega va kesimning bog‘lanishi predikativ tobe bog‘lanish hisoblanadi va bunday bog‘lanishdan gap hosil bo‘ladi. Tobe (ergash) bog‘lanishning qolgan ko‘rinishlari (aniqlovchi+aniqlanmish, to‘ldiruvchi+to‘ldirilmish, hol+hollanmish) nopredikativ tobe bog‘lanish bo‘lib, bunday bog‘lanishdan so‘z birikmasi yuzaga keladi.
So‘zlarning nopredikativ tobe bog‘lanishi uch xil bo‘ladi: 1) boshqaruv; 2) bitishuv; 3) muvofiqlashuv.
1. Boshqaruv. Tobe so‘zning hokim so‘z talab etgan shaklda kelishi boshqaruv deyiladi. Bunda boshqariluvchi so‘z bosh va qaratqich kelishigidan tashqari boshqa kelishik shaklini yoki ko‘makchini olib keladi. Boshqariluvchining qaysi kelishik yoki ko‘makchi bilan shakllanishi boshqaruvchi so‘zning ma’nosi, semantikasi bilan belgilanadi: kitobni o‘qimoq, qariyalarga g‘amxo‘rlik qilmoq, universitetda o‘qimoq, ishdan qaytmoq, o‘quvchilar bilan suhbatlashmoq kabi.
Boshqaruv ikki xil bo‘ladi: kelishikli boshqaruv va ko‘makchili boshqaruv.
Kelishikli boshqaruvda boshqariluvchi so‘z ma’lum kelishik shaklida qo‘llanadi: kattalarni hurmat qilmoq, tog`ga chiqmoq kabi.
Ko‘makchili boshqaruvda boshqariluvchi so‘z ko‘makchi orqali shakllanadi: zavq bilan ishlamoq, telefon orqali gaplashmoq kabi.
Boshqaruv usuli bilan bog‘lanish to‘ldiruvchi-to‘ldirilmish, hol-hollanmish munosabatlarini yuzaga keltiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |