Kirish Odam organizmidagi aminokislotalar muvozanati ovqat bilan birga kiradigan oqsilning to’la qiymatli ekanligiga bog’liq. Ovqat ratsionida birorta aminokislotaning bo’lmasligi yoki yarim almashinadigan aminokislotaning uzoq vaqt tushmasligi oqsillar va aminokislotalar sintezining buzilishiga olib keladi. Aminokislotalar muvozanatining buzilishi rivojlanadi. Normadagi biosintetik jarayonlarda aminokislotalarning sarflanishi jarayoni ularning kirish jarayonlari bilan muvozanatlashgan (to’qima oqsillarining gidrolizi, almashinadigan aminokislotalar sintezi). Aminokislotalar hujayradan hujayra atrofi suyuqligi va qonga oddiy diffuziya yo’li bilan erkin ajralib chiqadi. Ular qon bilan organ va to’qimalarga tashiladi. Ammo ular turli xil to’qimalarga, ayniqsa bosh miya to’qimasiga tanlanib o’tkaziladi, buning sababi unchalik tushunarli emas. Buyraklarda aminokislotalarning qonga qaytadan so’rilishi natijasida ular organizmda saqlab qolinadi va kam miqdordagi aminokislota siydik bilan ajraladi.
Aminokislotalar almashinuvining boshqarilishida ishtirok etuvchi omillardan biri – ularning ovqat tarkibida kirishidir. Ko’p miqdorda oqsilning iste’mol qilinishi jigarga ko’p aminokislota kirishiga sabab bo’ladi. Unda aminokislotalar ularni almashinuvning oxirgi mahsulotlarigacha parchalovchi fermentlar (aminokislotalarning dezaminlanishi va mochevina sintezi fermentlari) faolligini oshiradi. Shu yo’l bilan organizmga ko’p miqdorda tushgan aminokislotalar bartaraf etiladi. Ochlikda, esa aksincha to’qimalarda oqsillarning parchalanishi va ularda erkin aminokislotalar hosil bo’lishi faollashadi.
Aminokislotalar muvozanatining boshqarilishi ichak epiteliysi orqali (so’rilishda), periferik to’qimalarda (hujayra ichiga o’tishida) va buyrak kanalchalarida (reabsorbtsiyada) aminokislotalarning tashilish bosqichlarida amalga oshishi mumkin. Aminokislotalarning membranada tashilishi asosan insulin bilan stimullanadi. Bundan tashqari, insulin va boshqa gormonlar aminokislotalarning biosintez reaktsiyalarida ishlatilish tezligi yoki to’qimalarda parchalanish tezligini o’zgartirishi mumkin.