FERMENTLAR TA’SIRIDA ODDIY OQSILLARNING AMINOKISLOTALARGA QADAR PARCHALANISHI VA SOʻRILISHI
Ozuqa tarkibidagi oqsillar hayvon organizmida sof aminokislotalarga qadar parchalangandan keyingina ichak devorlari orqali qonga soʻriladi va hujayralarda oʻsha organizmga xos boʻlgan yangi oqsillarning sintezlanish jarayonida ishtirok etadi. Ozuqa oqsilining 95-97% i sof aminokislotalar holida soʻrilishi aniqlangan. Soʻlak tarkibida tegishli fermentlar boʻlmaganligi sababli ogʻiz boʻshligʻida oqsillar gidrolizlanmaydi. Ularning gidrolizlanishi me’da va ingichka ichakda tegishli fermentlarning ishtirokida oʻtadi. Bu jara-yonning oʻtishida me’da Shirasi tarkibidagi erkin xlorid kislotasi katta rol uynaydi. Birinchidan, oqsillarning boʻkishini ta’minlab, ularga fermentlarning ta’sir etishini osonlashtiradi. Ikkinchidan me’da Shilliq pardasi tomonidan ishlab chiqariladigan, faol holatda boʻlmagan pepsinogenning faol pepsinga oʻtishini ta’minlaydi hamda fermentlarning faolligini oshiradi.
Pepsin fermenti kerantin,musin, giston kabi oqsillarni juda sekinlik bilan, ya’ni uzoq muddat ta’sir etib turgandan keyingina gidrolizlashi mumkin, lekin barcha boshqa turdagi oqsil moddalarni ayniqsa, albumin va globulinlarni osonlik bilan gidrolizlash xususiyatiga ega. Pepsin fermenti asosan tirozin va fenilalanin aminokislotalari orasida hosil boʻlgan peptid bogʻlarni osonlik bilan parchalaydi. Shuning uchun ham oqsil gidrolizining dastlabki bosqichida bir nechta aminokislotadan tashkil topgan peptidlar hosil boʻladi. Oqsillarning hazm boʻlish jarayonida hosil boʻlgan Shu peptidlar aralashmasi peptonlar ham deb yuritiladi. Peptonlar oʻz navbatida oqsil molekulasiga nisbatan ancha soddaroq tuzilishga ega boʻlgan yuqori molekulali moddalar boʻlib, tarkibida erkin aminokislotalarni ham tutuvchi aralashmadir. Shuning uchun ham turli xil mahsulotlardan (goʻsht, tuxum, baliq va h.k.) hosil boʻlgan peptonlar tarkibi jihatidan bir xil boʻlmaydi.
Me’dada oqsilli moddalar (peptonlar) aminokislotalarga qadar gidrolizlanmaganligi sababli ularning soʻrilish jarayoni kuzatilmaydi. Me’dadan barcha aralashma oʻn ikki barmokli ichakka utadi. Unda oqsil aralashmasining aminokislotalarga qadar toʻliq parchalanishiga barcha Sharoit bor. Me’da va ichak Shirasi tarkibidagi tripsin, ximotripsin, karboksi-peptidaza, aminopeptidaza kabi fermentlar aralashma tarkibidagi polipeptid (pepton)larni toʻliq aminokislotalarga qadar parchalalashini ta’min etadi. Yuqoridagii har bir ferment ma’lum bir peptid bogʻlarni parchalash xususiyatiga ega. Tripsin fermenti lizin va arginin aminokislotalari oʻrtasidagi peptid bogʻlarni gidrolizlasa, ximotripsin esa leysin, metionin va aromatik aminokislotalar oʻrtasidagi peptid bogʻlarni uzish xususiyatiga ega.
Karboksipeptidaza fermenti polipeptid zanjirining ochiq karboksil (-COOH.) funksional guruhini tutuvchi tomonidagi aminokislotani uzib tashlasa, aminopeptidaza esa polipeptid zanjirining ochiq amin (-NH2) guruhini tutuvchi tomonidagi aminokislotalarni navbatlab uzish xususiyatiga ega.
Tripsin va ximotripsin fermentlari me’da va ichak Shirasi tarkibida faol emas, ya’ni tripsinogen va ximotripsinogen holatida uchrab, ular keyin faol holatga oʻtadi. Tripsinogen ichak Shirasi tarkibidagi enterokinaza fermenti ta’sirida faol tripsinga aylanadi. Ximotripsinogenning faol ximotripsinga aylanishi ancha murakkab boʻlib, toʻliq aniqlanmagan.
Kavsh qaytaruvchi hayvonlarda ozuqaning parchalanishi ularning katta qorinda sodda hayvonlar, bakteriyalar va mikroorganizmlarning boʻlishi bilan ajralib turadi. Ular kletchatka, kraxmal, oqsil hamda azotli oqsilsiz moddalarni parchalovchi fermentlar ajratadi. Shu fermentlar ta’sirida kavsh qaytaruvchi hayvonlarning katta qornida oqsillar aminokislotalarga qadar parchalanadi. Keyin aminokislotalar dezaminlanish jarayonini oʻtib, ammiak ajratib chiqaradi. Bir qism aminokislotalar katta qorindagi mikroorganizmlar oqsilning sintezlanishi uchun sarflanib, qolgan qismi qonga soʻriladi.
Katta qorinda koʻpgina aminokislotalar, purin va pirimidin asoslari hamda organik va anorganik azotli tuzlar, ammiak (NH3) karbonat angidrid gazi va boshqa moddalarga qadar parchalanadi. Hosil boʻlgan ammiakning bir qismi mikrob oqsillarining sintezlanishiga sarflanib va qolgan qismi qonga soʻrilib, jigarga boradi hamda mochevina sintezida ishtirok etadi.
Bir qismi esa qon orqali soʻlak bezlariga borib, soʻlak orqali ovqat hazm boʻlish yoʻliga oʻtadi. Kavsh qaytaruvchi hayvonlarning ehtiyoji uchun sarflanadigan oqsil moddalarning 25-30% i mikroorganizmlar oqsili hisobiga ta’minlanadi. Bu oqsillar toʻla qimmatli oqsillar boʻlib, tarkibida barcha kerakli aminokislotalarni tutadi.
Oqsil sintezi va toʻqimalar uchun ishlatilmagan aminokislotalar organizmda toʻplanib qolmaydi. Ular turli xil fermentativ oʻzgarishlarga uchraydi. Ularning kimyoviy tarkibi va tuzilishi har xil boʻlganligi tufayli ularning almashinuv yoʻllari ham bir-biridan farq qiladi. Lekin dezaminlanish va dekarboksillanish jarayonlari barcha aminokislotalarga xosdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |